
Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi Makka shahrida joylashgan Masjidul Haramning yuqori qavatidan bir erkak o‘zini pastga tashlagani haqida rasmiy ma’lumot berdi. Bu haqda Khaleej Times xabar berdi.
Masjidul Haram xavfsizligini ta’minlovchi maxsus kuchlar bildirishicha, ushbu shaxs o‘z joniga qasd qilish niyatida binoning yuqori qismida turgan holda sakragan. Voqea vaqtida yaqinda bo‘lgan xavfsizlik xodimi uning qattiq zarba bilan yerga tushishining oldini olishga harakat qilgan, natijada o‘zi ham jarohat olgan. Hozirda har ikkisi ham shifoxonaga joylashtirilgan bo‘lib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Holat yuzasidan barcha tegishli huquqiy va rasmiy tekshiruv ishlari yakunlangani ma’lum qilindi.

Mazkur voqeaga munosabat bildirgan Masjidul Haram bosh imomi Abdur Rahmon as Sudays ziyoratchilarni muqaddas dargoh qoidalariga qat’iy amal qilishga, belgilangan tartib-intizomni saqlashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, muqaddas maskanda bo‘lgan har bir kishi islomiy odob-axloq qoidalariga rioya etib, o‘zini faqat ibodat va toatga bag‘ishlashi lozim.
Bosh imom, shuningdek, Islom shariatining asosiy maqsadlaridan biri inson hayotini muhofaza qilish ekanini eslatdi. U o‘z bayonotida Alloh taoloning “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamang” mazmunidagi oyatini keltirib, hayot eng ulug‘ ne’mat ekanini yana bir bor ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.