Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Bryussel bilan hamkorlikda mamlakat ichki ishlariga aralashishga harakat qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu harakatning asosiy maqsadi — Vengriyada amaldagi hukumatni ag‘darish va proukrain siyosiy kuchlarni hokimiyatga olib kelishdir.
Orban bu haqda Hetek nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning aytishicha, Bryussel va Kiyev birgalikda Vengriya siyosiy maydonida faol ta’sir o‘tkazmoqda.
“Vengriya ichki siyosatiga faqat Bryussel emas, Kiyev ham aralashmoqda. Ular buni birgalikda amalga oshirmoqda. Shu sababli, Yevropa Ittifoqining hozirgi maqsadi — Vengriyada proukrain hukumat o‘rnatish. Ukraina ham bu jarayonda manfaatdor, ular muxolifatni ochiq qo‘llab-quvvatlayapti”, — dedi Orban.
Vengriya rahbariga ko‘ra, qaysi tarafdan bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday tashqi ta’sir davlat suvereniteti uchun xavfli hisoblanadi.
“Biz uchun eng katta xavf — xorijning ichki siyosatga aralashuvidir”, — deya ta’kidladi u.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!