13:53 / 10.04.2020
2 111

Raab yoki Gouv: Jonson iste’foga chiqsa, Britaniya bosh vazir kim bo‘lishi mumkin?

Raab yoki Gouv: Jonson iste’foga chiqsa, Britaniya bosh vazir kim bo‘lishi mumkin?
Foto: Reuters
Brexit’ni amalga oshirish uchun bosh vazir bo‘lgan Boris Jonson asosiy missiyani bajardi va qirollikni YEIdan olib chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay butun dunyoni «uyiga qamagan» koronavirus «ozod» Britaniyagacha yetib bordi. Kasallik nafaqat Birlashgan Qirollik aholisiga qiyinchilik tug‘dirdi, balki bosh vazirni ham to‘shakka «mixladi»...

London hokimi bo‘lgan vaqtidayoq quvnoqligi va noodatiy chiqishlari bilan qirollikning eng mashhur odamlaridan biriga aylangan Jonson bosh vazirlikka ham kutilgan holatda keldi. Tereza Mey o‘zi tish-tirnog‘i bilan kurashgan Brexit rejasini amalga oshira olmasligi aniq bo‘la boshlagan bir vaqtda ko‘pchilik Britaniya siyosatiga qat’iyatli rahbar kerakligini anglab yetgan va bunday inson haqida gapirganda odamlarning ko‘z o‘ngiga Londonning sobiq meri va sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson kelaverdi.

Jonson rasman ishsiz bo‘lgan vaqtida ham jurnalistlar uning uyiga borib ko‘rsatuvlar suratga olishar, agar bosh vazir bo‘lganda nima qilishi haqida so‘rashardi. Mana shunday ajoyib kunlarning birida hukmron konservatorlar orasida obro‘si baland bo‘lgan Jonson bo‘shab qolgan bosh vazirlik kursisiga o‘z nomzodini qo‘ydi va aytarli qarshiliksiz g‘olib bo‘ldi.

Foto: Charlie Bibby / Financial Times
Bugun esa Boris Jonsonning ahvoli yaxshi emas. Ham siyosiy ma’noda, ham o‘z ma’nosida uning holatiga hech kim havas qilmaydi. 27 mart kuni unda koronavirus aniqlandi. O‘sha vaqtlar o‘ta xotirjam ko‘ringan Jonson kasallikka chalingani haqida o‘zi tvitterdagi sahifasida pozitiv kayfiyatda xabar qilgandi. Katta ehtimol, o‘rnini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chigan Jonson hammasi joyida ekanini aytib, masofadan ishlab hukumatni boshqarishda davom etishini aytgandi.

Foto: Image: Facebook/Boris Johnson
Ammo 10 kun o‘tib ham kasallik alomatlari saqlanib qolavergach, Jonson kasalxonaga yotqizildi va bosh vazirlik lavozimini vaqtincha tashqi ishlar vaziri Dominik Raab egalladi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab. Foto: Getty Images
Britaniyada allaqachon «Jonson hukumatga qaytadimi?», «U ketsa o‘rnini kim egallaydi?» kabi savollar muhokama qilinmoqda. Albatta, hozir Jonson uchun birinchi o‘rinda salomatligi turadi, ammo Britaniyadek demokratik davlat uchun asosiysi hukumatning mustahkamligi. Bunday qudratli mamlakat rahbarlik lavozimi masalasi uzoq vaqt mujmal bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ya olmaydi.

Hozir Jonsonning ahvoli og‘ir emas, ammo bosh vazir uch kundirki kasalxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda. U koronavirusdan tuzalsa ham, Britaniyani boshqara olmasligi va iste’fo berishi mumkinligi haqida tobora ko‘proq odam o‘ylay boshladi. Xo‘sh, agar Jonson ketsa, kimga Britaniyadek buyuk qirollik bosh vaziri bo‘lish baxti nasib qilishi mumkin?

Britaniyaliklar ikki nomzod haqida ko‘proq o‘ylashmoqda. Birinchisi ayni damda hukumatni vaqtinchalik boshqarib turgan tashqi ishlar vaziri Dominik Raab. Uni shaxsan Jonson o‘z o‘rniga qoldirib ketgan. Ikkinchi nomzod esa Jonsonning eng ishongan odamlaridan biri va hammaslagi Maykl Gouv.

Jonson ketsa, tabiiyki Dominik Raabning imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi. Uch kunlik hukumat rahbari lavozimida uning siyosiy qarashlari tobora ko‘proq odamlarning e’tiborini tortdi. Axir bunday katta lavozimda bir kungina bo‘lishning o‘zi odamlar ishonchini qozonish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Raab esa kamida Jonson qaytguniga qadar hukumatni boshqaradi.

Dominik Raab Jonsonning potensial vorisi sifatida qaralayotganining yana bir sababi shundaki, bir necha kun oldin narigi nomzod Maykl Gouvning oila a’zolaridan birida koronavirus aniqlandi. Endi u ham karantinda o‘tirishga majbur. Eng yomon holatda Gouvning o‘zi ham xavfli virusni yuqtirgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda Dominik Raab kamida hammasi oydinlashguncha yagona nomzod sifatida qolish ehtimoli yuqori. Axir britaniyaliklar so‘nggi vaqtlarda bosh vazirni shundog‘am ko‘p o‘zgartirishdi. Keyingi bosh vazir ham koronavirusga chalinib hukumat boshsiz qolishini istashmaydi. Ha, aynan hukumat, davlat emas. 93 yoshli qirolicha hali tetik ekan qirollik egasiz qolmaydi.

Keling, qisqacha Maykl Gouv haqida gaplashsak. U shu paytgacha Devid Kemeronning (Tereza Meydan oldingi bosh vazir) birinchi hukumatida xalq ta’limi vaziri, ikkinchi hukumatida adliya vaziri va Lord-kansler, Tereza Meyning ikkinchi hukumatida atrof-muhit, oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimlarida ishlagan. Maykl Gouv Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishning ashaddiy tarafdori sifatida Boris Jonsonning ham ishonchini qozongan.

Maykl Gouv. Foto: cityam.com
2019 yilda Tereza Mey iste’foga chiqqanida Maykl Gouv ham konservatorlarning yangi lideri bo‘lish uchun o‘z nomzodini qo‘yadi va Boris Jonson (160 ovoz) va Jeremi Hantdan (77 ovoz) so‘ng 75 ovoz bilan uchinchi o‘rinni egallaydi. So‘ngi bosqichda u o‘z nomzodini qaytarib olib, konservatorlar partiyasi yetakchisi bo‘lishi uchun Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatlaydi. Bosh vazirlikka saylangan Jonson esa Gouvning «siyosiy sadoqati»ni munosib taqdirlab, o‘ziga eng yaqin odam sifatida unga Vazirlar Mahkamasi vaziri vazifasini topshiradi.

Buyuk Britaniya hukumatida boshqalar uchun tushunarsiz bir mansab mavjud: «Vazirlar Mahkamasi vaziri». Ushbu mansab egasi turli vazirliklarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va boshqa davlat tuzilmalarida hukmron partiya siyosatini ilgari surish vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, odatda Vazirlar Mahkamasidagi vazir, amaldagi bosh vazirning eng yaqin hammaslaklaridan biri hisoblanib, unga ichki va tashqi siyosat dasturini shakllantirishda yordam beradi.

Boris Jonson o‘zi shakllantirgan hukumatda ushbu vazifani aynan Maykl Gouvga ishonib topshirgani bejiz emas. Bugun Maykl Gouv Boris Jonson bilan eng yaqin munosabatda bo‘lib turgan odam hisoblanadi. Bosh vazirning sog‘ligi bilan bog‘liq vaziyat haqida ham matbuotga ma’lumotlarni aynan Maykl Gouv bermoqda.

Jonson va Gouv. Foto: Mary Turner / PA Wire
Ko‘pchilikning fikricha, hozir faqat bosh vazirga yaqin bo‘lgan odamlar mamlakatni boshqarish vazifasini o‘z zimmasiga olishi kerak. Maykl Gouv shunday odamlardan biri sifatida o‘z iqtidorini isbotlay olgan edi. Ammo u hozir hukumatni qo‘lga olib, mamlakatni boshqara olmaydi, chunki 6 aprelda Maykl Gouv ham o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish uchun ketayotganini e’lon qildi. Yuqorida aytganimizdek, vazirning oilasida koronavirus infeksiyasi holati aniqlangan.

Demak, hukumatni boshqarish uchun asosiy nomzod Dominik Raab bo‘lib qoldi. Amalda shunday bo‘lyapti ham. Eng ishongan odamining karantinda o‘tirishi haqida bilgan Boris Jonson hukumatni boshqarishday mas’uliyatni yana bir ishongani tashqi ishlar vaziri Dominik Raabga yukladi. U Jonsonning majburiy tanaffusida hukumatni boshqarib turadi. Agar Boris Jonson biror sababga ko‘ra yoki tuzalganidan so‘ng o‘z vazifasini bajara olmasa, Dominik Raab konservatorlar ovoz berish yo‘li bilan yangi yetakchi tanlaguncha mamlakat bosh vaziri lavozimida qoladi.

Agar Boris Jonson sog‘ligi sababli siyosatdan ketishga majbur bo‘lsa, bunday vaziyatda mamlakat bosh vazirdan, hukumat boshlig‘idan ayriladi, konservativ partiya esa yetakchisiz qoladi. Nazariy jihatdan bunday paytda qirolicha boshqa siyosatchini yangi bosh vazir etib tayinlashi mumkin, ammo u ham konservatorlar partiyasi o‘zining yangi rahbarini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishini kutishi haqiqatga yaqin.

Bu jarayon umumiy ovoz berish shaklida bo‘lib o‘tadi: Jonsonning o‘zi hokimiyatga shu tarzda kelgan. Shu bilan birga, mamlakatda umumiy saylovlar e’lon qilinmaydi, buning uchun nafaqat Jonson, balki amaldagi hukumat ham iste’foga chiqishi kerak. Hozirgi holatda esa hukumatning iste’foga chiqishiga asos yo‘q, faqat bosh vazir sog‘ligi tufayli almashishi mumkin.

Qolaversa, hozirgi vaziyatda hukumatning tarqatilib yuborilishiga Dominik Raab ham yo‘l qo‘ymasa kerak. U bunga yo‘l qo‘ymasli uchun yetarlicha mashhur, konservativ va tajribali siyosatchi. Raabning vazifasi hozirda Jonson tuzalguniga qadar ishonch bilan hukumatni boshqarib, hammasini nazoratda ushlab turish. Agar vaziyat yomonlashib boraversa yoki eng yomon ssenariy bo‘yicha ketsa, Dominik Raab konservativ partiyani qaltis va nozik vaziyatdan takroriy saylovlarga muvaffaqiyat bilan olib chiqib ketishi kerak.

Dominik Raab ismi va ruhi bilan konservativ, ammo agar uning qarashlari liberalizmga ham yaqin. Raab har doim Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan tezroq chiqib ketishi tarafdori bo‘lib kelgan. To‘rt oy vaqt «Brexit vaziri» lavozimida ishlaganida Britaniyani Yevropa Ittifoqidan qisman emas, balki batamom ajratib olishga harakat qilgan.

Aynan u Tereza Meyning Yevropa Ittifoqi bilan Brexit masalasidagi «Brexit’siz Brexit» kelishuv loyihasini keskin tanqid qilgan va oxir-oqibat shu loyiha tufayli o‘z lavozimini tark etgan edi.

Britaniyaning sobiq bosh vaziri Tereza Mey. Foto: AP
Bo‘lib o‘tgan bahslarda Dominik Raab Brexit’ga qarshilarning Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish foydalari haqidagi dalillarini pisand qilmay, Buyuk Britaniyaga Yevropa Ittifoqisiz foydaliroq va yaxshiroq bo‘lishi haqidagi g‘oyani ilgari suradi, ammo yengiladi.

O‘shanda u o‘z atrofiga Tereza Meyning loyihasiga qarshi bo‘lgan o‘ngchi konservatorlar guruhini to‘plagandi. Voqealar rivojida garchi Dominik Raab o‘z lavozimini bo‘shatib bergan bo‘lsa-da, uning sa’y-harakatlari izsiz ketmadi va oxir-oqibat Tereza Mey o‘z loyihasini himoya qila olmay, ko‘zda yosh bilan bosh vazirlikdan ketishi bilan yakun topdi. Tereza Meyning iste’fosidan keyin Dominik Raabning o‘zi ham hukmron konservatorlar partiyasi rahbari bo‘lish uchun kurashib ko‘rdi, ammo zo‘rg‘a beshinchi o‘rinni egalladi.

Shundan so‘ng doim aqlga tayanib xulosa qiladigan Dominik Raab o‘z qarashlariga yaqin fikrlaydigan Boris Jonsonni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi va Jonsonning bosh vazir bo‘lib saylanishiga munosib hissa qo‘shdi. Uning bu xizmatlarini munosib qadrlagan Jonson unga tashqi ishlar vazirligi lavozimi bilan birga «birinchi vazir» maqomini berdi.

Raab va Jonson parlamentda. Foto: Jessica Taylor / AFP
Dominik Raab konservativ muhitda ancha mashhur va mavqeyi juda yuqori. Bugun vaqtincha hukumatni boshqarayotgani kelajakda katta martabalarga erishish uchun tramplinga aylanishi va vaqt o‘tishi bilan Raab to‘laqonli bosh vazir bo‘lib hukumatni boshqarishi mumkin. Asosiysi, bu hozirgi holatda emas, balki vaqti-soati bilan bo‘lishi kerak. Ana shunda Britaniyaning barcha konservatorlari ham, shubhasiz, bunga rozi bo‘lishadi. Hozir esa uning har qanday oshiqcha harakati partiya tomonidan «hokimiyatga intilish uchun xiyonat» deb baholanishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham, avvalo Boris Jonson tuzalib ketsin va hukumat rahbarligiga qaytsin. Britaniya siyosatchilari 3 yil Brexit degan boshog‘riq sabab aytarli siyosat bilan shug‘ullana olmay boshlari saylovdan chiqmadi. Endi ular ham tinchgina ishlashsin...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Raab yoki Gouv: Jonson iste’foga chiqsa, Britaniya bosh vazir kim bo‘lishi mumkin?