13:11 / 06.09.2016
15 517

Internetdan oshiq izlagan ayol

Internetdan oshiq izlagan ayol

«Siz hammadan chiroylisiz, men bunaqa go‘zal ayolni birinchi marta ko‘rib turibman. Buni men sizga xushomad qilish uchun gapirmayapman, o‘zi qizlarga xushomad qilishni bilmayman. Haqiqat bu. Siz sohibjamolsiz… ”

Lobarning yuragi entikib ketdi, tez-tez ura boshladi. «Qanday yoqimli so‘zlar. Men rostdan ham xunuk emasman. Rasmimga yaxshiroq razm solay-chi… Kulib tushibman, yonoqlarimda qizillik o‘ynaydi. Qora qoshlar ostidan qora ko‘zlar mastona boqadi. Yuzimda hali ajin yo‘q, to‘g‘rirog‘i, bilinar-bilinmas ajinlarim rasmda ko‘rinmasdi. Uni faqatgina o‘zim bilardim, xolos. Bu ajinlarni qanaqa yomon ko‘rishimni tasavvur ham qilolmaysiz. Ular – mening dushmanlarim».

Lobar yonidagi karavotda pishillab uxlab yotgan o‘g‘liga bir qarab qo‘ydi-da, yana internet dunyosiga sho‘ng‘ib ketdi. Chunki bu er juda yaxshi. Istagan odaming bilan gaplasha olasan, xohlagan so‘zingni yozasan. Hech kim “sen oilalisan” yoki “bu so‘zlarni yozish senga nojoiz”, demaydi. Istasang do‘stlashasan, istamasang – shartta blokirovka qilib tashlaysan. Virtual dunyo deganlari haqiqiy dunyoga nisbatan ancha rang-barang, qiziqarliroq ekan. «Mayli, uyga ketadigan vaqtim bo‘lib qoldi, xayr, azizim!». «Azizim»ni sal hayiqibroq yozdi u, to‘g‘rirog‘i yuragining bir chekkasida nimadir qimirlab qo‘ygandek bo‘ldi. «Axir, oilaliman, boshimda erim bor, qayerdagi notanish bir yigitni «azizim» deyish g‘alati». Lobar ekrandan ko‘z uzmay, javobni intizorlik bilan kutardi. Nihoyat, uning labiga tabassum yugurdi. «Jonim, mening borlig‘im, jonu jahonim. Siz bilan xayrlashishni istamayman. Siz bilan manguga birga bo‘lishni, doim suhbatingizdan bahra olishni istayman. Men mudom sizning rasmingizga tikilib o‘tiraman. Chunki siz mening yuragimga tobora chuqurroq joylashyapsiz. Chunki siz menga judayam yoqasiz»…

Lobar o‘zida yo‘q, kulib, barcha gaplarni o‘chirib tashlab, telefonini g‘aladonga tashlab qo‘ydi. U xuddi qush kabi osmonda parvoz etardi. Dunyo buncha chiroyli bo‘lmasa! Odamlar ham juda yoqimli…Men dunyodagi eng baxtiyor insonman…

* * *

G‘olib boshqa institutda o‘qirdi. U har zamonda bir hamyurti – Lobarning kursdoshi Akmalning oldiga kelib turardi. O‘sha kuni Lobar eng chiroyli ko‘ylagida, uzun sochlarini yoyib, peshonasiga qora ko‘zoynak qo‘ndirib auditoriyaga kirib kelganda, ko‘pchilik hayrat bilan tikilganini u hecham yodidan chiqarmaydi. Ayniqsa G‘olib. U beixtiyor Lobardan ko‘zini uzolmasdi. Qiz esa o‘zini sezmaganga olib, dugonalari bilan ko‘rishdi-da, joyiga o‘tirdi. Lekin bu notanish yigit yuragida to‘fon uyg‘otib yuborganini u ilkis sezardi.

Lobar uchinchi kursga o‘tganida ortidan yugurib charchamagan, mudom soyadek ergashib yuradigan, chiroyli sovg‘alar olib kelib, olmasa qizlarga tarqatib, dilga xush yoquvchi yoqimli ishq satrlarini qog‘ozga tushirib, uni Lobarga tutqazadigan G‘olibga butkul ko‘ngil qo‘ygandi. Bularning bari qizning orzularidagidek edi. U G‘olibga tobora qattiqroq bog‘lanib borayotganini sezar, bu tuyg‘u oldida ojiz edi.

Yillar o‘tib, ular turmush qurishdi. Quyosh va Oy, nihoyat, bir-birlarining visoliga etishishdi. Ularning muhabbat qissalari davom eta boshladi.

* * *

– Buncha imillading, tezroq harakat qilsang o‘lasanmi?

– Nega baqiryapsiz? Imillab nima qilibman, o‘zi shundog‘am kuni bilan bolaga qara, uy yig‘ishtir, ovqat pishir, kir yuvishdan charchab ketsam, buning ustiga sizning qosh-qovog‘ingizga qarayman…

– Voy, nima ishni qoyillatib qo‘yibsan? Oldingi nazokating ham yo‘qolgandek, bochkaga o‘xshab semirib ketyapsan. Bunaqada uy eshigini almashtirishga to‘g‘ri kelmasa bo‘ldiydi.

Lobar bir muddat jim bo‘lib qoldi. Xo‘rligi keldi. U mana shu erni deb tinim bilmasa, unga yoqadigan ovqatlar pishirsa, beshik tebratib o‘tirib ham u haqda o‘ylasa-yu, sevgani uning yuziga mana shundan og‘ir gaplarni shartta aytib o‘tirsa. “Demak, men unga yoqmay qolibman-da. Rostdan ham, bolali bo‘lgach, biroz to‘lishdim, o‘zimga qaramay qo‘yganimdan, to‘g‘rirog‘i vaqtim ozligidan sochlarim ham ba’zida doimgiday taralmay qoladi. Lekin bu gaplarni yuzimga aytishi shartmidi? Yo u boshqa meni sevmay qo‘ydimikan? Boshqasini topib olgandir? Axir, kun bo‘yi ishda, u erda esa chiroyli qizlar tiqilib yotibdi. Men bo‘lsam bu zim-ziyo uyda bolam bilan, ro‘zg‘or ishlari bilan o‘tirib, hech nimadan xabarim yo‘q…”

Ro‘zg‘or deganlari shunaqa g‘or bo‘larkan, turmush esa zerikarli va bir xil. Buni Lobar endi-endi tushunardi. Kuni bilan uyda yolg‘iz o‘tiradi, ishlarini tugatganidan keyin zerikib, xayoliga har xil shubha-gumonlar oralaydi. Eri endi avvalgidek unga chiroyli so‘zlar aytmay qo‘ygan, charchaganligini bahona qilib, bundoq yozilib gaplashib ham o‘tirmaydi. U o‘zi bilan o‘zi ovora, Lobar esa o‘zi bilan o‘zi. Bundoq o‘ylab qarasa, eri bilan biron erga bormaganiga ancha vaqt bo‘libdi, avvallari u uni qanchalik chiroyli ekanligini tinimsiz eslatib turardi, shundanmi, Lobar kundan-kunga ochilib, yanayam go‘zallashardi. Endi esa… endi uning yuragi qorlar ostida qolgandi, u gullamay qo‘ygandi.

* * *
– Bilasanmi, Zamira, menga haligi odnomidi, feysbukmi, birontasini telefonimga ulab ber. Iltimos. Uyda o‘tirib zerikib ketdim. Bironta kursdoshim yo sinfdoshimni topib gaplashaman.

– Mayli, faqat ehtiyot bo‘l. Tag‘in senam ko‘pchilik kabi boshing bilan u erga sho‘ng‘ib, real hayotdan uzilib qolma.

– E, real hayotdan uzilib qaerga ham borardim!? O‘sha erim – o‘sha erim, u o‘zgarib qolarmidi? Sal vaqtim xushroq o‘tarmidi, deyman-da.

Mana shu gaplarga ham uch-to‘rt oy bo‘lib qoldi. Lobar “Odnoklassniki”d an ko‘pchilikni topdi, shu jumladan Azizniyam. Boshiga balo bo‘ldi u, endi usiz biron daqiqasini tasavvur ham qilolmaydi. Erini ishga jo‘natiboq, darrov u yoq-bu yoqni tezda yig‘ishtiradi-da, telefoniga yopishadi. Aziz ham uni kutib turgandek, gaplashib ketadi. Bu yoqimtoy yigitcha hali ancha yosh bo‘lib, hali uylanmagan ham, yo o‘zini shunaqa tanishtirganmikan ? Nima bo‘lgandayam, Lobarga u bilan gaplashish yoqadi. U eri aytmagan shirin so‘zlarni yozadi, xushomad qiladi. O‘sha yigitning shirin so‘zlari unga go‘yo qanot bag‘ishlaydi, u odatiy hayotidan uzilib, osmonlarga parvoz etadi, hamma-hammasini bir fursatga bo‘lsa-da unutadi. Endi ro‘zg‘or ishlari unga avvalgidek bir xil tuyilmay qo‘ygan. U o‘ziga qarab, sochlarini kestirdi, yasanib, turli ko‘rinish va turli holatlarda rasmga tushaveradi va ularni albatta internetdagi do‘stiga yuboradi. Navbatdagi chiroyli so‘zlar, ta’rifu tahsinlar…

* * *
– Lobar, Lobar deyapman, xayoling qayerda? Bugun juda ochilib ketibsizmi, xonim?

– Ha, endi siz suv quymasangiz ham o‘zimizcha ochilamiz-da.

– Voy-ey, o‘zimning asalim, anchadan buyon seni bunaqa chiroyli ko‘rmagandim, yo seni almashtirib qo‘yishdimi? So‘nggi kunlarda taniy olmay qolyapman.

– Yaxshiroq e’tibor berganingizda tanirdingiz. Siz o‘zingizdan boshqa birovni ko‘rmaysiz-ku.

– To‘g‘ri, so‘nggi kunlarda rosa ishlarim qalashib ketdi. Aytgandim-ku, yangi rahbar juda qaysar odam, aytganini qildirmay qo‘ymaydi. Bizni rosa charchatyapti. Shunga, Lobar, lekin men bir daqiqa ham sensiz yashay olmayman, doim xayolimning bir chekkasida borsan. Sening xayoling bilan yashayman, jonim.

G‘olib xotinini quchib, uni qattiq bag‘riga bosdi. Lobar ilk daf’a yuragi qinidan chiqib ketgudek entikib ketdi. U endi-endi yana avvalgi sevikli yorining bo‘yini tanidi, yana ilgarigi baxt ta’mini his qildi…

* * *
Erini ishga jo‘natdi, har doimgiday uylarini saranjomladi, bolasini biroz o‘ynatib o‘tirdi. Shu choq… telefon yodiga tushib qoldi, soatga qaradi, ancha-muncha bo‘lib qolibdi. U internetni yoqdi, saytdagi o‘z sahifasini ochdi… Aziz bir dunyo gaplar yozgandi. U nega biron nima yozmayotganidan xavotirga tushganini bildirib, xabar kutayotganini aytgandi. Lobar bir muddat Azizning suratiga boqib turdi, u hozir nima qilishni bilmasdi, ikki o‘t orasida qiynalardi. Endi bir-ikki so‘z yozgandi ham, go‘dagi chinqirab yig‘lay boshladi. U hammasini o‘chirdi-da, telefonini uloqtirib yuborib, o‘rnidan dast turib borib, bolasini quchib oldi. «Shirintoyginam, oyingni yo‘qotib qo‘ydingmi? Men ham o‘zimni yo‘qotib qo‘yishimga sal qoldi… Yur, endi birgalikda ovqat pishiramiz. Keyin dadasi keladilar, senga mana bunaqa katta mashoncha, menga esa ulkan guldasta olib keladilar»…

MAHZUNA

Manba: diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Internetdan oshiq izlagan ayol