2018 yil 2 fevral
Men yashashni istamayman. Bo‘ldi. Hammasi jonimga tegdi. Nima qilsam ham bularga yoqmaydi. Yaxshi o‘qi, yaxshi o‘qi, deyishadi. Lekin, nima qilay qo‘limdan kelgani shu.
Nigoraga o‘xshab har kuni yangi telefon olib bering demasam, Rayhonga o‘xshab kunda yangi kiyim talab qilmasam, zo‘r kiyinmasam. Nima qilay, maktabda ham hech kim men bilan dugona bo‘lmaydi. Meni hech kim tushunmaydi. Hamma meni tinch qo‘ysin. Yolg‘iz qolgim kelyapti.
2018 yil 5 mart
Bugun yana shunday bo‘ldi. Endi Nigora bilan sirdosh bo‘laman, gaplashaman, degandim, menga qaramay, Durdona bilan ketib qoldi. Nega meni hamma yomon ko‘radi, bilmayman. Hech kimga yoqmayman. Hech kim menga biror gapini aytgisi, men bilan yaqinlashgisi kelmaydi. Otam ham, onam ham meni tushunmaydi. Ularni yaxshi ko‘raman. Lekin baribir meni tushunmaydi. Menga gapirmanglar, indamanglar, yolg‘iz qo‘yinglar meni.
2018 yil 7 may
Bo‘ldi. Bir qarorga keldim. o‘zimni o‘ldiraman. Hamma mendan qutuladi. Men ham ulardan birato‘la qutulaman. Bilganlarini qilishsin. Endi hech kim bilan ishim yo‘q. Maktab ham, dugonalarim ham, o‘qish ham jonimga tegdi. Xohlaganlarini qilishsin. Katta bo‘lsam, shifokor bo‘laman, oq xalat kiyaman, degandim. Bunga ishonmay qo‘ydim. Yo‘q, endi unday bo‘lmaydi. Endi menga farqi yo‘q...
Shu oqshom Hamidullayevlar xonadonida fojia ro‘y berdi. Hali 16 ga ham to‘lmagan qiz o‘z joniga qasd qildi. Hayotni to‘liq tushunmagan murg‘ak tasavvurning nega bu qarorga kelgani, nima uchun bunday mudhish ishga qo‘l urgani sabablari noaniq. Uning oilasi mahallada tinch, urush-janjalsiz oilalardan. Ota-onasi mehnatkash, ro‘zg‘or deb tinmaydigan odamlar. Oilada 3 farzand bo‘lsa, Zamira o‘rtancha qiz edi. Uning bir opasi va ukasi bor. Bu voqea nafaqat oila a’zolarini, balki butun mahalla ahli va maktab jamoasini ham larzaga soldi. Nega, nega, degan savollar o‘rtaga tashlandi.
Onasi:
— Qizim aqlli, odobli edi. Hech ham bu ishni qiladi, deb xayolimga kelmagan. To‘g‘ri, oxirgi paytlarda sal tergasak, o‘zimni o‘ldiraman, mendan qutulasizlar, deydigan odat chiqardi. O‘shanda darrov urishib, bunday gaplarni gapirma, deb tanbeh berardim. Men buni uning o‘tish davridagi injiqligidan bo‘lsa kerak, deb tushunibman. O‘zim o‘qituvchiman. Bunday yoshda qizlarga bir gap kam, ikkitasi ko‘plik qiladi, o‘tib ketadi-da, deb o‘ylabman. Hayot tashvishlari bilan ertadan kechgacha shular uchun ovoramiz. U buni to‘g‘ri tushunardi. Menga ro‘zg‘or ishlarida yordamchi edi. Odamoviroq bo‘lib qolganini ham aql kirib, quyilib qolganidan deb, xato qildimmi? Kechalari bilan uyqum kelmasdan o‘ylab chiqaman, nima qilib, shu ahvolga tushib qoldik ekan? Uning gaplariga vaqtida e’tibor qaratishim kerakmidi? Katta qizimda qiyin kechmagandi balog‘at yoshi. Bunda shu jarayonda yonida bo‘lolmadikmi? Ona bo‘lib turib uning yuragidagini o‘z vaqtida his qilmaganim uchun o‘zimni kechirolmayman.
Opasi:
— Singlim Zamira bilan yaqin o‘rtoq edik, deb aytolmayman. Ko‘pincha sal narsaning ustida ham talashib qolardik. Ota-onam u kichkina-ku, sen sal yon bossang bo‘lmaydimi, deb meni ko‘p koyishgan. Ammo, baribir opaligim tutib unga qizg‘anchiqlik qilganman. Darslarida ham yordam bergim kelmasdi. O‘zi bilib qilsa-da, deb turaverardim. Singlimning nima uchun bu ishni qilganini men ham ko‘p o‘yladim. Oxirgi paytlarda o‘zi sal boshqacharoq bo‘lib yuruvdi. O‘rtoqlariga ham qo‘shilmasdi. Uydan chiqqisi kelmasdi. Kamdan-kam kulardi. Faqat yig‘lamsirab, chehrasi hech ochilmasdi. Juda jizzaki bo‘lib qolgandi.
Sinfdoshi:
— Maktabda Zamira “a’lo” baholarga bo‘lmasa-da, yaxshi o‘qirdi. Uy vazifalarini o‘z vaqtida bajarardi. Yoshligidan yumshoqtabiat, muloyim, mo‘min-qobil, indamas qiz edi. Ko‘p narsani ichiga yutishi bilan ajralib turardi. o‘rtoqlari ko‘p emasdi. U-bu joyga boramiz, desak ham qo‘shilmasdi. Sinfimizdagi orqa partada o‘tiradigan qizlardan edi.
Shu voqeadan keyin ko‘p mutaxassislar kelib biz bilan ham suhbatlar o‘tkazdi. Har xil testlar olishdi. Ammo Zamiraning bu ishini hech kim tushunmadi, izohlab bera olmadi. Biz ham hayron qoldik. To‘g‘ri, oxirgi paytlarda juda jizzaki, boshqacha bo‘lib qolgandi. Yigitlar bilan umuman gaplashmasdi, hatto qizlar bilan ham o‘rtoq bo‘lgisi kelmasdi. Darslarda ham bir necha marta xayol surib o‘tirganini ko‘rganman. Go‘yo bizni umuman eshitmayotgandek tutardi o‘zini.
O‘qituvchisi:
— Zamira yomon o‘qimasdi. Tabiiy gumanitar fanlarga ko‘proq qiziqardi. Kelajakda shifokor bo‘lishni orzu qilardi. Yurish-turishi ham, odobi ham yaxshigina qiz edi. Biror marta sinfdoshlari bilan janjallashganini, sababsiz darslarni qoldirganini bilmayman. To‘g‘ri, juda faol emasdi, indamay kirib-chiqib yurardi. Bu xabarni eshitganda, hayron qoldik. Ota-onasiga achindik.
Balki maktabimizda haqiqiy psixolog mutaxassis ishlaganida, o‘g‘il-qizlar bilan doimiy ravishda suhbatlar o‘tkazib turganida, shu ish bo‘lmasmidi. Psixologimiz bor, ammo u mutaxassis emas. Vaqti-vaqti bilan bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan testlar o‘tkaza olmaydi. O‘tkazgan taqdirda ham uni mutaxassis sifatida tahlil qilib, kerakli xulosalarni chiqara olmaydi, nazarimda. Balki Zamira yoshlik qildimi, nima sababdan bu ishga qo‘l urdi, bu ishning juda katta gunoh ekanini bilmadimi? Nahotki, bilmasa. Biz g‘aflatda qoldik.
Mahalla raisi:
— Hamidullayevlar oilasi mahallamizdagi ibratli oilalardan biri. Biror marta urush-janjal bilan mahalla idorasiga kelmagan. Oila a’zolari hech qanday ro‘yxatda ham turmaydi. Bu vaziyatni qanday izohlashga ojizmiz.
Mutaxassis izohi:
— Zamira Hamidullayevaning otasi savdo xodimi, onasi o‘qituvchi bo‘lib, oila yaxshi ta’minlangan. Mahallada obro‘-e’tiborli oilalardan bo‘lgani uchun mahalla tomonidan voqea sodir bo‘lishidan oldin o‘rganilmagan.
Yuz bergan holatdan so‘ng mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasi, ichki ishlar va prokuratura, shuningdek, boshqa daxldor davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida holat batafsil muhokama qilindi. Mahallada uyushmagan yoshlar bilan maqsadli va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmagani aniqlandi.
Zamira tahsil olgan maktabda 528 nafar o‘quvchi bor. Maktab direktori, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, psixolog bilan suhbatlashildi.
Psixolog tomonidan umumiy yo‘nalishda testlar o‘tkazilgan. Suitsid holati yuz berganidan so‘ng suitsidga oid test o‘tkazilgan, ammo mazkur test natijalari, olingan xulosalar, testning xarakteri, mazmuni haqidagi savollarga qoniqarli javob olinmadi. Ma’lum bo‘ldiki, psixolog mutaxassis sifatida talabga javob bermaydi.
Maktab direktorining tashabbusi bilan o‘quvchilar o‘rtasida salbiy holatlar, jumladan, suitsidning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Shuningdek, maktab direktori o‘z telefon raqamini “ishonch telefoni” sifatida taqdim etganini aytsa-da, telefon orqali murojaatlari qayd etilmagan, hech qanday ro‘yxat yo‘qligi “ishonch telefoni” ishlamasligidan dalolat beradi.
Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarining yillik dasturiga o‘z joniga qasd va suiqasd holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kiritilmagan.
Psixolog:
— Bu yoshda o‘z joniga qasd qilish namoyishkorona ko‘rinish hisoblanadi. O‘smirlarning suitsidal xulqiga tengdoshlari va ota-onalari bilan shaxslararo munosabatlarning ta’siri sifatida qarash mumkin. Ya’ni yosh davri krizislari sababli shaxs ijtimoiy muhit, o‘zgarishlar, muammolarni yengib o‘tishga moslasha olmaydi. Ba’zan, hattoki televideniye orqali berilayotgan kinolar, roliklar, reklamalar ta’sirida ham o‘z joniga qasd qilishga moyillik uyg‘onishi mumkin. Agar shu xildagi sahnalarga ko‘zi tushsa, pessimist insonlarning miyasida bu narsa ko‘proq o‘rnashib, o‘zi tushgan vaziyatning yechimi sifatida qabul qiladi. Kuchli tushkunlikka, umidsizlikka tushish, yolg‘izlanish holatini boshdan kechirishga dosh berolmaydi.
Sabablar, izohlar turlicha. Ammo, nima bo‘lganda ham voyaga yetmagan, hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, bilmagan bir qiz o‘zini shu oilaga, maktabga, umuman, jamiyatga ortiqcha va keraksiz deb his qildi. Xudkushlikka qo‘l urdi. Bugun uning sabablarini, oqibatlarini sanashdan, yoki aybdorlarni qidirishdan yiroqmiz. Faqat bu jinoyat zamirida har bir insonga, har bir yurtdoshimizga daxldor bir masala borki, yaqin atrofimizdagilar, biz ardoqlagan insonlar va umuman, hamma-hammaga nisbatan yanada e’tiborli, yanada mehribon bo‘lish mas’uliyatini yuklaydi.
Munisxon KARIMOVA
Manba: “Xalq so‘zi”
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”