— Bu safar hammasi boshqacha bo‘ladi. Sen hadeb siqilaverma. Eson-omon bolangni qo‘lingga olsang, Yaratgan umrini uzoq qilsa, qolgani hech gap emas.
Ayol ammasining bu gaplaridan keyin biroz o‘ziga keldi. Tug‘ruqxonaga kelganidan beri shu haqida o‘ylaydi. Uning bu o‘ylariga ham asos bor, mana, turmushining o‘ninchi yili ketmoqda hamki, dunyoga kelgan go‘daklari tug‘ilganidan bir necha kun o‘tar-o‘tmas, ko‘z yumadi. Buning sababini hech kim bilmaydi. Folbin va boshqalar ham xuddi shifokorlar kabi aniq bir gapni ayta olishmadi. Faqat onasigina unga sabr qilishi kerakligini, bu ham hayotning sinovi ekanligini takrorlayveradi. Ammo Muyassarga endi onasining gaplari ham kor qilmasdi. Beshinchi bolasini 9 oy ko‘tarib, uni bir marta bag‘riga bosiboq yo‘qotish azobidan yuragi zada bo‘lib ketdi, axir…
Bu safar ham hali diydoriga to‘ymagan go‘dagidan ayrilishdan qo‘rqib, yig‘lab o‘tirganda ammasining daldasi kor qilmasdi. Ammasi shu tug‘ruqxonada anchadan beri ishlaydi. O‘zining bolalari katta bo‘lib, o‘qishlarni ham tamomlashyapti. Shuning uchun ham, boshqalarning dardini anglashi qiyin. Buni faqat farzandsizlik dog‘ida kuyayotgan ayolgina tushuna oladi.
Ammo taqdir baxt tuhfa etaman desa, hech gap emas ekan. Muyassar farzandli ham bo‘ldi, bolasini qo‘liga olganida esa, undan erta-indin ayrilib qoladigandek qattiq bag‘riga bosar, yuz-ko‘zlaridan tinimsiz o‘pardi…
— Bolangiz sizga hech ham o‘xshamas ekan-a, — dedi uning yonida turgan hamshira qiz.
— Ha, u xuddi dadasiga o‘xshaydi. Qosh-ko‘zlari, ayniqsa, yuzlarining qorachadan kelganligi xuddi dadasining o‘zginasi.
— Umri bilan bergan bo‘lsin, — dedi hamshira.
Bu gap Muyassarning ichini ezib yotgan qayg‘uning yana qo‘zg‘alishiga sabab bo‘ldi. Biroq, mana, oradan bir oy vaqt o‘tdi hamki, ichidagi bu qo‘rquv hali uni tark etgani yo‘q. Aslida, shu paytgacha birorta bolasi ikki haftadan ortiq yashamagan edi. Bu bolasining hamon bag‘rida ekanligidan u o‘zida yo‘q xursand edi. Ammo ammasining o‘sha kuni aytgan gapi hammasini birdaniga chil-chil qilib yubordi.
— Bu yolg‘on, deb ayting, iltimos, amma, nega bunday qildingiz?
— Nima qilishim kerak edi? Oilangning buzilishiga yo‘l qo‘yib berishim kerakmidi? O‘sha kuni qaynonangning gapini eshitib qolganimdan keyin, bu sen uchun yaxshi bo‘ladi, deb o‘yladim. U agar shu bolang ham o‘ladigan bo‘lsa, seni o‘g‘lidan ajrashtirmoqchi edi. Nima, sen turmushing buzilib ketishini xohlaganmiding? Keyin senga birov uylanarmidi? Bir umr yolg‘iz va farzandsiz o‘tishingga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun ham, o‘sha kuni sen bilan bir kunda ko‘zi yorigan lo‘li ayolning bolasi bilan almashtirib qo‘ydim. Hali mendan minnatdor bo‘lasan.
— Amma, axir, u ayol bola o‘ziniki emasligini bilib qolsa nima bo‘ladi? Bu ham mayli, erim bundan xabar topsachi… baribir, shunda ham oilam buzilib ketadi-ku, u meni umuman kechirmaydi.
— Aqlingni ishlatib, eringga o‘zing aytmasang, qayoqdan bilardi? Ikkinchidan, lo‘li ayol ham bu sirning tagiga etishi dargumon. Bilmayman, senga duo ketganmi, bolalaring tug‘ilib, hali bir oylik bo‘lmasdanoq o‘laveradi. Kim bilsin, hozir o‘sha bolang hayotmi? Balki, allaqachon…
— Amma, unday demang, axir, nima bo‘lganda ham, u mening bolam edi. Ana shu vujudimda o‘sgan, yuragimning urishini eshitib dunyoga kelgan bolam edi.
Muyassar ko‘z yoshlarini to‘xtata olmas, ovozidagi titroq qattiqqo‘l ammaning ham yuragini yumshatib yuborayozdi. Xonaga kirib kelgan qaynona esa, amma-yu jiyanning suhbatini shu erda tugatib qo‘ya qoldi. Ammo ishi borligini va darhol ketishi kerakligini bahona qilib chiqib ketishga chog‘landi…
Kunlar shu zaylda o‘tar, Muyassar eri bir kun hamma sirdan voqif bo‘lishidan qo‘rqib, yurak hovuchlab yashardi. Mana, o‘zi o‘stirayotgan o‘g‘li ham katta bo‘lib qoldi. Muyassar bu birovning bolasi demadi, mehri bo‘linmadi, xuddi o‘z bolasidek parvarish qildi, onalik qildi. Hammasi ko‘ngildagidek borayotgandi…
— Assalomu alaykum, yango, sadaqa qiling, — dedi bir lo‘li ayol eshikni ochgan Muyassarga e’tibor ham qilmasdan.
— Hozir, — dedi Muyassar va ichkariga kirib ketdi. U bu lo‘li ayolni ko‘rib, hammasini esladi. Ammasi unga aytgan ayol mana shu edi. Uning uyida hozir ana shu ayolning bolasi yashaydi, uni o‘ziniki qilib olgan. Muyassar eshikni ochganida, agar lo‘li ayol sadaqa so‘ramaganida, u hammasidan xabar topgan-u, bolasini olib ketgani keldi, deb o‘ylagan bo‘lardi.
“Tavba, shuncha yil o‘tsa ham, hech o‘zgarmagan. Ayniqsa, boshidagi ro‘moli o‘sha ilk bor tug‘ruqxonada ko‘rganimday”, deb xayolidan o‘tkazdi Muyassar. U uyidan non va yana ozroq pul olib chiqib, lo‘li ayolga tutqazdi.
— To‘xtang, men sizni tanidim. Tug‘ruqxonada… — dedi lo‘li ayol.
Uning bu gapidan Muyassarning yuragi qinidan chiqib ketay dedi. Nahotki, u hammasini biladi, nahotki, o‘zi asrab-avaylab o‘stirgan bolasini endi olib ketsa?..
Lo‘li ayolning gapi Muyassarning tashvishli xayollarini tumandek tarqatib yubordi.
— Siz ham menday o‘g‘illi bo‘lgandingiz-a? Bachalarimiz tengqur-da endi. Katta bo‘lib qoldimi o‘g‘lingiz, ismini nima qo‘ydingiz?
— Sobit, — arang javob qaytardi Muyassar.
— Ha, yaxshi, bular uchun rahmat, kam bo‘lmang, — dedi lo‘li ayol qo‘lidagi Muyassar bergan narsalarga qarab. Keyin yodiga yana nimadir tushgandek gapga tushib ketdi:
— Ibi, man sizga bachamni tanishtirmabman-k u. Zamonbek, beri kel, bacham… — deya ayol nariroqda daraxtdagi mevalardan uzishga urinayotgan bolani chaqirdi.
Yugurib etib kelgan bolaga Muyassarning ko‘zi tushdi-yu, rangi dokadek oqarib ketdi. Uning ko‘zlari xuddi o‘ziniki edi, Muyassarning yoshligi xuddi shu bolaga ko‘chib qolganga o‘xshardi.
— Mana shu mani bacham, o‘shanda sizning o‘g‘lingiz bilan bir kunda tug‘ilgan. Ancha katta bo‘lib qoldi, ko‘rdingizmi? — dedi ayol bir bolaga, bir Muyassarga qararkan.
Bola onasining etagidan tortar, bu erda turib zerikib ketgandek betoqatlanardi.
— Ha, mayli, — dedi lo‘li ayol.
So‘ng xayr-xo‘sh qilib ketishga chog‘landi. Muyassar esa, darvozaga suyangancha uzoq qolib ketdi. O‘z bolasi hamon tirik ekanligi, yashayotganligi bu unga mukofotmi yoki birovning bolasini o‘ziniki qilib olgani uchun jazomi, shuni bilolmay, uzoq o‘ylanib qolgandi…
FARIDA ISLOMOVA
manba: diydoraziz.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Gavining qilig‘i Flikka yoqmadi: “Aql o‘rgatishni senga kim qo‘yibdi?”
Dmitriy Peskov: Rossiya mehnat muhojirlariga muhtoj
Kreml saroyida O‘zbekiston yulduzlari konserti qanday o‘tdi?