
AQSH Davlat departamenti Diversity Visa (DV) doirasida mamlakatga kirish uchun ruxsat beruvchi vizalarni vaqtincha rasmiylashtirmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, arizachilar hujjat topshirishda davom etishi, suhbatlardan o‘tishi va yangi intervyu sanalari belgilanishi saqlanib qoladi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Idora xabariga ko‘ra, avvaldan tayinlangan suhbatlar reja bo‘yicha belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi. Biroq hozircha intervyudan muvaffaqiyatli o‘tganlarga ham AQSHga kirish vizalari berilmaydi. Davlat departamenti arizachilarni dastur bo‘yicha keyingi qarorlar haqida xabardor qilib borishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, dekabr o‘rtalarida AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Green Card lotereyasi g‘oliblari uchun mo‘ljallangan DV-1 dasturini to‘xtatish niyati borligini aytgandi. Ushbu yo‘nalish orqali har yili AQSHga qariyb 50 ming kishi kelib yashash imkoniga ega bo‘lar edi.
Noemning izohicha, ikki talabaning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan Braun universiteti bilan bog‘liq portugaliyalik Klaudio Manuэle Neveshe Valente sakkiz yil avval aynan shu viza orqali AQSHga kirgan. Halok bo‘lganlar orasida O‘zbekistonlik fuqaro ham bo‘lgani qayd etilgan.
CBS, shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp vizalar lotereyasini anchadan beri tanqid qilib kelishini, uni mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida baholashini eslatdi. Dastur tarafdorlari esa DV iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va AQSH imijini yaxshilashini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.