
Yangi yil kechasida Shveysariyaning Valais kantonidagi Kran-Montana chang'i kurortida joylashgan barlardan birida portlash yuz berib, ortidan katta yong'in kelib chiqdi. Mahalliy OAV xabarlariga ko'ra, hodisa oqibatida qariyb 40 kishi halok bo'lgan, yana taxminan 100 kishi jarohat olgan. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Jarohatlanganlarning ko'pchiligida og'ir kuyishlar qayd etilgan, ayrimlarining ahvoli og'ir. Hududdagi tibbiyot muassasalari imkoniyatlar chegarasida ishlamoqda. Jabrlanganlarni shifoxonalarga yetkazish uchun sanitariya vertolyotlari jalb etilgan, kurort ustida esa vaqtincha havo qatnovi cheklangan.
Voqea yuz bergan paytda Le Constellation klubida Yangi yil konserti bo'lib o'tayotgani, maskan bir necha yuz nafar tashrif buyuruvchini qabul qila olishi aytilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, yong'in konsert davomida qo'llangan pirotexnika sabab kelib chiqqan bo'lishi mumkin. Huquq-tartibot idoralari hozircha terakt ehtimoli ko'rib chiqilmayotganini bildirdi.
Kran-Montana Shveysariyaning janubi-g'arbida joylashgan mashhur Alp kurorti bo'lib, chang'i trassalari, piyoda sayr yo'nalishlari va xalqaro sport musobaqalari bilan tanilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.