O‘shanda institutda to‘rtinchi bosqichda o‘qirdik. Paxtakorlarga yordamlashish uchun bizni ham hasharga olib chiqishdi. Cho‘l hududidagi qishloqlardan biriga joylashdik. Har kuni tongda odam tashishga mo‘ljallangan yuk mashinasida uzoq-uzoqlardagi paxta dalalariga borib paxta terardik. Dugonam Oyjamol biz paxta terayotgan tumandan bo‘lgani uchun, ayrim paytlarda navbatchi domlalardan javob so‘rab, uyiga borib kelardi. Shunday kunlarning birida falokat yuz berib, dugonam yo‘lda avtohalokatga uchradi.
Kasalxonaga yetib borganimizda, Oyjamolning dokaga o‘rog‘liq tanasini ko‘rib qo‘rqib ketdik. Uch kundan so‘ng dugonam ko‘zini ochdi. Ammo… bir oyog‘i tizzadan teparog‘idan kesilgan edi.
– Yashagim kelmayapti, bundan ko‘ra o‘lganim afzal edi. Endi cho‘loq bo‘lib sudralib yuramanmi?..
Oyjamol oyog‘i kesilganini bilib, dod solib yig‘lay boshladi. Unga taskin-tasalli berishga har qancha urinmaylik, eshitishni ham istamay qoldi.
— Menga hayotning qizig‘i yo‘q. Cho‘loq qiz kimga ham kerak? Hayot kitoblardagidek emas. Hammasi yaxshi bo‘lavermaydi hayotda! Menga taskin beravermanglar, baribir ishonmayman. Qaytanga ruhimni battar cho‘ktiryapsizlar, — derdi.
Vaqt — mahoratli tabib. Yillar o‘tishi bilan garchi dugonamning bir oyog‘i kesib tashlangani uchun ko‘ngli kemtik bo‘lsa-da, ancha o‘ziga keldi, yasama oyoqda yurishga ham o‘rganib ketdi. Oyjamol bizdan bir yil keyin o‘qishini tamomladi. Talabalik tahsilidan keyin birin-ketin kursdosh qizlar turmushga uzatila boshladik. Oyjamol kursdoshlarning to‘yiga borganida, mahzun bo‘lib, mung‘ayib qolardi. Keyingi safar yana bir dugonamizning to‘yiga birga boramiz deb uyiga o‘tsam, ko‘nmadi:
– Qo‘ying, men bormasam ham, o‘sha to‘y yaxshi o‘tadi. O‘zingiz borarsiz, uydan chiqqim yo‘q…
Harqancha urinmay, baribir Oyjamol to‘yga borishga rozi bo‘lmadi. Dugonamni shu ahvolda tashlab to‘yga borish mening ham ko‘nglimga sig‘armidi?! Shu tun dugonam bilan birga qoldim.
– Men ham shunday oppoq liboslarda, yor-yorlarda kelin bo‘larmikanman?.. — deb qoldi dugonam yumshoqqina o‘rinlarimizga cho‘zilar ekanmiz. Dastavval uning bu tushkun savolidan esankirab qoldim, so‘ng o‘zimni qo‘lga olib:
– Xudo xohlasa, albatta, kelin bo‘lasiz. Hamma qizga ham yor-yor aytiladi, dugonajon, — dedim.
Oyjamol ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
– Ko‘nglimni ko‘tarmay qo‘yavering, menday cho‘loq qizni kim ham yaxshi ko‘rardi? Bir yigit har kuni o‘qishimga izlab boradi. “Sizni baxtli qilaman, har qanday qiyinchiliklarga roziman. Uyimdagilar ham hammasidan xabardor” deb, hol-jonimga qo‘ymayapti. Sovchilari ham besh-olti marta kelishdi. Rad etdim. Oyog‘im cho‘loq bo‘lsa, ertaga yasama oyoq bilan qaynana-qaynataning xizmatini qila olamanmi? Hozir sevgi-muhabbat deb o‘zini o‘tdan cho‘qqa urayotgan yigit ertaga ehtiroslari so‘nib, menga uylanganidan pushaymon qilmaydimi? Men bilan taqdiri qo‘shilganidan o‘kinmaydimi?.. Ha, mayli, taqdirimda baxtli bo‘lish bitilmagan ekan…
Dugonamga nima deyishni bilmay qoldim. Bu toifa kishilarning ko‘ngli juda nozik bo‘ladi. Hozir yaxshi kunlar umidiga undab gapirganim bilan, Oyjamolning yaralariga malham qo‘yish o‘rniga uni tirnab qo‘yishim ehtimoli ko‘proq edi.
Oyjamol aytgan yigit chindan ham subutli, ahdidan qaytmaydigan ekan. Oxiri dugonamning ko‘ngliga yo‘l topib, turmushga chiqishga ko‘ndirdi. Turmush qurishdi. Farzandli bo‘lishdi. Mana, o‘ttiz besh yildan beri birga umrguzaronlik qilib kelishadi. Ularning o‘zaro mehr-muhabbatiga, sadoqatiga havasi keladi kishining. Hozirgi kun yoshlarining “o‘ldim-kuydim, sevaman-yonaman”lariga qarab turib, dugonam bilan pochchamizning muhabbatu sadoqatini o‘ylayman. O‘sha paytda Oyjamol pochchaning sovchilarini uydan haydashgacha borgandi… Ammo ular hech qachon ortga qaytmadilar. Nega hozirgi yoshlarda bunday fazilatlarni topish muammo bo‘lib qoldi?…
Hayotni kuzatar ekanman, ko‘p narsada muvozanat yo‘qolib borayotganidan ko‘nglimda og‘riq uyg‘onadi. Bugun odamlar orasidan vafodor, sadoqatli insonlarni topish ancha mushkul bo‘lib qoldi. “Nima uchun?” degan savolga javob berish juda qiyin. Balki qalbimiz qattiqlashib ketgandir, balki davrimizga kelib sadoqat ohorini yo‘qotgandir. Balki vafodorlarning qalbi bevafolik tig‘idan yara bo‘lgandir. Xullas, savollarga javob topish mushkul…
Umida ADIZOVA.
Manba: Tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi