
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 29 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH va Rossiya prezidentlari — Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalasi yuzasidan “ijobiy ruhda” telefon suhbati bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, muloqotda tinchlikka olib boruvchi ehtimoliy qadamlar muhokama qilingan.
Bu ma’lumotni RF prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp 28 dekabr kuni Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan uchrashuv natijalari haqida Putinni xabardor qilgan. Suhbat chog‘ida AQSH tomoni Ukraina bilan muzokaralar muhiti va olingan signallar haqida axborot bergan.
Ushakov aytishicha, Putin esa javoban Trampga Novgorod viloyatida joylashgan davlat rezidensiyasiga Ukraina tomonidan go‘yoki dronlar orqali hujum uyushtirishga urinish haqida ma’lum qilgan. Bu da’volarni avvalroq RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham tilga olgan edi. Kreml rasmiylariga ko‘ra, ushbu “hujumga urinish” Mar-a-Lago muzokaralaridan keyin sodir bo‘lgan.
Rossiya rahbari bu voqea javobsiz qolmasligini, shu fon orqali Ukraina bo‘yicha muzokaralarda Moskva pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, Rossiya tomoni AQSH bilan muloqotdan butunlay chiqish niyatida emasligini ham ta’kidlagan.
Yuriy Ushakovning bildirishicha, Tramp Putin qarorgohiga dronlar bilan hujum qilingani haqidagi xabarni eshitib, jiddiy hayratga tushgan va g‘azabini yashirmagan. Suhbat davomida u Oq uy Kiyevga “Tomagavk” raketalarini bermaganini ham alohida qayd etgani aytilmoqda. Ammo bu gaplar hozircha Oq uy tomonidan rasman tasdiqlangani yo‘q.
Lavrov esa 29 dekabr kechqurun Ukraina Novgorod viloyatidagi rezidensiyaga 91 ta dron bilan hujum qilishga uringanini, ularning barchasi yo‘q qilinganini ma’lum qildi. U bu holat Rossiyaning muzokaralardagi yondashuviga ta’sir qilishi mumkinligini aytgan bo‘lsa-da, AQSH bilan aloqalar uzilmasligini ta’kidladi.
Bunga javoban Zelenskiy ushbu bayonotlarni “navbatdagi yolg‘on” deb atadi. Uning fikricha, Moskva bunday iddaolar orqali Kiyev va Vashington o‘rtasidagi tinchlik yo‘lidagi ilgarilashni izdan chiqarishga urinayotgan bo‘lishi mumkin. Zelenskiy Rossiya Kiyevdagi davlat idoralariga zarba berish uchun axborot zamini yaratayotganidan ogohlantirib, Trampni Moskva tahdidlariga qat’iy javob berishga chaqirdi.
Shu kuni Ukraina prezidenti AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari Rustem Umerov ma’lum qildi. Uning aytishicha, tomonlar keyingi aloqalar, navbatdagi qadamlar va hujjatlar ustidagi ishlarni muvofiqlashtirishda davom etmoqda.
Shu tariqa, oxirgi telefon muloqotlari Ukraina atrofidagi geosiyosiy o‘yin yanada murakkab va keskin bosqichga kirganini ko‘rsatmoqda. Tinchlikka olib boradigan yo‘l hali ham mavhum, ammo diplomatik aloqalar to‘xtab qolmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.