13:20 / 16.11.2018
3 544

Qo‘shnidan shikoyatingiz bormi?

Qo‘shnidan shikoyatingiz bormi?
Bu savolga ha, deb javob beradiganlar afsuski, oramizda ko‘payib bormoqda.

— Qo‘shnim tufayli qizlarimning baxti boylanib qoldi, bizni hammaga yomonlaydi, eshigimga kelgan sovchilarni iziga qaytarib yuboradi…

— Qo‘shnim uyimning ro‘parasiga hojatxona qurib oldi, hididan nafas olib bo‘lmaydi, hatto eshik-derazamni ocholmayman…

— Yuqori qavatdagi qo‘shnim har ikki kunning birida uyimga suv oqizib yuboradi, gapirsam e’tibor ham bermaydi…

— Qo‘shnim irim-sirim qilib eshigim tagiga tuproq sepib ketadi, kasaldan boshi chiqmasin deydimi, bilmayman…

Bunday shikoyatlar tez-tez quloqqa chalinadi. Qo‘shnilaridan norozi bo‘lib, arazlashib yurganlar ham oramizda juda ko‘p.

— Hamsoyamning juda qiziq fe’li bor, arra deysizmi, bolg‘ami, go‘shtqiymalagichu qopqoq yopqichlargacha mendan olib ishlatadi, — deydi Mahliyo ismli juvon. — Sal ehtiyotlasa ham mayli, ayamaydi. Ilgari sira qizg‘anmasdim. Bir kuni qimmat dazmolimni olib chiqib ketdi. Uch kun deganda o‘zim so‘rab chiqsam, dazmolimning basharasiga shapaloqdek qora dog‘ yopishtirib qo‘yibdi. «Voy, nima qilganiz bu?» desam, «Shunga shuncha vahimami, savil qolgur dazmoliz qizimning qimmat ko‘ylagini kuydirdi», desa bo‘ladimi. Dazmolni tozalab olgunimcha esim ketdi.

Yana «Juda qurumsoqsiz-da, qo‘shni, odamning jonini ayaganday ayaysiz narsalaringizni», deb kesatib ham qo‘yadi. «Hoy inson, axir bunga mening pulim kuygan, buzilsa, yana boshqasini olish uchun xarajat qilishim kerak», desam, «Men bunaqa narsalarga pul sarflab o‘tirmayman, bir safar sizdan, yana bir safar narigi qo‘shnidan olib ishlatsam ham kunim o‘tadi», deydi…

Bermay desam, ko‘nglim bo‘lmaydi. Axir buvim rahmatlining: «Muqaddas bitiklarda ro‘zg‘or anjomlaringizni qo‘shnidan qizg‘anmang, deb yozilgan», degan nasihatini eshitib o‘sganmiz-da…

OZOR BERGUVChILARDAN BO‘LIB QOLMAYLIK…

— Mening devor darmiyon qo‘shnim shundoqqina ayvonimning ro‘parasiga molxona qurgan. O‘ntacha ho‘kiz boqadi. Hidiga chidab bo‘lmaydi. Yoz bo‘yi uyimdan pashsha arimaydi, — deydi Mukarram ismli ayol. — Gapirganning foydasi yo‘q. «Nima qilay, tirikchiligim shundan», deydi, qutuladi. Chorva mollari boqish uchun alohida joy qilishi kerak emasmi, aslida, u…

— Hovli olma, qo‘shni ol, deganlari bejizga emas ekan, — deydi bir shifokor tanishim. — Orzu-havas bilan yangi uy-joy qurib, bir mahallaga ko‘chib bordik. Xalqimiz an’analari, dinimiz ko‘rsatmalari bo‘yicha qo‘ni-qo‘shnilarga qo‘limizdan kelganicha yordam berishga harakat qildik. Biroq yonimizdagi qo‘shnimizdan ko‘p ozor ko‘rdik. Qo‘shnining fe’li keng bo‘lmasayam qiyin ekan.

Issig‘imiz ham, sovug‘imiz ham unga yoqmadi. Ba’zida shirinliklar, meva-chevalar chiqarsam, «Biz shunaqa mazali narsalar yeb o‘tiribmiz deb maqtangingiz kelganda, a», deydi qo‘shni ayol. Bolalarimning bo‘sh vaqti yo‘q, doim mashg‘ulotlar bilan band. «Bolalarini ko‘z-ko‘zlab mashinasida olib yuradi», «Qo‘shnilarimning ko‘zi kuysin deb kiyimlarini ko‘z-ko‘zlab har xil kiyinadi», «Har ikki kunda uyiga mehmon chaqiradi», kabi mayda-chuyda gaplar bilan xoli-jonimizga qo‘ymadi… Har kuni ishdan qaytishimda bir noxush gap topib, darvozamning oldida kutib o‘tiradi. «Nima ish qilasizlar o‘zi shuncha ko‘p pul topadigan?» deydimi-yey… Kechqurunlari mahallada birovning tobi qochib chaqirishsa, «Nega yarim kechada sang‘ib yuribsiz?», «Qizingiz ham sizga o‘xshagan do‘xtir bo‘lsa, shunaqa sang‘ib yuradimi?»…

Xullas, uning bemaza savollari-yu, shubha-gumonlari, chaqchaygan ko‘zi, qotma qoramag‘iz basharasini eslasam qo‘llarim titraydigan bo‘lib qoldi. Avvaliga shu qo‘shni bilan Allohning sinovidan o‘tayotgandirmiz, deb hamma injiqliklariga, qitmirliklariga chidadik. Bora-bora qizimning ham rangi siniqdi. Tez-tez tobi qochadigan bo‘lib qoldi. Shifokorlar asabi charchagan deyishdi… Asta gaplashib ko‘rsam, bilasizmi, qo‘shnim ularni ham xoli-joniga qo‘ymas ekan. «Onang ishga ketdim deb qayerda yurganini Xudo biladi! Dadang ham o‘ziga boshqa xotin topib olgan bo‘lsa kerak, bunaqa zo‘r mashinada yurib, zo‘r joyda ishlaydigan odamlarning hammasi xotiniga xiyonat qiladi. Hademay sizlar tirik yetim bo‘p qolsangiz kerak, mana ko‘rasizlar shunday bo‘ladi, onangiz boshqasini topib, otangiz boshqasini topib ketadi…

O‘shanda ko‘raman bu uylar kimga qolarkan», debdi bolalarimga… Bu gapni bir-ikki marta aytib qo‘ya qolsa ham mayli edi… O‘g‘lim bilan qizimni har ko‘rganida «Onang bilan dadang ajrashamiz demayaptimi, balki sizlarga bildirmay allaqachon bu ishni boshlashgandir», deb sha’ma qilarkan. Yana deng, har yarim soatda eshik qo‘ng‘irog‘ini chalib, ularni dars qilishga ham qo‘ymas, «Do‘konga chiqib kel, ko‘chani supurib qo‘y, hovlimni supurib ber», deyaverarkan… Bu gapni eshitganimda «Bolalar shundoq ham aqlli, hamma ishni o‘zlari bilib qilishadi, ularni bezovta qilmang», deb qo‘shnimga yotig‘i bilan tushuntirdim.

Biroq, baribir, bilganidan qolmadi. Darvozamiz oldiga axlat to‘kib, keyin qizimni chaqirarmish… Bolalarim ikkovi ham o‘tish yoshida. Bunday muomala, bunday gap-so‘zlar, bilasiz, ularning ruhiyatiga yomon ta’sir qiladi… Qizimning tobi qochib, sira o‘ziga kelolmagach, bir kuni dadasi ikkovimiz undan «Nima istaysan, bolam?» deb so‘rasak, «Mana shu uydan ketaylik, bir xonali kvartira olib bersangiz ham mayli, shu yerdan ketsak bo‘ldi», deb yig‘lab yubordi… O‘g‘lim ham opasining gapini ma’qulladi. Uyni sotdik. Boshqa joyga ko‘chib ketdik. Mana, xotirjam yashayapmiz. Yangi joydagi qo‘shnilarimiz hammasi oqibatli, Allohga shukr.

Imom al-Buxoriy o‘zlarining «Al-adab al-mufrad» nomli kitobida Abu Omir al-Himsiydan quyidagi rivoyatni keltiradilar: Savbon raziyallohu anhu shunday der edi: «Ikki kishi o‘zaro urishib qolib, uch kundan ortiq gaplashmay yursa, ulardan biri halokatga uchraydi. Bordiyu, ularning ikkovi ham bir-biriga gapirmay, gina saqlab vafot etsa, ikkovi ham halokatga uchraydi. Qaysi bir kishi o‘z qo‘shnisiga zulm va qahr ko‘rsatib, oxiri uyidan ko‘chib ketishga majbur qilsa, albatta, halok bo‘ladi».

«QO‘ShNINING JUFTI HALOLI BILAN ZINO QILSA…»

Yaqinda bir juvon murojaat qildi. Aytishicha, turmush o‘rtog‘i ishlash uchun safarga ketganida qo‘shnisi kechasi uyiga kirib, uning nomusiga tegibdi. Qattiq iztirobga tushgan juvon ertasiga bu haqda onasiga, o‘sha yigitning xotiniga va yaqinlariga xabar berganida esa u yigit «O‘zi meni uyiga chaqirib, yana hamma aybni menga ag‘daryaptimi?» deya suvdan quruq chiqib ketibdi… Xoli ko‘rishishganida esa yigit: «Senga yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsin demaganmidim, endi o‘zingdan ko‘r», deya po‘pisa qilibdi…

Juvonga huquq-tartibot idoralariga murojaat qilish uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdik. U yigit, albatta, o‘z qilmishi uchun javobgarlikka tortilishi aniq. Biroq uning bu ishi gunohi kabiralardan biri ekanini ham eslatib o‘tish joiz.

Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: «Allohga boshqa narsalarni tenglashtirishing, holbuki Alloh seni yo‘qdan bor aylagan! (Ya’ni butun borliqni, shu jumladan, seni ham faqat Allohning O‘zigina yaratganini bila turib, Allohning yakkayu yagonaligini tan ola turib, yana ayrim nodonlar singari ibodat va uluhiyatda johillik bilan Unga boshqa narsalarni sherik qilish eng ulkan gunohdir!) Taomingga sherik bo‘lishidan qo‘rqib, o‘z bolangni o‘ldirishing (ham). Qo‘shningning jufti haloli bilan zino qilishing…» deya marhamat qilganlar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Miqdod ibn Asvad raziyallohu anhudan rivoyat: Rasuli Akram sahobalarga dedilar:
— Zino haqida nima deysizlar?

— U harom, Alloh va Rasuli tomonidan harom etilgan. Bas, zino qiyomat kuniga qadar haromdir, — deyishdi.

Shunda Rasululloh (alayhissalom) bunday dedilar:

— Kishining o‘nta begona xotin bilan zino qilgani (bilan orttirgan gunohi uning uchun) o‘z qo‘shnisining ayoli bilan zino qilgandan yengilroqdir!

Keyin ulardan o‘g‘rilik haqida so‘radilar.

Sahobalar deyishdi:
— O‘g‘rilik haromdir, u Alloh va Rasuli tomonidan harom etilgan.

Shunda:
— O‘nta uyga o‘g‘rilikka tushish o‘z qo‘shnisining uyidan o‘g‘irlagandan yengilroqdir, — dedilar janobi Payg‘ambarimiz alay hissalom.

HADISLARDAGI HIKMATLAR

Muqaddas dinimizda qo‘shnichilik haqlari, qo‘shnilar bilan muomala-munosabat odoblariga amal qilib yashash kerakligi haqida ko‘plab nasihatlar, ko‘rsatmalar bor. Qo‘shnini ko‘rganda birinchi bo‘lib salom berish, hol-ahvol so‘rash, qiynalganda yordam qo‘lini cho‘zish, kasal bo‘lib qolsa ziyorat qilish, boshiga musibat tushsa ko‘ngil so‘rash, bir xursandchilik yetsa qutlash, aybini yashirish, uning jufti halolidan ko‘zni tiyish, bolalariga iltifotli muomala qilish, agar bolalari xato ishni qilayotgan bo‘lsalar, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab qo‘yish, shuningdek, qo‘shni xonadondagilarga chiqindi va hokazolar bilan zarar va aziyat yetkazmaslik ham qo‘shnichilik odoblari va haqlaridan hisoblanadi.

Amr ibn Shuaybdan, u otasidan, otasi bobosidan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: «O‘z ahli-oilasi va moli (ga zarar yetib qolishi) dan qo‘rqib, (yordam so‘rab kelgan, muhtoj) qo‘shnisining yuziga eshigini yopib qo‘ygan kimsa mo‘min emas. Qo‘shnisi uning yomonliklaridan omonlikda bo‘lmagan kishi mo‘min emas. Qo‘shni haqi nima ekanligini bilasanmi?! (U shundan iboratki) Agar qo‘shning sendan yordam so‘rasa, yordam berasan. Qarz so‘rasa, qarz berib turasan. Muhtoj bo‘lib qolsa, muruvvat ko‘rsatasan. Betob bo‘lsa, ziyorat qilasan. Unga biror yaxshilik (xursandchilik) yetsa, tabriklaysan. Boshiga musibat tushsa, ta’ziya va tasalli berasan. Agar vafot etsa, janozasida qatnashasan. Uyingni qo‘shning uyidan baland qurib, undan shamolni to‘sib qo‘yma. Magar uning izni bilan bo‘lsa, mayli. Qozoningda qovurilgan go‘shtning hidi bilan uning diliga ozor yetkazma, agar o‘sha taomdan unga ham suzib bersang, bundan mustasno. Meva-cheva sotib olsang, ulardan qo‘shningga ham tuhfa qil. Bordiyu unday qilolmaydigan bo‘lsang, mevalarni unga ko‘z-ko‘z qilgan holda uyingga oshkora olib kirma, (balki) bildirmasdan, yashirincha olib kir (toki, u narsalarni ko‘rib uning ko‘ngli o‘ksimasin). Keyin bolang ham qo‘shnining bolasini xafa qilish uchun o‘sha narsalarni ko‘chaga ko‘tarib chiqmasin. Aks holda uning bolasini achchiqlantirib qo‘yadi» (Xaroitiy va boshqalar rivoyati).

QANDAY HAQI BOR?

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat: Nabiy alayhissalom dedilar: «Qo‘shnilar uch xil bo‘ladi: birinchisi, bitta haqi bo‘lgan qo‘shni bo‘lib, bu qo‘shnilarning haqi eng oz darajada bo‘lgan toifasidir. Keyingisi ikkita haqi bo‘lgan qo‘shni. Yana biri uchta haqga ega qo‘shni bo‘lib, bu qo‘shnilarning haqi eng ko‘p bo‘lganidir. Bitta haqqa ega qo‘shni bu o‘rtada qarindoshchiligi bo‘lmagan mushrik qo‘shnidir. Unda faqatgina qo‘shnichilik haqi bor. Ikkita haqi bo‘lgan qo‘shni bu (qarindosh bo‘lmagan) musulmon qo‘shnidir. Unda musulmonlik va qo‘shnilik haqlari mavjud. Uchta haqqa ega bo‘lgan qo‘shni esa, musulmon, qarindosh qo‘shnidir. U musulmonlik haqi, qo‘shnichilik haqi va qarindoshlik haqlariga ega» (Bazzor rivoyati).

Mo‘minu musulmonlar qo‘shnilarning ana shu haqlarini ado etib yashashi lozim.

QO‘ShNIChILIK ChEGARASI QAYeRDA?

Ka’b ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda kelishicha, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga qo‘shnisidan shikoyat qilib kelib: «Men bir qavmning mahallasiga ko‘chib keldim. Lekin hammadan ko‘ra ko‘proq qo‘shnilarimning eng yaqini menga aziyat bermoqda», — dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ashoblaridan Abu Bakr, Umar va Ali roziyallohu anhumlarga masjidlarning eshigiga borib: «Eshitmadim demanglar, albatta, qirqta xonadon qo‘shnidir!.. Yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmas!» — deya jar solishni buyurdilar. Zuhriyga bu hadisdagi qirqta xonadon degan so‘zni qanday tushunamiz, deya savol berishganda, u kishi: «O‘ng tomonidan ham, chap tomonidan ham, old tomonidan ham, orqa tomonidan qirqtadan xonadon», — deb javob beradi.

Oyisha onamiz, Hasan Basriy, Avzoiy va Zuhriylardan rivoyat qilinishicha, qo‘shnichilik chegarasi har tomondan olganda qirqtadan xonadonda tugaydi.

Kishining umr yo‘ldoshi ham qo‘shni hisoblanadi.

ChIROYLI QO‘ShNIChILIK NIMA?

Qo‘shnidan yetadigan aziyat va ozorlarga sabr qilish qo‘shniga aziyat va ozor yetkazmaslik olijanob kishilarning fazilatidir. Qo‘shnini himoya qilish va unga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan qo‘l va tillardan asrash ham ulug‘ fazilatdir. Lekin yana to‘rtinchi fazilat ham borki, unga erishish oson emas. Bu qo‘shnidan sodir bo‘ladigan xato va toyilishlardan ko‘z yumish, uning aziyat va jafolarini kechirib, kengbag‘irlik bilan qarshi olishda namoyon bo‘ladi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadi: «Chiroyli qo‘shnichilik aziyat bermaslik emas, balki aziyatga sabr qilmoqlikdir».

Boshqa bir hadisda Nabiy alayhissalom uy bekalarini o‘z qo‘shnilariga nisbatan ochiq qo‘l va saxovatli bo‘lishga chorlab shunday marhamat qiladilar: «Ey, Muslima ayollar, bironta uy bekasi o‘ziga qo‘shni bo‘lgan ayolga nisbatan (saxovat qilishda) hech narsani haqir-arzimas sanamasin, hatto o‘sha (beradigan narsasi) qo‘yning tuyog‘i bo‘lsa ham!» (Muttafaqun alayh).

DILOZORGA JAZO MUQARRAR

Manbalarda kelishicha, Nabiy alayhicsalom o‘z duolarida Alloh taolodan yomon qo‘shnidan panoh berishini so‘rab shunday der edilar: «Ey Allohim, istiqomat maskanidagi (ya’ni doimiy yashash joyidagi) yomon qo‘shnidan asrashingni so‘rayman. Zero, sahro qo‘shnisi (ya’ni safardagi hamroh) o‘zgaradi (ammo doimiy manzildagi qo‘shni hech qayoqqa ketmaydi)».

Bu hadisdan anglashiladiki, muqimlikdagi yomon qo‘shni inson uchun katta musibat. Bunday bo‘lmaganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom undan panoh so‘ramasdilar.

Ozor va yomonlikning ham turlari ko‘p. Yomonlik deganda faqatgina urishib, so‘kishishni tushunmaslik kerak. Ba’zilar ertadan kechgacha qo‘shnisining topgan tutganiyu, turish-turmushini tahlil qiladi. Qo‘shnisi yangi imorat qursa, yangi mashina sotib olsa, «Hozir oylikka yashab shunday narsa qilib bo‘larkanmi, qayerdan buning puli ko‘payib ketyapti? Nega uning uyida baraka mo‘l, menda hech vaqo yo‘q», deya qo‘shnisiga hasad qila boshlaydi va turli yomonliklarni o‘ylab topib, uning halovatini o‘g‘irlaydi, asablariyu ruhiyatini toliqtiradi va oxiri uni bir baloga yo‘liqtirib, keyin ko‘ngli tinchiydi…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qo‘shnidan shikoyatingiz bormi?