
Kembridj universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot inson aqli rivoji haqidagi tasavvurlarni jiddiy ravishda yangiladi. Minglab miya skanerlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, miya butun hayot davomida bir xil ishlamaydi — u muayyan yosh bosqichlarida deyarli qayta «quriladi». Bu o‘zgarishlar esa inson fikrlashi, his-tuyg‘ulari va qaror qabul qilish qobiliyatiga bevosita ta’sir qiladi.
Olimlar ta’kidlashicha, signallarni tez uzatish uchun mas’ul bo‘lgan oq modda yillar davomida faol rivojlanadi. Biroq qaror qabul qilish, hissiyotlarni nazorat qilish va vaziyatni oqilona baholashga javob beruvchi peshona qismi eng sekin yetiladi. Shu sababli, aqlli va vazmin qaror qabul qilish qobiliyati insonda asta-sekin, yillar o‘tishi bilan shakllanar ekan.
Poydevor davri: 0 dan 10 yoshgacha
Mutaxassislar chaqaloq tug‘ilgan paytdan o‘n yoshga to‘lguniga qadar bo‘lgan davrni miya uchun haqiqiy «qurilish maydoni»ga qiyoslashmoqda. Hayotning ilk o‘n yili kelajakdagi bilim, his-tuyg‘u va harakatlar uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bu cheklanmagan imkoniyatlar davri bo‘lib, miya haykaltarosh kabi yangi neyron aloqalarni yaratadi, keraksizlarini esa qat’iyat bilan «kesib tashlaydi». Samaradorlik uchun eng maqbul tarmoq quriladi va taxminan to‘qqiz yoshga kelib, shaxs va intellektning asosiy qiyofasi shakllanib ulguradi.
Inqilob va shakllanish: 9 yoshdan 32 yoshgacha
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, miyadagi eng keskin tuzilmaviy o‘zgarishlar 9 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan davrda ro‘y beradi. Bu paytdan boshlab gormonal va ichki qayta qurilish avj oladi, kattalar hayotiga tayyorgarlik jarayoni boshlanadi. Oq modda jadal rivojlanadi, ammo impulslarni nazorat qiluvchi peshona qismi eng oxirida yetiladi. O‘smirlikdagi xavfga moyillik, keskin hissiyotlar va tez qarorlar aynan shu bilan izohlanadi.
Bu bosqich ikki qirrali qilichga o‘xshaydi. Aynan shu davrda xavotir va depressiya ilk bor yuzaga chiqishi mumkin, biroq shu bilan birga miya o‘z samaradorligining eng yuqori cho‘qqisiga ham yetadi. Olimlar fikricha, bu shakllanish jarayoni kutilganidan ancha uzoq davom etib, faqat 32 yoshlarga kelibgina yakunlanadi.
Cho‘qqi va barqarorlik: 32 yoshdan 66 yoshgacha
32 yoshdan 66 yoshgacha bo‘lgan davr miya taraqqiyotining eng barqaror bosqichi hisoblanadi. Neyron tarmoqlar puxta sozlangan, intellekt va shaxs to‘liq shakllangan bo‘ladi. Keyingi o‘n yilliklarda aloqalar asta-sekin soddalasha boshlaydi. Bu tabiiy qarish, yillar davomida yig‘ilgan stress va hayot sur’ati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq bu hali keskin pasayish emas, balki keyingi bosqich oldidan keladigan uzoq barqaror holatdir.
Donolik va yangi bosqich: 66 yoshdan keyin
Taxminan 66 yoshdan keyin miya yangi, hal qiluvchi davrga qadam qo‘yadi. U yanada nozik va ta’sirchan bo‘lib qoladi, neyron aloqalar siyraklashishi mumkin. Bu esa kognitiv pasayish xavfini oshiradi. Shunga qaramay, tadqiqotlar miyaning hayratlanarli moslashuvchanligini ko‘rsatmoqda. U yo‘qotilgan funksiyalarni qoplashga harakat qiladi, zaif signallarni kuchaytiradi va aqliy faollikka javoban yangi bog‘lanishlar hosil qiladi. Faol o‘qish, ijtimoiy muloqot va sog‘lom turmush tarzi bu davrda eng muhim «mashqlar» hisoblanadi.
Chuqur va sokin kuz: 83 yoshdan keyin
83 yoshdan keyin esa miya arxitekturasidagi o‘zgarishlar yanada yaqqol ko‘rina boshlaydi. Biroq zamonaviy fan bu yerda ham umid uchun asos ko‘rmoqda. Neyroplastiklik ancha zaiflashsa-da, butunlay yo‘qolib ketmaydi. Miya oxirigacha kurashadi, chunki o‘zgarish va rivojlanish unga butun umr davomida xos xususiyatdir.
Xulosa shuki, hayot sekin-asta so‘nib borish emas, balki sifatli sakrashlar zanjiridir. Miyaning ushbu yosh bosqichlarini anglash orqali biz o‘smirlarga sabrliroq, yetuk yoshdagi insonlarga hurmat bilan, qarilikda esa miya sog‘lig‘ini ongli ravishda asrash bilan yondashishni o‘rganamiz. Miya o‘zgaradi — demak, inson ham rivojlanishdan to‘xtamaydi.
Sizningcha, inson intellektining eng yuqori nuqtasi qaysi yoshda kuzatiladi: 30 yoshdami yoki tajribaga boy 60 yoshdami?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.