08:55 / 05.07.2020
5 707

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi tarixdagi eng yirik operatsiyada mingdan ortiq kishi hibsga olindi

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi tarixdagi eng yirik operatsiyada mingdan ortiq kishi hibsga olindi
Fransiya, Niderlandiya va Angliya politsiyalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda mingdan ortiq kishi hibsga olinib, qurollar, tonnalab narkotiklar, millionlab funt va yevro mablag‘lar olib qo‘yildi. BBC`ning xabar berishicha, Yevropol bunga gumondorlar muloqotda bo‘lgan maxfiy chatni buzib kirish orqali erishgan.

Venetic operatsiyasi haqida uchala mamlakat kuchishlatar tuzilmalari bir vaqtda e’lon qildi.
Buyuk Britaniyada 746 kishi, Niderlandiyada yuzdan ortiq gumondor hibsga olingan. Fransiyada esa qo‘lga olinganlar soni ochiqlanmadi, ammo bu yerda gap noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan yuzlab odamlar haqida borayotgani aytildi.

Gumondorlarning shaxsi va jinoyatlardagi rollari hozircha oshkor etilmayapti.
Shunisi ma’lumki, uchala mamlakatda qo‘lga olinganlar orasida politsiyachilar ham bor, ular jinoiy olam bilan hamkorlikda ayblanmoqda. Rasmiy axborotlarda ayblanuvchi politsiyachilar orasida yuqori lavozimli amaldorlar yo‘qligi bildirilgan.

Eng batafsil ma’lumotni 3 iyul tongida Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Buyuk Britaniya milliy agentligi taqdim etdi. Idora xabariga ko‘ra, birgalikdagi operatsiya 2016 yildan buyon davom etib kelgan va jarayonning borishini Yevropol muvofiqlashtirib borgan.

Tezkor tadbirlarda Birlashgan Qirollikdan 500dan ortiq kishi ishtirok etgan. Qo‘lga olinganlardan 54 mln funt naqd pul, 2 tonnadan ortiq narkotik moddalar (shundan bir yarim tonnasi – kokain), 28 millionta etizolam tabletkasi (tinchlantiruvchi dori vositasi), 77ta qurol (shu jumladan, Kalashnikov avtomatlari ham) va 55ta premium-klassdagi avtomobil olib qo‘yilgan.

Niderlandiyada esa gumondorlardan 20 mln yevro atrofidagi pul mablag‘i, 8 tonna kokain va 1,2 tonna metamfetamin musodara qilingan.
Fransiya rasmiylari Venetic operatsiyasi natijalari haqida keyinroq ma’lumot berishini bildirgan. Milliy jandarmeriyadagilar tezkor tadbirlar hali yakun topmaganini aytishmoqda.

Gumondorlar qotillik, qotillikka urinish, narkotiklar savdosi, talon-torojlik va ko‘cha tajovuzi kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Ta’kidlanishicha, jinoyatlar politsiyachilarning EncroChat mobil ilovasini buzib kira olishgani evaziga fosh etilgan. Dasturni Niderlandiyada qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya ishlab chiqqan bo‘lib, so‘ng uni har qanday tashqi ta’sirlardan himoyalangan messenjer sifatida pullagan.

Messenjer Android operatsion tizimidagi smartfonlar va Blackberry qurilmalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan foydalanish narxi bir yarim yil uchun 1,5 ming yevroni tashkil etgan.

Ma’lum qilinishicha, dasturni ishlab chiqqan kompaniya uni yangi telefonlarga o‘zi o‘rnatib, so‘ng ushbu telefonlarni sotuvga chiqargan. Ilovani shunchaki yuklab olib o‘rnatish mumkin bo‘lmagan.

Messenjer yashirin dastur shaklida ishlagan: telefonni yoqish tugmasi bir marta bosilganda, odatiy operatsion tizim ochilgan. Tugma ikki marta ketma-ket bosilganda esa apparat qayta sozlangan va foydalanuvchi chatga kirish imkoniga ega bo‘lgan.

Britaniya politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, EncroChat`dan 60 mingdan ortiq kishi, jumladan Britaniyada 10 ming kishi foydalangan. Fransiya jandarmeriyasidagilar esa ilova foydalanuvchilarining 90 foizi jinoiy faoliyatga jalb etilgan bo‘lgan, deb hisoblamoqda.
Ingliz politsiyachilarining fikricha, messenjerdan pul yuvish va noqonuniy savdo uchun foydalanilgan.

Politsiya gumondorlarni qachondan kuzatuvga olgani haqida ma’lumot yo‘q, ammo shunisi ma’lumki, EncroChat`dagilar ularni kuzatishayotgani haqida oxirgi lahzalarga qadar bilishmagan. Shu yil 13 iyunga kelibgina foydalanuvchilar kompaniyadan tizimga buzib kirilgani va messenjer o‘rnatilgan telefonlardan iloji boricha xalos bo‘lish kerakligi haqida ogohlantirish olishgan.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Buyuk Britaniya milliy agentligi ushbu ogohlantirish olinishi bilanoq yozilgan ayrim jo‘natma-xabarlarni keltirib o‘tdi. Ularda, jumladan, shunday deyiladi:
«Tamom bo‘ldik». «Aftidan, bizda katta muammo chiqdi».

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uyushgan jinoyatchilikka qarshi tarixdagi eng yirik operatsiyada mingdan ortiq kishi hibsga olindi