Ajinlar va boshqa yoshga bog‘liq o‘zgarishlar bilan kurashish nafaqat tashqi tomondan, balki ichkaridan ham kerak. Buning uchun zarur bo‘lgan vitaminlarni qayerdan topish va ularni diyetangizga qanday qilib to‘g‘ri kiritish kerakligini bilib oling.
Ko‘k rezavorlar
Ko‘k mevalar (masalan, chernika va golubika) antioksidantlarga boy. Ular orasida flavonoidlar, vitamin C va K mavjud. Bu moddalar organizm hujayralarining shikastlanishiga olib keladigan oksidlanish jarayonlariga qarshi kurashadi.
Chernika va golubika nafaqat tashqi tomondan yoshartiradi. Ular miya faoliyati uchun ham foydali. Ba’zi tadqiqotlarga ko‘ra, golubika Alsgeymer kasalligining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Kuniga bir stakan rezavor meva iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ularni o‘z holida yoki mazali smuzi tayyorlagan holda iste’mol qilish mumkin.
Olma
Bu meva ham antioksidantlarga boy. Uning tarkibidagi vitaminlar (ayniqsa C va E) terini taranglashtiradi, pigment dog‘lari va ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi, terini namlaydi va yoshartiradi. Kundalik miqdor 1-2 dona o‘rtacha kattalikdagi olma. Ko‘prog‘i tavsiya etilmaydi, chunki bu ovqat hazm qilish muammolariga olib kelishi mumkin.
Avokado
Avokado tarkibida C va E vitaminlari hamda misning yuqori miqdori tufayli terida kollagen ishlab chiqarishni kuchaytiradi. Uning tarkibidagi yog‘lar terini quyoshdan himoya qiladi. Glutation terini jozibador qiladi. Kuniga yarimta avokado iste’mol qilish kifoya, shuning uchun uni haddan tashqari oshirib bo‘lmaydi.
Yashil sabzavotlar
Brokkoli, ismaloq, Bryussel karami va boshqa yashil sabzavotlar ham teri salomatligi uchun foydali bo‘lgan C vitaminiga boy. Ismaloq tarkibidagi A vitamini kollagen ishlab chiqarishni oshiradi. Brokkoli tarkibidagi kaliy suv muvozanatini tartibga soladi, shu tufayli teri namlanib, yosharadi.
Kuniga bir hovuch ismaloq iste’mol qilish kifoya, uni smuziga qo‘shishingiz mumkin. Brokkolining kunlik iste’moli taxminan 90 grammni tashkil qiladi. Uni bug‘da pishirgan ma’qul.
Anor
Anor tarkibidagi ellagik kislota teridagi kollagenning kamayishidan himoya qiladi, shu bilan birga ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi. Kuniga 1-1,5 stakan anor urug‘ini iste’mol qilish yoki bir xil miqdorda anor sharbatini ichish tavsiya etiladi. Agar sharbatni sotib olsangiz, unda shakar bor-yo‘qligini tekshiring.
Qo‘ziqorin
Qo‘ziqorinlarda ko‘p miqdorda D vitamini mavjud bo‘lib, bu yoshartirish xususiyati bilan birga suyak salomatligi uchun muhimdir. Terining go‘zalligi uchun chaga va reyshi qo‘ziqorinlari bebaho hisoblanadi. Ular terini quruqlikdan saqlaydi, qizarish va ajinlarni kamaytiradi. Kuniga ikki dona o‘rtacha qo‘ziqorinni iste’mol qilish kifoya.
Giyohlar
Ko‘pgina o‘tlar antioksidantlarni o‘z ichiga oladi. Misol uchun rayhon va rozmarin terini quyosh nurlarining zararli ta’siridan himoya qiladi. Quritilgan rozmarinning kunlik iste’moli 6 grammdan, rayhon esa 2 grammdan oshmasligi kerak.
Dukkaklilar (loviya, no‘xat, yasmiq)
Dukkaklilar teridagi qarish belgilarining oldini oluvchi antioksidantlarga boy. To‘q rangli dukkaklilar (masalan, qora loviya) ayniqsa, foydalidir, chunki ularda ko‘proq pigment va antioksidantlar mavjud. Kuniga kamida bir piyola dukkakli ekinlarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Siz ularni turli shakllarda pishirishingiz mumkin.
Zaytun moyi
Tarkibidagi antioksidantlar tufayli zaytun moyi terini yanada nam va sog‘lom qiladi. Shuningdek, u qizarishni kamaytiradi, ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi va terining quyosh ta’siriga chidamliligini oshiradi. Diyetangizga zaytun moyini qo‘shish oson. Misol uchun uni salatga qo‘shing. 1-2 osh qoshiq yog‘ kundalik norma hisoblanadi.
Yog‘li baliq (losos, seld)
Ushbu va boshqa turdagi yog‘li baliqlarda omega-3 mavjud. Ular terining silliq ko‘rinishini saqlashga yordam beradi. Miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, baliq suyak salomatligi uchun zarur bo‘lgan D vitaminiga boy.
Haftada 3 marta 100 gramm baliq iste’mol qilish tavsiya etiladi. Agar homilador bo‘lsangiz yoki farzand ko‘rishni rejalashtirmoqchi bo‘lsangiz, porsiya sonini kamaytirish kerak. Aniq ma’lumot uchun shifokoringiz bilan maslahatlashing.
Urug‘lar
Urug‘larda qarishni sekinlashtiradigan turli xil moddalar mavjud. Misol uchun kunjut sesamol antioksidant bo‘lib, terini yosh saqlaydi. Qora kunjut soch oqarishining oldini oladi. Ratsionga zig‘ir urug‘ini kiritish bilan teri ko‘proq namlanadi, bu esa ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi. Kungaboqar urug‘lari ham antioksidantlarga boy, jumladan, E vitaminiga. Kuniga taxminan 30 gramm kungaboqar urug‘ini iste'mol qilish tavsiya etiladi.
Yong‘oq
Barcha yong‘oqlar foydali. Bu meva qarishni sekinlashtiradi. Ularda omega-3 va E vitamini mavjud. Bodom ham bundan kam samarali emas. Har kuni bir hovuch yong‘oq iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Qora shokolad (kamida 70 foizli kakao)
Qora shokoladni ta’mi tufayli hamma ham yoqtirmaydi, lekin uning xossalari bu kamchilikni qoplaydi. Qora shokolad sutli shirinliklarga qaraganda ko‘proq antioksidantlarga ega (masalan, katexinlar), shuning uchun uni iste’mol qilish terining yosh turishi uchun juda muhimdir. U quyosh nurlarining zararli ta’siridan himoya qiladi, terining namligini saqlashga yordam beradi, ajinlarning oldini oladi va hujayra yangilanishini tezlashtiradi.
Qora shokoladning foydali porsiyasi kuniga 30 grammni tashkil qiladi. Sizga ta’mi yoqmasa, uni boshqa foydali oziq-ovqatlarga qo‘shib ko'ring. Misol uchun shokolad bilan qoplangan bodomni iste’mol qiling.
Ko‘k choy
Bu choy tarkibida polifenollar mavjud. Ushbu birikmalar epidermis yuzasida yangi hujayralar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rag‘batlantiradi, bu esa terining qarish jarayonini sekinlashtiradi. Shu sababli quyosh ta’sirida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan terining shikastlanishi (ajinlar va pigment dog‘lar) kamroq seziladi. Muntazam ravishda ko‘k choy ichishingiz mumkin, lekin miqdor kuniga 3 stakandan ko‘p bo‘lmagani ma’qul.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring