10:47 / 05.01.2025
73

Oqilona iste'mol qilish sirlari...

Oqilona iste'mol qilish sirlari...
© Sputnik / Abdubakir Yunusov
Yangi yil – bu hayotni yangi sahifadan boshlash, yangi bir narsalarni amalga oshirish uchun ajoyib sabab. Misol uchun, oqilona iste'molga oʻtishga harakat qilib koʻrish. Insonning oʻzi uchun foyda boʻlishi (xarajatlarni kamaytirish) bilan bir qatorda, bu dunyoga ham foyda keltiradi, zero har bir xarid atrof-muhit va jamiyatga ta'sir qiladi.

Sxema oddiy: iste'mol kamayadi – tovarlarga boʻlgan talab kamayadi – ishlab chiqarish kamayadi – mahsulotlardan iborat chiqindixonalar kamayadi.

Bundan tashqari, oqilona foydalanish nafaqat oziq-ovqat va buyumlarga, balki suv, gaz va elektr energiyasiga ham tegishlidir.
Oʻzbekistonda bu masala hatto respublika darajasida ham dolzarb. Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev muntazam ravishda resurslardan oqilona foydalanish masalasini majlislarda koʻtarib kelmoqda va bularning barchasi global ekologik inqiroz fonida roʻy bermoqda. Respublikada vaziyatni yaxshilash boʻyicha jiddiy ishlar olib borilmoqda.

Sputnik Oʻzbekiston oddiy odam ongli iste'molga qanday oʻtishi va bunda qanday maslahatlar yordam berishini tahlil qildi.

Nimadan boshlash kerak?

Avvalo, hayotni tubdan oʻzgartirish samarasiz ekanligini anglash muhim. Kelajakda sezilarli oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin boʻlgan kichik oʻzgarishlarni amalga oshirish yaxshiroqdir.

© unsplash/Bluewater Sweden
Bir nechta maslahatlar:
  • suvni har safar sotib olishdan koʻra, qayta ishlatiladigan idishda oʻzingiz bilan olib yuring;
  • oziq-ovqat olish uchun plastik paketlar oʻrniga sumka yoki shopperdan foydalaning;
  • shisha idishlardan qayta foydalaning;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun polietilen plyonkalardan foydalanmang, qayta ishlatish mumkin boʻlgan silikon qopqoqlarga oʻting;
  • chiqindilarni qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydiganlarga ajrating, plastik qopqoqlar va batareykalarni alohida yigʻing va topshiring;
  • elektr uskunalarini va zaryadlovchi qurilmalarni rozetkalardan uzing;
  • bir martalik stakanlarda qahva xarid qilmang, oʻzingiz bilan termos olib yuring.


© Sputnik / Ekaterina Lyzlova / Mediabankka oʻtish
Shuningdek, foydalanilmayotgan buyumlarga ikkinchi hayot berish haqida oʻylash kerak: masalan, ularni muhtojlarga tarqatish yoki xayriyaga topshirish mumkin.

Nimani sotib olish mumkin, nimani esa yoʻq

Asoslarni koʻrib chiqdik, endi yanada murakkab oʻzgarishlarga oʻtishimiz mumkin. Masalan, xarajatlarni qanday kamaytirish, kamroq sotib olish va natijada chiqindilarni kamaytirish haqida oʻylab koʻrish.

Avvalo, doʻkonga borganingizda, xaridlar roʻyxatini tuzishingiz, tasodifiy xaridlar qilmasligingiz lozim. Bu sizga kerak boʻlgan miqdorda sotib olishga va kelajakda foydalanilmagan mahsulotlarni tashlamaslikka yordam beradi.

© Depositphotos / Artur Verkhovetskiy
Agar sizga toʻsatdan biror narsa yoqib qolsa va uni sotib olmoqchi boʻlsangiz, "keyinga qoldirish" usulidan foydalanganingiz ma'qul. Agar bu kiyim boʻlsa, uni kiyib koʻrish, boshqa narsalar boʻlsa, ularni ushlab koʻrish va keyin uyga kelib, haqiqatan ham kerakmi-yoʻqmi deb yana bir bor oʻylab koʻrasiz. Ongli qaror qabul qilasiz.

Toʻgʻridan-toʻgʻri doʻkonning oʻzida yordam beradigan yana bir nechta maslahatlar mavjud:
  • - Mahsulotlarning ogʻirligi va hajmini tekshiring. Vaznli mahsulotlar koʻpincha 1 kg oʻrniga 900 g, suyuqliklar esa 1 litr oʻrniga 900 ml qadoqlanib, sotiladi. Narxlardagi farqni baholashda buni hisobga olish kerak;
  • - Narx belgilarini diqqat bilan oʻqing. Qizil narxlar koʻpincha xaridorlarga bu chegirma deb oʻylashga majbur qiladi, ammo har doim ham bunday emas. Chegirmali mahsulot har doim ham oʻz toifasida eng arzon emas, qoʻshni javonlarda arzonroq boʻlishi mumkin;
  • - Pastki va yuqori javonlarga qarang. Doʻkonlarda “oltin javon” deb ataladigani bor: xaridorning birinchi boʻlib koʻzi tushadigan joy. Odatda, bu koʻz darajasidan biroz pastroqda. Hatto bu holatda ham marketologlar hiyla-nayranglardan foydalanadilar: erkaklar, ayollar va bolalar boʻyi balandligida farq qiladi, shuning uchun turli toifadagi mahsulotlar uchun bunday javon turli balandliklarda boʻladi. Yuqoriga va pastga qarang, bir xil sifatli mahsulotlar boʻlishi mumkin, lekin koʻp hollarda koʻz darajasida boʻlganlarga qaraganda arzonroq;
  • - Narxlarni solishtiring. Faqatgina bir doʻkonda emas, balki boshqalarida ham, shuningdek bozorlarda ham. Narxlar sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Bundan tashqari, chegirma va jamgʻarma kartalariga tayanmaslik kerak, koʻpincha chegirma yoki ballar narxi mahsulot narxiga kiritilgan boʻladi;
  • - Marketing aktsiyalariga tanqidiy yondashing. Harid uchun beradigan bonuslar, keyin qoʻshimcha toʻlov bilan tovarga almashtiriladigan aktsiyalar yoki "har oʻninchi xarid sovgʻa" – bu sizga haqiqatdan kerak boʻlmagan narsalarni koʻproq xarid qilishga undaydigan usullar, xolos.

Shuni esda tutish kerakki, koʻpincha bizga tovar yoki mahsulotdan koʻra xarid jarayonining oʻzi – pul sarflash orqali tezkor qoniqish yoki yangilik hissi muhim boʻladi.

© Sputnik / Varvara Gerte
Oqilona iste'mol qilish uchun uyda nima qilish mumkin

Yuqorida biz elektr uskunalari va chiqindilarni ajratish haqida soʻz yuritdik. Ammo oqilona iste'mol qilishga yordam beradigan uyda qilsa boʻladigan narsalar mavjud.

Misol uchun, tishlaringizni choʻtkalash yoki dushda sovunlayotganda suvni oʻchiring. Shuningdek, meva va sabzavotlarni joʻmrakdan bosim ostida emas, balki idishda yuving.

© © RIA Novosti Krim / Dmitriy Makeyev
Kerak boʻlmaganda xonalarda chiroqlarni oʻchirish kerak. Yozda havo sovutgichdan doimiy ravishda emas, faqat ma'lum vaqt davomida foydalaning, qishda esa xuddi shu mantiq bilan isitgichdan foydalaning.

Chiqindilarni ajratishda ham davom etishimiz mumkin: chiqindilarni plastik, qogʻoz, alyuminiy, shisha va boshqa turlarga ajrating. Ushbu ajratilgan chiqindilarni qayerga topshirish mumkinki, shunda ular bitta umumiy qutiga tushmasin. Shisha va alyuminiy qutilar, batareykalar, lampochkalar va plastik qopqoqlarni qabul qiluvchi punktlarni qidiring.

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Bundan tashqari, agar yozgi uy yoki bogʻingiz boʻlsa, kompost uchun oziq-ovqat chiqindilaridan foydalanish haqida oʻylash kerak.
Shuningdek, bir necha oyda bir marta eski buyumlarni koʻrib chiqing, garderobda hech qachon ishlatilmaydigan kiyimlarni saqlamang. Bu bolalar oʻyinchoqlariga ham tegishli.

Transport va undan qanday tejamkorlik bilan foydalanish kerak

Agar siz shaharda yashasangiz, shaxsiy avtomobilga eng maqbul alternativa jamoat transportidir. Ha, bu qulaylik darajasini pasaytiradi, lekin benzinga boʻlgan xarajatlarni va shahardagi gaz chiqindilari miqdorini pasaytiradi.

Agar avtomobil, har kuni boʻlmasa ham, zarur boʻlsa, taksi xizmatlaridan foydalanishni oʻylab koʻrish kerak. Ayni paytda bu eng yaxshi variantga oʻxshamasligi mumkin, lekin agar bir oy yoki bir yil boʻyicha hisoblab koʻrsangiz, taksi sizga shaxsiy avtomobilingizga xizmat koʻrsatishdan kamroq xarajatni talab qilishi mumkin boʻladi.

© iStock / Cameris
Oʻzingizning mashinangizga yana bir tejamkor alternativa – agar shahringizda karshering boʻlsa, uning yordamida avtomobilni faqat zarur vaqtga ijaraga olishingiz mumkin.

Agar shaxsiy avtomobilsiz mutlaqo iloj boʻlmasa, uni sotib olishda daromaddan kelib chiqqan holda qaror qabul qilish muhim. Mashinaga yillik daromadingizdan koʻp boʻlmagan yoki undan ham kamroq pul sarflash maqsadga muvofiqdir. Bu miqdor kredit olmaslik va byudjetni tezda tiklash imkonini beradi.

Kreditlar: ijobiy va salbiy tomonlari

Koʻpincha, kredit qulay va zarur vosita, lekin har qanday boshqa moliyaviy vosita singari, unga oqilona yondashish kerak.
Oylik daromadning 30 foizidan yuqori boʻlgan kredit qarzi olmaslik kerak, aks holda toʻlovlarda muammolar paydo boʻlishi mumkin.

© Sputnik / Nina Zotina
Shuningdek, har qanday kreditni vazminlik bilan baholash kerak: agar u soʻnggi telefon modeli, yangi avtomobil (holbuki, eskisi hali yaxshi holatda) yoki muhim boʻlmagan boshqa narsalar uchun kredit boʻlsa, bir necha bor oʻylab koʻrish kerak.

Oqilona iste'mol – oson emas, ammo zarur

Oqilona iste'mol qilishni hayotingizga joriy qilish oson emas, ammo uning foydasi seziladi. Ertami-kechmi siz xarajatlar kamayganini, turmush esa darajasi oshganini sezasiz. Shu bilan birga, jamiyat va atrof-muhit uchun foyda beqiyos boʻladi.

Har Yangi yil – xayrli ishlar uchun ajoyib imkoniyat. Ekologiyaga yordam berish, oʻzingizga esa tejamkorlikni oʻrgatish orqali yaxshilik qilish – munosib yangi maqsad.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oqilona iste'mol qilish sirlari...