2025 yilda Afgʻoniston savdosi Markaziy Osiyo yoʻlaklari hisobidan barqaror qoldi

2025 yilda Afgʻonistonning tashqi savdosi Pokiston yoʻnalishidagi uzilishlarga qaramay, Eron va Markaziy Osiyo orqali yoʻlga qoʻyilgan muqobil marshrutlar evaziga barqaror saqlanib qoldi, deb xabar berdi Reuters.
Pokiston bilan munosabatlar keskinlashgani ortidan afgʻon eksportyor va importyorlari yuk oqimini boshqa yoʻnalishlarga burdi. Asosiy tayanch nuqtalar sifatida Eronning Chobahor porti, shuningdek Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikiston orqali oʻtadigan quruqlikdagi tranzit yoʻllari ko'rsatildi.
Reuters maʼlumotiga ko'ra, 2025 yilda Afgʻonistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi qariyb 13,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan eksport 1,8 mlrd dollar, import esa 12,1 mlrd dollarga teng bo'lgan.
Afgʻon mahsulotlari uchun eng yirik bozorlar hamon Hindiston, Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlari bo'lib qolmoqda. Eksport tarkibida asosan quruq mevalar, ko'mir, gilamlar, zaʼfaron hamda turli qishloq xo'jaligi mahsulotlari ustun.
Importda esa yoqilgʻi, uskunalar, oziq-ovqat va sanoat materiallari asosiy o'rinni egallaydi. Bu tovarlar ko'proq Eron, BAA, Xitoy va qoʻshni mamlakatlardan olib kiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!