10:27 / 21.07.2018
4 779

Ixlossizlik iztiroblari...

Ixlossizlik iztiroblari...
Bir odamga bor muhabbating va umidlaringni to‘kib solasan. Sen butunlay uning oldida taslim bo‘lasan, hatto zaif taraflaringni ham ochib tashlaysan. Sen uning yagona ekaniga shubha ham qilmaysan. Ya’ni, ishonsa bo‘ladigan yagona inson deb bilasan. Ich-ichingdagi sir-asrorlaringni aytish mumkin bo‘lgan yagona inson va sen unga barcha narsangni ishonib topshirishing mumkin.

Biroq, shunday bir kun keladiki, sen o‘zing qurgan dunyo qulab tushadi. Shunday narsa bo‘ladiki, sen ideal deb tasavvur qilgan o‘sha odam haqidagi fikrlaring parchalanib ketadi. Yuragingni tilka pora qiladigan azobdan so‘ng, bu inson sen uchun barcha narsa bo‘lgan bo‘lsa ham, endi u sen uchun hech narsa emasligini tushunib yetasan. U endi sen uchun munofiqdir.

Sotqinlikka uchragan odam hech narsa bilan qiyos qilib bo‘lmaydigan azoblarga giriftor bo‘ladi. Hech kim aldanishni, ahmoq sanalishni va o‘yin bo‘lishni istamaydi. Biroq o‘zimiz taxtimizga noo‘rin o‘tqazib qo‘ygan shaxsning (narsa, hayolot, mafkura, g‘oya va hokazolar) yashirin taraflari ochilib qolsa, aynan shunday bo‘ladi-da. Noxolislik oqibati azob beradi.

Endi munofiqlik qilgan sotqin o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Ehtimol siz hech qachon bunday nomunosib ishni qilmasligingiz, orqaga xanjar urmasdim, degan ma’nodagi so‘zlarni aytarsiz. Biroq yanada diqqatroq nazar soladigan bo‘lsak bu kabi munofiqlik o‘zimizda ham topiladi. Inson qalbi zarrasigacha eng ixlosli bo‘lishi lozim bo‘lgan Egamizga munofiqlik qilib qo‘yamiz.

Namoz tugatib qo‘yishda dangasaligimiz oshib ketadi. Aldaymiz, o‘g‘irlik qilamiz va g‘iybatlardan charchamaymiz. Tilimiz, ko‘zimiz, quloqlarimiz va qo‘llarimiz bilan harom ishlar qilib qo‘yamiz. Nafs dunyosiga butunlayicha g‘arq bo‘lib ketamiz va yana orqasidan Alloh taologa muhabbatimiz va sodiqligimiz haqida ham gapirib qo‘yamiz. Balki bu haqiqiy muhabbat va sodiqlikdir, biroq amallarimiz buning aksini ko‘rsatib turibdi. Natijada, ich-ichimizning tubidan munofiqlik qilayotganimizni tushunib, anglab turamiz. Ko‘pchiligimiz astoydil tavba qilganidan so‘ng ham ma’siyatga beriladi, ba’zilar esa haqiqatdan ham to‘g‘ri yo‘lni topib ketadi, biroq ko‘pchiligimiz gunoh va ma’siyatga yanada ko‘proq g‘arq bo‘ladi.

Alloh taologa nisbatan qabul qilib bo‘lmaydigan noxolislik nima ekanini bilasizmi? Alloh taolo G‘oniydir, U hech narsaga muxtoj emas. U bizning ixlosimizga muhtoj emas, aksincha biz muhtojmiz. Shunday qilib, Alloh oldidagi sohtakorlik, munofiqligimiz o‘zimizga qarshi hujjat bo‘ladi. Biz doim qirrada yuramiz, hotirjamsizlikka mubtalo bo‘lganmiz, o‘zimizdan nafratlanib, azob ichida qolamiz. Biz haqiqatdan ham o‘zimizga qarshi jinoyatchiga aylanamiz.

So‘nggi vaqtlar o‘zimga qayta-qayta bir savolni beraman: men qanchalik xolisman? Dindorligim faqat Qur’on va Sunnatdan iqtiboslarni takrorlashdan iborat bo‘lib qoldi, ulardan dars olmayapman, amal qilmayapman. Internetdan kerakli ma’lumotlarni qo‘yishda, ularni bir zumda tarqatishda menga yetadigan bo‘lmasa kerak. Avvaliga, ular kimgadir kerak (umuman olganda hozir ham shunday fikrdaman), deb o‘zimni o‘zim aldar edim, ammo vaqt o‘tishi bilan, aslida bu narsalar meni boshqalardan ustun qilishi hissini keltirib chiqarishini tushunib yetdim. Mana aynan shu mening ixlossizligim. Bilasizmi, nimaga shunday? Men bunday musulmon bo‘lishni istamayman, men tashqaridan qaralganda oddiy musulmon lekin ich-ichimdan kuchli mo‘min-musulmon shaxs bo‘lishni istayman.

Muhtaram akalar-ukalar, opa-singillar, siz ham Alloh taologa nisbatan ixlossizligingizni his qilganda azob chekasizlarmi? Gunoh ish qilib qo‘yganingizda bezovta bo‘lib, vahimaga tushasizmi? Men nima demoqchi bo‘lganimga tushunib turganingizga aminman. Demak, fikr yuritishimizga ozgina bo‘lsa ham sabab bor ekan: balki Alloh taologa nisbatan chin ixlos kamligi haqida o‘ylab ko‘rish aslida yaxshilikdir? Balki Robbimiz, xatolarimizni bizga ko‘rsatib O‘ziga toza iymon bilan qaytishimiz uchun imkon berayotgandir? Endi tasavvur qiling, biron bir gunohga qo‘l urib hech narsa bo‘lmaganidek o‘zimizni his qilsak-a?! Alloh taolo bizni yer yuzida yurgan million insonlar kabi ma’naviy ko‘r qilib qo‘yganida nima bo‘lar edi-a?

Shuning uchun ham ixlosimiz yo‘qligini anglab yetishimiz, so‘ng tavba qilib Uning o‘ziga qaytishimiz bu biz uchun najotdir. Alloh taoloning marhamatidan noumid bo‘lmasdan, ixlossiz qilayotgan amallarimizga bahona qidirib, ma’siyatlarda davomli bo‘lib qolmaylik. Buning o‘rniga gunohlarimizni tan olib, so‘ng astoydil chin ko‘ngildan tavba va istig‘forlar bilan amal qilaylik. Unga qaytishni inkor qilmang, shunda U bizni bu azoblardan xalos etadi, InshaAlloh.
Abu MUSLIM

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ixlossizlik iztiroblari...