date
views 2 342

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: sud masalalari

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: sud masalalari
O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi maqomida ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqar ekan, mazkur tashkilot tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarning samaradorligi va istiqbollarini tuhlil qilish qo‘yish foydadan holi emas.
Adliya vazirligi huzuridagi huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan YEOII doirasida adolatli sudlovni amalga oshirish uchun javobgar bo‘lgan YEOII Sudining bugungi kungi holati tahlili natijalari bu sud haqida umumiy tasavvur shakllantirishga imkon beradi.

YEOII Sudi to‘g‘risida asosiy ma’lumotlar
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sudi 2015 yil 1 yanvardan boshlab doimiy faoliyat yurituvchi sud organi bo‘lib, uning qarorgohi Minsk shahrida joylashgan. Sudning maqsad va vazifalari YEOII to‘g‘risidagi Shartnoma, mazkur tashkilot doirasidagi xalqaro shartnomalar, shuningdek YEOIIning uchinchi tomonlar bilan tuzgan shartnomalari va tashkilot qarorlarini a’zo davlatlar va YEOII organlari tomonidan bir xil qo‘llanishini ta’minlashdan iboratdir. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, YEOII Sudi zararni qoplash yoki boshqa mulkiy xususiyatdagi nizolarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega emas.

Sudning maqomi, tarkibi, vakolatlari, shakllantirish va faoliyat yuritish tartibi YEOII to‘g‘risidagi Shartnomaga ilova qilingan Sud Statuti bilan belgilanadi. Unga muvofiq, Sud tarkibi har bir a’zo davlatdan ikkitadan, jami 10 nafar sudyadan iborat. Sudyalar Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy Kengashi (OYEIK – a’zo davlatlar rahbarlari) tomonidan 9 yil muddatga tayinlanadi. Bu tartib sudyalar maqomini baland bo‘lishini ta’minlash bilan birga, sudyalar tayinlash jarayonini a’zo davlatlar tomonidan to‘la nazorat qilish imkonini beradi.

Biroq, YEOII institutsional tuzilmasida vakolatli organ nazarda tutilmaganligi sababli, YEOII Sudi sudyalari o‘z vazifalaridan ozod qilinishi ham tegishli a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi. Ayrim ekspertlar bu holatni sudyalarning haqqoniy mustaqilligi tamoyiliga rioya etishdan og‘ish deb hisoblashadi.

Sudyalarning rotatsiyasi nazarda tutilmagani ularning vakolat muddatlari tugaganda Sud to‘la tarkibda yangilanishiga olib keladi va bu ko‘riladigan ishlar sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ham ayrim muutaxassislar sud tarkibining uchdan bir qismi har uch yilda rotatsiya qilinishi kerakligi haqida takliflar bildirishgan.

YEOII doirasida nizolarni hal qilish tartibi
Nizolarni sudgacha hal qilish Sudda nizolarni ko‘rib chiqishning majburiy bosqichidir. Sud Statutining 43-bandiga muvofiq, ish Sudda ko‘rib chiqilishi uchun ariza beruvchi avval YEOIIga a’zo-davlat yoki Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga nizoni sudgacha maslahat, muzokara yoki boshqa usulda hal qilish uchun murojaat qilgan bo‘lishi kerak.
Xo‘jalik sub’ektlari Sudga murojaat qilganida davlat boji to‘lashlari belgilangan.

Ko‘rib chiqilgan ish yuzasidan YEOII sudi quyidagicha qarorlar chiqarishi mumkin:
- Yevroosiyo iqtisodi komissiyasi qarori yoki uning ayrim qoidalari YEOII to‘g‘risdagi Shartnomaga va (yoki) Ittifoq doirasidagi shartnomalarga mosligi yoki mos emasligi haqida;
- Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining bahs qilinayotgan harakati yoki harakatsizligi YEOII to‘g‘risdagi Shartnomaga va (yoki) Ittifoq doirasidagi shartnomalarga mosligi yoki mos emasligi hamda ular xo‘jalik yurituvchi sub’ekt huquq va qonuniy manfaatlarini buzishi yoki buzmasligi haqida.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining Sud tomonidan YEOII to‘g‘risidagi Shartnomaga va (yoki) Ittifoq doirasidagi shartnomalarga mos emas deb topilgan qarori va qarorning ayrim qoidalari sud qarori chiqqan kundan etiboran 60 kundan oshmagan muddatda tegishli shartnomalarga mos holga keltirilishi kerak. Sud qarorida bunday qaror yoki uning ayrim qoidalarini tegishli shartnomalar talablariga moslashtirish uchun boshqa muddat ham belgilanishi mumkin.

Nizolarni hal qilishdan tashqari Sud maslahat funksiyalariga ham ega bo‘lib, a’zo davlatlar, a’zo davlatlar Oliy sudlari, Ittifoq organlari bunday xizmat ko‘rsatilishi uchun murojaat qilishlari mumkin. Sudning bu sohada chiqaradigan xulosalari yuridik kuchga ega bo‘lmay, tavsiyaviy xususiyatga ega.

Ayni paytda yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlarning Sudga murojaati yuzasidan bir qator cheklovlar mavjud.
- YEOII qonun hujjatlari natijasida huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan jismoniy shaxslarning bu huquqiy aktlar ustidan shikoyat kiritish imkoniyati yo‘qligi;
- nisbatan katta miqdordagi davlat bojini to‘lash (2016 yil holatiga ko‘ra, 39 368 rublni, ya’ni taqriban 500 dollarni tashkil etgan);
- Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining faqat mazkur arizachining huquq va manfaatlariga ta’sir etgan qaror va harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish mumkinligi;
- yetkazilgan zarar qoplanishi haqidagi talabni Sud vakolatlari doirasidan butunlay chiqarilishi;
- nizoni uch oygacha bo‘lgan muddatda sudgacha ko‘rib chiqish majburiy tartibi mavjudligi.
Bunday cheklovlar a’zo davlatlar uchun ko‘ngilsiz bo‘lgan Sud qarorlari yuzaga kelishini oldini olishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

YEOII Sudi faoliyatining o‘ziga xosliklari
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Sud hozirgi vaqtda YEOII doirasida amalda bo‘lgan shartnoma va kelishuvlar ijrosi yuzasidan vujudga keladigan nizolarni samarali hal qilish mexanizmlariga hali ega emas.

Sud qarorlarini bajarmaganlik uchun sanksiya va jarimalar qo‘llash mexanizmalari ham mavjud bo‘lmay, tegishli sanksiyalar ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi milliy qonunlarga kiritilgan bo‘lishi yoki umuman bo‘lmasligi mumkin. Misol uchun, Bojxona ittifoqining “G‘ildirakli transport vositalari xavfsizligi to‘g‘risidagi” texnik Reglamentida qish davrida transport vositalaridan qishki shinalarsiz foydalanish taqiqlangan.

Mazkur talabga amal qilmaganlik uchun Belarusda ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, Rossiya Federatsiyasida bunday javobgarlik o‘rnatilmagan. Huquq qo‘llashning bunday ikki bo‘g‘inli tizimi natijasida bitta qilmish uchun turli a’zo-davlatlarda turlicha javobgarlik kelib chiquvchi vaziyatlar yuzaga keladi. Shu tariqa huquqiy tartibga solishning aniqlik, bir xillik va barqarorlik prinsiplari buziladi.

Shu o‘rinda, YEOII Sudi kollegiyasi a’zolari va a’zo davlatlar tomonidan integratsion normativ hujjatlarning turlicha talqin qilinishi hollari uchrab turishi YEOII Sudi faoliyatidagi eng zaif tomonlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining so‘roviga asosan, YEOII Sudi Katta kollegiyasi 2017 yil oktabr oyida a’zo davlatlar tomonidan o‘zaro savdoga cheklovlar qo‘yish mumkin bo‘lgan hollarni aniqlash masalasi bo‘yicha maslahat xulosasini chiqardi.

YEOII Sudining uch nafar sudyasi ham mazkur xulosaga, ham o‘zaro bir-birlariga qarshi bo‘lgan turlicha fikrlarni bildirishgan. Bu, o‘z o‘rnida, YEOII shartnomasida o‘zaro savdoga qo‘yiladigan cheklovlarni qo‘llash bo‘yicha noaniqliklar ko‘pligini va umumiy ichki bozordagi to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha YEOIIning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati mavjudligini ko‘rsatadi.

Tarif imtiyozlari ham YEOII hujjatlarida nazarda tutilishi mumkin, biroq bu imtiyozlarni qo‘llash sub’ektlari, ob’ektlari va shartlari milliy qonunchilikda belgilanishi mumkin. Bu esa turli a’zo-davlatlarda turli darajadagi imtiyozlar qo‘llanishi va teng raqobat shartlarining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Co‘nggi yillarda YEOII Sudi yagona makonda yuzaga kelayotgan nizolarni hal qilishda o‘zining kuchli tomonlarini ham namoyon qildi. Xususan, YEOII Sudi yagona mehnat bozori shakllanishidagi ba’zi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishda muhim rol o‘ynab, yevroosiyo integratsiyasining huquqiy asoslarini mustahkamlash jarayonida o‘z ahamiyatini mustaqil tashkilot sifatida oshirishi ham kuzatildi.

Misol uchun, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining rasmiy so‘rovidan so‘ng, YEOII Sudi 2018 yil dekabr oyida tashkilotning boshqa a’zo davlatlarining milliy sport musobaqalarida YEOIIga a’zo davlatlaridan birining professional sportchilarining ishtirok etishiga miqdoriy cheklovlarning yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida xulosa chiqardi.

YEOII Sudi ta’kidlaganidek, YEOII shartnomasi Ittifoq va a’zo davlatlar ichida fuqarolarning erkin mehnat qilishini ta’minlaydi, shuning uchun ularning milliy mehnat bozorlarini himoya qilish uchun qonunchilik cheklovlari o‘rnatilmasligi va qo‘llanilmasligi kerak. Ilgari ushbu qoidalar Rossiya Federatsiyasi professional sportida Armaniston futbolchilariga nisbatan legionerlar soniga o‘rnatiladigan cheklovlar qo‘llanilganida aks etgan. Ushbu holatlar aniqlanganidan so‘ng YEOII Sudi tomonidan mazkur sohada to‘liq tartib o‘rnatilgan.

YEOII Sudining milliy sudlarga ta’siri istiqboli
Bugungi kunda YEOII Sudi, oldingi Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YEOIH) sudidan farqli ravishda, preyuditsial yurisdiksiyaga ega emas. Ya’ni, bu Sud milliy qonunchilik va ittifoq qonunchiligi o‘rtasida vujudga keladigan nizoli vaziyatlar bo‘yicha majburiy xarakterga ega bo‘lgan qarorlar chiqara olmaydi. Tarixan YEOIH Sudi Belarus milliy sudlari ijrosi uchun majburiy hisoblangan qarorlar chiqarganligi sababli yangi tashkilotda a’zo davlatlar tomonidan YEOII Sudining vakolatlari qatoriga milliy va ittifoq qonunchiliklari o‘rtasida nizoli vaziyat vujudga kelganda faqatgina tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosalar bildirish huquqi berilgan.
Natijada, hozirgi vaqtda YEOII Sudi qarorlari Tashkilotga a’zo davlatlar uchun majburiy emas.

Mazkur holat milliy sudlarning YEOII huquq normalarini erkin talqin qilish uchun sharoit yaratib beradi. Ushbu holat YEOII miqyosida huquqni qo‘llash amaliyotining turli xil milliy o‘ziga xosliklariga bo‘lingan holda yuritilishiga olib keladi.

Shuningdek, YEOII Sudi qarori YEOIIning amaldagi huquq normalarini yoki a’zo davlatlar qonunchiligi normalarini o‘zgartirish yoki bekor qilish, shuningdek, yangi huquq normalarini yaratish huquqiga ega emas. YEOII doirasida barcha muhim masalalarni hal etish Tashkilot a’zolarining davlat rahbarlaridan tashkil topgan Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashi (OYEIK) vakolatiga berilgan va YEOII Sudi mustaqil tashkilot hisoblanmasdan, unga har yil yakuni bo‘yicha OYEIKga hisobot taqdim etib borish vazifasi yuklangan.

Sud Statutining 99- va 100- moddalariga ko‘ra, YEOII Sudi qarorlari nizo tomonlari uchun majburiy xarakterga ega. Biroq, nizo tomonlari YEOII sudi qarorini ijro etish shakli va usulini o‘zlari mustaqil tanlay olishadi. Agar qaror ijrosi ta’minlanmasa manfaatdor tomon YEOII sudi qarori ijrosini ta’minlash uchun OYEIKga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

YEOII sudi qarorlarini ijro etish bo‘yicha mexanizmning zaifligi Yevropa ittifoqi Sudining qarorlarini ijro etish mexanizmi bilan qiyoslaganda yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, mobodo Yevropa ittifoqi Sudining qarori ma’lum davlat tomonidan ijro etilmasdan qolsa, unda Yevropa ittifoiq Sudi a’zo davlatga “qaror ijrosi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rish” majburiyatini yuklaydi. Agar a’zo davlat ushbu majburiyatni bajarmasa, Sud Yevropa komissiyasi tavsiyasiga muvofiq o‘sha davlatni miqdori cheklanmagan jarimaga va har bir kechiktirilgan kun uchun penyalarga tortadi.

Rossiyalik ekspertlar YEOII Sudi amaliyotini tahlil qilar ekan, ushbu tashkilotning Ittifoq qonunchiligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgani yo‘qligini, hal qilinayotgan masalalar o‘z ahamiyati bo‘yicha prinsipial muammolar toifasiga kirmasligini aytishmoqda. Shuningdek, ekspertlarning fikriga ko‘ra, YEOII Sudi yevroosiyo institutsional mexanizmida o‘zining munosib o‘rnini hali-hanuz egallamagan va uning siyosiy istiqbollari noaniqligicha qolmoqda. Biroq, tahlilchilar Sudning kelajakdagi salohiyati juda kattaligi va uni namoyon qilish uchun bir qator aniq ishlar qilinishi zarurligini ta’kidlashmoqda.

Sherali Ro‘ziyev,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy
siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: sud masalalari