
Ko‘pchilik uchun qahva kunni boshlashning ajralmas bir qismiga aylangan. Ayrimlar ertalabki ilk qadamlarini aynan bir piyola qahva bilan boshlaydi. Ammo u haqiqatan ham qaysi paytda foydaliroq? Bu haqda “Gazeta.ru” nashriga ma’lumot bergan somnolog-endokrinolog Darya Lebedeva bir qancha muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Mutaxassis ta’kidlashicha, odamlar kofeinga juda turlicha munosabatda bo‘lishadi. “Ba’zilar borki, bir piyola qahvadan so‘ng serg‘ayrat va tetiklikni his qiladi. Yana boshqalar esa undan so‘ng o‘zini notinch tutadi, qo‘llari titraydi, yuragi tez ura boshlaydi. Uchinchi toifa insonlar esa qahvani ichgani bilan, aksincha, uyquga moyillashadi,” — deydi shifokor.
Bu farqlar inson organizmidagi genetik xususiyatlar bilan bog‘liq ekani aytildi. Ayrimlar organizmdagi kofeinni ikki soat ichida parchalab yuborsa, boshqalarda bu jarayon 12 soatgacha cho‘zilishi mumkin. Shu bois, bir turdagi tavsiyalar barchaga birdek taalluqli bo‘lishi mumkin emas. Ammo baribir umumiy qoidalar mavjud.
Shifokorning ta’kidlashicha, qahva uchun eng maqbul vaqt — uyg‘onishdan keyin bir yoki ikki soat o‘tgach hisoblanadi. Chunki bu vaqt oralig‘ida organizmdagi kortizol — ya’ni stresska javobgar gormon darajasi pasayishga yuz tutadi. Mana shunda qahva eng samarali ta’sir ko‘rsata boshlaydi.
Lebedevaning so‘zlariga ko‘ra, agar insonda uyqu bilan bog‘liq muammolar kuzatilsa, qahvani soat 14:00 dan keyin ichmaslik tavsiya etiladi. “Tushlikdan keyin ichilgan bir piyola qahva ham, ehtimol, organizmning tundagi tabiiy uyqu rejimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin,” – deydi u.
Agar inson doimiy ravishda uyqusizlik, bezovtalik, charchoq va asabiylashishni his qilayotgan bo‘lsa, bunday holatlarda shifokor qahvadan butunlay voz kechishni maslahat beradi. “Bunday vaziyatlarda o‘zboshimchalik qilmasdan, mutaxassis bilan maslahatlashish ma’qulroq,” – deb ogohlantiradi u.
Lebedeva ta’kidlashicha, qahvaning o‘zida zarar yo‘q — muammo uni me’yorsiz, nazoratsiz iste’mol qilishda. Qisqa muddatli diqqatni jamlash, kayfiyatni ko‘tarish yoki jismoniy faollikni oshirish uchun u foydali bo‘lishi mumkin. Ammo kun davomida 5–6 piyola qahva ichilishi stress, uyqusizlik va bosh og‘riqqa sabab bo‘ladi. Agar qahva siz uchun charchoqqa qarshi "tayoq"qa aylangan bo‘lsa, bu xavotirli belgi.
“Bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l — qahva dozasini qisqartirish va, eng muhimi, uyqu tartibini qayta tiklashdir. Chunki doimiy charchoqni e’tiborsiz qoldirish oqibatlari ancha jiddiy bo‘lishi mumkin,” – deb xulosa qildi shifokor.
Qahvani ongli ravishda, organizmga moslashtirilgan holda iste’mol qilish nafaqat sog‘liqni saqlash, balki kunlik kayfiyatni va samaradorlikni ham oshirishga yordam beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar