- Xola, xolajon! – Zabarjadning yuragi toshib borardi. Shuning uchun ovozi jaranglab chiqdi. Yashirishning nima keragi bor? U bu xonadonga faqat e’tibor ayaning ukollarini vaqtida qilish uchungina emas, «birov»ni ko‘rgani ham keladi.
-Kiravering, eshik – ochiq. – Zabarjad garchi hozir uning safardaligini bilsa ham odatdagidek, ostonada o‘sha «birov»ni kutgan edi. Yo‘q, Yunusbekka qay bir chizgilari o‘xshab, qay birlari o‘xshamaydigan bir yigit turardi. Zabarjad «duvva» qizardi.
-Men xolamning ukol qilgani… - dedi sal duduqlanibroq.
- Ha, ayam tayinlab ketdilar, o‘tirib turarkansiz. – Yigit yo‘lakni chetlabroq, ya’ni Zabarjadga yo‘l bo‘shatib oldinga yurdi. «Ha, bu kishi Yunusbek akamning akalari bo‘lsa kerak. Xorijda shartnoma bilan ishlaydi, erta-indin kelib qoladi, deyotgan edilar…»
- Marhamat, o‘tiring. Choy ichasizmi, kofe?
Zabarjadning bir tarafdan kulgisi qistasa, boshqa tarafdan ichida bir havas uyІondi. «Baribir dunyo ko‘rgan odam boshqacha bo‘ladi-da. Bizning birorta yigitimiz o‘zidan yosh qizdan, agar ishi tushib turmagan bo‘lsa, shunaqa deb so‘ramasa kerak. «Bitta choy damlab yuboring, singlim», deyishi mumkin…» deb o‘yladi.
-Rahmat, men nonushta qilganman. Xolam uzoqqa ketdilarmi?
-Ayamni bilsangiz kerak, olmasi ikkita bo‘lsa, bittasini albatta, kimgadir berishlari kerak. O‘g‘lim daryo, tog‘ oshib keldi, deb nimalarnidir ko‘tarib eshikma-eshik kirib ketdilar, shekilli. Xolangiz: «Mening tillo qizim kelsa, zeriktirmay tur», deganlar… Yigit oshxonaga o‘tib, bir pasda qahva damlab keldi. Uning harakatlari chaqqon edi. «Shunchalar katta martabaga erishganman, demasdan muomala-munosabatini qarang, qanchalar chiroyli…» Zabarjadga yigitning og‘zidan chiqqan har bir so‘z, uning har bir harakati fazilat bo‘lib ko‘rina boshladi. Shu orada necha yildan buyon sog‘intirgan o‘g‘li qaytib, xastaligi ham chekngan E’tibor aya kirib keldi.
-Tillo qizimni zeriktirmay o‘tiribsanmi, Yusufbegim xabar qilmay, netmay kirib kelsa bo‘ladimi?! Quvonchdan yuragim yorilay, dedi. U ketganidan keyin kunlar hafta, haftalar oy, oylar yil bo‘lib ketgan edi, bolam. Oftob ham, yulduz ham birpasda aylanib joyiga qaytdi. Eh-he, sizlar tushunarmidilaring, hali o‘zlaring bolasizlar-ku!
E’tibor aya bir zumda olamjahon gapni gapirib tashladi.
Zabarjad o‘z-o‘zidan hayajonlanib, ayaga dori hozirlar ekan, doim ko‘zlarini chirt yumib, jim turadigan ayaning ovozi tinmasdi:
- O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa, deb shuni aytadilar-da. Yunusbegim doim yonimda bo‘lsayam, Yusufbegim yo‘qligi uchun bir tarafim yo‘qqa o‘xshardi. Koshki endi qolsa, o‘sha musofir joylardan nasibasi uzilgan bo‘lsa…
- Qol, deng-da, xola. Qoladilar-da, Zabarjad nimaga bunday deyishga jur’at qildi, bilmasdi.
- Voh, bolam-a, men bir uzun sochli parizod bo‘lsam ekanki, qol, desam qolaversa…
Zabarjad yana «duvva» qizardi… Ishini tugatdi-da, ayaning qistashiga qaramay, tez yishg‘ishtirindi.
- Hali Yusufbegimning qaytganini bir-ikki qo‘shnim bildi, xolos. Qarindosh-urug‘, ayniqsa, og‘aynilari eshitishsa bormi, uyimda to‘y bo‘lib ketadi. O‘tir, qizim, - astoydil manzirat qildi aya.
- O‘zingizni urintirib qo‘ymang. Barcha muolajalar suvga oqib ketmasin tag‘in…
Zabarjad gapiga rasmiy ohang berishga harakat qildi. Bu bilan o‘zinnig faqat xizmat yuzasidan bu uyga kelganini ta’kidlamoqchi bo‘ldi.
-Kasal bo‘lmasinlaru bo‘lsalar do‘xtir o‘zimizdan ekan. - tagdor gap qildi Yusufbek. «Tavba, shuncha yillar boshqa joyda yashab, boshqa tilda gapirsalar ham, unutmabdilar-da, bunaqa ifodalarni, Zabarjad o‘ziga qadrdon darvozadan uzoqlashsa ham, o‘y-xayollaridan uzoqlasholmas edi. «Bu o‘kinchi kayfiyat, shunchaki chiroyli, ko‘rkam yigitlarni ko‘rganda uyg‘onadigan hissiyot bu. Axir men Yunusbek akamni…» Zabarjad buyog‘iga to‘xtab qoldi. Rost, Yunusbekni ko‘rgisi keladi, ko‘rganida suyunadi, lekin bu sevgimikin? Yunusbek ham unga befarq emas. Biroq hali bu yigit unga ko‘ngil ochdimi? Gapirsa ham havoyi orzularidan gapiradi!
«Menga nima bo‘lyapti o‘zi? Ukani qo‘yib akani o‘ylayapmanmi? Uyat, Zabarjad, uyat!» dedi o‘ziga o‘zi. Lekin dilining tub-tubida o‘zini yomon ko‘rolmayotganini bilib turardi.
* * *
- Qani, ayamning tillo qizlari bu tarafga marhamat qiling!
Zabarjad Yusufbek iltifot bilan ko‘rsatgan stulga o‘tirdi. U xuddi tush ko‘rayotganga o‘xshardi. Birinchi uchrashuvda uyining ostonasigacha kuzatib, orqasidan qarab qolgan Yusufbek ertasigayoq dunyo ko‘rgan ishbilarmonlarga o‘xshab «hujum»ni boshlab yubordi. To‘rtta ko‘zi porillab turgan, zulukday qop-qora «Mers»iga o‘tqazib ishxonasiga olib kelib qo‘ydi.
-Nechchida chiqasiz? – deb ko‘rganida Zabarjadning yuragi kabutarday potirlab turgan bo‘lsa-da:
-Voy, siz ovora bo‘lmang, o‘zim ketaman. Siz erta-indin ketadigan odamsiz. Mashinaga o‘rganib qolib, keyin piyoda yurolmay qolmay… - dedi u o‘zinnig bu badavlat yigitga gap bilan qarmoq tashlayotganini sezib turardi. «Bunday demasligim kerak edi», derdi ichida bir ovoz. Ammo aytarini aytib bo‘lgan edi.
- Ketmasam mashinamga chiqasizmi?
- Men unday demadim-ku…
Baribir Zabarjad qaytishda yana mashinaga chiqdi. Ertasi yana… Indini, ya’ni bugun bir hafta avval butunlay notanish bo‘lgan yigitning bir og‘iz taklifini qaytara olmay ro‘barama-ro‘baru restoranda o‘tiribdi.
Yusufbek ofitsiant olib kelgan menyuni Zabarjadning oldiga qo‘ydi.
-Tilang tilagingizni…
Zabarjadning ko‘z oldi jimirlashib ketdi.
-Men… bunaqa joylarga kelib yurmaganman… Nima yaxshi, nima yomonligini bilmayman. O‘zingiz…
Yusufbek zavqlanib kuldi. Peshonasiga tushib turgan sochlarining silkinishi, ko‘zlarining charaqlashini… Zabarjadning yuragi orziqib ketdi.
-Kelmagan bo‘lsangiz, endi kelasiz. O‘rganmagan bo‘lsangiz, endi o‘rganasiz… Qani, tanlang, men hammasini bir boshdan ta’riflab turaman.
-Siz… o‘sha taraflarda rosa yayragansiz-da bunaqa joylarda…
Zabarjad havaslanib emas, g‘ashi kelibroq aytdi bu gapni.
-Rashk qilyapsizmi? Yo‘q, ishbilarmon odam huda-behudaga pul sarflamaydi, desam ishonasizmi?
Yusufbek yana qah-qah otib kuldi. «Yurakdan, mazza qilib kular ekan, bunday odamlarning ichida g‘ubori bo‘lmaydi», deb o‘yladi Zabarjad, lekin o‘ylaganini aytmadi.
-Voy, anovi kishimni! Men shunchaki…
-Bo‘ldi, bo‘ldi, qizarmang! O‘zim hammasini tushunib turibman, - Yusufbek shunday deya qizning javobini ham kutmay buyurtma bera boshladi.
«Dadil, juda dadil… Yunusbek akam bo‘lsa…» Zabarjad Yusufbek bilan tanishganidan bun unnig ukasini deyarli o‘ylamay qolgan edi. Hozir uning ismi bilan birga hamisha o‘ychan chehrasi, katta-katta qora ko‘zlari ko‘z oldiga keldi. «Men… Yunusbek akamni sevaman, deb o‘ylardim-ku, unga talpinar edim-ku, nahot, bularning hammasi o‘tkinchi his-tuyg‘ular bo‘lgan bo‘lsa?!»
Zabarjad o‘z his-tuyg‘ularini tushunib olgisi, o‘zini tahlil qilgisi kelardi. Lekin Yusufbek keskin, aniq fikrlari bilan qizni o‘ylashga qo‘ymas edi.
-Siz-ku rashkingizni yashiryapsiz. Ammo men o‘ta rashkchi ekanimni yashirib o‘tirmayman. Men o‘zimga yoqqan odamning xayollarini ham birovga bergim kelmaydi…
«Bu nima degani? Sevgi izhorimi bu? Axir, men hali o‘zimda nima o‘zgarishlar bo‘layotganini tushinib ham yetmadim-ku…»
* * *
Zabarjad rostdan ham tuyg‘ularini oxirigacha tushunib yetishga ulgurmadi. Bilgani shuki, pulning yuziga qaramay ishlatadigan bu yigit uni faqat xayolida yurgan hayotga olib kirdi. Zabarjad o‘zi yashaydigan shaharda buncha ko‘p, biri-biridan chiroyli restoranlaru kinoteatrlar borligini bilmasdi. Bir yigit bir qizga shuncha qimmatbaho taqinchoqlar sovg‘a qila olishini ham tasavvur qila olmasdi. Zabarjad ko‘zi bilan ko‘rayotganlari, qo‘li bilan tutayotganlarining yaxshilikmi yo yomonlikmi ekanini anglaguncha, uyga Yusufbekdan sovchilar keldi.
-Mening tillo mizim, mening najot farishtam, deya erkalatib yuradigan, necha yillardan buyon davolovchi vrachi yozib bergan retsept asosida muolajalarini qilib yuradigan mijozi E’tibor aya unga qaynona bo‘ladigan bo‘ldi. Hech kim ajablanmadi. Hech kim:
- Sening unda emas, rassom ukasida ko‘ngling bor edi-ku, - demadi.
Odatdagidek, gul faslida ko‘klash, ko‘karish, faslida etyudnigini ko‘tarib, tog‘larga chiqib ketgan Yunusbekdagina shu savol uyg‘onishi mumkin edi. Chunki ular orasida biror marta dilrozi aytilmagan bo‘lsa-da, Zabarjadning qiziqishi uning rasmlarining qiziqishi uning rasmlarini tomosha qilishdan nariga o‘tmagan bo‘lsa-da, har ikkovi ham his-tuyg‘ulari oddiy tanishchilikdan boshqacha ekanini bilishar edi.
Avvaliga fotiha, to‘y arafasi tashvishlari bilan bo‘lib Zabarjad bu narsalar haqida o‘ylagisi kelmasdi, yuragining: «nega?» degan savolidan qo‘rqardi.
-Nima u menga muhabbat izhor qilib, men ham javob qilibmanmidiki, qo‘rqsam… O‘zi rassomlari rasmlarni mazza qilib gapirib berishdan tashqari, «lom-mim» demasdilar. Qarshimdan dadil bir yigit chiqdi? Uni rad qilishim kerakmidi?!
Zabarjad o‘ziga o‘zi har qancha oqlov topib beragni bilan, «Mening hech kimning oldida qarzim yo‘q», degani bilan ichidagi xijillik to‘y yaqinlashgan sayin ulkanlashib borardi.
…Yo‘q, Zabarjad ko‘p narsani ko‘ra olmadi.
-Akang uylanyapti, tez yetib kel! Deyishganidagi Yunusbekning quvonchdan porlagan ko‘zlarini.
-Zo‘r bo‘pti-yu! Kimga uylanyapti ekan? Kim ekan kennoyimiz? – deya so‘raganida:
-Xolani davolab yuradigan hamshira qiz bor-ku, Zabarjad – o‘sha» - deyishganlarida yuzlariga yoyilgan hayronlik ifodasini. So‘ng:
-Kim-m? – degan savolini. Telefon simlaridan yana o‘sha o‘ziga qadrdon ism eshitilgach, pahlavon bir qo‘l tarafidan baland ko‘tarilib qattiq toshlarga urilganday bir holga tushdi.
Aytganimizday, Zabarjad bularning hech birini ko‘rmadi. Faqat to‘y kuni «Yor-yor» ohanglari ostida eng qimmatbaho liboslarda shaharning eng muhtasham to‘yxonasiga kirib borganida yuragi zirqiradi. «Qayda ekan u? Xudoyo xudovando, uning mahzun ko‘zlariga duch keltirma!» deya iltijo qildi. Boshini ko‘tarmay: «Yaxshi kunimda, baxtli kunimda faqat quvonib o‘tirishim kerak… Bunday fursatda g‘am Xudoga xush kelmaydi», deb o‘ylar, o‘zining bekamu ko‘st kelinchak bo‘lganini ta’minlagan yigitni ham tabassumga ko‘mib tashlashni istardi.
-Yunus! – Yusufbekning ovozini eshitib, titradi. «Kelarmikan, kelmasmikan?» shunday qarama-qarshi hissiyotlar aro bir nafasgina, bir zumgina boshini ko‘tarib qaradi.
-Labbay, aka. – Yunusbek ham bir zumgina dunyodagi eng chiroyli kuyov – akasi yonidagi parivashga ko‘z tashladi. Har qachongidan ham mahzunroq edi. Bu ko‘zlar… har qachongidan ham qorayib ketganga o‘xshardi.
-Anovi o‘rtada likillayotgan g‘alcha kim?
-Sal kayfi oshib…
-Sudrab olib chiqib tashlanglar! – Yusufbekning hukmfarmo ovozi Zabarjadni bargdek titratib yubordi. U kuyov bu gapni kayfi oshib, o‘rtani bo‘shatmayotgan mast haqida emas, o‘zi haqida gapirgandek qo‘rqdi. Xuddi Yusufbek uning bir zumlik o‘ylarinin uqqandek qaltiradi.
-Xo‘p, aka!
* * *
-Ha, endi… Ayamga yoqib qolgan ekan-da. Qo‘li yengil, mehribon, deb turib oldilar-da. Meni bilasan-ku, chuchelo nimayu u nima?! Menmi? Men allaqachon samolyotdaman!
Divanda yotib olib qo‘l telefonida gapirishayotgan Yusufbek choy ko‘tarib kirgan Zabarjadni ko‘rdi-yu gapining u yog‘ini inglizchasiga chug‘urlay boshladi.
Zabarjad bir zum eshik oldida turib qoldi. Yusufbek «Choy quy» ishorasini qilib yana biroz chuldiradi-da, tugmachasini bosib qo‘ydi.
-Oh, oh, zo‘r choy bo‘libdi-da, endi bu choylarga o‘rganib bo‘ldim, u taraflarda nima qilar ekanman?
Zabarjadga Yusufbekning ovozi uzoqdan kelayotgandek tuyuldi.
«Chuchelo… kimni aytdi? Ayamga yoqib qolgan ekan… Meni aytdimi?»
«Kim u chuchelo?» deb so‘ragisi keldi, lekin erinnig ovozi, ko‘rinishi bu savolni berishga qo‘ymasdi.
-Siz… ketmoqchimisiz? – deb so‘radi. Ovozini o‘zi zo‘rg‘a eshitdi.
-Ha.
Yusufbek ikki tovushli «Ha»ni shunday ohangda aytdiki, «Men-chi?» deyishga og‘iz juftlagan Zabarjad og‘zini ocholmadi. Bu «ha»da «Mening ishlarim bilan sening ishing bo‘lmasin!» degan mazmun bor edi.
-Yana biror narsa kerakmi?
-Kerak bo‘lsa, aytaman!
Zabarjad ne-ne umidlar bilan kirgan xobxonasidan titranib chiqdi. O‘zi to‘ydan so‘ng bir-ikki hafta o‘tgach, Yusufbekning safari davomli ekanini his qilib qolgan edi. Qaynonasi so‘z orasida:
- Ha, erkak odamning ko‘chada yurgani ma’qul. Xorij, xorij degani bilan hozirgi zamonda ikki dunyo bir qadam. Eng muhimi, men uzilmaydigan chayir ipni tashlab qo‘ydim. Yusufbegim endi hech qayoqqa borolmaydi. Olamning qay burchagiga ketsayam, aylanib-aylanib kelaveradiga o‘xshash gaplarni aytayotgan edi. Hozir erining telefonda kimgadr aytayotgan xabarida, ketishi aniqligini sezdi.
«Demak, demak u menga shunchaki onasining istagi uchun uylangan. O‘sha kuni onajoni o‘g‘lini bu hamshira qiz bilan tanishib olsin, deb ataylab chiqib ketgan…» Mayli-da, u menga yomonlikni o‘ylabdimi? Osmondagi oyni uzib berishga qurbi yetadigan o‘g‘liga ravo ko‘ribdi. Nega iddao qilasan, Zabarjad?! Ketsa, ketibdi-da, kelar…» Zabarjad o‘zini o‘zi yaxshilikka ishontirgisi kelardi, «chuchelo» degan so‘zni yodidan uzoqlashtirishni, o‘chirishni istardi… «Yo‘g‘-yey, men haqida aytmagandir… To‘g‘ri, Yusufbekning ehtiroslari bir-ikki kunda tugaganga o‘xshadi. U telefonda allaqanday bizneslar haqida uzundan uzoq suhbatlashar edi. Uni boshqa bir sirli dunyoning bir parchasi deb bilgan, unga talpingan Zabarjad esa ko‘zgu oldida farangiy atirlar sepib, nim pushti tunko‘ylaklarda ancha o‘tirib qolardi. «Balki, hammasi o‘zi shunday bo‘lar…» deb o‘ylagan, eridan o‘sha ko‘rinish, o‘sha o‘tirish uchun xijolat bo‘lgan paytlari bo‘ldi. Hozir ham erining oldiga mehr ilinjida kirgan edi. Axir, ayolni uyiga bog‘lab turadigan, uni bir umr erkalanib yashagan ota-ona bag‘ridan bemalol ketishga ko‘ndiradigan faqat shu odamning mehri emasmi?!
Eri esa uni itardi. Kimgadir notanish bir odamga «chuchelo» dedi. – Zabarjadning xo‘rligi keldi, lekin yig‘lab yubormaslik, ayniqsa, ko‘z yoshlarini qaynonasiga ko‘rsatmaslik uchun hovliga – gullab yotgan shaftolizorlar orqasiga o‘tdi… Xotira bexosdan uyg‘onadi, chaqmoqday… U Yunusbekni xuddi shu joylarda ko‘rgan edi.. O‘tgan yil, xuddi shu payt, shaftolilar gullaganda… U oldiga planshet qo‘yib, nimalarnidir chizardi… Zabarjad:
-Dorini tomchilatib qo‘ydim, - qarab turing, o‘n-o‘n besh daqiqadan keyin kelaman, - demoqchi edi, yigitning ijod bag‘rida ekanini ko‘rib xijolat tortdi, orqasiga qaytmoqchi bo‘ldi.
— Biron gapingiz bormidi? - Yunusbek boshini ko‘tarib so‘radi.
-Haligi xolam… Yo‘q, siz ishlayvering, bunaqa paytda xalaqit bermaslik kerak, shekilli…
-Yo‘q, aytavering. Ayam tinchmi, o‘zi?
Ha, Yunusbek bilan suhbatlashish oson edi. U chizayotgan, chizgan rasmlarini yosh boladay quvonib ko‘rsatar, Zabarjadni nari borsa, ustaxonasiga – rasmlari haqida zavqlanib hikoya qilib berishga chaqirar edi.
«Menga nima bo‘ldi? Men shunchalar yomon ayolmanmi? Nega ko‘nglimda bir odam bo‘lib boshqasiga tegdim? Nega endi boshqasiga tegib, buni o‘ylayapman? Kimman men o‘zi?!»
…Yunusbekning to‘y ertasiyoq yana o‘sha tog‘iga jo‘nab ketganini Zabarjad biladi. Ko‘nglidagiday kelin qilganidan xursand ona, onaning ko‘nglini xotirjam qilib qo‘ygan aka ukaning bir kun ham qolmay toqqa jo‘nab ketganining sababini ishi uchun, chala qolgan rasmlari uchun deb bilishadi. Umuman, bolalarcha beg‘ubor, bolalarcha soddadil, darvesh bu yigitni na ona, na aka jiddiy qabul qiladi. Lekin Zabarjad uning mahzun ko‘zlarini, qorachiqlariga «Nega?» degan savol yozilgan ko‘zlarini ertasi ham bir bor ko‘rdi. Xuddi shu joyda. Yangasi uni hovliga o‘tkazib qaytayotganda. Shaftoli shoxini qayirib, yangasi unga yo‘l ochar ekan, sal nariroqda turgan Yunusbekka ko‘zi tushdi. U ham nima bilandir band edi, oldidagi nimalarnidir yig‘ishtirardi, nazarida, u ham bexos qaradi. Bir lahza, balki, undan ham oz fursatda ko‘z ko‘zga tushdi. Butun vujudini aybdorlik hissi chulg‘adi. Chunki Yunusbekning nigohlariga chizilgan cheksiz azob suvratini ko‘rdi. Zabarjad oyoqlari chalkashib-chalkashib yo‘lini davom ettirdi. Xonasiga kirib, o‘tirguncha yurak gupurini o‘zi eshitib turdi. «O‘tib ketadi, axir, hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku, o‘tib ketadi», deya-deya ko‘nglida qo‘zg‘algan g‘alayonni bosgan edi. Bugun yana…
* * *
-Akasini ham kuzatgani kelmadi-ya, bu bola. Xafa bo‘ladi, qog‘ozidan tortib bo‘yog‘ichgacha pulini shu akam beradi, borib bir xayr, yaxshi borib keling, deb qo‘ymasa… Avvallari unaqa emas edi, uydan bezor bo‘ldi qoldi…
Yusufbekning bir mamlakatni kuzatganday izzat-ikrom bilan kuzatgan E’tibor aya so‘rinnig bir chekkasida omonatgina o‘tirgan Zabarjadga yozg‘irdi.
Zabarjadning esa o‘z og‘rig‘i o‘ziga yetardi. Yusufbekka:
-Sog‘insangiz, olib ketasiz-a? – dedi.
Yo‘q, sog‘inadi, deb o‘ylagani uchun emas, shunchaki o‘ziga azob berayotgan o‘ylardan xalos bo‘lish uchun aytdi.
Yusufbek esa odatdagidek qah-qah otib keldi. O‘ziga ishonchi zo‘r odamlarday qat’iyat bilan:
-Go‘zallik qurbonlik talab qiladi, deyishadi-ku. Davlat ham qurbonlik talab qiladi. Sog‘insam ham chidaymiz-da, - dedi… So‘ng go‘yo Zabarjadning diliga ozor berganini mutlaqo sezmaganday yana o‘z ishi bilan ovora bo‘ldi.
Erining bu galgi qahqahasi Zabarjadga masxaradek bo‘lib tuyuldi, ko‘ngli to‘liqdi. E’tibor ayaning tinmay Yunusbekni yozg‘irishi ko‘nglini battar buzib yubordi.
«U endi kelmaydi, kelishni istasa ham kelmaydi. Men uning o‘z uyiga kelar yo‘llarini bekitdim», degisi keldi. Lekin deya olmadi.
Qutlibeka RAHIMBOYeVA
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi
Xitoy Yaponiya va sakkizta davlat fuqarolariga vizasiz rejimni joriy etadi
Abdusalom Azizovning DXX raisligidan haydalgani tasdiqlandi
O‘zbekistonda kelasi hafta boshida qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi
Yevropa superklubi O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinchisi transferi bo‘yicha ish boshladi