Inson hayoti doimo bir xil o‘tmaydi. Hayotda duch keladigan turli voqea-hodisalar tufayli ba’zida o‘zgalarga qarz berishga to‘g‘ri kelsa, ba’zida qarz ko‘tarishga ehtiyoj tushadi. Musulmon kishi boshqa ishlarda bo‘lgani singari qarz oldi-berdisida ham shariat ko‘rsatmalariga rioya qilsa, ko‘plab yaxshiliklarga erishadi.
“Qarz” so‘zi lug‘atda “kesish” ma’nosini anglatadi. Ammo bu so‘z “kesib olib berilgan” ma’nosida ishlatiladi. Ya’ni qarzga berilgan mablag‘ qarz beruvchining molidan kesib olib berilgan bir bo‘lak bo‘lgani uchun ham u qarz deb nomlangan. Istilohda esa qaytarib olish mumkin bo‘lishi uchun aynan tengi bor (misliy) mablag‘ni birovga berib turish qarz deb ataladi.
Aynan tengi bor mablag‘ deganda quyidagi uchta turning biriga kiruvchi mollar tushuniladi:
1. Vazniy (tortib o‘lchanadigan) mollar. Bunga tilla, kumush singari tortib o‘lchanadigan mollar kiradi. Hozirgi kunimizdagi qog‘oz pullar ham tilla va kumushning vazifasini bajarayotgani uchun mazkur turga kiradi;
2. Kayliy (ma’lum idishda o‘lchanadigan) mollar. Bunga arpa, bug‘doy singari bir xil idishda o‘lchanadigan mollar kiradi. (Hozirda bularni ham tortib o‘lchash odat tusiga kirdi);
3. Adadi mutaqorib (o‘zaro bir-birlariga yaqin adaddagi) mollar. Bunga tuxum, yong‘oq singari mollar kiradi.
Demak, qarzga beriladigan mol mazkur uchta turning biriga kirishi lozim bo‘ladi. Bularga kirmaydigan narsalarni, masalan, ko‘chmas mulklarni aynan tengi bo‘lmagani uchun qarzga berib bo‘lmaydi. Ammo non, aslida, aynan tengi bor narsalardan bo‘lmasa-da, insonlarning unga ehtiyoji kattaligi tufayli adad bilan ham, vazn bilan ham o‘lchab qarz olish joizligiga fatvo berilgan.
Qarz berishning hukmi nima?
Shariatda muhtojlarga ko‘mak berishga targ‘ib qilingan. Shunga ko‘ra, qarz berishning umumiy hukmi mandub, ya’ni uni ado qilish afzal amal hisoblanadi. Ammo qarz so‘rovchining holatiga qarab mazkur hukm o‘zgaradi:
- agar qarz so‘rovchi noshar’iy bo‘lmagan biror zaruriy ehtiyoji uchun so‘rayotgani aniq bo‘lsa, o‘ziga to‘q kishining unga qarz berib turishi vojib bo‘ladi;
- agar qarz so‘rovchining olgan qarzini ma’siyat-gunoh ishlarga sarflashi aniq bo‘lsa, unga qarz berish halol emas;
- agar qarz so‘rovchi olgan qarzini ma’siyat-gunoh bo‘lgan ishlarga sarflashi aniq emas, ammo ehtimoli bo‘lsa, unga qarz berish makruh, ya’ni noma’qul amal sanaladi;
- agar qo‘lida mablag‘i bor kishi biror zaruriy ehtiyoj uchun emas, balki tijoratiga ko‘proq pul tikib, yanada mo‘lroq pul topish uchun qarz so‘rasa, unga qarz berish hukmi muboh, ya’ni joiz bo‘ladi.
Qarz olishning hukmi nima?
Inson biror zarurat tufayli muhtoj bo‘lib qolgan vaqtda mazkur zaruratni bartaraf etishi zimmasiga lozim bo‘ladi. Shunga asosan, qarz so‘rashning umumiy hukmi muboh, ya’ni joiz amal hisoblanadi. Ammo qarz so‘rovchining holatiga qarab mazkur hukm o‘zgaradi:
- biror zaruriy ehtiyoj uchun mablag‘ zarur bo‘lib qolgan va olgan qarzini to‘lashiga ko‘zi yetadigan kishi uchun qarz olishi joiz bo‘ladi;
- olgan qarzini to‘lashiga ko‘zi yetmaydigan kishi uchun, modomiki, biror zaruriy ehtiyoj uni zo‘rlamasdan turib qarz olishi joiz bo‘lmaydi;
- agar olgan qarzini to‘lashiga ko‘zi yetmaydigan kishi biror zaruriy ehtiyojga duchor bo‘lib, qarz ko‘tarishga majbur bo‘lib qolganda ham, qarz beruvchi inson uning to‘lashga qurbi yetmasligini bilishi lozim bo‘ladi. Ana shunda qarz beruvchi molini o‘z ixtiyori bilan unga bergan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, olgan qarzini to‘lashiga ko‘zi yetmaydigan kishining qarz so‘rayotgan paytda o‘zini to‘laydigan qilib ko‘rsatishi halol emas. Chunki uning bu ishi qarz beruvchini aldash hisoblanadi;
- qarzdor qarzni to‘lashga qodir bo‘lishi bilan uni to‘lashi lozim bo‘ladi. Chunki imkoni bo‘la turib, qarzini to‘lamasdan cho‘zib yurish yoki qarzdan qutulish yo‘llarini qidirmaslik zulm qilish hisoblanadi.
Shuningdek, quyidagi odoblarga rioya qilish ko‘plab yaxshiliklarga sabab bo‘ladi:
- biror muhim zaruratsiz qarz olishdan saqlanish. Ya’ni qandaydir “orzu-havas”ga erishish uchun qarzdor bo‘lish komil musulmonning odobiga to‘g‘ri kelmaydi. “Rivoyat qilinishicha, o‘tgan zamonda bir qarzdor kishi odamlarning qarzini bermasdan ot minib yurar ekan. Shunda qozi uni qozixonaga chaqirtiribdi. U otini bog‘lab ichkari kirishi bilan qozi tashaqarida uning otini sottirib pulini qarz egalariga taqsimlab beribdi. Haligi kishi chiqib: “Otim qani?!” – desa, qozi: “Qarzdor bo‘lib ot minib yurganingdan ko‘ra, qarzsiz piyoda yurganing afzal”, – deb javob bergan ekan”;
- zaruratiga yarasha qarz olish. Masalan, ellik ming so‘m kerak odam “yetmish ming so‘m olib qo‘yaveray-chi, u yog‘i bir gap bo‘lar” demasligi, balki kerakli qarzning o‘zi bilan kifoyalanishi yaxshi bo‘ladi;
- imkon qadar solih kishilardan qarz olish. Ya’ni biror pastkash kimsadan qarz olsa, uni qarz olganiga pushaymon yedirishi mumkin;
- qarzni bekamu-ko‘st qaytarishda tashakkur aytib, minnatdorchilik bilan qaytarish.
Qarzning to‘g‘ri bo‘lishi shartlari
Qarz to‘g‘ri bo‘lishi uchun unda quyidagi to‘rtta shart topilishi kerak:
1. Qarz “qarzga berdim” va “qarzga oldim” lafzlari bilan yoki mazkur lafzning ma’nosiga dalolat qiladigan oldi-berdilar bilan bo‘lishi kerak;
2. Tomonlar qarz oldi-berdisi bitimini tuzishga salohiyatli bo‘lishlari, ya’ni balog‘atga yetgan, aqli raso kishilar o‘z ixtiyorlari bilan oldi-berdi qilishlari kerak. Shuning uchun balog‘atga yetmagan yoki aqli noraso, yoki majburlangan kimsalarning qarz oldi-berdilari to‘g‘ri bo‘lmaydi;
3. Beriladigan qarz aynan tengi bor (misliy) mablag‘ bo‘lishi kerak;
4. Qarzga beriladigan mablag‘ning miqdori va jinsi aniq bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, vazni yo adadi qanchaligi yoki bug‘doy bilan arpa aralashib ketgani singari jinsi noaniq bo‘lib qolgan narsalarni ham qarzga berib bo‘lmaydi. Chunki miqdori yoki jinsi noaniq narsalar qarzga berilsa, aynan nimani qaytarib olishi noma’lum bo‘lib qoladi. Shuning uchun moldan mazkur noaniqliklarni ketkazmasdan turib uni qarzga berish mumkin bo‘lmaydi.
Qarzga muddat belgilash mumkinmi?
Qarz berishda uni qaytarishga ma’lum muddatni belgilash mumkin emas. Ya’ni qarz beruvchida bergan qarzini o‘zi xohlagan vaqtida qaytarishni talab qilish haqi bo‘ladi. Qarzga muddat belgilash mumkin emasligiga ulamolar ikkita sababni keltirganlar:
1. Qarz berishning avvali (ya’ni berish vaqti) birovning o‘z molidan bir qismini o‘zgaga foydalanishga berib turishiga o‘xshaydi. Foydalanishga berib turishda esa vaqt belgilashning shariat jihatidan biror e’tibori yo‘q. Shu ma’noda qarz beruvchi ham qarzni mutlaqo ixtiyorli ravishda beradi. Shuning uchun uni qaytarib olishda ham mutlaqo ixtiyorli bo‘ladi. Ya’ni qarz beruvchida bergan qarzini qaytarishni talab qilish imkoniyati doimo bo‘ladi.
2. Qarzning oxiri esa pulni pulga sotishga o‘xshaydi. Ya’ni birovga bergan qarzini qaytarib olish vaqtida xuddi oldin bergan puli evaziga hozirgi pulni sotib olayotganga o‘xshaydi. Aslida, jinsi yo miqdori bir xil bo‘lgan savdoda nasiya qilish “nasiya ribo” bo‘ladi. Nasiya riboning esa hukmi haromdir. Masalan, arpani bug‘doyga nasiya savdo bilan olib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, berilgan qarz “nasiya ribo”ga o‘xshab qolmasligi uchun unga vaqt belgilash mumkin bo‘lmaydi. Ammo qarzga muddat belgilash mumkin bo‘lgan o‘rinlar ham bo‘lib, ulamolar quyidagi to‘rtta holatdan birida qarzga muddat belgilash durustligini aytganlar:
1. Vasiyat qilganda. Vafot etayotgan kishi merosxo‘rlariga o‘zining molidan biror kishiga falon muddatga qarz berib turishni vasiyat qilsa, o‘sha muddat o‘tishdan oldin merosxo‘rlar qarzni qaytarishni talab qila olmaydilar;
2. Qarz olgan kishi tongan vaqtda. Agar qarzdor olgan qarzidan tonsa, qarz bergan kishi uning qarz olganini isbotlaganidan so‘ng “falon muddatda qaytarasan” desa, undan yana talab qilishi uchun o‘sha muddat o‘tishi lozim bo‘ladi;
3. Qozi qarzga hukm qilgan vaqtda. Qozi birovning zimmasida qarz borligiga hukm chiqarsa, uni falon muddatda ado etishni belgilashi mumkin bo‘ladi;
4. Qarz boshqaga havola qilinganda. Ya’ni qarz uch kishi o‘rtasida bo‘lib qolsa, masalan, qarzdor qarz berganga: “Falonchi to‘lab beradi” desa, qarz beruvchi o‘sha kishiga muddat belgilashi mumkin.
Demak, bizning mazhabimizga ko‘ra, faqat ushbu holatlardan birida qarzga muddat belgilash mumkin bo‘ladi. Bulardan boshqa holatlarda qarzga muddat belgilab bo‘lmaydi.
Qarzni yozib qo‘yish hukmi nima?
Qarzni yozib qo‘yishning hukmi mandub, ya’ni uni ado qilish afzal amal hisoblanadi. Ya’ni qarzni yozmaslik ham mumkin, ammo yozish afzal sanaladi. Yozganda, albatta, guvohlar ishtirokida yoziladi. Qarzni guvohlar ishtirokida yozib qo‘yishda ikki tomon uchun ham manfaatlar bo‘lib, bu bilan qarzdorning ham, qarz beruvchining ham haqlari himoya qilingan bo‘ladi. Gohida qarz beruvchi kishi qarzdorga xat-hujjat qilish haqida gapirishga hayo qilib ayta olmasligi mumkin. Shuning uchun bunga qarzdorning o‘zi tashabbus ko‘rsatib, yozib qo‘yishni taklif qilishi odob hisoblanadi. Shuningdek, agar qarz bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan bo‘lsa, qarz egasi ham har olgan haqini davomli ravishda yozib borishi lozim bo‘ladi.
Qarzdor qarzini to‘liq ado qilsa, qarz egasi qarz yozilgan xat-hujjatni qarzdorga qaytarib berishi yoki uning ko‘z o‘ngida yirtib tashlashi yoki uning qarzdan qutilganligi haqida tilxat yozib berishi lozim bo‘ladi. Bu ishlarni qarzdor talab qilmasa ham, qarz beruvchining o‘zi qilishi kerak. Agar qarz bergan kishi bergan qarzini to‘liq olganidan so‘ng mazkur ishni qilmasa, qarzdor undan bu ishlarni qilib berishini so‘rashga tortinmasligi kerak. Chunki bunga e’tiborsizlik qilish gohida turli noxush holatlarga sabab bo‘lib qolishi mumkin.
Foyda keltirishga sabab bo‘luvchi qarz haromdir
Qarz beruvchining qarzdordan o‘zi uchun biror foyda olishini shart qilib qarz berishi harom hisoblanadi. Ammo qarz beruvchi biror foydani shart qilmagan va o‘sha jamiyat vakillari orasida qarz berganga nimadir foyda keltirish odat ham bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda qarz beruvchining qarzdordan biror manfaatdor bo‘lishida zarar yo‘q ekaniga fatvo berilgan.
Demak, qarz beruvchi qarzdorga biror foydani shart qilib qarz berishi mumkin emas. Shuningdek, shart qilmasa ham, qarzdorlar nima bilandir qarz egalariga foyda berishlari jamiyat vakillari orasida odatga aylanib qolgan bo‘lsa, mazkur foydani olishi ham halol bo‘lmaydi.
Shu ma’noda qarz bergan kishiga qarzdor hadya bersa, uni qabul qilishi mumkinmi degan savolga ulamolar quyidagicha javob berganlar:
- agar qarz sababli emas, balki oralaridagi qarindoshlik yoki do‘stlik sababli berayotganini aniq bilsa, bunday hadyani qabul qilishining zarari yo‘q;
- agar qarz sababli berayotganini bilsa, qabul qilmaydi;
- agar nima sababli hadya berayotganini aniq bilmasa, to bilgunicha qabul qilmay turishi afzal bo‘ladi.
Qarz qayerda qaytariladi?
Qarz qaysi shaharda olingan bo‘lsa, o‘sha shaharda qaytariladi. Ammo ko‘tarib kelish va yo‘lda talafot ko‘rish xavfi singari biror noqulayliklar bo‘lmasa, boshqa shaharda qaytarsa ham bo‘ladi. Shuning uchun qarz beruvchi biror noqulaylik sababli qarzini boshqa shaharda qabul qilmaslikka haqi bo‘ladi.
Agar qarz beruvchi boshqa bir shaharda qarzdordan qarzini qaytarishni talab qilsa, qarz o‘sha shahardagi narxga ko‘ra emas, balki qarz olingan shahardagi narxga ko‘ra qaytariladi.
Abdulqodir ABDUR RAHIM
Manba: Mumina.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi