13:16 / 16.11.2020
4 403

Tog‘li qorabog‘ urushi haqiqatlari: endi nima bo‘ladi?

Tog‘li qorabog‘ urushi haqiqatlari: endi nima bo‘ladi?
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev CNN telekanaliga bergan suhbatida O‘rusiyaga imo qilib, dunyo bo‘ylab bir talay OAVlar armanilarga tegishli ekanligini, shu tufayli, olib borilayotgan urush tafsilotlari armanilar foydasiga buzib ko‘rsatilayotganini aytgandi. Urush tugab, armanilar yengilish alamiga chiday olmay yurgan hozirgi paytda haqiqat sekin-asta yuzaga chiqyapti.

Harbiy harakatlar to‘xtatilgach, urushning ilk kunlaridan boshlab Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan O‘rusiya prezidenti Vladimir Putindan yordam so‘ragani, so‘rovlarga javoban, o‘nlab harbiy-transport uchoqlari Yerevan ayeroportiga qo‘ngani haqidagi haqiqat baralla aytila boshladi. Bu esa urushda O‘rusiya Armanistonni qo‘llab-quvvatlaganini isbotlaydi.

NTV telekanaliga suhbat bergan "Govorit Moskava" radiosi bosh muharriri Roman Babayan Armaniston bosh vaziriga uchta savoli borligi va ularga to‘g‘ri javob berilishini kutishini bildirgan. Jurnalist qo‘lida prezident Putin Pashinyanga urushni to‘xtatish uchun ancha ma’qul takliflar bergani, lekin Pashinyan ularning hammasini rad qilganini tasdiqlovchi yetarlicha dalillar borligini aytgan.

Shu munosabat bilan, Babayan Armaniston bosh vaziridan urushning ilk kunlaridayoq O‘rusiyadan juda yirik miqdorda yordam ola boshlaganini tasdiqlab berishini istamoqda. Lekin, beg‘araz olingan harbiy texnikalar Ozarbayjon armiyasining beshinchi avlod harbiy qurollari qudratiga bardosh berolmagan. Prezident Ilhom Aliyevning Ozarbayjon o‘z armiyasini dunyodagi eng zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlay oladigan darajada iqtisodiy qudratga ega ekanligi haqidagi gaplari va harbiy g‘alabalar buni tasdiqlaydi.

Kezi kelganda, Ozarbayjonning aholi son boshiga yalpi ichki mahsuloti O‘zbekistondan uch baravar ko‘pligini aytib o‘tish o‘rinlidir.

Jurnalist Babayan yolg‘onchi bosh vazir Pashiyanga qarata "agar yuqoridagi savollarimga to‘g‘ri javob bermasangiz, shunday savol beraman-ki, qochgani joy topolmay qolasiz" degan.

Armaniston va uni qo‘llovchi boshqa davlatlar urush haqida armanilar foydasiga yolg‘on xabarlar tarqatayotgani haqida oldin ham yozgandim. Endi, ana shu yolg‘onlarning chuvi chiqib, Armaniston armiyasi urushda parokandalikka uchragani, ko‘pgina askarlar dezirtirlik qilib, qochgani, ayrim puldor va amaldorlar pora evaziga o‘z bolalari yoki qarindoshlarini frontdan chaqirib olishgani, rasmiy kishilar urushda o‘lgan askarlar sonini ozaytirib ko‘rsatishgani, Armaniston urushga ko‘plab 18 yoshli o‘spirinlarni yuborgani, hatto, yosh bolalar janglarda qatnashgani, Ozarbayjon shahar va qishloqlarni ozod qilgani haqidagi xabarlarga Armaniston tomonidan raddiyalar berilishi ham frontdagi haqiqiy ahvolni yashirish uchun qilingani – hamma-hammasi suv yuziga qalqib chiqyapti.

Vladimir Putin urushda har ikki tarafdan ja’mi 4000 askar o‘lganini bildirdi. Agar, Tog‘li Qorabog‘lik o‘lganlarning rasmiy soni 1300 dan ortiq ekanligi, urushda Armanistondan kelgan va minglab chet ellik armanilar qatnashgani, ularning orasida o‘lganlar soni qancha ekanligi bildirilmaganini inobatga olsak, armani tarafining talofati juda katta ekani ma’lum bo‘lib qoldi.

Ozarbayjon esa urush payti armanilar tashlab, qochib ketishi oqibatida qo‘lga kiritilgan ko‘plab jangovar texnikani boshkent Bakuda ko‘rgazmaga qo‘ymoqchi. Ozod qilingan tuproqlarda juda katta qurilish va ta’mir ishlari olib boriladi. Prezident Aliyevga ko‘ra, bu ulkan ishlarni amalga oshirish uchun mamlakat yetarli iqtisodiy kuchga ega.

Urushda ozariylar qo‘lga kiritgan yana bir g‘alaba o‘lkaning asosiy qismini Naxichevan Muxtor Respublikasi bilan bog‘laydigan yo‘lning qayta ochilishi bo‘ldi. Bu yo‘lning 45 kilometrlik qismi Armanistonning janubida, Eron bilan chegara hududidagi Araks daryosi shimolidan o‘tardi. Bu yo‘lning ochilishi, aslida, turk dunyosi uchun ham juda katta ahamiyatga egadir.

Tog‘li Qorabog‘ muammosini hal qilish uchun 1993 yili Ovro‘pada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshida Minsk guruhi tashkil qilinib, AQSH, Fransiya va O‘rusiya unga a’zo bo‘lgan edi. Afsuski, bu ishchi guruhi o‘tgan 27 yil ichida Armanistonni o‘z qo‘shinlarini bosib olingan hududlardan chiqib ketishga majbur qilolmadi. Yanayam to‘g‘risi – bunday qilishni istamay, status-kvo saqlanib qolishiga tomoshachi bo‘lib turaverdi. (Status-kvo – vaziyatning o‘zgarmasdan turishi, degani).

Minsk guruhiga a’zo davlatlar betaraf bo‘lishi, Ozarbayjon va Armanistonga bir xil munosabatda bo‘lishi shart edi. Lekin, O‘rusiya urushning dastlabki kunlaridan boshlab Armanistonga zimdan juda ko‘p qurol-yarog‘ yetkazib bergan bo‘lsa, Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron ochiqdan-ochiq "biz bu qiyin kunlarda Armanistonning yonidamiz" deb, tenglik tamoyiliga o‘tirib qo‘ydi.

Armaniston Tog‘li Qorabog‘ va tevaragidagi yettita tumanni bosib olgan edi. 45 kunlik urush natijasida, Ozarbayjon ulardan to‘rttasi hamda Tog‘li Qorabog‘ning bir qismidan armanilarni quvib chiqardi. 9 noyabrda O‘rusiya, Ozarbayjon prezidentlari va Armaniston bosh vaziri imzolagan urushni to‘xtatish haqidagi kelishuvga ko‘ra, Armaniston 15 noyabrda Kelbajar tumanini, 20 noyabrda Ag‘dam tumanini, 1 dekabrda Lochin tumanini Ozarbayjonga qaytarib beradi.

Ilhom Aliyev urush harakatlari davom etayotgan kunlarda deyarli har kuni chet el OAVlariga suhbatlar berib bordi. (Bu jumlani boshqa bir o‘lka prezidenti o‘qimasin). Suhbat chog‘ida prezident Tog‘li Qorabog‘ ozod qilingandan keyin, armanilarga madaniy muxtoriyat berilishi mumkinligini aytgandi. Lekin, endi ahvol o‘zgardi. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi?

Aslida, Minsk guruhi ahvolni urush bo‘ladigan va minglab inson o‘ladigan darajagacha olib kelmasdan, muzokaralar yuritib, urushning oldini olib, xuddi shu to‘xtamga kelinishini ta’minlashi zarur edi. Afsuski, Fransiyadagi yarim milliondan ortiq, O‘rusiyadagi uch million armani diasporasining kuchi va Putinning imperiyani tiklash haqidagi harbiy ishtahasi bunga yo‘l qo‘ymadi.

Aytgancha, Amerikada 2000 yili o‘tkazilgan aholi ro‘yxatiga ko‘ra, mamlakatdagi armanilar soni 385 mingtani tashkil qilgan. Lekin, raqamlarni oshirib ko‘rsatishni o‘ziga kasb qilib olgan armanilar bu raqam bir yarim millionga yetishini iddao qilishadi. Shuning uchun, 1915-yili Usmoniylar Turkiyasida bir yarim million armani "qatliom" qilingani haqidagi iddaolarga aqli raso kishi ishonmaydi.

Lekin, O‘rusiya baribir maqsadiga yetib, Tog‘li Qoraboqqa o‘z tinchlikni saqlash kuchlarini kiritishga erishdi. Agar Armanistonda xalq uch tomonlama kelishuvni bekor qilishni, bosh vazirning iste’fosini talab qilib, mitinglar o‘tkazayotgani, uyduriq "Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti" Araik Arutyunyan chet ellardagi armanilarni qo‘liga qurol olib, "vatan himoyasi"ga yetib kelishga chaqirayotganini hisobga olsak, Ozarbayjon hali juda sergak turishi zarur.

Endi status-kvo ham, Tog‘li Qorabog‘ning alohida maqomi ham yo‘q. Armaniston Ozarbayjondan tortib olgan tuproqlarga yillar davomida Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlardan minglab armanilarni ko‘chirib kelgandi. Urush sabab, aholisi 140 ming kishilik Qorabog‘dan yuz mingdan ortiq kishi allaqachon Armanistonga qochqin bo‘lib, o‘tib ketdi. Ularning anchaginasi kelajakda BMTga qochqin o‘laroq murojaat qilib, doimiy yashash uchun g‘arb davlatlariga ketishga urinsa aslo xayron bo‘lmang.

Hammani dahshatga solayotgan boshqa bir fakt – Ozarbayjonga tegishli hududlardan ko‘chib ketayotgan armanilar o‘z turar-joylari va bog‘lariga o‘t qo‘yib, yondirib ketayotgani bo‘ldi. Maqsad – Ozarbayjonga iloji boricha ko‘proq zarar berib ketish. Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 15 noyabrda Ozarbayjonga topshiriladigan Kelbajar tumanidagi armanilar tap tortmay, o‘zlari yashagan uylariga o‘t qo‘yib, qolgan ko‘ch-ko‘ronini mashinalarga ortib, chiqib ketayotgani haqidagi videolar tarqatilyapti.

Yuqoridagilardan xulosa shu-ki, eski paytlardagiga o‘xshab, armanilar ozarbayjonlar bilan bir yerda yashashga umuman tayyor emas. Shu kunlarda armani muxolifchi kuchlari uch davlat hukumat boshliqlari qo‘l qo‘ygan kelishuvni bekor qilib, yana urush boshlash taraddudiga tushib qolishgan. Zero, "yiqilgan kurashga to‘ymabdi" deb, bejiz aytilmagan. Bu esa Ozarbayjon kelajakda yana provokatsiyalar bo‘lishiga shay turishi zarurligini taqazo qiladi.

Baxtiyor Shohnazar

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tog‘li qorabog‘ urushi haqiqatlari: endi nima bo‘ladi?