22:22 / 05.09.2018
5 221

Xiyonat (badia)

Xiyonat (badia)
Tong yorishishiga hali ancha bor, yer bagʻirlab qolgan oymomo yuzidagi dogʻlardan uyalgandek boʻzarib turadi.

Derazadan boqib turgan yulduzlar goh-gohida xira bulutlar bagʻriga yashirinib, berkinmachoq oʻynamoqchi boʻladilar. U esa hech nimaga parvo qilmay, oʻz oʻylariga bandi boʻlgancha xayol surib oʻtiradi. Uning oʻylaridan oʻzi-yu Yaratgandan boʻlak hech bir kim voqif emas... Birovga aytsa tili kuyadi, aytmasa dili... Endi hech kim, hech nima nima uning taqdirini oʻzgartira olmaydi...

****

- Ketishingiz shartmi? - sevgilisining boshqa qishloqdoshlari singari chetga ishlagani ketayotganini bilib, qizning figʻoni falakka chiqadi.

- Bir-ikki yilcha ishlay, qaytaman... - aybdorona javob beradi yigit.

Qiz barcha dardlarini ichiga yutadi, nimalar deb qargʻanganini, muhabbatning goʻriga qancha gʻisht qalaganini bilmaydi ich-ichida. “Sevgingiz yolgʻon boʻlsa, ketavering oʻsha ayozli yurt quchogʻiga... Rozimasman... Kechirmayman!..”

****

- Qizim, seni soʻrab kelishdi, - onaizor qizining rad javobiga koʻnikaverib, sovchilar kelmay qolganidan siqilib yurgan kunlarining birida qizning quvonchiga chek qoʻyilganini suyunchilaydi goʻyo.

- Bilganingizni qiling, oyi, - zarda bilan javob qaytaradi u, - menga hammasi baribir...

Ona qizidagi bu holat sababini anglolmay, lol qoladi. Soʻrashga botinolmaydi, aniq sababi koʻrinib qolib, qizi yana fikridan qaytib qolishidan hadiksiraydi.

- Yaxshi oila ekan, yigit oʻqimishli, qoʻlida hunari bor, - oʻzicha hisob beradi ona, - dadang ikkimizga manzur boʻldi, bir necha marta kelishdi...

Qiz indamaydi. Onasiga nazar tashlab qoʻyishni ham lozim topmaydi. “Bir yildan oshdi ketganiga. Mana endi qoʻngʻiroq qilishni ham unutib qoʻydi... Mayli, bilganini qilsin. Koʻziga issiq koʻringan oʻsha yurtning beqadr pullarimi yo koʻzini bogʻlagan mallasoch ilonlarimi... oʻziga buyursin!”

****

Ular uchrashdilar...Yigit oyisi taʼriflagandek, koʻrsa koʻrimli, maqtasa maqtagulik...

Bugungi uchrashuv ular uchun tumanga yo shaharchaga chiqib, muzqaymoq yeyishdan farq qilardi. Aylanishlar boʻlmagandi. Bu nikoh toʻyi oldidan oʻtkaziladigan tibbiy koʻrikdagi “uchrashuv” edi. Shu yerda uni “unutib yuborgan” muhabbatiga duch keldi... Koʻzlarda avvalgi nur koʻrinmaydi, koʻrinishi bir ahvolda...

Qiz natijalar yozilgan tahlil qogʻoziga koʻz tashladi. “Yoʻllanma” qayerga ekanini oʻqib, dahshatga tushdi...

- Yaratganim... Oʻzingga shukr, meni shunday halokatdan asrab qolganing uchun behad minnatdorman...

- Hamma narsaning oʻz toʻlovi boʻladi... - unga javoban sekingina shivirlaydi qalbi...

- Axir men undan ketmaslikni oʻtinib soʻragan edim-ku... Oʻz yoʻlini oʻzi tanladi axir!

- Lekin sen uni sevarding-ku? Baxt hamisha choʻloq otda kelishini unutding...

Qiz yori bilan kelin liboslari tanlashga boradi. Koʻrikning ijobiy natijalari qoʻllarini kuydiradi goʻyo...

****

Toʻy soati yaqinlashaverishi qizni asabiy qilib qoʻyadi. Nega u uchrashishga urinmayapti? Nega birorta dugonasi orqali xat yozib, izoh berishni istamayapti? Nahotki uni unutib yuborgan boʻlsa? “U senga kim ediki, izoh bersa? Sevganida oʻshandayoq ketmagan boʻlardi...”

Kutilmaganda, “Ertaga toʻy” degan kuni dugonasidan eshitgan gaplari qizning yuragini muzlatib qoʻyadi: suyuklisi qizning sadoqatiga tayanib, sovuq yurtlarda javlon urib mehnat qilib yurgan kunlarda... uning toʻyi xabarini eshitib, butkul oʻzini yoʻqotadi, ichkilikka beriladi, oʻzini tubanlik avj olgan manzillarga uradi... Maosh kechikkani uchun qoʻngʻiroq qilolmadim deb oʻzini ayblaydi, kechikkan maoshni esa hayotiga qoʻshib, sovuradi...

****

Kelinlik uyiga borligʻi kul boʻlgan oppoq libosdagi surat kirib boradi...

Sharpadek hissiz, izsiz, sassiz hayot kechira boshlaydi u... Na zavjiga koʻngli iliydi, na oʻtmish hayotidan qora dogʻ boʻlib qolgan yuragini sugʻurib olib, itlarga tashlay oladi... Oyisiga aytgani kabi, “Hammasi baribir...” boʻlib yashay boshlaydi, vujudida marhuma bir qalb bilan nafas oladi...

****

Tong yorisha boshlaydi. Ayol mijjalaridagi yoshni artib, deraza tomonga oʻgiriladi. Kunning qizgʻish nurlari tutam-tutam boʻlib, har tomonga yoyiladi. Bola bezovta boʻlib yigʻlaydi...

- Meni kechir, farishtam... Shuncha paytdan buyon hayotimda eng qadrli boʻlib kelgan odamlarimga vafo qilolmadim, avval xudbin oʻylarim bilan sevgilimga, keyin u qoldirgan xotiralarni unutolmay, otangga xiyonat qildim... Senga alla aytishga ham haqsiz sezaman oʻzimni...

Chaqaloq hech nimani anglamaydi. Ammo, ayol bu norasida goʻdak uni hammadan ham koʻproq, hammadan yaxshiroq tushunishiga umid bogʻlaydi. Tong otib-otmay, devorlariga lolaqizgʻaldoqlar boʻylagan hovlidan mayin alla ovozi eshitiladi...
Shahnoza Eshmirzayeva


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xiyonat (badia)