
Koronavirus bizga yuqqach, qanday qilib Covid-19 kasaliga aylanadi va bizni hatto o‘ldira oladi?
Olimlar yangi virusning odamzodga hujumi haqida hozirgacha bilganlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Yashirin davr
Koronavirus bizga yuqqach, tanamiz ichida nima qiladi?
Yashirin davrda virus tanamizda yaxshilab joylashib oladi.
Koronavirus yoki Sars-CoV-2 virusi nafas yo‘llari, og‘iz va ko‘zdagi shilliq pardalar orqali tanamizga tushadi.
U keyin tomoq to‘qimalari devorini, nafas yo‘llari va o‘pkani zararlaydi va ularni koronavirusni ko‘paytiruvchi korxonaga aylantiradi.
Ya’ni yangi viruslar ishlab chiqiladi va boshqa to‘qimalarga ham yuqa boshlaydi.
Bu davrda siz o‘zingizni sog‘lom his qilasiz va hech qanday kasallik alomati ko‘rinmasligi mumkin.
Yashirin davr qanchaga cho‘zilishi haqida fikrlar turlicha, ammo o‘rtacha besh kun davom etishi aytilmoqda.
Ko‘pincha yengil o‘tadi
Koronavirus sizga yuqqach, Covid-19 kasalini keltirib chiqaradi.
Ammo bu har 10 odamdan 8 nafarida yengil o‘tadi.
Kasallikning ikki asosiy alomati - isitma va yo‘tal.
Ba’zan tana (mushaklar), tomoq va bosh og‘riydi, lekin har doim ham emas.
Koronavirus yo‘tali boshida quruq bo‘ladi.
(Hoynahoy, virus yuqqan to‘qimalar zararlangani tufayli).
Ayrim odamlar yo‘talganda keyinchalik balg‘am ko‘chadi.
Bu balg‘am - virus o‘ldirgan o‘pka to‘qimalari.
Ammo ayni holatda odam shifoxonada davolanish shart emas.
Uyda to‘shakda qolib, ko‘proq suyuqlik ichib, paratsetamol qabul qilish kerak.
Qolgan kurashni immun tizimimiz amalga oshiradi.
Ammo ayrim odamlar virusni yuqtirsa, ahvoli juda og‘irlashadi.
Xususan, keksalar va boshqa biron (yurak-qon tomir, astma, nafas yo‘llari kabi) kasali bor odamlar kasallikni og‘ir o‘tkazadilar.
Yangi koronavirus haqida tushunchalarimiz hali yetarli emas.
Masalan, boshida koronavirus yuqqan odamning burni oqmaydi deyilgandi.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, qator kasallarda bu xuddi tumovdek o‘tadi va odamning burni ham oqadi.
Og‘ir holatlar sababi nima?
Kasallik kuchaysa, demak, bizning immun tizimimiz virusga qarshi ortiqcha reaksiya (giperreaksiya) ko‘rsatgan.
Bu jarayonda chiqqan kimyoviy signallar butun tanamizga tarqalib, yallig‘lanish boshlanadi. Ushbu holatda nozik muvozanat mavjud.
Agar u buzilsa, haddan ortiq yallig‘lanish tanamizga zarar yetkazadi.
"Virus immun tizimimiz javobidagi muvozanatni buzmoqda va yallig‘lanish haddidan oshib ketayapti" - deydi Londondan doktor Natalya Makdermot.
"Bu o‘rinda virus qanday ishlayati - bilolmayapmiz".
Oqibatda, o‘pka yallig‘lanishi yoki zotiljam (pnevmoniya ) kasali kelib chiqadi.
Zotiljam xavfi

Foto mualliflik huquqiGETTY IMAGES
O‘pkangizga sayohatni tasavvur qiling: og‘izdan kirib, qizilo‘ngach hamda keyin tor quvursimon tomirchalar ichidan o‘tib borasiz va oxirida o‘pkadagi mitti havo xaltachalariga tushasiz.
Xuddi shu joyda havo (kislorod) qonimizga o‘tadi va, aksincha, karbonat angidrid chiqib ketadi. Zotiljam bo‘lgan inson o‘pkasidagi ana shu xaltachalar esa suvga to‘ladi. Natijada bemor nafas olishga qiynaladi.
Ba’zi odamlarga maxsus ventilator uskunasi yordamida sun’iy nafas berish kerak.
Xitoydagi kasallar o‘rganilganda, virusni yuqtirganlarning 14% qismi sun’iy nafas olish darajasida ahvoli og‘irlashgani aniqlangan.
Og‘ir jang: immun tizimi va virus
Mavjud kuzatuvlarga qarasaq, virusga chalinganlardan 6% bemor o‘ta og‘ir ahvolga tushadi.
Ularning tanasi ishdan chiqa boshlaydi va o‘lim ehtimoli kuchayadi.
Sababi - bemorning immun tizimi butkul nazoratdan chiqib ketadi va butun tanaga zarar yetkaza boshlaydi.
Septik zarba vujuduga kelib, qon bosimi xavfli darajada tushib ketishi, tana a’zolari risoladagidek ishlamasligi va yoki butkul ishdan chiqishi mumkin.
O‘pkaning haddan tashqari yallig‘lanish oqibatida o‘tkir nafas yo‘llari distress sindromi yuzaga keladi:
Tanamiz yashash uchun keraklicha kislorod ololmaydi. Buyraklar qonni tozalashni to‘xtatadi. Ichaklar ichki devorlari zararlanadi.
"Virus juda katta miqyosda yallig‘lanish jarayonini yuzaga keltiradi va oqibatda bir nechta tana a’zolari ishdan chiqadi" - deydi Doktor Bharat Panxania.
Agar bemorning immun tizimi virusni yengmasa, tanamizning har bir nuqtasi zarar ko‘radi.
Foto mualliflik huquqiGETTY IMAGES
Bunday og‘ir holatda ECMO ya’ni qo‘shimcha korporeal membranani oksidlash usuli qo‘llaniladi.
Bu - amalda sun’iy o‘pka degani.
U quvurchalar orqali tanadagi qonni chiqarib olib, oksiginatsiya qiladi (kislorod bilan to‘yintiradi) va qayta tanaga yuboradi.
Ammo oxir-oqibatda bemor jismiga yetgan zarar juda kuchayishi va tana a’zolari bemorni tirik ushlab tura olmasligi mumkin.
Ilk o‘limlar
Shifokorlar qanchalik qattiq harakat qilishmasin, ba’zi bemorlarni asrab qolisholmayapti. Virus ilk tarqagan joy - Xitoyning Uxan shahrida o‘lgan ilk ikki bemor aftidan sog‘lom bo‘lishgan. Lekin ular uzoq yillar sigareta chekkan kashanda bo‘lgan.
Tamaki ularning o‘pkasini zaiflashtirgan.
Birinchi qurbon - 61 yashar erkak kasalxonaga keltirilgan payti unda o‘tkir zotiljam boshlangan bo‘lgan.
Sun’iy nafas berilgan, ammo uning o‘pkasi ishlamagan va kasalxonga tushganidan 11 kun o‘tib, yuragi to‘xtagan.
Ikkinchi qurbon - 69 yashar erkakda ham o‘tkir nafas yo‘llari distress sindromi kuzatilgan. Uni hatto YESMO, ya’ni qo‘shimcha korporeal membranani oksidlash usuli bilan davolashga urinishgan. Ammo o‘tkir zotiljam va septik zarba oqibatida qon bosimi tushib ketib, olamdan o‘tgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar