09:51 / 24.09.2017
7 413

Omonat g‘or siri (22-qism)

Omonat g‘or siri (22-qism)
Nargiza boldirida nimadir o‘rmalayotganini sezib, qo‘lini uzatgancha oyog‘ini siladi. Biroz o‘tib asabga tegadigan mavjudot yana g‘imirlab bezovta qila boshladi. “Burga bo‘lsa kerak, — o‘yladi Nargizaning eti junjikib. — O‘rada burga nima qiladi? Kecha qazilgan bo‘lsa… Ilondir balki!” Qizning badani titrab ketdi. Ko‘zini chirt yumib, taqdirga tan bergan ko‘yi jim yotaverdi. Jonivor o‘rmalab tizzadan yuqoriga chiqa boshlaganda Nargizaning ko‘zidan uyqusi o‘chdi, qo‘li bilan Lolani turtdi. Biroq holdan toygan lo‘li qiz qimirlab ham qo‘ymadi. Bu paytda mavjudot qizning yo‘g‘on sonigacha chiqib, harakati kuchaydi.

— Voy-y!!! — Nargiza qichqirib, o‘rnidan sapchib turdi.

— Tss, jonidan, tss, — uning ro‘parasida bir juft sharpa turardi.

— Siz… Kimsizlar?.. Nima kerak? — qo‘rquvdan titrab pichirladi Nargiza.

Shovqindan Lola ham uyg‘onib, ko‘zini ishqalab bir Nargizaga, bir g‘oyibdan paydo bo‘lgan ikki nusxaga tikildi.

— Tss! — Bekmirza Nargizani tinchitishga urindi. — Do‘ngda hech kiym qomadiy. Maishat qilamiyz. Maishat!

— Nima deding? — ovozini ko‘tardi o‘ziga kelgan Lola lo‘licha lahjada. — Maishat qilamiz?.. O‘lging kelayaptimi? Agar o‘raga tushganingni Baron bilib qolsa, teringni shilib oladi.

— Baron hozir yo‘q. Baribir ikkovingam o‘lib ketasan. Ke, undan ko‘ra… Voy, voy, maning yuragimni tilka-pora qilib yubordinglar…

Lolaning shumligi tutdi: “Shoshmay tur, bir boplay. Undan keyin ko‘rasan maishat qanaqa bo‘lishini”. U nimadandir ishora qilib, Nargizaning bilagini chimdib qo‘ydi.

— Biz ham endi erkak ko‘rmay o‘lib ketar ekanmiz-da, deb ko‘p yig‘ladik. Rahmat sizlarga. Qavmimda unutmaydigan odam ham bor ekan… Faqat… Faqat bu yer judayam tor!..

Lola so‘nggi gapni aytib, ehtirosli ovozda “oh” tortib qo‘ydi. Uning “oh”i Bekmirzani junbushga keltirdi. Hatto kayfi taroq qorovulning ham ko‘zlari chaqnab ketdi.

— Amallaymiz, — dedi Bekmirza joni halqumiga tiqilgudek holatda.

— Qiziqmisiz! Shu tor joyda-ya!..

— Kengroq bo‘lsa… bemalol, — Nargiza ham endi o‘zini o‘nglab olgan, dugonasining shumligini fahmlayotgandi.

Qizlarda “xohish” zo‘rligini bilgan Bekmirza qorovulga qarab:

— Eshonqul, bularni tepaga olib chiqaylik, keyin yana tushirib qo‘yamiz. Hech kim payqamaydi. Hamma mast, — dedi.

Eshonqul esa, sherga aylanib ketgan, hozir qarshisida Baron bo‘lsa ham nafsini jilovlay olmay xojasini bir yoqli qilguday shashti bor edi.

— Man tepaga chiqiyb hammangniy tortiyb olaman, — dedi u va arqonga osilib yuqorilay boshladi. Bekmirzaning toqati toq, Eshonqulning tepaga chiqib olishi unga juda uzoq cho‘zilganday tuyildi. Asta qo‘lini Lola tomon uzatdi, qiz indamadi. Biroq yigit haddidan osha boshlaganidan keyin uning qo‘lini siltab tashladi:

— Akajon, sabr qiliyng, — dedi yumshoq gapirishga urinib.

Ular birin-ketin o‘radan chiqib olishgach, Bekmirza qizlarni qorovulxonaga boshladi.

— To‘xtanglar, — dedi yarim yo‘lda Lola. — Bizning hidimiz o‘zgargan. Yuvinib olmasak bo‘lmaydi. Keyin…

Bekmirza toqatsizlandi, go‘yo hozir Baron safardan qaytib kelib, u niyatiga yetolmay qizlarni yana o‘raga tushirib yuborishiga to‘g‘ri keladiganday hovliqdi.

— Yo‘q. Biyzga farq qilmaydi. O‘zimiyz kimmiz-u… Iychgan odam hid bilmaydi.

— Sizlarga bo‘lmasa, bizga farqi bor, — dedi Nargiza. — Men tanam toza bo‘lmasa, birov bilan gaplasholmayman.

— Mayli, — noiloj ko‘ndi Bekmirza, — faqat tez bo‘linglar.

Uning-da xushbo‘y atir hididan sarxush bo‘lgisi keldi.

— Rosa qo‘rqitib yubording, — dedi Nargiza iliqqina suvga kirib, ko‘zlarini yumgancha rohatlanayotgan Lolaga. — Bu jinni haqiqatan ham darrov rozi bo‘ldimi, deb o‘ylabman.

Lola ko‘zini ochib jilmaydi.

— Ayolniy makriy balo bo‘ladiy. Lo‘liniyki ikkiy marta, — dedi-da, sekin Nargizani quchdi. So‘ng: — Qochamiyz, — deb pichirladi.

— Qanday qilib, ular eshik tagida turishibdi-ku.

— Yo‘liy bor, — Lola atrofga alangladi, lekin qo‘lga ilinadigan hech vaqo topolmadi.

— Men topdim, — dedi Nargiza ko‘zi quvnab. — Chiqamiz-da, it nusxalarni “talashamiz”. Ular ham qo‘shilishadi. Janjal chiqadi. Agar ikkalasi yoqalashib ketsa, fursatdan foydalanib qochib qolamiz.

— Aqliyngiyz balo-o, opovsiy.

Qizlar qiqirlab kulishdi. Ular yuvinish xonasidan chiqishganda Eshonqul jag‘iga kaftini tirab mudrab, Bekmirza esa toqatsizlanib eshik tagida turardi.

— Manavinisi menga, — dedi Nargiza qorovulni ko‘rsatib Lolaga ko‘zini qisib qarab olarkan.

— Opovsiy-y, — dedi Lola cho‘zib, — maniykiyga osiylmang. Chatoq bo‘ladiy.

Ularning gapidan Bekmirza hang-mang bo‘ldi. Eshonqul esa hech narsaga aqli yetmay, bezrayib turardi.

— Cho‘milayotganda kelishib olgandik-ku…

— Hov, — dedi Bekmirza Nargizaning gapidan jahli chiqib, — san manikiy.

— Man-chi? — Lolaning qovog‘i osildi. — Manga siyz yoqqan. Agar meni bunga bersang, — Eshonqulni ko‘rsatdi, — o‘zimni o‘ldiraman. Baron kelsa, hammasini aytib beraman.

— Sani o‘zimniki qilaman, — dedi Eshonqul xunuk irjayib.

— Bu sassiq, singlisiga o‘xshagan. Man bunga bo‘mayman, — dedi Lola nozlanib.

— Manmiy? — Eshonqul beixtiyor o‘zbekcha gapira boshladi. — Sassiyqmiy?

U mushtini do‘laytirib Lolaga yaqin borayotganida, Bekmirza yo‘lini to‘sdi va murosa ohangida:

— Almashib qo‘yaveramiz. Farqi nima? — dedi.

Qizlarning hiylasi o‘tmadi — yigitlar kelishib olishdi. Shu payt eshik ochilib, ko‘zlarini bazo‘r yirib Hasan chiqib keldi. Bekmirza bilan Eshonqul joyida haykaldek qotdi. Uyqusirab turgan Hasan ularning yonidan o‘tib hojatxonaga kirdi. Lola o‘zlariga tegajoqlik qila boshlagan yigitlarning yuzidagi o‘zgarishni ko‘rib hammasini tushundi va:

— Voy! — deya baqirib yubordi u. — Manga Baron kerak!

Uning ovozidan Hasan cho‘chib tushdi. Bekmirza chap qo‘li bilan Lolani belidan quchib, o‘ngi bilan og‘zini to‘sdi. Nargizaga esa Eshonqul tarmashdi. Baribir ularning hamma urinishi bekor ketdi. Hasan “ish”ini chala-chulpa bitirib, tashqariga otildi. Qizlarni ko‘rib ko‘zi kosasidan chiqquday hayajonga tushdi. Axir, shu paytgacha Baronning bir gapi ikki bo‘lganini u ko‘rmagandi. Hozir esa xojasining yuziga oyoq qo‘yilgan edi.

— Nima bo‘ldi?! — dedi u g‘azabini ichiga yutib.

— Haligi, — dedi Bekmirza chaynalib, — qochmoqchi bo‘lgan ekan.

— Aldayapti! — dedi baqirib Lola. — Bizni o‘radan o‘zlari tortib olishdi… Keyin zo‘rlamoqchi bo‘lishdi. Mana, sochimiz ho‘l, — deya u boshini ushladi. — Avval cho‘miltiribam olishdi.

Bu gaplarni eshitib Hasanning g‘azabi qo‘zidi, Bekmirzaning esa yuragi o‘ynadi. Boyagina ishratiga to‘sqinlik qilsa hatto Baronni ham yanchib tashlashga tayyor turgan Eshonqul esa butkul dovdirab qoldi.

— O‘raga obor! — buyurdi Hasan Bekmirzaga teshib yuborgudek tikilib.

Bekmirza buyruqqa bo‘ysunmasa, oqibati qanday tugashini yaxshi bilardi, shu bois: “Xo‘p”, deya Lolani o‘ra tomon yetakladi.

Qizlarni o‘raga tushirganlaridan keyin Hasan qorovulni almashtirdi. Ichkilikbozlik qilayotganlarni xonalaridan haydab chiqarib, voqeadan ularni xabardor qildi va Bekmirza bilan Eshonqulni bir xonaga qamadi. Hamma ishlarni saranjom-sarishta qilib, Hasan Baronga qo‘ng‘iroq qildi. Biroq xojasi shirin uyqusini buzgisi kelmadimi, javob bo‘lmadi.

Nargiza o‘raga tushayotib, oyog‘ini qayirib oldi. Mertilgan to‘big‘ini silab qiz bechora o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Ammo zax o‘rada Loladan boshqa dodini eshitadigan odam yo‘q. Lo‘li qiz nima ham qila olardi: dugonasining oyog‘ini biroz uqalab bog‘lab qo‘ydi.

Ertasi kuni qoq tushda Bekmirza bilan Eshonqulga hukm e’lon qilindi. Baronning shahardagi yigitlari ham yetib kelishdi, Hasan hammaga eshittirib Baron bilan qayta qo‘ng‘iroqlashib, xojasining amrini eshittirdi. Shundan so‘ng qo‘llari qayrilib bog‘langan ikki “shovvoz”ning qorniga hech ikkilanmay, bir tuki ham o‘zgarmay, xanjar tiqib burab-burab oldi.

— Buyuk Baronning gapini ikki qilgan, uning buyrug‘iga bo‘ysunmagan kasning holi shunday bo‘ladi. Agar birontang shunday qiliqni qiladigan bo‘lsang, bundan battar o‘lim topasan! — deya tantanavor ohangda baqirdi Hasan qon tomchilab turgan pichoq dastasidan mahkam siqib.

Bu pallada o‘radagi qizlarning ahvoli og‘irlasha boshlagan, tepadan urayotgan quyosh tafti ularning boshini qizdirardi. Nargiza onasini eslab tinmay yig‘lagani-yig‘lagan, Lola ham uyidagilarni eslab xunob bo‘lardi, biroq yig‘lamasdi. Chunki ular qizini allaqachon unutishganini u bilardi, ayniqsa, Baronning qo‘lidaligini eshitishgan bo‘lishsa, bahridan o‘tib qo‘ya qolishgan.

Oradan bir hafta o‘tib, Baron safardan qaytdi. Uning etli qora yuzidagi barq urib turgan quvonch alomati ishi o‘ngidan kelganidan darak berib turardi. Baron kelgan zahoti sadoqatli shotiri — Hasanni taqdirladi.

Qizlar yodiga tushganida kun peshin bo‘lgan, oldinroq eslaganida esa, safardan qaytiboq ularni ko‘rishni istamagandi.

Bir shisha pivoni yutoqib simirib, og‘ir qadam bosib, Hasan bilan o‘raning og‘ziga bordi. Yuraklari kuz bargiday titrab turgan qizlar tepaga qarashdi.

— Maniy qushchalariym, — Baron ularning ahvolini ko‘rib kuldi. — Hozir tepaga opchiqishadiy.

“Xudoning sengayam atagani bordir, yaramas”, xayolidan o‘tkazdi Nargiza, so‘ng vidolashayotganday Lolaning yelkasiga boshini qo‘ydi.

— Endi, — dedi Baron Hasanga yuzlanib, — olib chiqinglar. Men bularga ajoyib syurpriz tayyorlab qo‘yganman.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (22-qism)