Ayol jinoyat qilibdi... Yosh o‘smir jinoyatga qo‘l uribdi... Bu kabi xabarlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Aslida, bular – natija. Ularni keltirib chiqaruvchi sabablar qayerda? Quyida shular haqida.
Birinchidan, iqtisodiy omil. Ishsizlik, oiladagi yetishmovchilikka chora topa olmaslik jinoyatlarga eshik ochmoqda. Bu oson yo‘lligi ma’lum, ammo ayrim insonlar tegishli idoralarga bir yoki ikki marta murojaat qilishida muammosi hal bo‘lmaganidan tuzumga nisbatan negativ xulosalarga borishi mumkin. Ularning nazarida, go‘yoki qonunlar ishlamaydi, davlat xalqni o‘ylamaydi... Yaratilayotgan imkoniyatlar, qulayliklardan foydalanish muayyan qiyinchiliklarga ham ega. Masalan, bankdan kredit olish uchun avval unga aniq mablag‘ qo‘yish talab etiladi. Paradoks. 20 000 000 puli bor odam 50 000 000 olishga ehtiyoji bormikan? Axir, puli yo‘q odam banklarga murojaat qilmaydimi? Yoki kredit olish uchun to‘planadigan hujjatlar rang-barangligini aytmaysizmi? Go‘yo odamlar banklarga kredit so‘rab murojaat qilmasin, deya atay shunday qilinayotgandek. Axir, odamlar “Rossiyada 20 daqiqada rasmiylashtirishar ekan”, “Qozog‘istonda bundoq ekan”, “Falon mamlakatda undog‘ ekan...” degan gaplarni eshitmoqda, borganlari guvoh bo‘lishmoqda – aytishmoqda. Biz shunday axborot davrida yashamoqdamiz. Yurtimizdagi bu holat esa tabiiy bank ish tizimidan noroziliklarga, ularga ishonchsizliklarga sabab bo‘lmoqda.
Shu sabab bank muomala tizimini, shuningdek, bank va mijozlar o‘rtasida tuziladigan shartnomalarni soddalashtirish maqsadga muvofiq. Ularning birtomonlama bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Ham bank, ham mijoz manfaatlari ko‘zda tutilgan xizmatlarni taklif etish kerak bo‘ladi.
Yana bir gap. Yurtimizda qanchadan-qancha uylar qurilmoqda. Lekin... Ular, birinchidan, qimmat, ikkinchidan, uning birinchi badali hisobiga uy qurish mumkin. Buning ustiga, uy oluvchi, birinchidan, bankdan olgan mablag‘ining foizini to‘lamoqda (15 yilga bo‘lib to‘lasa ham, foiz miqdori har qanday odamga malol keladigan darajada katta). Ikkinchidan, uy narxining o‘zi qimmat. O‘rganish natijalariga ko‘ra, hozirda oddiy qishloq fuqarosi o‘ziga mos to‘rt xonali uyni (odatda, qishloqlardagi aksar uylar to‘rt xonali quriladi) bitkazib, yashash uchun yaroqli holga keltirishi uchun ko‘pi bilan 70-80 000 000 kifoya qilar ekan. Chunki ba’zi qurilish ashyolari o‘zidan chiqadi, ba’zisi yaqinlari, do‘st-yorlari tomonidan ehson qilinadi. Yoki xalqimizda hali ham hashar madaniyati mavjud. Ba’zi odamlarda usta tekinga yoki arzon pulga xizmat qilib beradi.
Demak, odamlarga tayyor uy-joy qurib berish bilan bir qatorda ularga yer berish amaliyotini rivojlantirish yaxshi natija berishi mumkin. O‘zlari qurib olsin. Bunda qurilish ishlariga aniq vaqt belgilanishi hamda uy-joy uchun ajratilgan yer uchastkalarini sotmaslik joriy etilishi maqsadga muvofiq. Buning uchun esa banklar uy-joy qurish uchun maxsus kreditlar joriy etishi mumkin bo‘ladi. Shunda fuqarolar 300 000 000 emas, 50 000 000 kredit olishi mumkin bo‘ladi va eng muhimi, ularda bu mablag‘ni to‘lash qobiliyati mavjud. Uy-joy qurib berayotgan pudratchilarga davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar uchun ajratilgan mablag‘ esa yolg‘izlar, o‘ta muhtojlar, olimlarga yo‘naltirilsa, ularga uy, mashina ko‘rinishida taqdim etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda ilm-fanning rivojiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ikkinchidan, ijtimoiy omil. Hayotda har xil voqealar sodir bo‘ladi. Qo‘shnichilik, qarindoshlar, ishxonadagi munosabatlar har doim ham ko‘ngildagidek kechavermaydi. Ularni aql bilan yechish o‘rniga hissiyotlarga erk berish, tazyiq o‘tkazishga harakat qilish noxushliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, keyingi paytlarda yaqinlar, qo‘shnilar, jigarlar o‘rtasida kelishmovchiliklar avj olayotgandek. Eng yomoni, ijtimoiy tarmoqlar buni ommaga yoyib, targ‘ib qilmoqda. Odamlar ulardan bexabar bo‘lsa, o‘zi shunday holga tushganida ezgu, aqlli yechimga kelishi mumkin. Shu o‘rinda shukr madaniyatini shakllantirish muhim. Shuningdek, mahalla instituti faoliyatining ma’lum qismi ma’rifat targ‘ibotiga yo‘naltirilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi.
Uchinchidan, johillik. Bu so‘zdan kitob o‘qimaydigan, o‘qiganiga amal qilmaydigan, har joyda ko‘rganiyu eshitganiga ko‘r-ko‘rona taqlid qiladigan insonlar nazarda tutilmoqda. Johil shafqatsiz – vahshiy, zolim; mehrsiz, befarq, loqayd, mas’uliyatsiz bo‘ladi. Johillarning bir turi o‘z fikrinigina ma’qullaydigan, o‘zgalarni ahmoq sanaydigan xudbin odamdir. Bu kabi insonlarning ko‘payishi oilalar notinchligi uchun bir sababdir. Zero, oilada bolalar ham, ayollar ham tinglanishi, hurmat qilinishi lozim. Johil er nohaqligi ayrim ayollar va bolalarni jinoyatga yetaklamoqda. Shu sababdan bo‘lsa kerak, erini o‘ldirgan ayol haqidagi shum xabar eshitilmoqda. Otasiga qo‘l ko‘targan bola maqola qilinmoqda. Bu ayol va bola jinoyatchi, gunohkormi yoki jabrdiyda? Bu o‘rganilishi kerak. Chunki oiladagi bosh tarbiyachi – ota ma’naviyatining pastligi, johilona xatti-harakatlari bilan oilasi a’zolarini o‘ziga qarshi qiladi. Shu taxlit ota-bolalik, er-xotinlik, aka-ukalik, opa-singillik munosabatlariga darz ketmoqda, oqibat ko‘tarilib, qadriyatlar unutilmoqda. Ularni qaytarish aksar jinoyatlarga barham berishdir. Buyuk alloma Abu Nasr Forobiy shunday deydi: “JOHIL va adolatsizlik uchun esa ezgulik yo‘q va ular baxtga erisha olmaydilar. Ular uchun hatto hayot ham bir KULFATdir” (ta’kidlar bizniki – I.D.). Ko‘rinib turibdiki johillik – illat. Unday odam baxt nimaligini bilmaydi. Bu his unga begona. Hayot unga “kulfatdir”.
Jaholatning yana bir belgisi – vahshiylik. Qo‘shnisining bolalari hayotiga qasd qilgan inson degan nomga munosibmi? Axir, manbalar qo‘shnining haqi eng yaqin qarindoshlarga tenglashtirilgan-ku!? Bizning nazarimizda, bunday jinoyatlar uchun bir sabab – ko‘rolmaslik, hasad. O‘zi harakat qilmaydi, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni istamaydi – boqimandalik kayfiyatiga berilgan, ammo zamon bilan hamnafas qo‘shnisiga hasad qiladi. Uni ham o‘zi kabi “bersang, yeyman. Ursang, o‘laman” qabilida yashashini istaydi. Xalqona qadriyatlarni unutgan bunday inson ham qonuniy, ham ma’naviy jazoga mustahiqdir.
Shunga ko‘ra, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish davr talabi bo‘lib qolmoqda.
To‘rtinchidan, oilaviy nizolar. Ona eridan xafaligi uchun bolalarini o‘ldirmoqda. Go‘yoki shu bilan eridan o‘ch olmoqda. Yoki hayotidan charchagan ona avval bolalarini o‘ldirib, keyin o‘z joniga qasd qilar ekan, tirik qolib, nima sababdan bu ishga qo‘l urgani so‘ralganida “bolalarim mendan keyin yashab nima qiladi, axir, ular men o‘lsam, azob-uqubatlar girdobida qoladi-ku! Aslida, men ularni bu azoblardan qutqardim” tarzida javob bermoqda. Umuman olganda, bu ham jaholatning bir turi. Ammo onalik mas’uliyati va majburiyatini his qilmaslik hamdir. Farzandlarini o‘ldirgan ayrim “ona”larning tirik qolgani, aslida, har bir fuqaro uchun ibrat. Ular umrining qolgan qismini boshqalar ko‘zi o‘ngida vijdon azobida o‘tkazadi.
Beshinchidan, bizningcha, ruhiy zo‘riqqan ayrim insonlarga nima qilish kerakligini serial qahramonlari, multfilm qahramonlari o‘rgatmoqda. Ulardan o‘rnak olmoqda ayollar. Oxirgi sodir bo‘lgan voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim jinoyatlar serial, filmlar, multfilmlar syujeti bilan bir xil. Shunday mudhish voqeani aynan takrorlamoqda ayollar. Demak, efirga uzatilishi ko‘zda tutilgan seriallar, badiiy hamda animatsion filmlar ma’naviy tahlil etilishi, qadriyatlarimizga mos kelishi, ma’naviy tahdidi darajasi jiddiy o‘rganilishi kerak. Umuman, ayollar, xususan, farzand tarbiyasiga mas’ul onalarga taskin, sokinlik, tinch hayot kerak. Bu muhitni yaratish esa, shubhasiz, ota zimmasida. Bu – hozirda unutilayotgan qadriyat.
Bizningcha, erkaklar mas’uliyatsizligiga ma’lum darajada tashqi migratsiya ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Chunki ular umrining ko‘p qismini safarda – oilasidan uzoqda o‘tkazib, ro‘zg‘or muammolarini ayoli hal qilishiga o‘rgangan, ko‘nikkan. Qaytganidan keyin o‘z majburiyatlarini qayta qabul qilib olishga rag‘bati yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, er vakolatlarini o‘z ixtiyori bilan ayoliga topshirib qo‘yayotir. Bundan tashqari, eri yo‘qligida oila rahbarligini zimmasiga olgan ayol eri qaytganida “rahbarlik o‘rnini” bo‘shatishni istamayotir. Ayrim fuqarolarning mehnat migratsiyasidan kasalmand, bemor holda qaytayotgani ham ma’lum muammolarni keltirib chiqarayotgani sir emas. Natija aniq – nizolar, kelishmovchiliklar... Ruhiy zo‘riqish. Hissiyotlarga erk berish. Jinoyat.
Hozirda zamonaviy oilalarning alohida belgilaridan biri – ayollar hukmronligi (hech bo‘lmaganda ularning shunga intilayotgani va erkaklarning bunga yo‘l ochayotgani) qadriyatlar o‘zgaruvchanligiga dalolatdir. Hatto jentelmen odatlarida ham ayollar orqada yuradi va jentelmenga “xonim”ga ehtirom ko‘rsatishi, yordam berishi uchun sharoit yaratadi. Bugun-chi? Ayollar oldinda. Hatto orqada bo‘lsa ham, oldinga o‘tkazamiz. Harakat qilamiz. Agar shu ishni qilmasak, o‘zimizdan xafa ham bo‘lamiz – ayollarni hurmat qilmagandek sezamiz o‘zimizni!? Bu sekin-asta gap-so‘z va xatti-harakatlar-u qaror qabul qilishda ham ko‘rinmoqda. Oxirgi so‘zni ular aytsin!? Bu qaydan keldi? Ayol mutlaq haq, u barcha narsani bilguvchi aqidasiga qanday ko‘nikyapmiz? Yoki erkaklarning aqllari shu qadar o‘tmaslashib qoldimi? Yoki ayollarga e’tiroz bildirishdan, ularga nasihat qilishdan charchadikmi? Bu ishlarning natijasi nima uchun bizni tashvishga solmayapti?
“Hasanboydan boshlangan hayot” nomli asarda keltirilishicha, Chor Rossiyasi elchisi angliyalik harbiylarga turkiy dunyo davlatlari tazyiqda ushlab turilmasa, ular tezda birlashib, qudratli mamlakatga aylanishi, binobarin, ularning umum birlik qonunlari borligini aytadi. Elchi bu yurt odamlarini birlashtiruvchi bosh omil sifatida quyidagilarni ta’kidlaydi:
1. Ota – bu yurt odamlari bobolarining yerlarini, kindik qoni to‘kilgan joy deb, muqaddas biladilar, doimiy uyushgan holda uni himoya qiladilar. Jamoaviylik – xalqimizga xos fazilat. U hatto raqiblar tomonidan ham e’tirof etilgan.
2. Ular otning ustida tug‘ilgan, erkag-u ayol – hammasi chavandoz. Harbiy xalq. Dunyoni boshqargan xalq bo‘lgan. To‘qqiz marotaba imperiya tashkil etgan. Agar ular birlashsa, ularga teng kelib bo‘lmagan. Shuning uchun ularni bo‘laklarga bo‘lib, yasama nomlar bilan millatni atab, tazyiqda ushlab turilmasa, tezda birlashib, qudratli kuchga, qudratli mamlakatga aylanganlar.
3. Ulardagi harbiy salohiyat, shunchalik kuchliki, hatto bolalari ham, ayollari ham harbiy. Yoshlikdan boshlab qurol va ot bilan mashq qilganlar. Ularning asosiy harbiy ko‘makchisi otlar bo‘lgan. Turk dunyosi otlari juda chidamli, juda chopqir bo‘lgan. Ayollari bir vaqtning o‘zida bola emizib, ovqatlanib o‘tirar, bir nafasda otga minib, mohir chavondoz va mohir jangchiga aylangan.
4. Turklarda til birligi mavjud bo‘lgan. 70-80 foizi bir tilda so‘zlashgan, tezda tillashib, aka-singil va ota-bolaga aylangan. Bu o‘rinda muhim xislat – birlashuvchanlik haqida so‘z bormoqda. Keyingi paytlarda ayni shu fazilatga ehtiyoj ortmoqda. “Menga nima?” degan boqimanda, loqayd tushunchaga barham berilmas ekan, taraqqiyotda, ma’naviy birlikda ijobiy natijaga erishish mushkul.
5. Ularda umum din birligi bor. 70 foizi bir dinda – Islom dinida. Diniy e’tiqodlari juda kuchli. Chunki ulardan Islom olamining sarkardalari, allomalar, avliyolar, obidlar yetishib chiqqan. Payg‘ambarlari – Muhammad sollallohu alayhi va sallam.
6. Ularda farzandlik burchlariga juda yuqori amal qilganlar. Ota-bobolarining aytganlari qonun bo‘lgan. kattalarning, rahbarlarning amri vojib bo‘lgan (ta’kid – I.D.). Ularning xohishlari so‘zsiz bajarilgan.
7. Ular oilasiga, yashab turgan yerlariga o‘ta sadoqatli bo‘lib, Oilada ota hukmron bo‘lgan. Odati bo‘yicha Allohdan keyin otaning har bir aytgan so‘zi bajarilgan. Oila qoidalarini ota belgilagan (ta’kid – I.D.). Shuningdek, ular o‘z tarixiga, ajdodlariga o‘ta sadoqatli bo‘lgan.
8. Ota o‘n-o‘n bir yoshdan o‘g‘il bola tarbiyasi bilan shug‘ullangan. Kasb hunar, harbiy sir-sinoatlarni o‘rgatgan. Ota-onaning vazifasi bolalarni sog‘lom va savodli qilib tarbiyalash bo‘lgan. Har bir oilaning hunari va kasbi kori bo‘lgan.
9. Ota-ona, aka-uka, opa-singil juda mehribon bo‘lganlar. Ular bir-birlari uchun jonlarini ayamaganlar.
10. Ular ilmga juda chanqoq. Ilmli bo‘lishni bosh vazifa, deb bilganlar. Farzandlari ilmli bo‘lishlari uchun har qanday to‘siqlarni yengib o‘tganlar. Ular xalq qahramonlarini juda sevganlar. Ularni o‘zlariga o‘rnak deb bilganlar. Shuning uchun ko‘pincha farzandlariga xalq qahramonlarining nomlarini berganlar. Vatan ozodligi, Vatan ravnaqi doimo ularning qalblarida yashagan.
Bu ta’riflarning barchasi to‘g‘ri, haqqoniy. Ammo bularning qanchasini qadriyat sifatida saqlab qola oldik? Rus elchisi xalqimizdagi shuncha fazilatni ko‘ra bilgan. Hatto bu fazilatlarning yaxshi jihatlari-yu o‘zlari uchun tahdidini ham ko‘ra bilgan. Zero, ota qat’iy, bir so‘zli, ustuvor yurtni egallab bo‘lmaydi. Bunga tarix guvoh. O‘sha rus elchisi bugun yashaganida bizga qanday baho bergan bo‘lardi? O‘sha fikrida qat’iy qolgan bo‘larmidi?
Arab qo‘shinlari Afg‘oniston tomonlardan yurtimizni kuzatar ekan bu zaminning “madinatur-rijol”, ya’ni “erkaklar shahri (vatani)” ekani sabab bosib olish, egallash qiyin kechishi xabarini o‘z rahbarlariga yetkazganlar. Bu ogohlantirish bugungi kun uchun ham muhim.
Sabablar oqibatlarni keltirib chiqaradi. Har qanday jinoyat ortida ma’lum sabablar bor. Ular barham topsa, yurt tinch, ko‘ngillar xotirjam, oilalar mustahkam – ajrimlar soni kam bo‘ladi. Jaholatga o‘rin qolmaydi.
Irgash DAMINOV
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”