
O‘tgan oy Hindistonda ro‘y bergan va 260 kishining hayotiga zomin bo‘lgan aviatsiya fojiasi yuzasidan dastlabki hisobot e’lon qilindi. Bu haqida Reuters xabar berdi.
Hindistonning Ahmadobod shahridan Londonga yo‘l olgan Air India kompaniyasiga tegishli Boeing 787 Dreamliner samolyoti havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib qulagan edi.
Hindiston Fuqaro aviatsiyasi vazirligi huzuridagi Aviatsiya hodisalarini tekshirish byurosi tomonidan chop etilgan hisobotda halokat sababi sifatida dvigatellarni yoqib-o‘chirish uchun mo‘ljallangan yoqilg‘i klapanlarining deyarli bir vaqtda o‘chirilgani ko‘rsatilgan. Bu harakat dvigatellarga yoqilg‘i yetkazib berishni birdan to‘xtatgan va natijada samolyot qulagan.
Hisobotda yozilishicha, qulashdan oldin kabinada bo‘lgan suhbatlarda bir uchuvchi boshqasidan: "Nega yoqilg‘ini uzib qo‘yding?" deb so‘ragan. Bunga javoban ikkinchi uchuvchi: "Men qilmaganman," deb javob qaytargan. Hisobotda bu so‘zlar qaysi uchuvchiga tegishli ekani aniq ko‘rsatilmagan.
56 yoshli bosh uchuvchi Sumeet Sabharval 15,600 soatdan ortiq parvoz tajribasiga ega bo‘lib, Air India’da instruktorga aylangan edi. Ikkinchi uchuvchi esa 32 yoshli Kliv Kunder bo‘lib, 3,400 soatdan ziyod parvoz tajribasiga ega edi.
Mutaxassislarning fikricha, dvigatellarni o‘chirish uchun mo‘ljallangan yoqilg‘i klapanlari tasodifan harakatga kelishi deyarli imkonsiz. Ular odatda samolyot yerga qo‘nganidan keyin yoki favqulodda vaziyatda o‘chiriladi. Halokat sodir bo‘lgan vaqtda bunday vaziyat bo‘lmagani aniqlangan.
AQSH aviatsiya xavfsizligi eksperti Antony Brikhaus bu harakatlar ongli ravishda amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilib, savol qo‘ydi:
"Agar buni uchuvchi bajargan bo‘lsa — nega?"
Qiziqarli jihati shundaki, samolyot qulaganidan keyin uning orqa tomonida joylashgan yoqilg‘i klapanlari "ish rejimida" (ya’ni yoqilgan holatda) topilgan. Bu dvigatellarda qulashdan oldin qisqa muddatli qayta yoqilish harakati bo‘lganini ko‘rsatadi.
Halokat Air India kompaniyasining so‘nggi yillardagi yangilanish va ishonchni tiklash harakatlariga jiddiy zarba berdi. Hindiston hukumati tomonidan 2022-yilda xususiylashtirilgan va Tata Group tasarrufiga o‘tgan kompaniya yangi samolyotlar xaridi, xizmat sifati va xavfsizlikni oshirish ustida ish olib borayotgan edi.
Yevropa Ittifoqi va Hindistonning aviatsiya nazorat organlari Air India Express kompaniyasini ham jiddiy tekshiruvga oldi. Sababi – ba’zi dvigatel qismlari o‘z vaqtida yangilanmaganligi va hujjatlar soxtalashtirilganiga oid ayblovlardir.
Hozircha Boeing hamda dvigatel ishlab chiqaruvchisi GE Aerospace kompaniyalarining bu fojia yuzasidan aybi aniqlanmagan. AQSHning Milliy Transport Xavfsizligi Kengashi Hindiston rasmiylari bilan hamkorlik qilganini bildirdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar