22:01 / 25.11.2016
15 866

Qo‘sh kelinning baxti bo‘linganmi?

Qo‘sh kelinning baxti bo‘linganmi?

Uyingiz ostonasidan ko‘zlarni qamashtirib biri quyosh, bir oy misol kelinchaklar kirib kelishdi. Ularning ham bu tashrifi uzoq orzulangan, ammo alohida kutilgandi. Ammo taqdir va vaqt, holat va imkoniyat ikki alp o‘g‘lingizni birvarakayiga uylantirish, kelinlarni juft olishga sizni undadi. Quvonchingizning cheki, hayajoningizning adog‘i yo‘q, shu bilan birga jindek xavotir ham bor. Chunki, «qo‘sh kelin tushirish» mavzusi atrofida turli xil gap-so‘zlar yuradi. Kimdir “chilla tushadi” deb irim qiladi, kimdir xosiyatidan qo‘rqadi, yana kimdir “hech narsa bo‘lmaydi, to‘yni boshlayver” deb sizga dalda bo‘ladi. Biz ana shu mavzuda ko‘pchilikning fikrini o‘rgandik va fikrlarning keskin ravishda bir-biridan farq kilishiga amin bo‘ldik, deb ma’lumot bermoqda Darakchi nashri.

Muyassar Soyipova, 64 yosh, Toshkent: Qo‘sh kelin tushirganlarni gap qilish emas, balki ularga xavas qilgan yaxshi. Avvalambor o‘g‘illarning borligi, yana ularning oldinma-ketin dunyoga kelib, uyingizni to‘ldirganiga shukr qilish kerak. Birining bo‘yi biridan, ikkinchisining aqli keyingisidan o‘zaman deb turgan yigitlarning taqdiri bir vaqtda kuldimi, demak baxti ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Hasan-Xusan egizaklarim dunyoga kelganida befarzand ayollarning qo‘liga bermang, deyishgan. Men bunday gap-so‘zlarga e’tibor bermaganman, axir ularning aybi nima, dardni Yaratganning o‘zi beradi-ku! O‘g‘illarimni uylantirish vaqti-coati etganida bir uydan emas, turli xonadondan kelin qidiraverganman. Taqdirni qarangki, ularning har ikkisiga ham shifokor qizlarni kelin qilishga muyassar bo‘ldim. Ollohga beadad shukr, ko‘pchilik birida farzand bo‘lsa, ikkinchisida bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. 40 kun farqi bilan Hasan va Kamolaxon qiz farzandli, Xusan va Gulnozaxon o‘g‘il farzandli bo‘lishgan. Bir emas, ikki kelin uyingizda elib-yugurib xizmat qilib, biri choy quysa, biri ovqat suzib tursa, qanchalik chiroyli manzara. Hozir Kamolaxon kelinimning uch o‘g‘il, bir qizi bor, o‘zi esa nervpatolog, tibbiyot fanlari nomzodi. Gulnozaxon kelinim esa terapevt shifokor bo‘lib ishlaydi, uch nafar o‘g‘li bor. Agar o‘g‘illarim egizak bo‘lmaganida ham, taqdir taqozo qilganida hech ikkilanmay qo‘sh kelin qilardim. Faqat Yaratganning o‘ziga tavakkal qilib, ko‘ngilni xotirjam qilish kerak.

Muhtaram Ziyaeva, 48 yosh, Qo‘qon: Egizak farzandlarning yo‘rig‘i boshqa. Chunki ularni Yaratganning o‘zi taqdirini egiz qilgan. Hasan-Xusan va Fotima-Zuhralarning birgalikda to‘yi bo‘lishida hech bir muammo bo‘lganini bilmayman. Men bilgan, eshitgan va ko‘rgan qo‘sh kelinli to‘ylarning kupchiligi, negadir xosiyatli bo‘lmagan. Biri baxtli yashab ketsa, ikkinchisi ajrashadi, birida farzand bo‘lsa, keyingisi befarzandlikdan aziyat chekadi. Yoki er-xotinlardan biri og‘ir kasal bo‘ladi, erta vafot etadi... “Baxti bo‘linadi” degan gap to‘g‘riga o‘xshaydi.

Olimjon Aliev, 26 yosh, Farg‘ona: Toshkentda shifokorlikka o‘qiganim uchun uydagilar “uylantiramiz” deyishsa, ortga suraverdim. Chunki, hali o‘qishni tugatmasdan, magistraturaga kirmasdan, ish boshlamasdan turib oila qurishga vaqtli edi. Bu orada ukam ham 25 yoshga kirib qoldi. Unga bo‘lajak kelin ham allaqachon tayin edi. Onam bizni bir ko‘z bilan tarbiyalab, katta qilgan, u kishi tezroq kelin ko‘rib rohat topsam, deb orzu qilardi. Bu orada menga poytaxtda ish taklif qilishdi, endilikda uylansam ham shu erda qolishimga to‘g‘ri kelardi. Qidira-qidira men ham juftimni uchratdim, bo‘lajak rafiqam ham poytaxtda taxsil oladi. To‘yni o‘tkazish maslahatini qilayotib, menda ukam ikkimiz birgalikda nikoh to‘yi qilsak-chi, degan fikr uyg‘ondi. Bundan maksad faqat moliyaviy iqtisod qilish emas, balki onamni yolg‘iz qo‘ymaslik, bag‘rini birdan to‘ldirish edi. Oz vaqtdan so‘ng bizning uyga ham qo‘sh kelin tushadi. Ko‘pchilikdan turli gap-suzlarni eshityapman, ularga e’tibor bermaslikka harakat qilyapman. Chunki men Farg‘onadagi to‘yimizdan uch kun avval poytaxtdagi yor-birodarlar, yaqinlar davrasida ham kichik to‘y o‘tkazaman.

Javohir To‘raev, 28 yosh, Sirdaryo: Odamlar orasida biror bir gap bejiz tarqamasligiga ishonaman. Chunki, ikki sinfdoshim aka-ukasi bilan bir kunda uylangan. Birinchi sinfdoshimning ukasi bilan birga to‘yi bo‘lganda, biz bo‘z yigitlarga ham juda qiziq bo‘lgan. Ikki marta oshga, ikki marta kuyovnavkarga borganmiz. To‘yxonaga kirib kelish ham juda chiroyli ko‘ringan. O‘sha to‘ydan keyin hammamiz to‘ylarimizni qo‘sha qilsak bo‘larkan, deb uylagandik. Ikkinchi sinfdoshim aynan o‘sha do‘stimizga xavas qilib, akasi bilan birga bir kunda uylanishga rozi bo‘lgan. Ming afsuski, hozir birinchi sinfdoshimning 2 o‘g‘li bor, ammo ukasi hali farzandli bulganicha yuk. Keyingi do‘stimizning akasida bir o‘g‘il, bir qiz bor, sinfdoshimizda esa hali yangilik yo‘q...

Qodir Suvonov, 61 yosh, Toshkent viloyati: 6 nafar farzandim bor, beshovi o‘g‘il, bittasi qiz. Ochig‘ini aytsam, katta o‘g‘illarimni uylantiradigan payt kelganda qo‘lim kaltalik qilgan. Ularning yoshi orasidagi farq esa 1 yosh edi. O‘sha paytda aka-opalarim bir dasturxon yozganingda ikkovini ham uylantir, uchinchi-to‘rtinchi o‘g‘ling ham ana-mana deguncha uylanadigan bo‘lib qoldi, deb qo‘sh kelin tushirish maslahatini berishgan. Ayolim sovchilikka borib, patir sindirish oldidan qo‘sh kelin qilish niyatida ekanligini aytsa, ko‘pchilik e’tiroz bildirgan. O‘zimizga o‘xshagan, tengimiz bo‘lgan, fikrimiz mos keladigan odamlarni topib, quda bo‘lganmiz. To‘y arafasi va to‘ydan keyingi chilla davrida xotinim ayollar bilan kengashib, barcha irim-cirimlarini amalga oshirgan. Birinchi yili kichik o‘g‘lim qizli bo‘lib, kattasida farzand bo‘lmaganda, er-xotin «xato qildikmi» deb rosa o‘ylanganmiz. Ming marta shukr, keyingi yili ular ham farzandli bo‘lishdi. Ikkala o‘g‘lim ham bir-biriga esh bo‘lib, hozirda hamkorlikda tadbirkorlik qilishmoqda.

Muqaddas Haydarova, Sirg‘ali tumani bosh otinoyisi:

Qo‘sh kelin tushirish borasida dinimizda hech qanday moneliklar yo‘q. Qaytaga dinimiz ixchamlik, isrofgarchiliksiz o‘tkaziladigan, odamlarni xayr-oqibatga chaqiradigan to‘y qilishni targ‘ib qiladi. Ota-onalarimiz farzandlarining mos juftini topib, hamma uchun foydali, ibratli bo‘ladigan tarzda elga dasturxon yozganlarida hikmat katta. Muhammad alayhissalom kelin-kuyovning nikoh to‘yi marosimini bitta qo‘y so‘yib bo‘lsa ham ma’lum qilish kerakligini aytganlar. Nikoh to‘ylari aslida to‘y bo‘layotgan xonadonning qizi va o‘g‘lidan boshqa birov umidvor bo‘lmasin, degan maqsadda qilinadi. Oilaviy hayotni boshlash arafasida turgan yoshlarning taqdiri haqida bugundan bashorat qilish “shumlanish” deyiladi. Dinimiz irimlardan qaytaradi. Chunki taqdir Ollohdan. Hukumatimiz, viloyat, tuman hokimliklari, jamg‘armalarimiz tomonidan qo‘sha-qo‘sha, o‘nlab kelin-kuyovlarimizning nikoh to‘ylari o‘tkazilmoqda. Ming shukrki, bunday nikoh to‘ylari yoshlarning ham, ularning yaqinlarining ham mushkulini oson qilib, butun umr yodida qoladigan voqea bo‘lmoqda.

Qo‘sh kelin tushirish bilan bog‘liq odatlar


-«Molyoyar» marosimidan keyin kelinlarning yasatilgan uyini ko‘rgani kelganlarga faqat bittasiniki ko‘rsatiladi.

Odamlar fikri: Birinikiga kirgan mehmon ikkinchisinikiga kirishi mumkin emas, «chilla buziladi» deb hisoblanadi. Aslida buning tag ma’nosida “turli solishtirishlardan asrash” yotadi. Chunki, kelin tomonlarning har biri o‘z didi va imkoniyatiga yarasha sarpo-suruq, mol-mulk qiladi. Ularning narxi, sifati, ko‘rinishida tafovutlar bo‘lishi tabiiy. Odamlar beixtiyor chillali uyda g‘iybatlar va mish-mishlarni avj oldirmasliklari, keyinchalik qaynona-qaynota, kelin-kuyovlar ko‘nglini buzmasliklari uchun shu odatga amal qilishadi.

-Har bir juftlikka alohida va to‘liq nikoh o‘qish shart.

Odamlar fikri: Nikoh osmonlarda yozilib, so‘ng erga tushadi. Nikoh o‘qilib, tomonlar bir-biriga jufti halol bo‘lganlarida nikoh baxt qushi, yoshlarning faqat bittasining boshiga qo‘nar emish. “Baxt bo‘linadi” degan fikr mana shu gapdan kelib chiqqan.

-To‘y tugaganidan so‘ng, to‘yxonadan uyga kirib kelayotganda avval katta kuyov va kelin kirib keladi. So‘ng xonadon darvozasi yopiladi. 15-30 daqiqa farqi bilan keyingi kelin-kuyov uchun darvoza ochiladi va yangidan poyandoz yoziladi.

Odamlar fikri: Har bir yangi kelin o‘zi bilan xonadonga qut-baraka, rizq, avlod olib keladi. Baxti-rizqi o‘ziniki bo‘lsin, shu uylarni xush oqibatlar bilan to‘ldirsin, baxti butun bo‘lsin.

- To‘ydan keyingi chilla davri qoidalariga ham nihoyatda izchillik bilan amal qilinishi shart.

Odamlar fikri: Ikki juft kelin-kuyovlarning dastlabki oilaviy hayotini, kelinlarning xizmati, muomalasi, sepini kuzatib, taqqoslab turuvchilar ham ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun ular qorong‘ida yurmasliklari, begonalar bilan ko‘rishmasliklari joiz.

Qo‘sh juftliklarning baxtli yashab ketishi aslida irimlarga emas, qaynona-qaynotaning ularga bo‘lgan munosabatiga ko‘proq bog‘liq. Jazmu jur’at qilib, ikki uyning turumini buzib, juft kelinlarni uyingizga olib kelgan ekansiz, bunday qo‘shaloq quvonchning o‘ziga yarasha badali bor, bir vaqtning o‘zida ikki hissa sabr, ikki karra ko‘proq kelinlar, qudalar bilan muomala-murosa qilish kerak. Barmoqlarimizdagi izlarning o‘xshashi bo‘lmaganidek, oilalar taqdirini doimiy ravishda bir-biriga solishtirib ham bo‘lmaydi, shuning uchun ham ularning har biriga alohida yondashuv kerak.

Juft bo‘lsin yoki ikki juft bo‘lsin, har bir yosh oilaning o‘ziga atalgan qo‘sha-qo‘sha baxtu caodati bo‘lsin!

Aziza Qurbonova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qo‘sh kelinning baxti bo‘linganmi?