12:53 / 27.10.2018
8 684

Bir kunlik kelinchak… (3-qism. Birinchi fasl)

Bir kunlik kelinchak… (3-qism. Birinchi fasl)
Yoshi elliklarni oralab, sochiga onda-sonda oq oralay boshlagan, o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan Qudrat Karimovich telefon orqali kimlargadir ko‘rsatmalar berib bo‘lgach, o‘rnidan turib yotog‘iga kirdi. Hozir shunchalar charchagan ediki, hech kimning xalal berishini istamasdi. Bir o‘zi yolg‘iz qolib dam olmoqchi edi.

— «Savdo kompaniyasini tashkil qilishga qildim-u, — xayolidan o‘tkazdi u yotoqxona eshigini ohista ochib ichkariga kirarkan. — Boshim baloga qoldi. Rahmatli Sarvinozimdan ayrildim. Bittagina o‘g‘lim yetim bo‘lib qoldi… Qani endi jaraq-jaraq shu pullar ilgarigi baxtimni qaytarib bera olsa… Qaytarib bo‘pti… Aksiga olib Furqat ham bebosh bo‘lib o‘sdi… Uf-f… Kimga tortyapti o‘zi bu bola?.. Biror marta uyda o‘tirganini, yo oldimga borib ish o‘rganganini ko‘rmadim… Qayerlarda yuradi? Kimlar bilan yuradi o‘zi?.. Endi orqasidan kuzatuvchi qo‘yishim qoldimi?.. Odamlar nima deydi?..»

Qudrat Karimovich, sekin kelib devordagi marhuma xotinining suratiga alam bilan tikilib qoldi.

— Kechir, Sarvinoz!.. Men o‘shanda seni saqlab qola olmadim. Sen… Mening kasrimga qolding… Ha, men ablah odamman! Ablah bo‘lmasam, suiqasd bo‘lishini oldindan eshitib turib, yana seni o‘sha yaramas mashinaga yolg‘iz o‘tqazib yuborarmidim… Dushmanlarimning o‘qiga uchirarmidim… Kechir!.. Yo‘q, sen tinch yotgin, onasi! Men hech qachon senga xiyonat qilmayman! Hech bir ayolni senga o‘xshata olmayman!.. Faqat… O‘g‘lingdan xavotirdaman. Tushmagur o‘sha paytlarda sendan biroz tortinib turarkanmi, o‘qishigayam vaqtida borardi, bemahal ko‘cha sang‘imasdi… Hozir bo‘lsa… Ha mayli, xijolat tortma, hali yosh-da, sal ulg‘aysa, bosilib qolar!..

— Ada, kim bilan gaplashyapsiz?.. — Qudrat Karimovich seskanib orqasiga o‘girildi. Furqat ekan. Uning tund yuzlariga ko‘zi tushgan ota ko‘z yoshlarini ro‘molchasiga shosha-pisha artdi-da, majburan kulimsirab o‘g‘liga yaqin bordi.

— Ha, nega qovog‘ingdan qor yog‘yapti? — so‘radi u Furqatning yelkasiga qo‘lini qo‘yib. — Yana nima bo‘ldi?

— O‘zingizga nima bo‘ldi? Shunday katta odam yig‘layapsizmi, ada?..

— Har gaplarni bilasan-da, o‘g‘lim!.. Menga nima bo‘lardi?.. Shunchaki, charchadim… Onang esimga tushib ketdi shu tobda… E, meni qo‘yaver, o‘zingdan gapir! Ish bilan bo‘lib senga mundoq e’tibor ham berolmadim… Ofisga boray demaysan o‘zing!..

Furqat bir otaga, bir onaning devordagi jilmayibgina turgan suratiga qarab oldi-da, divanning bir chetiga o‘tirib bosh egdi.

— Ada, men sizga bunaqangi gaplarni sira gapirmagandim. — dedi nihoyat hanuz boshini ko‘tarishga jazm etolmay. — Lekin bugun gapiraman.

— Xo‘p, gapir, eshitaman!

— Men tez uylanishim kerak, ada!

— Nima?.. Iye, yangilik-ku!.. — kuldi Qudrat Karimovich.

— Men hazillashayotganim yo‘q…

Ota birdan jiddiy tortdi.

— Hazillashmayotganingni sezib turibman. Ammo… Uylanishdan avval yetarli ma’lumot olish lozim. Ish o‘rganish lozim… Axir, meniyam bog‘lab berib qo‘ygani yo‘q. Yoshim ellikka qarab boryapti…

— Ada, nega tushunmaysiz?.. Men bir qizni sevardim. Lekin uni boshqaga uzatib yuborishibdi…

— Ha, gap buyoqda degin?.. Yaxshi, uzatib yuborgan bo‘lishsa, demak, o‘sha qiz seni yurakdan yaxshi ko‘rmagan… Endi boshqasini olaverasan. Shungayam qovoq-tumshuq qilib yuradimi yigit kishi?

— Ada, siz aniq javob bermadingiz! — dast o‘rnidan turib ketdi Furqat. — Yolg‘iz o‘g‘lingizman. Sizdan shu paytgacha hech narsani qattiq iltimos qilmaganman…

— Men senga yo‘q demadim-ku!.. Bugunoq xolalaringga qo‘ng‘iroq qilib aytaman, yaxshi joydan kelin qidirishadi. Bo‘ldimi?..

— Bo‘ldi…

Furqat xayr-ma’zurni ham unutib xonadan chiqib keta boshladi.

— To‘xta! — dedi Qudrat Karimovich o‘g‘lining yo‘lini to‘sib. — Faqat bitta shartim bor.

— Xo‘sh, qanday shartingiz bor, ada?

— Anavi bekorchi ulfatlaring bilan o‘tirishni bas qilasan. Ana shundagina men seni uylantiraman. Ma’qulmi?..

— Bo‘pti, ada, ular bilan hech qachon o‘tirmayman…

Furqat xonasiga kirib kiyimlarini almashtirgach, to‘g‘ri basseynga chiqdi. Chayqalib turgan ko‘m-ko‘k suvga birpas termulib qoldi. So‘ngra darvoza tomondagi qo‘riqchilarga ko‘z yugurtirdi. Ular Furqatga e’tibor bermasalar-da, hozir qandaydir buyruq olishlarini bilgandek, tez-tez ko‘z tashlab qo‘yishni kanda qilishmayotgan edi.

— Vey, Sodiq, buyoqqa kel! — buyurdi Furqat qo‘riqchilardan biriga. — Tez yetib kel!..

Qo‘riqchi ko‘z ochib yumguncha basseyn qirg‘og‘ida hozir bo‘ldi.

— Eshitaman, shef!

— Bor, ichkaridan bir shisha konyak olib chiq… Yo‘q, bu yergamas, mening xonamga olib kir!.. Keyin… Anavi… Boridi-ku, xizmatchi ayol!..

— Tanyami?

— Ha, o‘shaniyam ayt, oldimga kirsin!

— Adangiz…

— E, buyog‘i bilan nima ishing bor?.. Aytganni qilmaysanmi?..

— Xo‘p bo‘ladi!

— Ha, aytgancha, mabodo adam so‘rab qolsalar, bilmayman deb aytgin!..

— Tushundim.

Furqat o‘zini suvga tashlab bir-ikki marta uyoqdan-buyoqqa suzgan bo‘ldi. Baribir ko‘ngliga sig‘madi. Bir zarb bilan otilib basseyndan chiqdi-yu, kiyimlarini qo‘ltiqlab xonasiga chopdi…

* * *

Furqat ichkariga artina-artina kirib borarkan, mehmon kutadigan xonasiga kiraverishdagi eshik tepasiga o‘rnatilgan bahaybat sher haykaliga «Ir-r-r» deya aftini bujmaytirib qo‘ydi-da, eshikni itardi. Xonaning o‘rtasiga uzun stol qo‘yilgan bo‘lib, dasturxonda turli shirinliklar, ichkiliklar, tovuq deysizmi, qovurilgan go‘sht deysizmi, ishqilib, yegulik degani bisyor edi.

U so‘nggi paytda biroz kichraya boshlagan yuzlarini ohista silab, sochiqni bir chetga irg‘itdi. Ko‘rdiki, negadir Tanya kelmabdi. Jahli chiqdi. Lekin shoshilmadi. Avval stol ustiga ko‘rk berib turgan fransuz konyagini ochib, bir qadahga qulqillatib quydi va oxirigacha ichdi. Ketidan shokolad chaynadi. Konyak juda yoqimli, xushta’m bo‘lgani sabab ketidan yana bir qadahni ko‘tardi. Negadir kayf bermagandek tuyuldi. Servant ichkarisidan Nodir qoldirib ketgan picha narkotikni olib uch-to‘rt hidladi. Ana endi ko‘z ochib yumguncha kayfiyati ko‘tarilib ketdi. U kamiga sigaret tutatib stol qarshisiga emas, naridagi yumshoq divanga cho‘kdi.

— Mumkinmi? — Furqat keskin boshini ko‘tarib eshik tomonga qaradi. Ostonada kalta yubka kiyib, sochlarini yoyib olgan Tanya jilmayib turardi. — Chaqirgan ekansiz!..

Furqat ayolning ochiq sonlariga, ko‘pchib turgan yarim ochiq siynalariga ko‘zlari qisilgancha mensimaygina tikildi. O‘rganmagani uchunmi, o‘rnidan jilmasdan, qo‘li bilan «yonimga o‘tir» ishorasini qildi. Tanya itoatkorona uning yoniga kelib o‘tirdi.

— Nega chaqirtirganimni bilasanmi? — so‘radi Furqat ayolning yelkasiga qo‘lini qo‘yib.

— Bilmadim… Biror yumushingiz bo‘lsa kerak-da!.. — kuldi Tanya.

— Ha, yumush bor. Bugun… Yo‘q, hozir sen bilan aysh qilmoqchiman.

Tanya yalt etib Furqatning ko‘zlariga boqdi.

— Kutmaganding-a? — dast o‘rnidan turib ikkita qadahga konyak quydi-da, birini Tanyaga tutqazdi Furqat. — Ana shunaqa. Men shunaqa kutilmagan ishlar qilishga odatlanganman…

— Kechirasiz-u, — Tanya asabiylasha boshladimi, barmoqlarini tizzasiga birin-ketin urib so‘z boshladi. — men… Bunga munosib emasman… Oddiy xizmatchiman, xolos… Buning ustiga adangiz bilib qolsalar…

— E, qo‘rqma!.. Men javob beraman… — Furqat endi Tanyaning belidan quchoqlab oldi. — Kel, bugun meni bir xursand qilgin… Meni xafa qilishdi. Shuning uchun hech bo‘lmasa, sen xursand qilgin!..

— Yo‘q, — yigitni o‘zidan ohista itardi Tanya. — Siz hali yoshsiz. Agar adangiz bilib qolsalar, meni naq ishdan haydab yuboradilar…

— Adamdan xavotir olma dedim-ku!.. Bu buyruq!.. Qani, jonidan, mana shu oppoqqina sonlaringni bir silay-chi!.. Voh, qara-ya, shuncha qizlar bilan yuravergan ekanman-u, sira senga razm solmabman!.. Ofatijon ekansan-ku-a?..

Tanya badanida o‘rmalay boshlagan qaynoq barmoqlar sehridan erib ketdi. Eshitilar eshitilmas hansirab asta-sekinlik bilan Furqatning pinjiga kirdi…

Endigina divanga yotgan ham edilarki, mehmonxona eshigi sekin ochilgandek bo‘ldi. Birinchi bo‘lib sapchib o‘rnidan turib ketgan Tanya ro‘parasida Qudrat Karimovichni ko‘rdi-yu, adoyi tamom bo‘ldi. Yaxshiyamki, yechinib yubormagan ekan. Apil-tapil sochlarini tuzatgan bo‘lib yugurganicha tashqariga o‘zini urdi. Furqat ham ancha-muncha kayfi borligiga qaramay, adasining ko‘zlariga tik boqolmasdi. Gunohkorona bosh egib turardi, xolos.

— Yasha, o‘g‘lim, — dedi Qudrat Karimovich qovoqlarini uyib. — Sendan buni kutmagandim. Tag‘in qayoqdagi xizmatchi ayol bilan-a!.. Mening zurriyodim ham shunchalik past ketadimi-a?.. O‘z uyingni harom qilasanmi?.. Suf senga!.. Bor, cho‘milib chiq! Sen bilan keyin gaplashaman…

Furqat boshini ko‘tarmasdan indamay xonani tark etdi.

* * *

— Voy ablah-yey! Voy yaramas-yey!.. — Qudrat Karimovich uydagi ish kabinetiga kirib eshikni ichkaridan qulflab oldi. — Kimga tortdi-a bu bola?.. Nahotki, nomussiz qilib tarbiyalagan bo‘lsam?.. Yo‘q, hamma ayb o‘zimda. Ish dedim, pul dedim. Bolaga e’tibor berolmadim. Qayoqdagi enagalar, qo‘riqchilarga ishonib qoldim… Mana oqibati!..

Yo‘-o‘q, bu narsani shunday qoldirib bo‘lmaydi. Hozir… Hozir tadbirini ko‘rish zarur…

Qudrat Karimovich uyali telefonini qo‘liga oldi-da, uydagi ish yurituvchisiga qo‘ng‘iroq qildi:

— Menga qara, Roziq, hozir ichkariga o‘tgin-da, — dedi u gapni qisqa qilib. — Anavi Tanya bor-ku, o‘shani ishdan hayda!.. Ish haqidan qolgan qutgani bo‘lsa, berib yubor!..

— Xo‘p bo‘ladi!..

Ish yurituvchi Qudrat Karimovichning fe’lini bilgani uchun ortiqcha savol berib o‘tirmadi…

* * *

Nasiba bugun kuyov bo‘lmish Nodir bilan uchrashuvga chiqishi lozim edi. Tashqarida kuz. Hovlidagi yong‘oq, olma, ishqilib, bir-ikkita shunga o‘xshash daraxt barglari ham yer bilan bitta bo‘lgan. U aslida erta turib hovlini supurmoqchiydi. Qo‘li bormadi. Atayin chiqmadi. Indamay yotaverdi. Soat sakkizlar bo‘lgandan keyingina istamay o‘rnidan turib hovlidagi kranda yuz-qo‘lini yuvdi. Nafosat aya allaqachon yasan-tusan qilib ulgurgan, hovlida uyoqdan-buyoqqa bezovta borib kelar, ikki ko‘zi qizida edi.

— «Ishqilib, ishni rasvo qilib qo‘ymasin! — ko‘nglidan o‘tkazdi ona qovoqlarini uygancha xonasiga kirib ketayotgan Nasibaning ortidan tikilib. — Ilgari bunaqa qaysar emasdi. Nima jin urdiykin?.. Ha, mayli, kuyovni ko‘rsa, balki sal yumshar…»

Nasiba kuyovni ko‘rib ham yumshamadi. O‘rta bo‘yli, ozg‘in, ko‘zlari ichiga tortgan, oq-sariqqina Nodir ham negadir qovoqlari uyilgan ko‘yi uni qarshi oldi. Qiz hayron bo‘ldi… biroz jahli ham chiqdi…

— Men sizga o‘zim istab tegmayapman. — dedi nihoyat o‘zini qo‘lga olib zarda aralash. — Uydagilar majburlashdi. Shuning uchun…

Davomini aytolmadi.

— Bilaman, Nasiba, — uzoq-uzoqlarga tikilib o‘ychan javob qildi u. — Hammasidan xabarim bor… To‘g‘risi, men ham majburan uylanyapman sizga…

— Nima? — bu gapni eshitib qizning ko‘zlari chaqnab ketdi. — Unda… Keling, yo‘q qilib qo‘ya qolaylik!..

— Iloji yo‘q, — dedi Nodir yanada ma’yus tortib. — Onamni norozi qila olmayman… Va’da berib qo‘yganman…

— Axir… Majburan turmush qurib baribir baxtli bo‘la olmaymiz-ku!..

— Nima qilay?.. Ojizman, Nasiba!.. Qolaversa… Menam yigitman… Sizning suratingizni ko‘rsatishgandan keyin… To‘g‘ri ish qilayotganimga amin bo‘ldim.

— Suratimni?.. Kim berdi sizga suratimni?

— Onangiz biz yuborgan sovchilarga berib yuborgan ekan… Ha, mayli, iltimos, biror kafega kirib o‘tirsak!..

— Hech qachon. — shartta javob qildi Nasiba. — Men o‘zim sevmagan yigit bilan birga o‘tirmayman!..

Bu gaplar albatta yigitning yuragini nishtardek teshib o‘tdi go‘yo. Biroq sezdirmadi. Ma’yusgina kulib qo‘ya qoldi…

* * *

To‘y yaqinlasha boshlagach, Nodir arosatda qoldi. Bilardi. Nikohlashdan avval do‘xtirlarning ko‘rigidan o‘tkazishadi. Uning esa, urologdan qog‘ozi bor. Tekshirishsa, baribir o‘tkazishmaydi… Ota-onasi ham hech narsani bilishmaydi. Bilib qolishsa…

Yo‘q, aytmaydi. Ish rasvo bo‘ladi. Shunday kelishgan, go‘zal Nasibadan ayriladi…

To‘ydan keyin-chi?.. E, keyin Nasibaning o‘ziga sekin tushuntirib ko‘radi. Balki, u qaysidir yo‘l bilan yordam berar… Axir, to‘y o‘tgach, xotini bo‘ladi!.. Uf-f… Nimalar qilyapti o‘zi?.. Ota-onaning orzu havasi deb o‘zini ham, begunoh bir qizni ham badnom qilyapti-ku!.. Bu ishini Xudoyam kechirmaydi… Yaxshiyam narkotik bor. Bo‘lmasa, bu dardlarning dastidan allaqachon o‘lib ketardi…

Nodon yigit o‘z xonasiga kirdi-da, eshikni ichidan berkitdi. Javondagi narkotikni qo‘liga olib bir-ikki chimdimini burniga tiqdi-da, yaxshilab nafas oldi. Odatdagidek ikki-uch marotaba aksa urgach, asta-sekinlik bilan narkotik miyasiga urayotganini his qila boshladi…

— Nikoh masalasini nima qilsam ekan? — ertasi kuni ham Nodirning xayolidan shu narsa chiqmasdi. — Aytaman, tushuntiraman. To‘y o‘tgandan keyin… Yo‘q, buyam bo‘lmaydi. Yaxshisi, Zags bo‘limidagilar bilan gaplashib ko‘raman. Pul taklif qilaman. Ko‘nishadi. Ko‘nmay qayerga ham borishardi…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kunlik kelinchak… (3-qism. Birinchi fasl)