Ishtahaning yaxshiligi salomatlik belgisidir. Ochlik hisi yetishmasligi turli muammolardan tortib anoreksiyaga qadar olib borishi hech gap emas. Agar ketma-ket bir necha kundan ortiq me’yorda ovqat yemasangiz, ishtahangizni qanday oshirish haqida o‘ylash vaqti keldi.
Ishtahani qanday oshirish mumkin: foydali maslahatlar
Ishtahani yo‘qotish stress va boshqa muammolar tufayli yuzaga keladi. O‘zingizni majburlab ovqatlanishingiz shart emas. Muammoni hal qilishingiz va organizmni yana ovqat so‘rashga undashingiz kerak.
Organizmni ovqat yeyishga undaydigan kichik hiylalar bor:
- Kam-kam, lekin tez-tez ovqatlaning. Oshqozon kichik hajmdagi ovqatni yaxshiroq qabul qiladi.
- Ko‘p miqdorda toza suv iching, kuniga 2 litrgacha. Ishtahani yo‘qotishning eng keng tarqalgan sabablaridan biri suvsizlanishdir. Chanqamasdan oldin suv ichishni unutmang. Chanqoqlik organizm allaqachon suvsizlangani haqida signaldir.
- Mazali va chiroyli taom tayyorlang. Idishlarning to‘g‘ri taqdim etilishini e’tiborsiz qoldirmang, hatto yolg‘iz ovqatlansangiz ham.
- Barcha turdagi ziravorlar va oshko‘klardan foydalaning. Ular ishtahani oshirishga yordam beradi.
- Har doim bir vaqtda ovqatlaning. Shirinliklar va bulochkalar kabi zararli gazaklar bilan ishtahangizni buzmang.
- Vitaminlarni, ayniqsa, kuz-qish davrida iching.
- Agar chekuvchilardan bo‘lsangiz, chekishni tashlang. Tamakiga qaramlik ishtahani susaytiradi.
- Faol turmush tarzini olib boring, sport bilan shug‘ullaning va ochiq havoda uzoq vaqt sayr qiling.
O‘rtacha katta yoshli odamda ishtahasizlikni qanday yengish mumkin: xalqona retseptlar
Ba’zi dorivor o‘simliklar ishtahani yaxshilaydi. Ishtahani qo‘zg‘atuvchi vositalar orasida o‘ziga xos ta’mga ega o‘simliklar mavjud. Yaxshi ishtaha uchun ba’zi retseptlar:
- 1 choy qoshiq quritilgan shuvoqni 1 stakan qaynoq suv bilan aralashtirib, kuniga uch mahal ovqatdan oldin 3 osh qoshiqdan iching.
- 4 ta sabzi va bir dasta suv teresidan sharbat tayyorlang. Bu ichimlikni kuniga bir marta ovqatdan yarim soat oldin iching.
- Ovqatdan oldin kuniga uch marta 1 osh qoshiq aloe sharbati iching. U juda achchiq bo‘lmasligi uchun ozgina asal qo‘shishingiz mumkin.
Shuningdek, ishtahani barra sabzavot sharbatlari qo‘zg‘atadi. Yuqoridagi barcha maslahatlarga amal qilsangiz va ishtahangiz qaytmasa, shifokorga murojaat qiling.
Avvalo, mutaxassisga murojaat qilish uchun sog‘liq muammolarini istisno qilish va birga keladigan yondosh kasalliklar mavjud yoki yo‘qligini aniqlash kerak. Agar odam ovqatdan keyin oshqozonida og‘riq yoki og‘irlik hissini boshdan kechirsa, u holda gastroenterolog bilan bog‘lanish lozim. Qalqonsimon bez gormonlarining qonda uzoq vaqt davomida yetishmovchiligi metabolizmni sekinlashtiradi va ochlikning pasayishiga olib keladi, bunda endokrinolog bilan maslahatlashish zarur.
Umumiy tavsiyalardan: umumiy tahlil va biokimyoviy qon testini o‘tkazing, qalqonsimon gormonlar darajasini aniqlang, ichki organlarning ultratovush tekshiruvidan o‘ting, gastroskopiya va talab etilganda kolonoskopiya qiling.
Ishtahaning umuman yo‘qligi ruhiy kasallikning namoyon bo‘lishi yoki turli xil psixologik holatlarning ta’siri bo‘lishi mumkin, masalan, depressiya, uyqusizlik, charchoq. Har narsadan tashvishlanish kabi holat markaziy asab tizimini ovqat hazm qilishni sekinlashtiradigan va ishtahani kamaytiradigan stress gormonlarini chiqarishga hissa qo‘shadi. Bunday hollarda psixolog bilan muammoni aniqlash va uning sabablarini bartaraf etish, lozim bo‘lsa, psixiatrdan to‘g‘ri tibbiy davolanish kursini qabul qilish kerak.
Agar yuqorida ko‘rsatilgan muammolarning birortasi kuzatilmasdan turib, odam shunchaki ovqat yeyishdan bosh tortsa, demak unda oziq-ovqatning ta’mi va hidiga nisbatan individual xususiyat bo‘lishi mumkin. Ehtimol u shunchaki o‘ziga mos kelmaydigan taomni tanlaydi, shu bois bu holatda faqat parhez bilan tajribalar o‘tkazib ko‘rish tavsiya etiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring