
Uzbek Food Festival doirasida O‘zbekiston va Kuvaytning Uvaro kompaniyasi o‘rtasida muhim kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, Kuvayt hududida aynan o‘zbek mahsulotlariga ixtisoslashgan alohida savdo do‘koni ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekistondan 20 dan ortiq ishlab chiqaruvchi va eksportchi kompaniyalar ishtirok etdi. Ular festival mehmonlariga quritilgan mevalar, sabzavotlar, turli qandolat mahsulotlari hamda milliy ziravorlarni taqdim etdi. O‘zbek mahsulotlarining tabiiyligi, ta’mi va sifat ko‘rsatkichlari Kuvayt bozori vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Festival davomida Sultan Center gipermarketi orqali o‘zbek mahsulotlarini Kuvaytga yetkazib berish bo‘yicha dastlabki chakana buyurtmalar qabul qilindi. Shuningdek, Sultan Center va Majdi Food kompaniyalari rahbariyati bilan O‘zbekiston mahsulotlarini Kuvayt bozoriga tizimli ravishda olib chiqish, logistika va sotuv hajmlarini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti so‘nggi yillarda jadal sur’atlarda o‘smoqda. Jumladan, 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida mamlakat 1,8 million tonna meva va sabzavot mahsulotlarini 1,7 milliard dollar qiymatida xorijiy bozorlarga yetkazib bergan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 40 foizga yuqori.
Mutaxassislar fikricha, Kuvaytda o‘zbek mahsulotlariga ixtisoslashgan do‘kon ochilishi Yaqin Sharq bozorida O‘zbekiston brendini yanada mustahkamlash, eksport geografiyasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.