Nikolas Maduro va rafiqasi Nyu-Yorkda sudga olib kelindi

Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro rafiqasi Siliya Flores bilan birga dushanba kuni Manxettenda joylashgan federal sudga olib kelindi. Bu haqda Sky News xabar tarqatdi. Ularga nisbatan AQSH hududiga giyohvand moddalarni yetkazib berish bilan bog‘liq og‘ir ayblovlar qo‘yilgan.
Dastlabki sud majlisi chog‘ida Nikolas Maduro o‘z manziliga qo‘yilgan barcha ayblarni qat’iy rad etdi. Uning rafiqasi Siliya Flores ham aybini tan olmasligini bildirdi. Juftlik Bruklindagi federal izolatordan kuchaytirilgan qo‘riqlov ostida sud binosiga olib kelingani, bu jarayon esa tinglov boshlanishidan bir necha soat oldin amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Ishni ko‘rib chiqish okrug sudyasi Elvin Xellershteyn zimmasiga yuklatilgan. BBC ma’lum qilishicha, ilk sud yig‘ini asosan protsessual xarakterga ega bo‘lib, unda ayblov moddalari rasman o‘qib eshittirilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Maduro xalqaro narkokartellar bilan aloqada bo‘lgan va AQSHga katta miqdorda kokain yetkazib berish jarayonlarini muvofiqlashtirishda ishtirok etgan. Agar u aybdor deb topilsa, unga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Sobiq prezidentning himoyachilari esa uning hibsga olinishi qonuniyligiga shubha bildirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Maduro suveren davlat rahbari sifatida xalqaro immunitetga ega bo‘lgan va bu holat sud jarayonida alohida inobatga olinishi kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maduro va Flores shanbaga o‘tar kechasi Karakasda AQSH kuchlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot davomida qo‘lga olingan. Shundan so‘ng ular maxsus reys orqali Nyu-Yorkka olib kelingan. FQB samolyoti Nyu-York shtatidagi Milliy gvardiya bazasiga qo‘nib, keyin esa juftlik konvoy bilan avval giyohvand moddalarga qarshi idoraga, so‘ng Bruklindagi federal izolatorga joylashtirilgan.
Bu voqea xalqaro siyosiy maydonda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va yaqin kunlarda mazkur ish atrofidagi muhokamalar yanada kuchayishi kutilmoqda.