00:02 / 04.05.2021
5 851

Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklar Turkiyaga ko‘chmoqchi


Saudiya Arabistonining Madina shahrida tug‘ilib o‘sgan Ibrohim Atiqulloh o‘zbek tilida ravon so‘zlaydi. Uning gaplarida Namangan shevasiga xos so‘zlarni uchratish mumkinligidan ota-bobolari namanganlik ekanligini payqash qiyin emas.

Ajdodlarimiz 1930-yillarda Namangandan Afg‘onistonga borishgan. U yerga Sovet qo‘shinlari bostirib kirgach, oilamiz Saudiya Arabistoniga ko‘chgan. Otam amakimlardan sal keyinroq, 1980-yillarning boshida ko‘chganlar. O‘shanda 18 yoshda bo‘lganlar. Oilada o‘zbekcha gaplashamiz, mahallada qarindosh-urug‘larning bolalari bilan katta bo‘lganman, arab tilini esa maktabga borganda o‘rganganman”, – deya hikoya qiladi u.

Ibrohim ayni payt Turkiyaning Izmir shahridagi universitetda o‘qiydi. Uning aytishicha, Saudiya Arabistonidagi ba’zi o‘zbeklar Turkiyaga ko‘cha boshlagan, chunki podshohlik qonun-qoidalari ularning yashashini qiyinlashtiryapti.

Biz hali ham Afg‘oniston fuqarosimiz, ancha yillar oldin borgan o‘zbeklar Saudiya Arabistoni fuqaroligini olishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin Saudiya Arabistonida neft qazib olish kuchaygach, hukumat chet elliklarga fuqarolik berilishini qiyinlashtirib qo‘ygan, boyliklarimiz faqat o‘zimizga qolsin deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak-da. Masalan, mening otamda ishlash ruxsatnomasi bor, bizning oila ana shu ruxsatnomaga asosan yashaydi. Bu ruxsatnomani olish ham oson emas, Saudiya Arabistoni fuqarolaridan biri sizga kafil bo‘lishi kerak. 2015 yilda kuchga kirgan tartibga binoan otam har bir oila a’zomiz uchun oyiga 400 riyoldan to‘lashlari zarur, bu qariyb 100 AQSH dollari degani. 

Xullas, otam har oy qariyb 700 dollar to‘layaptilar. Avvaliga to‘lov miqdori 100 riyol edi, mana, yildan-yilga oshib 400 riyolga chiqdi. Shu sababli amakilarim, qarindoshlarimiz Saudiya Arabistonidan asta-sekin chiqib ketishyapti. Afg‘onistonga qaytganlar ham bor, Turkiyaga kelganlar ham bor. Ayrimlar Afg‘onistonda turmush kechirish arzonroq deb u yerni tanlayapti. Otam esa ketmoqchi emaslar, imkonim boricha Madinada yashayman deyaptilar, chunki Madinani yaxshi ko‘radilar”, – deydi u.

Saudiya Arabistonida tug‘ilib o‘sganlarning biror joyga ko‘chishi oson emas, lekin u yerda yashash ham qiyinlashyapti, deya tushuntiradi Ibrohim Atiqulloh. Uning fikricha, Saudiya Arabistoniga yangi borayotganlarga juda qiyin bo‘lmaydi, chunki ular shart-sharoitni oldindan bilib boradi, ya’ni o‘zini odindan tayyorlaydi.

O‘zbek muhojirlari Saudiya Arabistonidan tashqari Turkiya, AQSH va Yevropa mamlakatlarida ham yashashadi. Istanbul madaniyat universitetida tarix yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan Fayzullaxon Otaxonovga ko‘ra, muhojirlarning dastlabki yirik to‘lqini Markaziy Osiyoda sovet hukumati o‘rnatila boshlagandan keyin kuzatilgan.

Turkiston zaminida 1865 yildan 1917 yildagi inqilobgacha chor Rossiyasi hukmronlik qildi. Hokimiyatga bolsheviklar kelgach, ular xudosiz jamiyat barpo etishga kirishdi, bundan norozi bo‘lgan turkistonliklar “dinimizni saqlab qolamiz, hijrat qilamiz”, deyishdi. Ancha-muncha odam ko‘chdi, albatta, imkoniyati borlar. Bundan tashqari, Sovet hukumati mahalliy boylarning boyliklarini tortib ola boshladi, yoppasiga kollektivlashtirish siyosati yurgazildi, bular ham muhojirlikning sabablaridan. Muhojirlar asosan Afg‘onistonga ketishgan. Keyinchalik Hindistonga, Turkiyaga borishgan, – deydi tadqiqotchi.

 – Yana bir gap: bilasiz, 1917 yilning noyabrida Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati tashkil topgan, 1918-yilning fevralida esa Qizil armiya va dashnoq armanlar tomonidan muxtoriyat tor-mor qilindi, katta qatliom o‘tkazildi. Ana shu hodisadan keyin ham ko‘pchilik xorijga chiqib ketgan”.

XX asr boshlarida xorij mamlakatlariga ketib qolgan o‘zbeklarning aniq soni haqida ma’lumot topish qiyin. 1992 yilda Toshkentdagi “Fan” nashriyotida chop etilgan “Xorijdagi o‘zbeklar” nomli kitobda birgina Saudiya Arabistonida 300 ming o‘zbek yashashi qayd etilgan, ular “Turkistoniy” yoki “Buxoriy” deb ataladi.

Yaqinda Saudiya Arabistonida yashaydigan bir guruh o‘zbek muhojirlari Turkiyaning Istanbul shahridagi Turkistonliklar madaniy-ijtimoiy ko‘mak jamiyatiga murojaat qilib, Turkiya fuqaroligini olishga yordam berishni so‘radi.

Jamiyat raisi Akbar Yassa muhojirlarning murojaati turk hukumatiga yo‘llanganini ma’lum qildi. O‘zbek muhojirlari Turkiya hukumatidan osonlashtirilgan tartibda fuqarolik berishini so‘ramoqda. Turkiya ham bizning vatanimiz, u yerda boqimanda bo‘lmaymiz, yurt rivojiga qo‘ldan kelgancha hissa qo‘shamiz, demoqda ular.

Vatandoshlarimiz Saudiya Arabistonida qiynalishyapti, hatto chaqaloq uchun ham soliq to‘lashadi. Bundan tashqari til, milliy urf-odatlar masalasi ham bor. Turkiyaga ko‘chmoqchi bo‘lganlarning ro‘yxatini tuzishibdi, 6 mingcha kishi kiritilgan. Murojaatlarini tegishli idoralarga yetkazganmiz, hali javob kelgani yo‘q, hozir koronavirus epidemiyasi, sharoit hammaga ma’lum, kutyapmiz, – deydi Akbar Yassa. – Qayerda bo‘lishmasin, ular ham bizning vatandoshlarimiz, yordam berishga harakat qilyapmiz. Bilishimcha, ular O‘zbekistonga murojaat qilmagan. Agar O‘zbekiston qabul qilsa, u yerga ham borishni istaydiganlar topiladi, albatta”.

Manba: “Amerika ovozi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiya Arabistonidagi o‘zbeklar Turkiyaga ko‘chmoqchi