12:14 / 09.04.2018
6 505

Ruhiy tushkunlikdan saqlaning

Ruhiy tushkunlikdan saqlaning
Charchoq, parishonlik, g‘azablanish, maqsadsizlik — bularning hammasi ruhiy tushkunlikning belgilari hisoblanadi. Agar darhol chora ko‘rmasangiz, nafaqat ishga bo‘lgan qiziqishni, balki ishingizni ham yo‘qotishingiz mumkin.

Ruhiy tushkunlik sindromidan ko‘pincha doimo odamlar bilan ishlaydiganlar aziyat chekadi, deb hisoblashadi. Ammo bu boshqa kasb egalari bu muammoga duch kelishmaydi, degani emas.

Dam olish kunlari dam olish uchun beriladi!

Yilda bir marta to‘laqonli ta’til olish kerak, degan o‘zgarmas qoidaga aniq amal qiling. Ta’til paytida ishdan qo‘ng‘iroq qilib, bezovta qilmasliklari uchun mas’uliyatli hamkasbingizga ishingizni tushuntirib, u ta’tilga chiqqanida siz ham unga yordam berishingizni ayting.

Dam olish kunlari dam olish uchun berilishini unutmang. Uy yig‘ishtirish, kir yuvish, dazmol qilish va ovqat tayyorlash kabi uy ishlarida oila a’zolaringiz sizga ozgina ko‘maklashib yuborishsa, madaniy hordiqqa ham vaqt topiladi.

Bu hali hammasi emas. Ish joyingizda ham kichik tanaffuslar qilishingiz mumkin. 1 soat berilib ishlagandan keyin 10 daqiqa dam oling. Bu vaqtda choy ichish, ochiq havoga chiqish, hamkasblar bilan bir oz hazil-huzul gaplar aytib, kayfiyatni ko‘tarish, yaqinlaringizga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Maqsad va sabab bo‘lsin!

Insonning biror ishni qilishdan maqsadi, uni ishga borishga qiziqtiradigan sabab bo‘lishi lozim.

Agar kasbingiz ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, odamlarga yordam berishingiz, ularning hayotini bir oz bo‘lsa-da yaxshilashga hissa qo‘sha olishingizni ko‘rsangiz, o‘zingizni kerakli va muhim inson deb his qilasiz. Ayrimlar hamkasblardan yaxshiroq va muvaffaqiyatliroq bo‘lishga harakat qilib, o‘zlarini tez ishlashga majburlay olishadi. Agar o‘z muvaffaqiyatingiz ham sizni qoniqtirmasa, ishingizdan ko‘nglingiz to‘lmasa, ertalab ishga borishingizga arziydigan yaxshi sabab topishga harakat qiling. Juda bo‘lmaganida, kommunal to‘lovlarni to‘lash kerakligini o‘zingizga eslatib turing.

Muvaffaqiyat uchun sog‘lig‘ingizni garovga qo‘ymang

Xizmat pog‘onasidan ko‘tarilish va shuhratga erishish — bu yaxshi, albatta. Ammo ba’zida muvaffaqiyat ketidan quvib, inson o‘zini holdan toyguncha ishlashga majbur qiladi. Dam olish kunlari ham ishlaydi, tushlik qilmaydi, hamma vaqt ish haqida o‘ylaydi. Doimiy ziqlik va asabiylashishlar sog‘lig‘ingizga zarar yetkazadi. Xizmatda ko‘tarilishga intilishdan oldin bu maqsadingiz egilmas robotga aylanib ishlashingizga arziydimi, yo‘qmi, o‘ylab ko‘ring.

Muhitni o‘zgartirib turing

Har doim bir xil va o‘zgarmaydigan ish odamni tezda zeriktirib yuboradi. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan nimanidir o‘zgartirib turish kerak. Yangi ko‘nikmalarni o‘rganib, zimmangizga yangi vazifalarni olishingiz mumkin. Muhitni o‘zgartirish uchun boshqa bo‘limga yoki kompaniyaning boshqa filialiga o‘tishingiz, o‘zingizga shogird olishingiz ham mumkin. Asosiysi — bitta joyda turib qolmaslik, yangilikka intilish.

Ruhiy tushkunlik sindromini davolashdan ko‘ra, oldini olish oson. Shuning uchun o‘zingizni asrang, shug‘ullanayotgan ishingizni yaxshi ko‘rib bajaring, shunda ishdan zavq olasiz.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ruhiy tushkunlikdan saqlaning