13:19 / 23.05.2024
191

Barcha narsani eslab qolishning 5 ta samarali usuli

Barcha narsani eslab qolishning 5 ta samarali usuli
Foto: Getty Images
Mashhur italiyalik olim va yozuvchi Umberto Eko o‘limidan bir oz avval hozirgi yosh avlodning xotirasi past ekanligini qayd etgan. Bugungi kunda o‘qish paytida katta hajmdagi maʼlumotlarni yodlab qolishning hojati yo‘q, chunki barcha maʼlumotlarni internet orqali qidirish va telefonda saqlab qo‘yish kifoya. Ammo zamonaviy taraqqiyot biz bilan shafqatsiz o‘yin o‘ynashi va bu kelajakka salbiy taʼsir etishi mumkin, deya ogohlantirdi Eko.

Amerikalik olimlarning fikriga ko‘ra, insonlar odatda xotiraning 10 foizdan kam qismidan foydalanadi. Yosh o‘tgani sari eslab qolish qobiliyati susayadi va 45-50 yoshdan boshlab kognitiv funksiya pasayadi. Eslab qolish qobiliyatini yaxshilash ustida ishlash Alsgeymer va aqli zaiflik kabi kasalliklarning oldini oladi. Buning uchun bugunning o‘zidayoq xotirani mustahkamlash mashqlarini boshlash mumkin.

Ongli ravishda diqqatni qaratish va takrorlash

Foto: Marie Claire
Avstraliyalik olim, assotsiativ psixologiya professori Muairinn Irish bosh miyaning yodda saqlash mexanizmini quyidagicha tushuntirib berdi: ko‘pchilik xotirani barcha maʼlumotlar saqlanadigan javon sifatida tasavvur qiladi. Aslida barchasi murakkabroq tuzilgan. Yodda saqlash passiv emas, balki ongli jarayondir. Xotirada biror maʼlumotni saqlab qolish diqqatni jamlashni talab qiladi.

Kitobdagi sahifani shunchaki o‘qishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun diqqatni jamlash va olingan maʼlumotni takrorlash kerak. Chunki takrorlash yodlashning eng keng tarqalgan va ishonchli usuli hisoblanadi.

Biror inson bilan tanishib, so‘ng 5 daqiqa ichida suhbatdoshning ismini unutib yuborish holati sizga tanishmi? Bunday holatda suhbatdoshingiz ismini bir necha marta takrorlash, unga ismi bilan murojaat qilish maʼlumotni uzoq muddatli xotirada saqlab qolishga yordam beradi. Shuningdek, o‘zlashtirilgan maʼlumotni biror shaxsga aytib va tushuntirib berish usuli ham foydalidir.

To‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilish

Foto: Marie Claire
Sog‘ tanda sog‘lom aql bo‘lganidek, agar siz muntazam ravishda sog‘lom turmush tarziga rioya qilsangiz, xotira muammolaridan xalos bo‘lasiz. Xotira uchun superfudlardan omega-3 yog‘ kislotalariga boy baliq taomlari, ismaloq, avokado, lavlagi, ko‘katlar, grek yong‘og‘i va loviya kabi antioksidantli meva va sabzavotlarni isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Qizil go‘sht, shakar va glyutenli mahsulotlar esa xotirani susaytiradi.

Bir vaqtda bir nechta vazifani bajarmaslik

Foto: Marie Claire
Hozirgina qo‘lingizda turgan kalitni qayerga qo‘yganingizni eslay olmayapsizmi? Ko‘pchilikka tanish bunday holat bir vaqtning o‘zida bir nechta ish va predmetga eʼtibor qaratish tufayli sodir bo‘ladi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, biror kundalik maʼlumotni yaxshi eslab qolish uchun 8 soniyalik eʼtibor kerak. Continuous partial attention — doimiy ravishda diqqatni o‘zgartirish bosh miyaga maʼlumotlar yuzaki tarzda yetib borishiga sabab bo‘ladi va hech narsa xotirada qolmaydi. Internet-brauzeringizda bir vaqtning o‘zida bir nechta oynani ochmaslik va telefonga keladigan signal va xabarlarni har daqiqada tekshirmaslik tavsiya etiladi.

Sifatli uyqu

Foto: Marie Claire
Nature Neuroscience maʼlumotlariga ko‘ra, sog‘lom va yetarli uyqu qarishning oldini oladi va xotirani mustahkamlaydi. Aynan uyqu paytida qisqa muddatli xotiradagi maʼlumotlar uzoq muddatli xotiraga ko‘chadi. Talabalarga imtihon oldidan yetarlicha uxlashni tavsiya qilishlari bejiz emas.

Sport

Foto: Marie Claire
Sport mashg‘ulotlari va jismoniy mashqlar qon aylanishini yaxshilaydi, natijada miyadagi qon taʼminoti faollashadi va kayfiyat ko‘tariladi, stress darajasi pasaytadi. Shuningdek, sport kognitiv qobiliyatlarni va xotirani mustahkamlaydi.

O‘tgan yili AQSHning Brigam Yang universiteti tadqiqotchilari yugurish va kuchli xotira o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Yugurish miyaning xotira uchun masʼul bo‘lgan qismiga surunkali stressning zararli taʼsirini kamaytirishga yordam beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Barcha narsani eslab qolishning 5 ta samarali usuli