18:25 / 29.05.2018
4 628

Xitoyda Islom madaniyati bosim ostida

Xitoyda Islom madaniyati bosim ostida
Ninsya muxtor tumani xitoylik xuey musulmonlarning vatani hisoblanadi. Tumanning ma’muriy markazi Inchuanda Nanguan katta masjidi joylashgan. Masjidni islomiy naqshlar va har biriga kumush hilol o‘rnatilgan uchta yashil qubba bezab turibdi. 1981 yilda, xitoycha uslubdagi eski masjidning o‘rnida barpo etilgan mazkur ibodatxona Yaqin Sharq uslubida qurilgan ilk masjidlardan biri hisoblanadi. Eski masjid madaniy inqilob davrida buzib yuborilgan edi. 1966-1976 yillarda davom etgan inqilob Xitoy bo‘ylab minglab ibodatxonalar, cherkovlar, masjidlar va monastirlarning vayronaga aylanishiga sabab bo‘ldi.

Nanguan katta masjidiga husn bag‘ishlab turgan chiroyli gumbazlar, murakkab naqshlar va arabiy yozuvlar Shimoli-sharqiy Ninsya-Xuey muxtor tumani (Ninsya)da boshlangan “islomiylashuv va arabiylashuvga qarshi” hukumat kampaniyasining nishoniga aylanishi mumkin.

Ninsya ko‘chalari bo‘ylab islomiy bezak elementlari va arabiy yozuvlar olib tashlanyapti. Bular bu yerda atigi o‘n yil muqaddam, hukumat sayyohlarni jalb etish maqsadida xuey xalqining islomiy madaniyatini ko‘z-ko‘z qilishga qaror qilganida paydo bo‘lgan edi. Endi esa Inchuandan Xuanxe daryosi tekisliklari bo‘ylab chang ko‘chalardan janub tomonga harakatlansangiz, yo‘l chetida bozorlar va mehmonxonalar tomlaridan ko‘chirib olingan yashil, tillarang va oq qubbalarni ko‘rishingiz mumkin.

Hukumat yangi masjidlarni arabcha uslubda qurishni taqiqladi, oldin qurilgan masjidlarning ko‘rinishi esa xitoy ibodatxonalariga o‘xshash bo‘lishini talab qilmoqda.

“Hammasi o‘tgan yilning oxirida boshlandi... Shu tufayli hamma xavotirda”, – deydi Nanguan masjidida ishlaydigan ayol. Bir necha oy avval uning uyidagi qubba ham ko‘chirib olingan.

Ortayotgan xavotir

Ninsyada islomiy me’morchilik elementlarini yo‘q qilish bo‘yicha kampaniya avjiga chiqayotgan bir pallada o‘nlab yillardan beri tinch-totuv ibodat qilib kelayotgan xuey jamoasi orasida xavotir kuchaymoqda. Xitoyda 10 milliondan ziyod xueylar yashaydi, ularing kelib chiqishi “Buyuk ipak yo‘li” orqali Markaziy Osiyodan kelgan savdogarlar va arablarga bog‘liq. Ularning aksari mandarin tilida so‘zlashadi, oq do‘ppisi va ro‘mollarini hisobga olmasa, xanlarga o‘xshab ketadi. Uyg‘urlarga qarshi qatag‘on kuchayib borayotgan bir pallada Ninsyadagi xueylar ham hukumatning antiislomiy kampaniyasi nishoniga aylandi.

Yaqinda Inchuanda shovqin bahonasida azon taqiqlab qo‘yildi. Endi Nanguan masjidida azon o‘rniga trevoga signali yangrayapti. Suvenirlar sotiladigan do‘konlardan nafaqat islomiy kitoblar, hatto Qur’on ham g‘oyib bo‘ldi. Ayrim masjidlarga arab tili kurslarini bekor qilishga ko‘rsatma berildi, bir qator xususiy arab tili maktablari esa umuman yopib qo‘yildi.

Ninsya markazida joylagan Tunsin shahri Min sulolasi davrida (1368-1644 yillar) xitoycha uslubda qurilgan hashamatli masjidi bilan nom chiqargan. Bu yerda partiya a’zolariga masjidga va hajga borish taqiqlab qo‘yildi. Bu taqiq hatto ular lavozimdan ketganidan keyin ham amal qiladi. Bundan tashqari, davlat xizmatchilariing ishda oq do‘ppi kiyib yurishi ham mumkin emas.

“Dinni xitoylashtirish”

Bularning bari 2015 yilda prezident Si Szinpin boshlagan va “dinni xitoylashtirish” deb ataluvchi siyosatning bir qismidir. Mazkur siyosat dinlarni xitoy madaniyatiga va partiyaning talablariga moslashtirishni ko‘zda tutadi. Xitoyda rasman tan olingan besh dindan faqatgina daosizm mahalliy din hisoblanadi. Buddizm Hindistonda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, Xitoy diniga aylandi va xan madaniyati bilan qo‘shilib ketdi.

Birok kommunistik partiya boshqa dinlar – Islom, protenstantlik va katolik mazhabiga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashib, ularni tashqi ta’sirlar yoki etnik separatizm bilan bog‘laydi.

Bunday yondashuv musulmonlar uchun Islomga “xitoycharoq usulda” e’tiqod qilish kerakligini anglatadi.

Ninsyadagi imomlar va hukumat doiralariga yaqin qishilarning aytishicha, endilikda masjidlarni arabcha uslubda, katta gumbazli qilib qurish mumkin emas. Inchuan g‘arbidagi masjid ham ana shu taqiqqa uchradi. Ana’anaviy xitoycha darvozasi va yashil qubbalari bo‘lgan mazkur masjid yo‘l kengaytirilishi munosabati bilan buziladi. Yangisini qurish uchun esa yaqin atrofdan joy ajratildi. 37 700 dollarga tushgan dastlabki loyihada masjidni Yaqin Sharq uslubida, gumbazli va ikkita minorali qilib qurish rejalashtirilgan edi. Biroq o‘tgan yili buni Shaharsozlik byuroni rad etdi va endi masjidni xitoycha uslubda qurishga to‘g‘ri keladi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda Islom madaniyati bosim ostida