
Yaqin Sharqdagi vaziyat yana keskinlashdi: Isroil tomonidan 16 iyul kuni Damashq markaziga qilingan bir necha aviazarbalar nafaqat Suriyaning mudofaa vazirligi, balki prezident saroyi yaqinida ham sodir bo‘ldi. Bu havo hujumlari aynan janubiy-g‘arbiy Suriyadagi Suvaydo shahrida hukumat kuchlari va druz jangarilari o‘rtasida kechayotgan qonli to‘qnashuvlar fonida yuz berdi, deb xabar berdi reuters.com.
Mazkur hujumlar ortidan Isroil mudofaa vaziri Israel Kas rasmiy bayonot berib, mamlakat armiyasi Suriyadagi druzlar aholisini himoya qilishga sodiq qolishini ta’kidladi. Biroq shunisi ham aniqki, havo zarbalaridan keyin druzlar yetakchisi hukumat kuchlari bilan sulhga erishilganini bildirdi. Biroq barcha amaliy voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, Suriyada vaziyat hali ham murakkab va beqaror bo‘lib qolmoqda.
Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a esa payshanba tongida xalqqa va ayniqsa, mamlakat tarkibidagi druzlar jamoasiga murojaat yo‘llab, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni “ustuvor vazifa” sifatida ta’kidladi. Ash-Shar’a o‘z chiqishida Isroil davlati mustaqil Suriyaga bir necha bor xalal berib kelganini, bu safar ham mamlakatni tinchsizlikka, oraga nifoq solishga urinayotganini ochiq bayon qildi.

Foto: Reuters
"Kuchli bo‘lish yoki muvaffaqiyatga erishish — hamma sohada yutuq beradi, degani emas. Agar urush boshlansa, uning oqibatlarini nazorat qilish va barqarorlikni tiklash ancha murakkab bo‘ladi. Biz, suriyaliklar, o‘z Vatanimizni tashqi aralashuvdan va har qanday taqsimotdan saqlash uchun jon kuydiramiz," — deb ta’kidladi ash-Shar’a.
Ayniqsa, u o‘z nutqida druzlarga alohida murojaat qilib, "Suriya hech qachon o‘z farzandlari o‘rtasida bo‘linishga yo‘l qo‘ymaydi. Biz sizning erkinligingiz va huquqlaringizni himoya qilishni o‘z burchimiz deb bilamiz. Boshqa davlatlar bilan ittifoq yoki oramizdagi nifoqni qo‘zg‘atishga qaratilgan har qanday urinish qat’iy rad etiladi", dedi.
Suriya rahbarining aytishicha, Isroil aralashuviga qaramay, hududda nisbatan barqarorlik tiklangan, noqonuniy guruhlar esa tor-mor qilingan. Kechagi hujumlardan so‘ng mamlakat oldida ikki yo‘l — yana urushga tortilish yoki milliy manfaatlar asosida tinchlikni ta’minlash masalasi turibdi.
"Biz urushdan qo‘rqmaymiz. Ammo xalqimizning tinchligi va xavfsizligi, vatanimiz birligi hamisha ustuvor bo‘ladi," deya qo‘shimcha qildi ash-Shar’a. Shu bilan birga, u mamlakatni yangi keng ko‘lamli urush sari yetaklaydigan yo‘lga kirib ketishdan ogohlantirdi.

Foto: Reuters
SANA nashri xabar qilishicha, mamlakatning bir qancha hududlarida, jumladan, Halab shahrida aholi ommaviy tarzda hukumatni qo‘llab-quvvatlash va mamlakat ichki ishlariga xorijiy aralashuvlarga qarshi namoyish o‘tkazdi. Bu esa suriyaliklarning tashqi tahdidlarga qarshi birdamligini yana bir bor namoyon etmoqda.
Xalqaro miqyosda esa, bu voqealar javobsiz qolmadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Suvaydo, Dar’a va Damashq markaziga uyushtirgan zarbalarini qat’iy qoralab chiqdi. Guterrish matbuot kotibi Stefan Dujarik orqali shunday bayonot berdi: “Isroil mudofaa kuchlarining Golan tepaliklarida qayta joylashishi va havo hujumlari haqidagi xabarlar katta xavotir uyg‘otmoqda.”
AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa vaziyat keskinlashganini tan oldi va barcha tomonlarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. “Bu juda jiddiy vaziyat. Hozir barcha tegishli tomonlar bilan aloqadamiz va yaqin soatlarda yangiliklar bo‘lishi mumkin”, dedi Rubio.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ham ushbu havo hujumlarini qoralab, ularni “Suriyaning tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi harakatlariga qarshi sabotaj” sifatida baholadi. Turkiya parlamenti esa Isroilning bu “razil” amaliyotini qattiq qoralovchi maxsus qaror qabul qildi.
Eronning Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi esa bu hujumni “kutilgan voqea” deb atadi va mamlakatining Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. “Isroil rejimi hech qanday chegarani tan olmaydi va faqat kuch tilini tushunadi,” dedi Araqchi.
Fors ko‘rfazi Hamkorlik Kengashiga a’zo davlatlar — Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA — bu havo hujumlarini “eng keskin shaklda” qoraladi. Ular o‘z bayonotlarida “Isroilning bu harakatlari Suriya suverenitetini ochiq buzish, xalqaro qonunlarga zid va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdiddir”, deb ta’kidlashdi.
Shu bilan birga, Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta ham Damashqqa hujumlardan jiddiy xavotirda ekanini bildirib, “Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak. Barcha tomonlar zo‘ravonlikdan tiyilishi va keskinlikni yumshatish uchun sa’y-harakat qilishlari zarur,” dedi.
Qisqacha qilib aytganda, Damashq va Suriyadagi so‘nggi voqealar Yaqin Sharqdagi barqarorlikni yana jiddiy sinovga qo‘ydi. Bir tomonda — tashqi tahdidlar, ikkinchi tomonda — milliy birlik uchun kurash va xalqaro hamjamiyatning jiddiy xavotirlari. Mintaqada turli manfaatlar va siyosiy kurashlar to‘qnashuvi davom etayotgan bir vaqtda, xalqaro bosim, siyosiy bayonotlar va ommaviy namoyishlar voqealarning rivojiga yangi sur’at qo‘shmoqda. Suriya kelajagi, tinchlik va xavfsizlik muammosi bugun yana Yaqin Sharq siyosiy kun tartibining markazida.
Foto: SANA News “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar