23:28 / 23.08.2018
6 440

Ota qargʻishi

Ota qargʻishi
Alloh taolo oʻz kalomida: “Erkaklar ayollar ustidan rahbardir”, deb erkak kishini xonadoni va oʻz ayolining rahbarligini bayon qildi. Ha, moʻmin musulmonlar oilasida er rahbardir. Rahbar esa har bir ishda qoʻl ostida boʻlganlarga bu dunyo va oxiratda javobgardir. Uy rahbari boʻlmish erkak oʻz vazifasiga masʻuliyat bilan yondashib, vaqtida farzandlariga mehr bersa, yana qaytaraman aynan mehr bersa, bolalirini yaxshilab tarbiyalasa, oʻqitib bilimli qilsa, Alloh harom qilgan amallardan qaytib, buyurganlarini bajarsa albatta oilasi va bolalarining ardogʻi, hurmat va izzatda boʻladi.

Afsuski oxirgi paytlarda baʻzi erkaklar oʻz vazifasini unutib qoʻymoqdalar. Oilasiga mehr berish oʻrniga koʻcha koʻyda sangʻiydi, aroqxoʻrlik qiladi. Mast boʻlib xotinini bolalarining oldida urib soʻkib, tahqirlaydi. Baʻzi birlari nihoyatda ezma boʻlib mijgʻovlik qilib, ikir chikir gaplarni gapirib, gʻiybatchilar kabi gap tashiydigan, haddan ortiq gumon qidiradigan, oilasiga baxillik qiladigan boʻladi. Oldidagi erlik vazifasini mutloq unutib qoʻyadi. Erning zulmi, ezmaliklariga sabr qilgan xotin oradan yigirma-oʻttiz yil oʻtib, bolalar katta boʻlgach hukmni qoʻliga oladi. Zoʻravon erga qarshi bolalarini gij-gijlaydi, yomonlaydi. Otasining badxulqlarini koʻrgan bolalar onaga quloq solib, otani jerkishni boshlaydi. Ona ish buyursa, bajaradi otaning gapiga quloq solmaydi. Bundan siqilgan erkak yana ichkiligini koʻpaytiradi, mijgʻovligi ortib boradi va oilada obroʻyi qolmaydi.

Yana baʻzilar qoʻliga molu dunyo tushgach maishat fahsh girdobiga tushadi. Oilasining oldida obroʻyi toʻkiladi. Bolalar otadan orlanadigan boʻlib, aytganini qilmaydi. Shu tariqa uyda xotin xoʻjayin boʻlib oladi. Ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqib erini kamsitadi. Endi erkak ayoliga tan berishga majbur, xotin nima desa itoat etadi. Hatto maslahat ham berolmaydi. Oʻgʻil-qizlar katta boʻlgan uray desa bola-chaqa, hamma boʻlib otaga hujum qiladi. Vaqtida oilasiga eʻtibor bermagan ota endi alamdan bolalarni qargʻab duoi bad qiladi. Natijada bolalar turli ofat. dard va balolarga uchraydi. Nima boʻlganda ham ota, ota-da! Onaning gapiga kirib otani urgan bola juvonmarg boʻlib, turli baxtsizliklarga uchraydi. Afsuski oxirgi paytlarda ushbu holat hayotda tez-tez uchraydigan boʻlib qoldi.

Oldimga uzoq viloyatga doʻstining toʻyiga borib qaytayotgan bir kishi toʻydagi holatni gapirib berdi.

“Toʻy nihoyatda katta tantana bilan boshlandi. Ikki yuz kilolik buqa soʻyildi. Toʻydan oldin masjid imomlarini eng zoʻrlarini chaqirib ehson qilindi. Qorilar xatmi Qurʻon qilishibdi. Savobini oʻtganlarning ruhiga bagʻishlandi. Amru maʻruf boʻldi. Eshitib rosa miriqdim. Ikkinchi kuni kechda bazm boshlandi. Kechagi ehson qayerdayu bugungi bazm qayerda? Bir necha yuz dona mast qiladigan ichimliklar dasturxonga tortilib, zoʻr xonandalar keldi.

Ichkiliklar avjiga chiqdi. Doʻstim ichkilik taʻsirida davraga tushib oʻynay boshladi. Otaning bu qiligʻidan uyalgan ona oʻgʻillariga otani davradan chiqarishni buyurdi. Otaga bolalar davradan chiqishini soʻragandi, ota ularni jerkib berdi. Bolalar otani davradan sudrab olib chiqishdi. Biz mehmonlar oldida, ona eriga bemaza gaplarni qildi. Oʻgʻillar qayta-qayta jerkidi. Boshqa viloyatdan kelgan mehmonlar oldida qattiq mulzam boʻlgan ota: “Mehmonlar oldida meni mulzam qilib, sharmanda qilding, toʻyi boʻlayotgan oʻgʻling, mana bu nonkoʻr bolalaring xor boʻlsin, baxt yuzini koʻrmasin”, deb duoibad qilib yubordi. Bu bolalar baxtli boʻlarmikan, nima deysiz?”, dedi. Siz nima deysiz aziz oʻquvchi?

U insonniing aytganida jon bor bugun bu kabi holatlar juda koʻp uchraydi. Toʻyning rejasi ayollar qoʻlida. Nima qilish kerak, toʻy yoki azaga nima sarflash kerak hammasi ular hukmida. Onam vafot qildilar, rahmatli. Janoza kuni bir nechta ayol oldimga kelib xalqqa piyola tarqating deyishdi. Men: “Nima uchun?” dedim. “Agar piyola tarqatmasangiz, hamma ruhlar choy ichib oʻtirganda, onangiz nimada choy ichadi”, deyishdi. “Xoʻp siz aytgancha boʻlsin, piyolada ruhlar choy ichishar, ammo choynak boʻlmasa suvni nimada qaynatishadi, buning uchun choynak, samovar ham tarqatish kerak emasmi?”, degandim, meni xasislikda ayblab ketishdi. Boshqa bir janozaga borsam ayollar piyola tarqatasan, deb erini majburladi. Erkak ayolini hukmini bajardi.

Mavzuimizning asosi bugun oʻzini oʻzi oʻldirish ancha koʻpayganini bilamiz. Oʻsha oʻzini oʻldirayotganlarning ota-onasi yoki oʻzi qargʻish olgan, ota-onasini jerkib xoʻrlaganlar emasmikan? Qargʻish sabab vos-vosga uchrab, balolarga uchrab, oʻzlarini oʻldirishmayotganmikan, deb oʻylab qolasan kishi.

Yana bir voqea oilaviy masala boʻyicha bir xonadonga bordik. Qaynona kelin, nabiralar oʻrtasidagi janjal. Qaynona, uzatilgan qizi hech kimga gap bermasdi. Bir chetda bir kishi jim oʻtiribdi. Bir ogʻiz gapirmasdi. U odamni kimligini soʻrasam ota ekan. U kishiga: “Nimaga jim turibsiz, bularni tinchitsangiz boʻlmaydimi?” desam. “Xotinim xoʻjayin u nima desa shu boʻladi. Menga desa hammasi qirilib, baloga uchrab oʻlmaydimi, ishim nima?”deydi. Demak ayollar turli seriallarni koʻrib, oʻrganib, erkaklar ustidan hukm yuritish, erkaklar ustidan hokim boʻlib, bolalarni otaga qarshi qoʻyib, Alloh taoloning hukmiga itoat etmaganlari bois koʻplab balolar yogʻilishi ehtimoldan xoli emas. Bir kun barchamiz diyonatdan uzoqlashsak, ayollar yetoviga tushib qolmasmikanmiz?

Shu bois achchiq boʻlsada agar ering “it” boʻlsa unga itoat et, ayol. Boshing osmonga yetib vaziru vuzaro boʻlsang ham eringni hurmat et ,ayol va yoki illo otashi doʻzaxga tushasan. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi bir ayol vafot etsa va eri undan rozi boʻlsa u jannatga kiradi”, dedilar. Eriga itoatsiz, bolalarini eriga qarshi qoʻzgʻaydigan ayollar Alloh taoloning qahriga uchraydi.

Erkaklarga murojaatim oʻz vazifangiz, rahbarligingizga eʻtibor qaratmasangiz, vaziringiz ayolingiz, fuqarongiz bolalaringiz isyon koʻtarib boshingizga chiqib oʻz musiqalariga oʻynatishsa, ularni qargʻab xor qilmang, hammasiga oʻzingiz aybdor.

Ey farzand, ota qargʻishidan ehtiyot boʻl! Ona qargʻishi doʻq, otaniki oʻq”.

Ey ayol, bolangni otaning qargʻish oʻqiga uchratma, ogoh boʻl.
Shermurod TOGʻAY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ota qargʻishi