Foto: Reuters
London sudi Dubay amiri, BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri Muhammad al-Maktumga sobiq rafiqasi Xayya bint al-Husayn uchun 554 million funt sterling (734 million dollar) to‘lash majburiyatini yukladi, deb xabar beradi Meduza.
Bu Britaniya sudi tomonidan hozirga qadar ajrashuv ishi bo‘yicha to‘lash belgilangan eng yirik mablag‘ bo‘lishi mumkin. Bunga qadar rekord 450 million funt etdi — 2017 yilda rossiyalik milliarder Farxad Ahmedovning sobiq rafiqasi Tatyana Ahmedovaga to‘lanishi belgilangan.
Malika Xayya rekord darajadagi yarim milliard funtni qo‘lga kiritdi. Biroq u bir yarim barobar ko‘p so‘ragandi.
Xayya bint al-Husayn — Iordaniya qiroli Abdulla II ning yagona singlisi. 2004 yilda u Muhammad al-Maktumning oltinchi rafiqasiga aylangan. Ularning Jalila ismli qizi va Zayd ismli o‘g‘li bor. Hozirda qizning yoshi 13 da, bola esa 9 yoshda. Ularning onasi 47 yoshda, otasi — 72 da.
2019 yilda malika Xayya qizi va o‘g‘li bilan birga Buyuk Britaniyaga qochib ketgandi. Shayx Muhammad farzandlari ustidan vasiylikni qo‘lga kiritish va ularni Dubayga qaytarish bo‘yicha sudga ariza bergan. Malika Xayya bolalari o‘zi bilan qolishini, shayx esa ularning yashashi uchun ketadigan xarajatlarni to‘lashini istagan.
Malikaning yuristlar jamoasini baronessa Fiona Sheklton — Buyuk Britaniyada oilaviy huquq bo‘yicha eng mashhur advokatlardan biri boshqargan. U oldinlari shahzoda Charlz (malika Diana bilan ajrashuvi vaqtida), musiqachi Pol Makkartni va milliarder Vladimir Potanning manfaatlarini himoya qilgan.
Malika o‘zining yashashi uchun shayxdan pul so‘ramagan, biroq o‘zining umrbod qo‘riqlanishi va Dubayda qoldirib ketgan qimmatbaho kiyim-kechaklari va taqinchoqlarini kompensatsiya qilishni talab qilgan. Shuningdek, u farzandlarining xarajatlari uchun ketadigan mablag‘larni ham qo‘shib, jami 1,4 milliard funt so‘ragan.
Sud jarayonlari vaqtida malika o‘z qo‘riqchisi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani aniqlangan. Buni yashirish uchun u qo‘riqchiga millionlab dollar bergan
Ajrim jarayonida Dubay amiri oilasining shaxsiy hayoti va xarajatlariga oid batafsil ma’lumotlar oshkor bo‘lgan. Xususan, sudya Filipp Mur o‘z qarori bilan malika Xayya qochib ketishidan oldin britaniyalik qo‘riqchi Rassel Flauers bilan yaqin munosabatda bo‘lgani to‘g‘risidagi mish-mishlarni tasdiqlagan.
Shuningdek, sudya ushbu ishqiy munosabatlari sabab malika o‘z qo‘riqchilari tomonidan (ular orasida Flauersning o‘zi ham bor-yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan) shantaj qilib kelingan va ularga 7 million funtga yaqin pul to‘lashga majbur bo‘lgan. Pullarni u qisman farzandlaridan birining jamg‘armasi hisobidan, qolganini qimmatbaho taqinchoqlarini sotish orqali qo‘lga kiritgan.
Biroq shayx ayolning bu kirdikorlaridan xabar topgan va u bilan ajrashgan. Xayyaning fikricha, u ayolning xiyonatiga sha’ma qiluvchi bir necha she’rlarni yozgan. Malika o‘z karavotidan bir necha bor qurol topib olgan, unga qamoq bilan tahdid qilishgan. Jonidan xavotirga tushgan Xayya farzandlari bilan Buyuk Britaniyaga uchib ketgan.
Shu bilan birga, oldinroq Muhammadning Xayyaga nisbatan bu qadar dushmanligiga nafaqat qo‘riqchi bilan munosabatlari, balki malika shayxning boshqa xotinidan bo‘lgan farzandlari — Shamsi va Latifaning taqdiriga qiziqqani ham sabab bo‘lgani taxmin qilingandi. Ikkalasi ham otasidan qochib ketishga uringan, biroq ular kuch bilan Dubayga qaytarilgan (qizlarning ikkisi ham shundan so‘ng ruhiy davolanishga yotgan).
Malika Buyuk Britaniyada ham o‘zining xavfsizligi uchun xavotirlanishda davom etgan. Sudya Mur shayx sobiq rafiqasini qo‘rqitish va uni kuzatish bo‘yicha butun boshli kampaniyani tashkillashtirgan degan xulosaga kelgan. Xususan, uning odamlari Xayyaning uyi yaqinidagi uyni xarid qilishga uringan, shuningdek, faqatgina hukumat foydalana oladigan Pegasus dasturi orqali malika va uning yordamchilarining telefonini buzgan.
Shayx Muhammad ayoli va farzandlarining o‘zidan himoyasi uchun umrining oxirigacha pul to‘lashi kerak bo‘ladi. Yoki yarashib olgunlariga qadar
Sudya Mur shayx Muhammadni malika Xayya va uning farzandlari uchun asosiy tahdid deb topgan va uni — Dubay amirini tahdid haqiqatda amalga oshmasligi uchun pul to‘lashga majbur qilgan.
Shayx malikaning umrbod qo‘riqlanishi uchun uch oy ichida 251 million funt to‘lashi lozim. Shuningdek, u bolalarining yashashi, ularning o‘qishi va qo‘riqchilariga 290 million funt to‘lashi kerak. Ushbu mablag‘ yillik aviaparvozlarga ketuvchi 1,8 million funtni, tarbiya uchun — 300 ming funt va uy hayvonlari, jumladan ikkita poni uchun 275 ming funtni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, malikaga Dubayda qoldirib ketilgan hashamatlari uchun kompensatsiya to‘lanadi: 13,6 million funt qimmatbaho taqinchoqlariga va 1 million funt kiyim-kechaklariga. So‘nggi mablag‘ni sudya «nisbatan kamtarona» deb atagan. Chunki malika kiyim-kechaklar uchun 63 million funt so‘ragan.
Sudyaning ta’kidlashicha, hisob-kitoblar vaqtida Dubay amiri oilasining yashash tarzi inobatga olingan. Jumladan, ajrimga qadar Xayya har yili shaxsiy xarajatlari uchun 9 million funt va koshonasini saqlab turishga 83 million funt olib turgan. Buyuk Britaniyada qariyb ikki yilga yaqin yashagan vaqtida 35 million funtdan ortiq mablag‘ sarflagan. Uning moliyaviy ahvoli yomonlashgan va u kartinalarini sotishga majbur bo‘lishi mumkin.
Yakunda sud qaroriga ko‘ra, qancha mablag‘ to‘lanishi hozircha noma’lum. Bu shayx Muhammadning farzandlari katta bo‘lgach qanday hayot tarzida yashashiga va ular otasi bilan yarashib olish-olmasligiga bog‘liq.
Pul to‘lanishi to‘g‘risidagi qarorni chiqartirishga erishish va uni haqiqatda qo‘lga kiritish — turli narsalar. Buyuk Britaniyadagi bundan oldingi ajrim buni isbotlagan
Shayx Muahmmad ajrim jarayonida shaxsan ishtirok etmagan, u yakunlanishi bilan qisqa izoh bilan cheklanib, farzandlarining farovon yashashi haqida doim qayg‘urganini bildirgan.
Britaniyadagi Winckworth Sherwood yuridik firmasi sherigi Sara Igremning The Daily Mail tabloidiga ma’lum qilishicha, malika Xayya va shayx Muhammad bo‘yicha qabul qilingan qaror nima uchun London dunyoning badavlat juftliklar uchun ajrim borasida jozibadorligicha qolayotganini ko‘rsatadi. «Ammo bu malika Xayya uchun birinchi jarayon. Endi u aql bovar qilmas vazifani — ushbu yirik mablag‘ni haqiqatda qo‘lga kiritishi kerak», — deydi Ingrem. Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya sudlarida bunday ishlar bo‘yicha qarorlarni ijro etish vositalari yo‘q va bu ularning zaif tomoni.
Ingrem o‘z so‘zlariga isbot tariqasida Tatyana va Farxad Ahmedovlarning ajrashish tarixini keltirgan. Milliarderning sobiq rafiqasi London sudi belgilagan 453 million funt sterlingni qo‘lga kirita olmagan. Sud qaroridan to‘rt yil o‘tgacha, Tatyana sobiq turmush o‘rto‘g‘i bilan tinchlik kelishuvini imzolagan va 150 million funt qo‘lga kiritgan. Ushbu mablag‘ning qariyb yarimini u advokatlar xizmati uchun to‘lashga majbur bo‘lgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi