date

Muhammad Abunayyan: “O‘z xalqini siz kabi sevadigan davlat rahbarini uchratmadim”

Muhammad Abunayyan: “O‘z xalqini siz kabi sevadigan davlat rahbarini uchratmadim”

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishiga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan yirik investor – ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan ham so‘zga chiqib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Quyida uning nutqi keltiriladi:

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, muhtaram Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih janoblari, aziz hamkorlar va qadrli mehmonlar! Avvalo, barchangizga tinchlik, baraka va salomlar bo‘lsin!

Sizlar so‘nggi sakkiz yilda yaqin hamkorlikda amalga oshirgan ishlarni boshqa mamlakatlar asrlar davomida ham bajara olmasligini bugun faqat bu yerda to‘plangan ishtirokchilarga emas, balki butun dunyoga namoyon etdingiz.

Chindan ham, bunday ulkan natijalarga dunyodagi birorta yetakchi shunday qisqa muddatda erishmog‘i juda qiyin.

Prezident Janobi Oliylari, men avval ham ta’kidlab aytganman: bu darajada katta o‘zgarishlarni amalga oshirgan yetakchilarning ikki nafarini bilaman. Birinchisi – Siz, Janobi Oliylari, ikkinchisi esa – Saudiya valiahdi, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Hazrati Oliylaridir.

O‘zbekistonda biz ko‘rgan va guvohi bo‘lgan barcha yutuqlar Sizning o‘z ishingizga bo‘lgan buyuk ishonch-e’tiqodingiz va fidokorona mehnatingiz samarasidir. Siz bu ishlarni xalqingiz va Vataningizga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatingiz tufayli amalga oshirmoqdasiz.

Men dunyoning 24 ta davlati rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldim. Lekin o‘z xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim. Shuning uchun ham el-yurtingiz Sizni yaxshi ko‘rib, boshiga ko‘tarmoqda.

Men Siz bilan yigirma marta uchrashish baxtiga muyassar bo‘lganman. Har bir uchrashuvdan oldin nutq tayyorlab, nimalarni aytish kerakligini obdan o‘ylab olaman. Ammo har gal Sizning fikringiz, azm-u shijoatingiz va amaliy ishlaringiz biznikidan ustun keladi. Siz doimo jadal harakat qilasiz, sidqidildan ishlaysiz va albatta natijaga erishasiz.

Siz mahalliy va xorijiy investorlarga katta e’tibor qaratdingiz. Ular uchun teng imkoniyatlar yaratib berdingiz. Siz O‘zbekistonni har bir kompaniya va davlat uchun eng yaxshi investitsiya makoniga aylantirdingiz.

Siz boshqaruv va shaffoflik asosida o‘tmishdan qolgan og‘ir merosni ortda qoldirdingiz va yangi tarix yaratdingiz.

Men 15 ta mamlakatda investitsiya loyihasini amalga oshirganman va 30 dan ziyod davlatda bo‘lganman. Qayerga borsam ham “Yangi O‘zbekiston” haqida eshitaman. Bu Yangi O‘zbekiston – Sizning el-yurtingizga sadoqatingiz va tinimsiz mehnatingiz mahsuli.

Butun dunyo bugun Sizni kuzatmoqda, Sizdan o‘rganmoqda. Sizning rahnamoligingizda ishonchli hukumat va fidoiy jamoa kecha-yu kunduz mehnat qilmoqda. Men haftasiga yetti kun, kuniga 18-20 soat ishlaydigan hukumatni faqat O‘zbekistonda va Saudiyada ko‘rdim. Shuning uchun ham xalqingiz Sizni sevmoqda, investorlaringiz va ko‘plab davlatlar Sizni hurmat qilmoqda. Dunyodan ko‘p odamlar O‘zbekistonga turist sifatida ham, do‘st sifatida ham, investor sifatida ham kelishni xohlaydi.

O‘zbekistonning buyuk tarixi bor. Ayni vaqtda Sizning bugungi yutuqlaringiz ham muhim tarixiy ahamiyatga ega. Eng asosiysi, Siz hech qachon erishgan marrangizda to‘xtab qolmaysiz. Bugungi uchrashuvda ham Siz 30 milliard dollarlik loyihalar yakuniga yetkazilgani, keyingi yillarda esa yangi yo‘nalishlar bo‘yicha yana ish olib borilishini aytdingiz.

Prezident Janobi Oliylari, Sizning asosiy maqsadingiz – xalqning hayot sifatini yaxshilash. Siz yoshlarga katta ishonch bilan qaraysiz. Yangi O‘zbekistonning kuch-qudrati va kelajagi – aynan ana shunday iqtidorli yoshlardir.

Sakkiz yilda Yangi O‘zbekiston uchun mustahkam poydevor qo‘yildi. Inshoolloh, keyingi yillarda O‘zbekiston o‘z salohiyatini butun dunyoga yanada yaqqol namoyon etadi. Yangi O‘zbekiston nimalarga qodir ekanini jahon albatta ko‘radi.

Prezident Janobi Oliylari, bizga ko‘rsatgan ishonchingiz uchun rahmat. Katta-katta ishlarga yetakchilik qilib kelayotganingizdan cheksiz minnatdormiz.

Mening ikki ustozim bor: biri – valiahd shahzoda, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Hazrati Oliylari, ikkinchisi – Siz, Prezident Janobi Oliylari. Men Sizdan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Siz – mening ustozimsiz. Yana bir bor katta rahmat Sizga!

Foto: O‘zA

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Muhammad Abunayyan: “O‘z xalqini siz kabi sevadigan davlat rahbarini uchratmadim”