
30-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Yamanning janubida joylashgan Mukalla portiga havo zarbasi berdi. Saudiya tomoni hujum ayirmachi kuchlar uchun qurol-yarog‘ olib kelingani bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Mazkur qurollar Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra portidan kelgan kemalar orqali yetkazilgani aytilmoqda.
Saudiya davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, portga yetkazilgan qurol va harbiy texnikalar mintaqa xavfsizligiga tahdid solgan. Shu sababli koalitsiya havo kuchlari cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazgan. Harbiylar zarba tunda berilganini va tinch aholi zarar ko‘rmasligi uchun choralar ko‘rilganini ma’lum qildi.
Hozircha hujum oqibatida halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yo‘q. Ayrim manbalarga ko‘ra, zarba “Greenland” nomli yuk kemasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kema avval Fujayra portida bo‘lgani, keyin esa Mukallaga kelgani qayd etilmoqda. BAA rasmiylari hozircha mazkur voqea yuzasidan izoh bermadi.
Mazkur holat Saudiya Arabistoni va BAA o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlik kuchayganini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar bu holat Yamandagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinligini bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.