date

Zelenskiy–Tramp uchrashuvi: xavfsizlik kafolatlari va tiklanish rejalari

Zelenskiy–Tramp uchrashuvi: xavfsizlik kafolatlari va tiklanish rejalari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 29 dekabr kuni Floridada AQSH prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha batafsil bayonot berdi. Davlat rahbariga ko‘ra, uchrashuv davomida Vashington tomoni Ukraina uchun kuchli va uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini qo‘llab-quvvatlashini aniq tasdiqlagan.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, xavfsizlik masalalari bo‘yicha barcha asosiy jihatlar avvaldan texnik va muzokara guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Tramp ularni ma’qullagan. Shuningdek, ushbu kelishuvlar AQSH Kongressi muhokamasiga kiritilishi ham tasdiqlangan. Ukraina rahbari buni “juda kuchli va tarixiy ahamiyatga ega kelishuv” deb baholadi.

Muzokaralarda urushdan keyin Ukrainani iqtisodiy tiklash masalasi ham alohida muhokama qilingan. Rejalarga ko‘ra, AQSH biznesi uchun Ukrainani qayta qurish va rivojlantirishda ishtirok etishga qaratilgan maxsus shartlar yaratiladi. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv ustida ish boshlash masalasi ham kun tartibiga qo‘yilgan.

Xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha tomonlar 15-yillik mexanizmga kelishib olgan. Biroq Zelenskiy ushbu muddatni yanada uzaytirish, hatto 30–50-yillik formatni ham ko‘rib chiqishni taklif etganini aytdi. Uning fikricha, bunday qaror Donald Tramp uchun tarixiy qadam bo‘lishi mumkin. AQSH prezidenti esa bu masala ustida o‘ylab ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan.

Shuningdek, muzokaralarda keyingi siyosiy qadamlar ham belgilab olingan. Yaqin kunlarda AQSH va Yevropa davlatlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari darajasida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu uchrashuv Ukraina hududida bo‘lishi mumkin. Barcha hujjatlar tayyor bo‘lgach, Yevropa yetakchilari avvalo Ukraina bilan keng formatda muzokara o‘tkazadi, keyin esa Tramp ishtirokidagi uchrashuvga tayyorgarlik boshlanadi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, agar jarayon bosqichma-bosqich olg‘a siljisa, keyinchalik Rossiya bilan ham ma’lum formatda uchrashuv o‘tkazish ehtimoli bor. Ukraina tomoni bunday muzokaralarga tayyor ekanini yana bir bor bildirgan.

Ukraina prezidenti shuningdek, mamlakatda 20 banddan iborat tinchlik rejasini tasdiqlash uchun referendum o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Biroq bunday ovoz berishni o‘tkazish uchun kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi talab etiladi. Zelenskiyning aytishicha, Rossiya aynan shu taklifga rozi bo‘lmayapti va harbiy bosimni davom ettirishni afzal ko‘ryapti.

Ukraina rahbari bu holatni juda murakkab deb baholab, mamlakat xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda sulhga erishish uchun kurashni davom ettirayotganini qayd etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy–Tramp uchrashuvi: xavfsizlik kafolatlari va tiklanish rejalari