21:44 / 12.12.2018
4 822

Oilaviy ajrimlar: kalavaning uchi kimning qo‘lida?

Oilaviy ajrimlar: kalavaning uchi kimning qo‘lida?
Ro‘yi zaminda bir nikoh buzilganda Arshi a’lo larzaga keladi...

Sudga ajrim uchun ariza topshirayotgan er-xotin tanlagan qarori ham o‘ziga, ham jamiyatga, ayniqsa, uning safiga endi qo‘shilgan kichik yoshdagi farzandining taqdiriga salbiy ta’sir qilishini anglaydi. Ammo anglash boshqa, natija esa amalda boshqacha tus olmoqda.

Oilaviy ajrimlar masalasi bugun yo kechaning gapi emas. Bu borada yozilmagan gap, uni bosib chiqarmagan gazeta, mavzu yangramagan ko‘rsatuv qolmadi, hisob. Mutasaddilardan so‘rasangiz, “loyihalar amalga oshirilyapti, yarashtirish komissiyalari ishlayapti”dan nariga o‘tishmaydi. Lekin murg‘ak qalbning tirik yetim bo‘lishi zamonaviy jamiyatda odatiy holga aylanib bormoqda.

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Kun.uzʼga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yil aprel–sentyabr oylarida 18.521 nafar ajrashish arafasida turgan oilalarda turmushning buzilishiga sabab sifatida quyidagi omillar ko‘rsatilgan:
  • 48,4 foiz — er-xotin o‘rtasidagi maishiy kelishmovchiliklar;
  • 17,4 foiz — qaynona, qaynota yoki uchinchi shaxs, umuman boshqalarning oila ishiga aralashuvi;
  • 5,3 foiz — bepushtlik;
  • 6,3 foiz — moddiy yetishmovchiliklar, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi va iqtisodiy muammolar;
  • 5,5 foiz — ichkilikbozlik va boshqa zararli odatlar oqibati;
  • 3,5 foiz — ichki va tashqi migratsiya;
  • 11,3 foiz — boshqa turli sabablar.

Ijtimoiy tarmoqda “Oilaviy ajrimlarga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?” savoli bilan o‘tkazilgan kichik so‘rovnomada ham tarmoqning aksariyat foydalanuvchilari urf-odatlar, qaynonaning kelinga soliq solishi, kuyovning esa kelin tomondan mulk ta’ma qilishi, kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”, telefon va ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning na fikrlash, na pul topish borasida mustaqil emasligi, yigitlarning o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qilishi, qizlarning esa “xo‘p”dan yiroqligi, diniy bilimdan bexabarlik, o‘zaro hurmat tushunchasining yo‘qolishi, besabrlik, aybini tan olmaslik kabilarni sanab o‘tishdi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ajrashish arafasida turgan, ajrim qayd etilgan oilalarning muammolari bir-biriga o‘xshamaydi. Ammo har biri o‘z yechimiga ega, ajrimga qadar oilani saqlab qolishning imkoniyati ancha yuqori bo‘lgan.

Qaynona-qaynota bilan ziddiyat

Islom dini aqidasiga ko‘ra, ota-onaning xizmatini ado etish farzandlarning bo‘ynidagi qarzdir, kelinning emas. Padar va volida o‘rnida ko‘rilgan qaynona-qaynotalar kelinning xizmatlarini ehson, deb qabul qilishlari, kelin esa ularga xizmat qilishni sharaf, deb bilishi kerak. Bu munosabatlar zamirida kelinga uy xizmatchisi sifatida qarash adolatdan emas. Shu bilan birga, kuyovning kelin qalbida o‘zining qarindoshlariga nisbatan yuksak hurmatni shakllantira olishi, qizning tarbiyasi asosiy ahamiyatga ega.

Farzandsizlik

BMT aholishunoslik fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi (UNFPA)ning ma’lumotlariga ko‘ra, yoshlarning 64 foizi reproduktiv (jinsiy) salomatlik bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega emas. Ular ota-onasidan yoki mutaxassisdan emas, balki o‘z tengdoshlaridan, internetdan tartibsiz tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonadi. Buning oqibatida nikohdan keyingi hayot haqida noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘ladi yoxud ayrim masalalarga to‘g‘ri yondashuv qanday bo‘lishi haqida aniq ma’lumoti bo‘lmaydi.

Tadqiqotga ko‘ra, o‘g‘il bolalarning 86 foizi, qizlarning esa 93 foizi sog‘lom jinsiy hayot haqida ko‘proq bilim olishga istak bildirgan. Demak, kollej-litsey o‘quvchilariga reproduktiv hayot haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumot berilsa (stixiyali tarzda yig‘ilish o‘tkazib, hisobotga yopishtirish uchun suratga tushirish maqsadida emas, albatta), ular tinglashga tayyor. Sog‘lom jinsiy hayot qanday bo‘lishi, jinsiy balog‘at, bepushtlikka olib keluvchi sabablar va ularning zamonaviy yechimlari borasida tibbiyot nima taklif etishi kabi ma’lumotga ega bo‘lish oilaga tayyorgarlikning muhim bosqichidir. Jinsiy munosabatlar haqida gapirish, muhokama etish uyat sanalgan jamiyatda, albatta, bu yo‘nalishda bo‘shliqning paydo bo‘lishi yaxshi natijaga olib kelmaydi.

Yoshlarning mustaqil emasligi

Hozirda oila qurishning eng kichik yoshi yigitlar uchun 18, qizlar uchun 17 yosh etib belgilangan. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 85,7 foiz yigitlar va 22,3 foiz qizlar amalda 22 yoshdan keyingi nikohni afzal ko‘rishlarini ta’kidlashadi. Demak, nikoh yoshini o‘zgartirish uchun asos bor va bu muhim. Oilaga qadar, ota-onaning o‘z farzandlarini fikran va moddiy mustaqil qilishlari ham ahamiyatga ega.

Ona bo‘layotgan kelinlarning 30 foizi 15–19 yosh oralig‘ida ekanligi ham masalaning eng og‘riqli nuqtalaridan biri. Yosh, juda yosh onaning uquvsizligi natijasida ham oila buzilishi ehtimoli ortadi, ham farzand tarbiyasi katta so‘roq ostida qoladi.

Moddiy yetishmovchilik

Arablarda “Tuyani qoziqqa bog‘lab, uni yem-xashak va suvsiz qoldirib ketsa va tuya arqonini uzib birovning ekinidan o‘tlasa, ayb tuyada emas, aksincha tuyakashda bo‘ladi”, degan gap bor. Aslida ham ayolning, farzandlarning moddiy ta’minoti to‘laligicha er bo‘ynida ekanligi jamiyatda qabul qilingan odatiy norma. Kuyovlikka da’vogarlar otasining puliga, oilasining qudratiga ishonib emas, peshona teri, bilimi va kuchi bilan mustaqil, asosiysi, halol pul topib, topganining qadriga yetadigan bo‘lganda “oila boshlig‘i” degan nomga sazovor bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Oilaviy mojarolarning oldini olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, davlat tashkilotlarining ham bu boradagi mas’ulligi oshirilgan. Misol uchun, oilalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Oliy sud o‘rtasida memorandum imzolangan.

Unga ko‘ra, respublikamiz barcha hududlarida ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan yakka tartibda ishlash yo‘lga qo‘yildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — jiddiy o‘ylamasdan ajrashishga qaror qabul oilalar bilan profilaktika o‘tkazish va ularning farzandlari manfaatlarini himoya qilishdir. Buning samarasi o‘laroq, joriy yil davomida ajrashish uchun ariza topshirgan 24.053 nafar oilaning 18.097 tasi (75,2 foizi) jamoatchilik vakillari tomonidan yarashtirildi.

Ammo, ajrashish rasmiylashtirilmagan holatlarda, ya’ni sun’iy to‘siqlar qo‘yilishi, oilaning norasmiy ajrashuvga rozi bo‘lib, sha’riy taloq bilan kifoyalanib, alohida yashashiga xalaqit qilmayapti. Vaholanki, norasmiy ajrashuvlar oqibatida ayol va farzandning huquqlari qadrsizlanadi, “onasi o‘pmagan qizga uylangan” kuyovning bo‘ynidan aliment majburiyati ham soqit bo‘ladi. Yoki voqealar rivoji yigitning ziyoniga ishlab, uning keyingi turmushiga ham salbiy ta’sir qiladi.

Ayni paytda joylardagi FHDYo organlari qoshida Oila dorilfununlari tashkil qilinib, ularda nikohlanuvchi yoshlar uchun 1 oylik o‘quv kurslari tashkil qilinmoqda. Faqat shu o‘rinda bir savol ko‘ndalang bo‘ladi: 18–20 yil davomida oilada singdirilmagan ko‘nikmani 1 oy ichida tushuntirishning imkoni bormikan? Har bir oilada muhit, iqtisodiy va ma’naviy ahvol turlicha ekanligini nazardan qochirish kerak emas.

Demak, hamma gap baribir yoshlarning oila haqida tasavvuri va uning atrofidagi masalalarga borib taqaladi. Kalavaning uchini davlat tashkilotlarining yoinki ota-onaning qo‘liga tutqazib qo‘yish emas, chigallikni hamjihatlikda yechishga urinish kerak. Turmush qurgan er-xotin ham o‘zlarini har tomonlama ta’minlash masalasida, ham mulohaza yurita olishda mustaqillikka ega bo‘lishi, nafaqat o‘zining shaxsiy qiziqishlari, balki farzandining taqdiri borasida ham mas’uliyatni his etishi lozim.
Saodat Abdurahmonova

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oilaviy ajrimlar: kalavaning uchi kimning qo‘lida?