23:57 / 21.02.2022
1 582

Putin mulozimlaridan fikr so‘radi: Uni DXR va LXRni tan olishga qanday ko‘ndirishdi?

Putin mulozimlaridan fikr so‘radi: Uni DXR va LXRni tan olishga qanday ko‘ndirishdi?
Foto: Aleksey Nikolskiy/RF prezidenti matbuot xizmati/TASS
Rossiya prezidenti Xavfsizlik kengashi a’zolaridan DXR va LXRni mustaqil deb tan olish masalasida fikr so‘radi. Ularning barchasi bu fikrni qo‘llab-quvvatladi. Putin qaror qabul qilib bo‘lgan.

Ukraina atrofidagi voqealar keskinlashib borayotgan bir vaqtda Rossiya Xavfsizlik kengashining navbatdagi tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Odatda bunday kengashlar rejalashtirilmagan uchrashuv o‘tkazsa, qandaydir jiddiy masalani muhokama qildi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Rossiya siyosatining asosiy figuralari Ukrainaning endilikda sobiq viloyatlari bo‘lmish Donetsk va Luganskni mustaqil deb tan olish kerakligini ta’kidlashdi.

«DXR va LXRni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish haqida o‘ylamayapmiz»
Rossiya prezidenti Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi rahbarlarining hududlarni mustaqil deb tan olish borasida so‘rovini muhokama qilish uchun o‘tkazilayotgani so‘zi boshida aytib o‘tdi. So‘zi avvalida Putin AQSH har qanday o‘zi imzolagan kelishuvdan ham istagan vaqtda chiqib ketishi mumkinligini, Kiyev esa Minsk kelishuvini imzolamoqchi ham emasligini aytdi. Putin yig‘ilishdan asosiy maqsad Xavfsizlik kengashi a’zolarining fikrlarini bilish ekanini aytdi.

Lavrov: «G‘arb talablarimizni bajarmoqchi emas»
So‘zga birinchi bo‘lib chiqqan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb Rossiya qo‘ygan talablarni bajarmoqchi emasligini ta’kidladi.

«G‘arb Rossiyaning NATO kengaymasligi bo‘yicha talabini bajarishga tayyor emas. Hamkasblar [muhokamalar davomida] Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha asosiy talablarini e’tiborsiz qoldirishmoqda. Ahamiyatsiz darajada bo‘lsa-da, oldinga siljish bor. Rossiyaning taklifi AQSH tomonini «nuqtagan» ko‘rinadi ular avval rad etgan jihatlar bo‘yicha ishlay boshlashdi», dedi Lavrov.

Rossi tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, NATO kengaymasligi va alyansning Yevropada harakatlari bo‘yicha konkret javoblar bo‘lsa, muloqotni davom ettirish mumkin. Lavrov 24 fevral kuni amerikalik hamkasbi Entoni Blinken bilan uchrashishini ham aytdi.

«Kechasi soat 02:00 da Makron bilan gaplashdim»
Lavrov Amerika pozitsiyasida oldingi siljish bor deganidan keyin Putin ham bu haqda gapirdi: «Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan kechasi soat 02:00 da gaplashdim. U ham AQSHning pozitsiyasida oldinga siljish borligini aytdi. Ammo bu qanday siljish ekanini tushunish qiyin».

Kozak: «Ukrainani Donbass qiziqtirmaydi»
Rossiya prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak so‘zga chiqar ekan, Donbassdagi vaziyat yaxshilanishi Ukraina va ittifoqchilarini umuman qiziqtirmasligini aytdi.

«Ukrainaga ham, ittifoqchilariga ham Donbass kerak emas, hech qanaqa ko‘rinishda. Ular mojaro hal qilinishini emas, aksincha muzlatib qo‘yilishini istashadi. Donbassni Kiyevga qaytarish borasida savolga ular nima deb javob berishni ham bilishmaydi. Donbassda Rossiya tashabbusi bilan iqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilana bordi.

Minsk kelishuvi 2015 yildan buyon hech qanday o‘zgarishsiz turibdi. Ukraina bu hudud kelajagini shunchaki oddiy viloyat deb qaraydi, Minsk kelishuvida aytilgan til yoki boshqa huquqlar ta’minlanishi rejalashtirilmagan. Kiyev rahbarlari Minsk kelishuvini ochiqchasiga sirtmoq deyishmoqda. DXR va LXRning Minsk kelishuvi borasidagi talablarini Kiyev inobatga olmayapti. Kelishuvni bajarish bo‘yicha taklifni Rossiya, Donbass emas, Kiyev berishi kerak aslida
», dedi Kozak.

Putin Kozakdan «Kiyev Minsk kelishuvini bajaradimi?» deb so‘radi. Kozak esa oddiy holatda yo‘q, deb javob berdi.

Harbiylar so‘zga chiqdi
Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikovning aytishicha, chegaradagi to‘qnashuvlar vaqtida bir nafar ukrainalik harbiy xizmatchi asir olingan. Keyinchalik so‘z olgan mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina Donetsk tomonga o‘t ochayotganini qayd etdi. Bir kechaning o‘zida 40 ta o‘t ochish sodir bo‘lgan. Shoyguga ko‘ra, DXR va LXRga qarshi 59 mingdan ortiq ukrainalik askar turibdi, 320 ta tank, 820 ta minomyot va boshqa o‘qotar qurollar chegarada terib qo‘yilgan. Shuningdek, armiyaga bo‘ysunmaydigan millatchi batalonlar ham mavjudligi ta’kidlandi.

«Ukraina prezidentining mamlakatga yadroviy davlat maqomini qaytarish to‘g‘risidagi so‘zlari juda xavfli. SSSR vaqtida Ukrainada bunday qurollar ishlab chiqarilgan, Ukraina taktik yadro quroli ishlab chiqarishi mumkin. Ukrainaning yadro quroli ishlab chiqarish imkoniyati Eronnikidan yuqori. Ukraina tomoni Donbassni ozod qilish bo‘yicha yoki operatsiya yoki provokatsiya tayyorlamoqda», dedi Shoygu.

Medvedev
Rossiya sobiq prezidenti, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham Donbassdagi respublikalarni tan olish kerakligini aytdi.

«DXR va LXR amalda Ukrainaga kerak emas. Ular hududni o‘z o‘yinlarida vosita sifatida foydalanishmoqda. Respublika fuqarolari Kiyevdan hech qanday yaxshilik ko‘rmayapti. Hozirgi hukumat Minsk kelishuvini bajarmaydi, bu Zelenskiyga ikkinchi muddatga saylanish imkonini bermaydi. 2008 yilda Janubiy Osetiya va Abxaziyani tan olish orqali yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qolgandik. Hozir vaziyat murakkab, o‘z navbatida oddiyroq ham. O‘shanda biz javob qanaqa bo‘lishini bilmasdik, ammo hozir bilamiz: bosim maksimal bo‘ladi, ammo biz qiyinchilikdan qanday chiqib ketishni bilamiz», dedi u.

Medvedev birgina odam uchun maxsus operatsiya o‘tkazadigan Amerika hukumatiga DXR va LXRda 800 ming nafar Rossiya fuqarosi istiqomat qilishini eslatdi. Uning fikricha, vaziyat o‘zicha yaxshilanib qolmaydi, Rossiyaning aksar fuqarolari esa DXR va LXRni mustaqil deb tan oladi.

Valentina Matviyenko
Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkoning aytishicha, DXR va LXR Ukraina uchun shunchaki yer.

«Ukraina uchun bu shunchaki hudud xolos, biz uchun esa bu odamlarimiz yashayotgan joy. AQSH ikki slavyan xalqlarini urushtirmoqchi bo‘lmoqda. DXR va LXR fuqarolari esa aksilrus harakatlari qurboni bo‘lmoqda. U yerdagilarning ahvoliga ortiq toqat qilib bo‘lmaydi, Rossiyaning ma’naviy qarzi bor. Albatta, sanksiyalar og‘ir, lekin u yerda sodir bo‘layotgan voqealarga chidab bo‘lmay qoldi», dedi Matviyenko.

Nikolay Patrushev
Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Nikolay Patrushev AQSHga 2-3 kun berish kerakligi, bundan naf bo‘lmasa, respublikalarni tan olish lozimligini aytdi.

«AQSH o‘z harbiy doktrinalarida Rossiyani dushman deb biladi. NATO yoki boshqalar bilan gaplashish befoyda, asosiy muzokarachi - AQSH. Ularning maqsadi esa Rossiyani yakson qilish. Bo‘layotgan voqealarni Ukraina emas, AQSH tashkil etdi. Ukraina xalqi esa yurak oldirib qo‘ydi. DXR va LXRdagilar yetarlicha qiynalib bo‘lishdi, ularga yordam berish, Dumadagi chiqishni qo‘llash kerak», dedi Patrushev.

Uning fikricha, DXR va LXRni tan olish haqida AQSHni ogohlantirish kerak.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning aytishicha, hukumat DXR va LXRni tan olish ortidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarga qarshi choralarni o‘ylab qo‘ygan. Mishustin ham ikki hududni tan olish bo‘yicha AQSHni ogohlantirish kerakligini, agar ular Kiyevni harakatga chorlashmasa, DXR va LXRni tan olish kerakligini aytdi.

Yig‘ilishning eng kulgili holati Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin bilan sodir bo‘ldi. U Putinning savollariga dovdirab javob berar ekan, DXR va LXRni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishga roziligini aytdi. Putin esa majlisda bu masala ko‘rilmayotganini aytib, kuldi. Keyin Rossiya bosh tashqi razvedkachisi DXR va LXR mustaqilligini qo‘llash kerakligi haqida g‘o‘ldiradi.

Xulosa qilib aytganda, Xavfsizlik kengashida yig‘ilgan barcha DXR va LXRni mustaqil deb tan olishni qo‘lladi. Faqat ba’zilar bu borada avval Amerikaning oldidan o‘tish kerakligini ta’kidladi. Putin hammaga minnatdorchilik bildirib, bu borada bugun qaror qabul qilishini bildirdi.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Putin Germaniya va Fransiya rahbarlari Olaf Shols va Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqotlar chog‘ida DXR va LXRni tan olish bo‘yicha farmonni imzolashini ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin mulozimlaridan fikr so‘radi: Uni DXR va LXRni tan olishga qanday ko‘ndirishdi?