16:16 / 02.02.2017
42 770

Bitta o‘pish — 1000 so‘m! Kollej qizlari va…

Bitta o‘pish — 1000 so‘m! Kollej qizlari va…

“Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – falokat masalasidir”, degan edi o‘tgan asrning boshlarida millatning buyuk daholaridan biri, pedagog Abdulla Avloniy. Bugungi kun o‘zbek qizlarining yurish-turishi, kiyinishi, gap-so‘zi va odob-axloqi xususida mulohaza qilinsa, yuqoridagi xitobning nechog‘lik haq ekaniga ishonch hosil qilish mumkin.

“Qiz bolangni xuddi hamyoningni asragandek asra”

Chindan ham, bugungi kun qizlarining yurish-turishi, qiliqlari tarbiyali kishilarning g‘ashiga tegadi.
– Shahrimizdagi maktablardan birining yonidan o‘tib ketayotsam, o‘smir qizchalar gap otishdi, – deydi bir hamkasbim ensasi qotib. – Nima deyishimni bilmay qoldim, ularning qilig‘idan xijolat chekdim. Indamaganimga yarasha, yana nimalarnidir javragancha gurrilab kulishdi ham. O‘rnimda boshqa birov bo‘lsa, qattiqroq gapirarmidi. Qizlarga nima bo‘lyapti o‘zi, ularning ota-onasi bormi? Ota-onalar qizlarining ahvolini ko‘rishmayaptimi, hayronman…
“Qiz bolangni xuddi hamyoningni asragandek asra”, degan naql bor yapon xalqida. Biz esa hamyonimizni asrab-avaylayapmiz-u, oilamizning sha’ni, ori hisoblangan qiz bolalarimiz bilan deyarli qiziqmayapmiz. Yo‘q, qiziqyapmiz, faqat ularni edrish-ichirish, kiyintirish va sep yig‘ishu tezroq uzatishni o‘ylayapmiz. Oqibatda esa…

– Bir kuni ishdan kirakash mashinada qaytayotsam, bir ayol bog‘chadan qizchasini olib chiqdi, – deydi “Xolis” gazetasi mutaxassisi Abduvali Kabirov. – O‘sha mashinada ayolga tanish bir erkak ham bor ekan. Ular hammaning g‘ashiga tegib, o‘zaro kulishib gaplashib ketishdi. Dam-badam juvon o‘z qizchasini erkalab qo‘yardi, erkak ham shunday qilishga o‘tdi. Shunda ayol hech uyalmay: “Amakingga, bitta o‘pishingiz 1000 so‘m, degin”, deb qayta-qayta takrorlayverdi… Yo‘lovchilar ijirg‘anib, haligi ayolga qarashdi. Kichkinaligidan qiz bolani shunaqangi beparda erkalaydimi?! Boz ustiga, kichik qizchaga hozirdan pulga o‘ptirishni o‘rgatayotganini qanday qabul qilish mumkin?! Menimcha, qizchalarga yoshligidan ibo, hayo, sharm, andisha degan narsalarni o‘rgatib borsak, kun kelib zamonadan yoki qizlarning beodobligidan kuyib-nolib yurmaymiz!..

Oilada ota o‘rni bo‘lmasa…

– Fikrimcha, beparda gap-so‘zli, ko‘zida hayosi yo‘q qizlar ko‘payayotganiga oilada erkak, otaning o‘rni tushib borayotgani sabab bo‘lyapti, – deydi Yunusobod tumani 240-umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktor o‘rinbosari Shahlo Murodova, maqolada ko‘tarilgan muammo yuzasidan munosabatini bildirar ekan. – Ota uch-to‘rt yillab xorijda ishlab yuradi, ona ham tirikchilik dardida. Qiz bola odob-axloq, andisha, sharqona tarbiyani qayerdan o‘rgansin?! Kitob o‘qimasa, tarbiyaviy ahamiyatga ega gazeta-jurnallarni kuzatmasa, ko‘radigani kabel tarmoqli televizordan xorijiy kino, klip va seriallar. Hatto o‘zimizning telekanallarda ko‘rsatilayotgan seriallarning ham asosiy mavzusi – sevgi-muhabbat. Qahramon qizlar sevgisi yo‘lida kurashuvchan. O‘pishish, quchoqlashish kabi ochiq sahnalar o‘zimizda ham bemalol ko‘rsatiladi. Albatta, irodasi bo‘sh, ma’naviyati haminqadar yoshlar bu taxlit targ‘iblarni o‘z holicha qabul qiladi va “demak, shunday bo‘lishi kerak ekan”, degan to‘xtamga kelib bo‘ladi. Endi o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring-da, yoshlarga “bunisi oq, bunisi qora” deb safsata sotgandan foyda bormi yoki ularga aslida nima oq, nima qoraligini ko‘rsatgandan naf chiqadimi? Boya aytganimdek, ota uzoqda. Ona – boshida eri yo‘q ayol, kiyim xarid qilgani chiqsa sotuvchi bilan, “yanayam torroq shim bo‘lsin, koftasi badanni siqib tursin”, deb tortishsa, xo‘sh, o‘qituvchi unday onaning qiziga qiz bola ibo bilan kiyinishi kerakligini, eri yo‘q ayolning ko‘cha-ko‘yda, nomahramlar ko‘z oldida behayo kiyimlarda o‘zini ko‘z-ko‘z qilishi odobdan emasligini qanday tushuntirsin?! Kelingki, zo‘r berib tushuntirdi ham deylik, qiz o‘qituvchining gapiga quloq soladimi yo uyda ona xonimning tutumiga rioya qiladimi?
Bir kuni o‘zim darsga kiradigan sinf o‘quvchilarining daftarlarini tekshirsam, bir qizning daftariga ko‘pdan buyon birorta ham mavzu qayd etilmagan ekan. Sababini so‘rasam, bez bo‘lib yuzimga qarab o‘tiraverdi. Jahlim chiqib koyigandim, “Hozir dadamga qo‘ng‘iroq qilaman, u bizni tashlab ketgan bo‘lsa ham, kelib bu maktabning o‘qituvchilarini…” deb og‘izga olib bo‘lmaydigan, og‘iz tugul oyoq bilan bosishga odam or qiladigan haqorat gaplarni gapirsa, deng! Hayrat, uyat va sharmandalikdan qotib qoldim! O‘sha o‘quvchi qizimizning oilaviy ahvolidan xabardor edim. Ya’ni, otasi o‘zidan besh-o‘n yosh katta ayolni sevib qolib (!) ikki bolasi bilan xotinini tashlab, haligi “sevib qolib” uylangan ikkinchi xotinini o‘zi tug‘ilib o‘sgan viloyatiga etaklab ketgan. Bolalar onasi bilan qolgan. Ona uzzu-kun ko‘chada tirikchilik tashvishi bilan band. Qiz kelajagi uchun zarur bo‘lgan tarbiyani qayerdan o‘rganyapti? Albatta, internet, telegram odno…! Qisqasi, men bu borada umuman yosh qizlarni ayblamayman. Ularda ayb yo‘q! Tarbiyasiga e’tibor bersak, odobi uchun jon kuydirsak, ularning sharmu hayosi, sha’nini o‘zidan ham aziz bilsak, qizchalarimiz pokdomon, nafosatli bo‘lib ulg‘ayadi. Mana, biz shunday bo‘lmaganmiz-ku! Demak, hamma gap tarbiyada, ota o‘rni muhimligida!..
Muallimaning iztiroblarida jon bor. Darhaqiqat, go‘dak qizalog‘imizga kalta, engsiz ko‘ylakchalarni kiydiramiz, jajji, oppoq oyoqchalarini, do‘mboq qo‘lchalarini hammaga ko‘z-ko‘z etib yurishini ular juda kichkinaligidan boshlab o‘zimiz bilmagan holatda o‘rgatib boramiz. Keyin ulg‘aygani sari, shortik kiysa, engu yoqasi yo‘q, allambalo iplarni bo‘ynidan o‘tkazib yursa, “dod-voy” qilib qolamiz. Zamonadan noligan odamlarni ko‘rsam, to‘g‘risi, jahlim chiqadi. Zamon emas, biz o‘zgarganmiz. O‘zimiz farzandlarimizni hali bolaliklaridayoq ulg‘aytirib qo‘yyapmiz. Muddatidan avval katta bo‘lib, bizga aql o‘rgatishga tushgan bolalarimizning fe’l-atvorini esa qabul qilolmay, yana o‘zimiz fig‘oni falak bo‘lib yuramiz.

“Bugungi qizlarining taqdiridan tashvishdaman…”
– deydi, ish joyini sir tutishimizni iltimos qilgan yana bir kollej o‘qituvchisi. – Bu masalaga chuqurroq ahamiyat qaratish kerak! Men ishlaydigan joyda talabalarning to‘qson foizini qizlar tashkil etadi. Hozirgi qizlarning kiyinishi, pardozi, muomalasi, hayotga bo‘lgan qarashi, odob-axloqi ularning kelajagidan xavotirga tushishga majbur qiladi kishini. Ikki yildan beri qaynim va ukamga kelin qidiramiz. Afsuski, shu payt ichida bitta ham ko‘ngilga mos qizni uchratmadik. Nimagadir jamoat transportlarida yurganimda, o‘quv muassasamizda istarasi issiq, fayzli qizni uchratmayman Bunga sabab nima? Ota-onaning ish bilan bandligimi, beparvoligimi? Yoki ularning farzand tarbiyasiga kuchi etmaganligimi? Balki onaning o‘zi muomala va kiyinish borasida o‘rnak bo‘lmayotgandir? Ota, aka, uka o‘zining onasi, singlisi, opasining shu yurishiga umuman “miq” eta olmasligidir. Bir paytlari hamma mahallaning kishilari, keksalardan uyalishardi. Buvimiznikiga boradigan bo‘lsak, onam biz qizlarga ko‘ylak-lozim, uzun yubka kiydirardilar, “qishloq joyiga hamma yog‘ingni ochib bormalaring”, deb. Bizning “hamma joyni ochishimiz” – tizzagacha bo‘lgan yubka kiyish edi. Hozir shahar qizlari qolib, qishloq qizlarining ham yuz-ko‘zidan hayo ko‘tarilib bo‘lgan. Uzoq qishloqlarda ham g‘ar(i)bona «madaniyat» avj olib, qishloq qizlari kalta yubka, tor shim, oti qurib ketgur lyamka futbolkalarga o‘tib olishgan. Bunday qizlarning taqdiridan, millatning kelajagidan xavotirdaman…

Hayo bir ketsa, qaytmaydi
– deydi fazilat ahli. Azizim, bir mushohada qiling-chi, qizlarimizning yuz-ko‘zidan nega hayo ko‘tarilyapti ekan? Balki sizu bizning mol-dunyo, tirikchilik ketidan yugurib, ko‘zga yaqin bo‘lib kelayotgan qizalog‘imiz tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘yganimizdandir? Yoxud sharmu hayo, andishadan ancha olis bo‘lgan, ma’naviyatimizga, milliy o‘zligimizga yot kinoyu seriallarni qizchalarimiz bilan birga tomosha qilib, buning ustiga hech tap tortmay hali qarama-qarshi jins vakili bilan munosabat o‘rnatishda odob-axloq mezonlariga rioya qilishni to‘liq anglab etmagan qizimiz bilan behayo qahramonlarning yurish-turishini tahlil qilganimizdandir? Yoki qizimizga atab sep yig‘ayotganimizni, qaysi xonadonning badavlatligiyu ana shu badavlat oilaga quda bo‘lishni istaganimizni atay unga eshittirib biror yaqinimizga so‘zlaganimizdandir?..
Bilishimizcha, o‘smir qizchalar orasida o‘ziga xos “aqida” bor emish: unga ko‘ra, “yigit”i yo‘q tengdoshlarini izza qilisharkan. E’tibor beryapsizmi, yosh qizchalar orasida erkin muhabbat qay darajada ommalashib ketgan ekan?
– Hamkasb o‘qituvchilardan biri, 9-sinf o‘quvchisining 8-sinfda o‘qiydigan qizga yozgan sevgi maktubini topib olibdi, – deydi tahririyatga qo‘ng‘iroq qilgan bir o‘qituvchi mushtariyimiz. – Unda shunaqangi behayo so‘zlar, sharmandali izhorlar yozilganki, har qanday yuzsiz odam ham unday gaplarni gapirishdan or qiladi. Agar qiz yo‘l bermasa, o‘g‘il bola shunday gaplarni gapirmaydi-ku. Basharti, o‘g‘il bola behayo xat yozganida ham, agar o‘sha qizning o‘zida xohish bo‘lmasa, o‘qituvchilarga aytib, maktabdoshining tanobini tortib qo‘yishni so‘rasa bo‘ladi-ku. Ammo xatdagi “o‘sha joy”, “sening lablaringni, qo‘llaringni sog‘indim” kabi gaplar qiz bilan yigitning bunday sharmandali “uchrashuv”larni ko‘p marta o‘tkazib yuganlarini bildirardi. Eng achinarlisi – hozirgi zamon ota-onasini maktabga yoqasidan tortib ham olib kelib bo‘lmaydi. Yo ona keladi-da, qoshini chimirib, ensasini qotirib turadi, gapirsangiz, “qizimga tuhmat qilyapsan, senlar birovning bolasini yomonotliq qilguncha ishingni qoyillatib qo‘y, qizim odobli, aqlli, sovg‘a-salom qilsa qizimni maqtaysanlar, bo‘lmasa yomonlaysanlar”, deb shang‘illashdan ham toymaydi. Umuman olganda, o‘smir qizchalarning va o‘spirin yigitchalarning fe’l-atvoridagi keskin salbiy o‘zgarishlar, yuz-ko‘zidan hayo uzoqlashib, beparda qilg‘iliklari ortayotganining asosiy sababini yon-atrofidagi tarbiyaviy muhitning o‘zgarishi va ota-onaning farzand tarbiyasiga vaqt ajrata olmayotganida, deb bilaman…

“Yigitimdan qo‘lingni tort!”

Bundan uch-to‘rt yil avval ukamning qo‘l telefonidan nomerimni topib olgan bir qiz, har kuni yuzta xabar yozib, “Yigitimdan uzoq yur”, “Yigitimni tinch qo‘y” deb rosa shallaqilik qilgan edi. O‘shanda ukam vaziyatni oydinlashtirib, qizga, “Sen o‘zingcha meni mulkingga aylantirib, yigiting qildingmi?! Men jonsiz qo‘g‘irchoq emasman, birovga tegishli bo‘lsam, ayniqsa senga o‘xshagan sharmandalarning hech qachon yigiti bo‘lmayman. Sen bilan shunchaki salom-alik qilganimga ham or qilaman”, degan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, oliy o‘quv yurtlarining talabalari qolib, kollej, hattoki maktab o‘quvchi qizlarining yurish-turishi kishini nafaqat o‘yga, balki qop-qora tashvishga qo‘yadigan bo‘ldi.
Qiziq, qizlarning fe’lidagi noshoyistalik begonalarni shunchalik tashvishlantirayotgan ekan, ularning ota-onalari qayoqqa qarashyapti? Ona suti og‘zidan ketmagan qizchalarining bekatlarda avtoulov kutayotib, yigit va hattoki erkaklarga eb qo‘yguday tikilishini, tuni bilan telefonda allanimalarni pichirlab gaplashib chiqishini bilmasmikanlar? Agar bilsalar, farzandlarining bu nojoiz ishlari sababiyu oqibatini hech tahlil qilayaptilarmikan? Yoki o‘smir qizlarining qarama-qarshi jins vakillariga bo‘lgan ehtirosli qiziqishidan bexabar holda, unga sep yig‘ish yoinki badavlat xonadonga qanday uzatishni o‘ylab ko‘ngillari notinchmi?..

Qiz bolaga MEHR bering!

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Farzandlaringizga birday mehr bering. Agar ulardan biriga ko‘proq mehr berish kerak bo‘lsa, qiz bolangizga ko‘proq mehribonchilik qiling”. Haqiqatdan ham, kuzatuvlar shuni dalolat qiladiki, yomon yo‘llarga kirib ketgan va fahsh ishlarga o‘rgangan qizlarning aksariyati oilasida mehr ko‘rmagan va etarlicha e’tiborli tarbiya topmagan.
E’tibor bilan kuzatgan bo‘lsangiz, suhbatdoshlarimiz deyarli bir fikrda to‘xtalishdi: qizlarning tarbiyasiga ota-onalar befarq. Shu sababdan qizlar betgachopar, behayo va andishasiz bo‘lib ketishyapti. Bu bizning va munozaramizda ishtirok etgan yurtdoshlarimizning fikri edi. Sizda qanday mulohaza bor, aziz gazetxon?

Umida AZIZ

Manba: diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bitta o‘pish — 1000 so‘m! Kollej qizlari va…