
Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan harakatlariga juda keskin baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunaqa vaziyatni endi qabul qilib bo‘lmaydi. Mazkur bayonot Berlinda bo‘lib o‘tgan an’anaviy yozgi matbuot anjumanida yangradi, deb ma’lum qildi dw.com.
Mers o‘z nutqida Isroilni aniq tanqid qilib, G‘azodagi fuqarolarga nisbatan qilingan harakatlar insonparvarlik me’yorlariga zid ekanini urg‘uladi. Germaniya hukumati ushbu mojaroni bartaraf etish uchun ikki asosiy talabni ilgari surmoqda:
birinchi — olovni to‘xtatish,
ikkinchi — G‘azo aholisiga to‘liq va samarali gumanitar yordam yetkazish.
Uning ta’kidlashicha, u bu masalada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan shaxsiy aloqalarni muntazam ravishda saqlab turibdi. Germaniya bu jarayonda o‘z zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni his etmoqda va agar Isroil hukumati hamkorlikka tayyor bo‘lsa, Berlin yanada ko‘proq yordam ko‘rsatishga hozir.
Shu bilan birga, Fridrix Mers Yevropa Ittifoqining Isroil bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilish g‘oyasiga qarshi ekanini ochiq bayon etdi. Uning fikricha, muzokaralar eshigi yopilmasligi kerak. Bu munosabatni saqlab qolish, ko‘proq diplomatik yechimlarga imkoniyat yaratishi mumkin.
Kansler shuningdek, Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchi urushi bilan solishtirishni mutlaqo rad etdi. U bu borada quyidagi fikrni bildirdi:
“Moskva xalqaro huquqqa xilof ravishda mustaqil davlatga hujum qilmoqda. Isroil esa aksincha, o‘zini himoya qilmoqda. Bu ikki holatni bir chiziqqa qo‘yish mutlaqo noto‘g‘ri.”
Mersning bu gaplari Germaniya tashqi siyosatining ehtiyotkor, biroq tamal ko‘zqarashlarga sodiq ekanini yana bir bor namoyon etdi. G‘azodagi fojiali voqealar dunyo hamjamiyatini ham o‘ylantirayotgan bir paytda, Yevropadagi yetakchi siyosiy arboblardan biri sifatida u tinchlikka chaqiruv bilan chiqishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda xalqaro siyosiy maydonda bu bayonot jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Germaniyaning ushbu pozitsiyasi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar uchun ham yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar