13:23 / 11.05.2018
5 851

Tuyakash va faylasuf

Tuyakash va faylasuf
Bir badaviy tuyasiga ikki qop yuklab, o‘zi ham ustiga minib, yo‘lga chiqibdi. Yo‘lda parishon bir faylasufni uchratibdi. Faylasuf hazil orasida badaviydan so‘rabdi:
— Tuyaning ustidagi qoplarda nima bor?

Badaviy:
— Birisida to‘la bug‘doy, birisida qum.
— Nega qum to‘ldirding?

Badaviy javob berdi:
— U qop bo‘sh qolmasin. Tuyaning ustida muvozanatni saqlasin deb.

Faylasuf badaviyga:
— Aqlingni ishlatib, bu bug‘doyning yarmini bu qopga, boshqa yarmini esa u tarafdagi qopga qo‘ysang, ham tuyaning yuki yengillashardi, ham qoplarning, debdi. Badaviyga bu fikr ma’qul tushibdi.

— To‘g‘ri, o‘ylamagan ekanman, — deb shunday qilibdi.

Turib-turib bu darajadagi aqlli odamga qiziqib qolibdi. Qanday qilib bu aqlli odam shunday parishon holda yuribdi ekan, deb o‘ylabdi. Qiziqishini yashirmay so‘rabdi:
— Ey aqlli odam, senda shuncha aql, shuncha fikr bor ekan, nega yayov yurib, o‘zingni charchatyapsan? Bu aqling bilan sen yo sultonsan, yo vazirsan. To‘g‘risini ayt, kimsan?

Faylasuf javob berdi:
— Ikkisi ham emasman, oddiy bir odamman.

Badaviy yana so‘radi:
— Qancha tuya, qancha ho‘kizing bor?
— Hech qancha.

— Yaxshi, do‘koningdagi mollar-chi? Undan gapir?
— Mening na do‘konim, na yerim, na yurtim bor. Men faylasufman.

— U holda qancha puling bor?
— Pul u yoqda tursin, hatto non olishga bir chaqam ham yo‘q. Yalang oyoq, boshpanasizman. Bu qadar hikmat va ilmdan faqat xayol va bosh og‘rig‘ini topdim.

Badaviyning bu gapdan jahli chiqibdi:

— Yo‘qol, ket, bu yerdan. Sening ilming, nasihating menga ham zarar keltiradi, boshimni og‘ritadi. Sen shu yo‘ldan ket, men bu yo‘ldan. Bir qopimda bug‘doy boshqasida qum bo‘lishi sening hikmatingdan, foydasiz va keraksiz falsafangdan yaxshiroqdir.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tuyakash va faylasuf