08:30 / 11.02.2018
4 364

Bolalarning muvaffaqiyat qozonishiga xalaqit qiluvchi ba’zi nozik jihatlar

Болаларнинг муваффақият қозонишига халақит қилувчи баъзи нозик жиҳатлар
Har bir ota-ona farzandlarining hayotda o‘z o‘rnini topishini va baxtli bo‘lishini chin dildan istaydi. Bu yo‘lda butun mehrini beradi, hatto orzularidan ham voz kechadi va buni hech qanday minnatlarsiz chin yurakdan qiladi. Biroq tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu jarayonda ota-onalar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan ba’zi xatoliklar, farzandlarimizni oldindan qat’iyatsiz bo‘lishga undaydi va kasbiy faoliyatida, shaxsiy hayotida muvaffaqiyat qozonishga bo‘lgan imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.

Ushbu maqolada ota-onalarga va ota-ona bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotganlar uchun yuqorida ta’kidlangan xatoliklardan qanday soqit bo‘lish haqidagi mulohazalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.

Biz zamonaviy hayotimizda juda ko‘plab xavflar orasida yashaymiz. “Xavfsizlik barcha narsalardan ustun” degan shior bizni bolalarimizdan ayrilib qolish haqidagi qo‘rquvimizni oshiradi va biz ularni har tomonlama g‘amxo‘rliklar bilan o‘rab chirmaymiz. Boshqacha qilib aytganda ularga tavakkal qilishlariga ijozat bermaymiz. Ruhshunoslarning fikricha, agar bolalar ko‘cha-ko‘yda boshqa bolalar bilan munosabatda bo‘lmasa, ular bilan o‘ynamasa yoki agar, biror marta yiqilib tizzasi shilinmasa, ko‘pchilik holatlarda balog‘atga yetganda qo‘rquv va vahimadan aziyat chekadilar. Bolalar hayotlari davomida bir necha marta qoqilib-surinib yana oyoqqa turishni o‘rgansa, bu ularga yashashning mohiyatini yanada teranroq anglashlariga yordam beradi. O‘smirlarning talashib, urishib qolishi va birinchi muhabbatning alamini boshdan kechirishi, ularning uzoq istiqboldagi munosabatlari uchun zarur bo‘lgan his-hayajon va tuyg‘ularining yetilishiga zamin yaratadi.

Bolalarimiz hayotida tavakkal qilishga, qaltis vaziyatlarda qaror qabul qilishga o‘rganmasalar, ularda takkaburlik, boshqalarga nisbatan bepisandlik kabi illatlar shakllana boradi va oqibatda biz, kelgusida o‘ziga o‘zi baho berishda yanglish tasavvurlar hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘yamiz.

Bolalarimizga yordam qo‘lini cho‘zishga juda erta shoshilishimiz va haddan ortiq “mehr” bilan siylashimiz bilan, murakkab vaziyatlardan o‘zi yo‘l topib chiqib ketishi zaruratidan mahrum qilamiz. Bolalar, ertami-kechmi, qachondir, ularni albatta kimdir qutqarishiga ko‘nikib qoladilar va ruhiyatiga: “Agar men xato qilsam yoki maqsadga erisha olmasam, u holda kattalar buni to‘g‘irlashadi va oqibatlarga ham ular javob beradilar” degan aqida singib qoladi. Aslida esa kattalar orasidagi munosabatlar dunyosi mutlaqo boshqacha qurilgan bo‘ladi. Unutmang bunday bolalarda katta hayotga moslasha olmaslik xavfi juda yuqori bo‘ladi.

“Har bir ishtirokchi sovringa ega bo‘ladi” qabilidagi qoida, bolani odatdagidan o‘zgacharoq sezishga undaydi. Ammo zamonaviy ruhshunoslarning tadqiqotlari ko‘rsatishicha, bunday usulda rag‘batlantirish kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bola ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng biladiki, eng zo‘r va eng ajoyib bola sifatida biladigan odamlar – bu faqatgina uning ota-onasi, boshqalar esa bunday deb hisoblashmaydi. Shunda bola ota-onasining ob’ektivligiga shubha qila boshlaydi. Unga maqtov eshitish yoqadi, ammo u, buning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini anglab yetadi.

Buning jirkanch oqibati shundaki, vaqt o‘tishi bilan bunday bola o‘ziga noqulay bo‘lgan voqelikdan qochish uchun qalloblikka, muttahamlikka, orttirib ko‘rsatishga va aldashga o‘rganadi. Chunki u qiyinchiliklarga qarshi turishga, hatto unga duch kelishga o‘rganmagan va ularni yengib o‘tishga layoqatsiz bo‘ladi.

Sizning bolangiz, sizni har daqiqada yaxshi ko‘rishi shart emas. Ushbu hayotda u hali juda ko‘plab yoqimsiz vaziyatlarni boshidan kechirishi va barchasini yengib o‘tishi zarur bo‘ladi, ammo undagi tantiqlik va erkatoylik bunga xalaqit berishi mumkin. Shuning uchun ham siz bolalaringizga “yo‘q” va “hozir emas” deyishni o‘rganing, ular esa o‘zlarining istaklari va ehtiyojlari uchun kurashishga o‘rgansinlar. Agar oilada bolalar bir nechta bo‘lsa, ko‘pchilik ota-onalar odatda bittasini mukofotlab boshqasini ajratib qo‘yish adolatsizlik bo‘ladi deb hisoblaydilar. Ammo hammani va har doim ham mukofotlash bu haqiqatdan yiroq narsa. Biz bunday harakatlarimiz bilan muvaffaqiyat faqatgina shaxsiy tirishishlarimizga va ezgu harakatlarimizga bog‘liq ekanligini ko‘rsatish imkonini boy beramiz.

Bolalarni savdo markazlariga olib borish bilan rag‘batlantirishdan oldin qayta-qayta o‘ylab ko‘ring. Agar sizning munosabatlaringiz faqatgina moddiy rag‘batlarga asoslangan bo‘lsa, u holda bolalar o‘zlarida na ichki intilishni va na tamasiz sevgini his qila oladilar.

Kunlar o‘tib shunday vaqt keladiki, endi balog‘atga yetgan va sog‘lom o‘spirin, albatta “qanotlarini yoyishni” va jamiyatda o‘z mavqeiga ega bo‘lishni hohlab qoladi. Kattalar esa albatta bunga ruxsat berishlari shart. Biroq bu, bolalarimizga noma’lum bo‘lgan narsalar va vaziyatlarda yo‘l topish uchun yordam bermaymiz degani emas. Bolalaringiz bilan, ularning yoshida qilgan xatolaringizni bahamlashing, ammo chekish, ichish va narkotiklar haqida ortiqcha pand-nasihatlardan qochishga harakat qiling. Bolalar ko‘ngilsizliklar bilan to‘qnashishga tayyor bo‘lishlari va qabul qilgan qarorlari uchun javob berishning uddasidan chiqishlari shart.

Siz ularga, shunga o‘xshash vaziyatlar bilan to‘qnash kelganingizda nimalarga amal qilganingiz va undan qanday xulosalar chiqarganiningiz haqida hikoya qilib bering.

Ko‘p holatlarda bolalardagi aqliy jihatdan yetuklik, ularning voyaga yetganligi darajasi sifatida qabul qilinadi va natijada ota-onalar, aqlli bola katta hayotga tayyor deb o‘ylaydilar. Ammo aslo bunday emas. Eslab ko‘ring, ba’zi professional sportchilar va mashhur yosh “yulduzlar” ulkan talantga ega bo‘ladilar, ammo bari bir oshkora majoralarga aralashib qoladilar. Bolangizni barcha jabhalarda talantli deb hisoblamang. Bolaga qaysi erkinliklarni qachon va qay darajada berish kerakligi haqida mo‘’jizali “mas’uliyat yoshi” yoki tavsiyanoma mavjud emas va nazarimda bundan so‘ng ham bunday bo‘lmasa kerak.

Lekin yaxshi qoida mavjud – shunday yoshdagi boshqa bolalarni kuzating. Agar bolangizning tengdoshlari nisbatan anchagina mustaqil ekanligini payqasangiz, demak farzandingizda mustaqillikning rivojlanishiga siz to‘sqinlik qilayotgan bo‘lishingiz mumkin.

Biz ota-ona sifatida, farzandlarimiz uchun qanday hayotni tilasak, uni modellashtira olishimiz zarur. Hozir biz aynan o‘z oilamizning rahnamosi va yo‘lboshchisimiz, shuning uchun ham atrofdagilar bilan munosabatlarimiz adolat va haqiqatga asoslanmog‘i zarur. O‘z xulqingiz va harakatlaringizni boshqara biling va nazorat qiling, hatto eng mayda-chuydalarga ham e’tibor qiling, chunki sizni farzandlaringiz kuzatib turishibdi.

Agar siz qoidalarni chetlab o‘tmasangiz, bolalar ham har qanday vaziyatlarda shunday qilish zarurligini bilib olishadi. Boshqalarga chin dildan va beg‘araz yordam berish nima ekanligini ko‘rsating. Borgan joyingiz va siz bilan birga odamlarni, sizgacha bo‘lgan holatga nisbatan yaxshi tomonga o‘zgartiring va farzandlaringiz ham albatta shunday qilishadi.

So‘ngi so‘z o‘rnida yana bir narsani ta’kidlamoq zarur deb bilaman. Mustaqil hayotga qadam qo‘ygan farzandlarimiz doim bizning yonimizda qolib ketsa umrini behuda o‘tkazadi, xudbinlik kasaliga mubtalo bo‘ladi, bizdan yiroqda tursa hayotning pastu-balandini ko‘rib toblanadi. Qo‘ying ularni o‘z holiga, o‘zining va bizning kelajagimizga zamin hozirlasin. Farzandlarimiz Vataniga iste’dodini hadya etsin, unga mehnatini, tinimsiz tunlarini bag‘ishlasin, tan-jonini hadya qilsin. Amin bo‘lingki, ana shundagina bizning va yurtning istiqboli ishonchli qo‘llarda bo‘ladi.

Manba: usm.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bolalarning muvaffaqiyat qozonishiga xalaqit qiluvchi ba’zi nozik jihatlar