Farishtalarning hayqiriqlari yakun topgach, birdan jimlik cho‘kib, kimningdir ohistagina so‘zlashi quloqqa chalindi:
«ULAR TAYYoR EMASLAR»
Bu so‘z buyruqqa o‘xshamasdi. Ko‘proq achinish ohangini anglasa bo‘lardi. Lekin baribir men hech narsani tushunmasdan, yonimdagilarga savol nazari bilan boqdim. Ushbu so‘zni eshitgan boshqa farishtalar, sekin o‘rinlaridan turishdi.
— Ketdik, Anna, — dedi farishtam, — Xudoyim sening masalangni hal etdi. Senga yana biroz vaqt beriladi. Bu Yaratganning yagona hukmi!
Vaqt beriladi? Nega?.. Men hamon hech vaqoni tushuna olmas, manavi qo‘rqinchli zinalardan pastga tushishni o‘ylaganim sayin yuragim muzlab borardi.
Lekin nimayam qila olardim? Biz pastlay-pastlay, oxiri bo‘ydor kedr daraxtlarining soyasida to‘xtadik. Atrofdagi farishtalar qayoqqadir g‘oyib bo‘lishgandi.
Kedrlarni yonlab o‘tganimizdan so‘ng unchalik katta bo‘lmagan anhorga yaqinlashdik. Anhorning ikki yoni xushbo‘y gullarga to‘la edi.
Men ohista anhor bo‘yiga cho‘kdim.
— Sen anhor suvidan ichib, cho‘milib ham olishing mumkin. — dedi farishtam. — Bu muqaddas suv.
— Suv ichishim mumkin? — hayron bo‘lib so‘radim men. — Men suv icha olamanmi?
— Harakat qilib ko‘r. — dedi bobom kulimsirab.
Shu gapdan so‘ng kaftlarimni suvga to‘ldirib bir ho‘plam ichdim. Muzdek suv ichimga kirib a’zoyi badanim rohat olgandek bo‘ldi. Darrov yengil tortdim. Biroq boshim aylanishi, darmonsizlanishim yo‘qolmadi.
— Men suv icha oldim! — xursand bo‘lib qichqirdim men.
— Sen nafaqat suv icha olishing, — dedi farishtam. — Balki manavi mevalardan ham tatib ko‘rishing mumkin.
U shunday deb mevalari og‘irligidan egilib qolgan bir shoxni sindirib qo‘limga tutqazdi. Shosha-pisha qip-qizil, naqshinkor olmani uzib olib yeya boshladim…
Yo‘q, bunaqasini tirik ekanimda sira yemaganman. Buni aniq bilaman. Uyoqdagi olmalarning ta’mi bu qadar mazali emas…
— Qolganlarini o‘zim bilan olib ketsam maylimi? — so‘radim farishtamdan.
— Nega? Hali yo‘lda bunaqa mevalarning ko‘pini uchratamiz. Yaxshisi, ularni suvga tashla. Baliqlar ham bir xursand bo‘lishsin…
— Bobom qo‘limdagi shoxni olib suvga tashladi. Shunda baliqlar to‘dasiga ko‘zim tushdi. Barchalari mevalarni talasha-talasha yeyishga tushib ketishdi. Men bo‘lsam, suv bo‘yida o‘tirib dam olar, bobom va farishtam negadir bir og‘iz so‘z demay, nimalarnidir muhokama qilishardi. Ha, ulardagi bu odatni ilgari anglaganman. Ular gaplarini men eshitishim mumkin bo‘lganda, ovoz chiqarib, so‘zlar yordamida munosabat yuritishar, eshitmasligim shart bo‘lganda, so‘zsiz suhbat qurishardi.
Baribir tushunib turardim. Ikkovlari men haqimda gaplashishyapti. Mayli, ular nimanidir o‘ylab topishsin. Men ungacha picha uxlab olmasam bo‘lmaydi.
Afsuski, uzoq uxlashga qo‘yishmadi. Bobom ibodat qilish niyatida nari ketdi. Farishtam meni yoniga o‘tqazib oldin muqaddas suvda yana bir karra yuvinishga undadi. So‘ngra daraxt ostiga o‘tqazib, so‘z qotdi.
— Sen hayotda noto‘g‘ri yashagansan. — dedi farishtam. — Xudoga chin dildan ishonmagansan. Cherkovni esa shunchaki bir tashkilot sifatida ko‘rgansan. Bilib qo‘y, qalbing toza bo‘lsa-da, Xudoga astoydil ishonmasang, gunohlaring uchun chin ko‘ngildan tavba qilmasang, Yaratgan huzuridagi abadiy hayotga erisha olmaysan. Qalbing pokligi kamlik qilib qoladi.
— Menga bir narsani tushuntirib bering! — dedim farishtamning so‘zlaridan alamim kelib. — Nega Yaratgan menga nisbatan bu qadar shafqatsiz? Axir, barcha saltanatlardan o‘tib keldim. Boshqalardan kam joyim bo‘lmasa… Ana, mendan-da battarroq ruhlarning zinada turganlarini ko‘rdim-ku!
— Sen ulardan yorqinroqliging sababini bilasan. Seni bobong duo qilib, yoningda yelkama-yelka turibdi. Zinada turgan ojiz ruhlarning esa bobong kabi himoyachilari yo‘q. Shuning uchun ham ular o‘zlarini o‘zlari qutqarib, himoyalab ola bilishmaydi.
— Agar bobom ikkovlaring meni ko‘tarib Xudoyimning huzuriga olib chiqsalaring, meni qabul qilishini so‘rasalaring, olib qolmasmidi?
Ahmoqona savolimni eshitgan farishtamning yuzlari tundlashdi.
— Xuddi olovga yaqinlashib kelgan Qorqiz kabi erib bitarding.
— Bu olovdan bobom ikkovlaring zarar ko‘rmasmidilaring?
— U bizga yanada kuch, matonat ato etardi.
— Endi mening taqdirim nima kechadi?
— Hozir biz seni bir joyga olib boramiz. U yerda yashashga arzimasang ham bir hafta bo‘lib, dam olasan, boqiy dunyoning kichik bir jannatidan bahramand bo‘lasan. Ana undan keyin seni do‘zaxga olib ketamiz. U yerda do‘zax azobidan sen kabi qo‘rqmaganlar qiyomat kunini yoxud Xudoyimning shafqatini kutib yashashadi.
— U juda yomon joymi? Meni uyoqda jinlar azoblashadimi?
— To‘g‘ri, u yer havas qiladigan emas. Jinlarning hokimligi chegara bilmaydi. Ammo qo‘rqma. Qo‘lingdan kelganicha ibodat qil, Yaratgandan shafqat so‘ra. Qolaversa, seni butun cherkov ahli duo qiladi.
— Bobom aytgandiki, men va onam uchun duo qiladigan odamning o‘zi yo‘qmish?..
— Men Yerdagi cherkovni emas, mana shu arshi a’lodagi cherkovni nazarda tutdim.
Sal o‘tmay o‘ylab qoldim. Umuman, nega qo‘rqishim kerak? Do‘zaxda men kabilar o‘tirgan bo‘lsa, borishim bilan o‘shalarga qo‘shilaman. O‘z guruhimiz, suhbatlarimiz bo‘ladi. Qandaydir diniy seminarlar tashkil etarmiz balki. Jinlar bilan ham til topishsa bo‘lar, axir!.. Turmada, zonada yashadim. Chidadim-ku!
Bobom ibodatni tugallab, yonimizga keldi va biz anhor yoqalab yo‘lga tushdik. Yo‘l-yo‘lakay, turli shakldagi sharsharalar, maysazorlar, qip-qizil mevalarini ko‘tara olmay shoxlarini egib olgan ajoyib, yam-yashil daraxtlarni tomosha qilgancha ancha yurib qo‘ydik.
Anhor bo‘yidagi so‘qmoq bo‘ylab yurib yerosti yo‘liga o‘xshagan qorong‘ilik qa’riga kirdik va tashqariga chiqqanimizda ko‘z o‘ngimizda bepoyon vodiy namoyon bo‘ldi. Vodiy oppoq qor yastangan tog‘ orasida joylashgan edi.
Shundoq ro‘paramizda daryo bor edi. Men suvidan ichib rohatlangan anhor shu daryoga kelib quyilarkan. Daryoning o‘rtalarida kichik orolchalar mavjud edi. Ba’zilari rang-barang gullardan, ayrimlari majnuntollardan iborat edi.
Daraxtlar goh to‘p-to‘p holda, goh yakka-yakka qad rostlagan. Yakka holdagilari adashmasam, teleminoradan-da balandroq edi.
Vodiyning bir chetida ko‘l bo‘lib, shu daryoga quyilardi. Sohillarida shaharcha ko‘rinishidagi yashash joyi ko‘zga tashlanardi.
— Biz shu yoqqa borishimiz lozim. — dedi bobom o‘sha yoqqa ishora qilib. — Ana, cherkov qo‘ng‘irog‘ini ko‘ryapsanmi, men o‘sha yerda xizmat qilaman! Cherkovning yonginasida uy bor. Bu uyda biz oilaviy istiqomat qilamiz.
— Bizning oilamizmi?
— Ha, mening onam va uning singlisi. Sen, bolam, ularni ko‘ra olmagansan. Tug‘ilmasingdan o‘lib ketishgan. Yana seni u yerda bir odam kutyaptiki, ko‘rganing hamono xursand bo‘lib ketasan.
— Ukam Alyosha emasmi? — ko‘zlarim chaqnab so‘radim men.
— Ha.
— Unda tezroq bora qolaylik! Bobojon, iltimos, tezroq boshlab bora qoling!
Ko‘lga yaqinlashganimizda, negadir farishtam yo‘limizni to‘sdi.
— Buyog‘iga sizlarga hamroh bo‘la olmayman. Yaxshisi, oilaviy o‘zlaring o‘tirib dam olinglar… Menga qara, ahmoqqinam, nega qo‘rqasan-a? Sen oilang davrasida bo‘lasan. Farishtaning sira zarurati yo‘q.
— Qo‘rqqanim yo‘q. Shunchaki… Sizga o‘rganib qolgandim, xolos.
— Ertaga kelib sendan xabar olaman.
Farishtam shunday deb qanotlarini yoydi. Olovli qanotlar shovqin ko‘tardi. Farishtam bir lahzaning o‘zida oppoq qushchaga aylanib bir-ikki atrofimizda parvoz qilgach, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Biz bobom bilan qo‘l ushlashgancha manzil tomon yo‘l oldik.
* * *
Birinchi uy qarshisidagi o‘rindiqda yigit va qiz o‘tirardi. Bizni ko‘rib dast o‘rinlaridan turishdi.
Men yigitga tikilib turib tosh qotdim. Nahotki, bu Alyosha?..
— Salom, opajon! — yigit kulimsirab menga qo‘l uzatdi.
Ha, bu mening egizagim, jondan aziz ukajonim Alyoshaning o‘zi edi. Ilgari menga quyib qo‘ygandek o‘xshar, odamlar bizni faqat sochimizdangina ajratib olishardi. Hozir esa qarshimda ulg‘aygan, jiddiy qiyofali yigit turar, mendan anchagina yosh ko‘rinardi. Deyarli bobom kabi kiyingan, faqat bo‘ynida tumori yo‘q.
— Alyoshamisan? — so‘radim titrab.
U meni ancha vaqt mahkam quchib turdi. Payqadimki, u ham hayajondan, quvonchdan titrardi.
— Anya, bu yerga butunlay keldingmi? — Men bosh irg‘adim.
— Hammasini keyin gapirib beramiz, — gapga aralashdi bobom. — Alyosha, Annani buvingminan tanishtir!
Buvim? Garchi uni ko‘rmagan bo‘lsam-da, ellik yoshdan o‘tib olamdan o‘tganini bilardim. Lekin… Qarshimdagi yoshgina, go‘zal ayolni ko‘rib hayron bo‘ldim. Qanday qilib yoshgina ayol mening buvim bo‘lishi mumkin?..
— Sen buvingning yoshamolligidan hayron bo‘ldingmi? — kuldi bobom. — Ko‘nikishingga to‘g‘ri keladi. Bu yerdagilarning hammasi bir xil yoshda. Barchamiz o‘ttiz ikkiga kirganmiz. Bolalar ulg‘ayaverishadi, keksalar esa payg‘ambar yoshiga qadar yosharaveradi. Tanish, buvingning ismi Yekaterina.
— Meni oddiy qilib Katya deb chaqiraver! — dedi buvim va yuzlarimdan o‘pib qo‘ydi. — Xush kelibsan, Anya!
— Nega bizni Nina kutib olmadi? — so‘radi bobom buvimdan.
— U aziz mehmonga atab pirog pishirish bilan band. — javob qildi buvim…
Ular negadir baravariga kulib yuborishdi.
Biz shaharcha ko‘chalari bo‘ylab, qadimiy favvorani aylanib o‘tib cherkovga yaqinlashdik. Bobom cherkovga kirishini, biz usiz uyga boraverishimizni tayinladi.
Biz Katya va Alyosha bilan birga cherkov yaqinidagi bog‘ ortida joylashgan ikki qavatli uy tomon yurdik.
Uyga yaqin kelganimizda, moviy rang ko‘ylak kiygan, yenglari shimarilgan yoshamol bir ayol ayvonchaga chiqdi. Payqadimki, u buvimning singlisi Nina. Menga unyuqi qo‘llarini uzatarkan, hayajon bilan so‘z qotdi:
— Nevaraginam! Anya! Xayriyat, kelibsan! Xayriyat! — shunday deb meni mahkam quchoqlab oldi.
Meni ichkariga olib kirib tanishtira ketishdi. Birinchi qavatdagi xonalar qadimiy rus qo‘rg‘onlarini yodga solar, ikkinchi qavatning derazalari bog‘ga qaragan edi.
Tanishib bo‘lgunimcha, bobom ham keldi. Nina pirogni ham pishirib stolga qo‘ydi…
Men qo‘rqardim… Pirog yesam, bo‘shliqdan iborat tanamga singarmikan? Hazm bo‘lish o‘rniga ko‘rinib qolmasmikan?.. Yo‘q, tanamda pirog yog‘day erib ketdi… Men ovqat yeya oldim.
Bir piyola choy ustida bobom bo‘lgan voqealarni hammaga gapirib berdi. Qarindoshlarim juda-juda achinishdi menga. Alyosha esa bobom hikoyasini tugatguncha yelkamdan qo‘lini olmadi…
Ovqatlanib bo‘lganimizdan so‘ng menga dam olishni taklif etishdi. Ha, juda toliqqandim. Xonalardan biriga kirib divanga cho‘zildim…
Birpas yotgach, negadir uyqum qochib o‘rnimdan turdim va derazadan ko‘lni, uyoqdan-buyoqqa chopayotgan o‘rdaklarni, oqqushlarni tomosha qildim. Hech narsani o‘ylamadim va afsus ham chekmadim.
Men bu yerda juda xotirjam edim…
* * *
Bir mahal eshik taqillab, zum o‘tmay Alyosha kirib keldi.
— Yaxshi dam oldingmi, opajon? — so‘radi u mayin jilmayib.
— Albatta. Menga qara, bu yerda vaqt, kun qanday belgilanadi? Bugun qaysi kun? Soat necha bo‘ldi?
— Bilasanmi, opajon, — tushuntira boshladi Alyosha. — Bu yerda kun ham, vaqt ham hisoblanmaydi. Sen boqiy hayotga kirib kelding. To‘g‘ri, yaqindagina vodiyga kelganlar shu yer qoidalari bo‘yicha vaqtni, kunni hisoblashadi. Masalan, hozir ertalabki olti bo‘ldi deyish mumkin. Hali zamon cherkovda ibodat vaqti boshlanadi… Aytgancha, nega vaqtni surishtirib qolding?
— Qanday qilib so‘ramay? Menga sizlarning bag‘ringizda bo‘lish uchun atigi olti kun vaqt berilgan xolos. Shuning uchun yana qancha vaqtim qolganini bilmoqchiman. Menga soat topib bera olasanmi?
— Bajonidil. Manavi senga yoqadimi? — Shu zahoti qandaydir qadimiy kuy yangradi. Men ortga o‘girilib devordagi soatni ko‘rdim. Soatga oltinrang harflarda imzo chekilgan edi.
Soatdagi musiqa tugagach, olti marotaba jiringladi.
— Qanday ajoyib! Nega bu soatni avvalroq payqamadim-a?
— Ilgari bu soat yo‘q edi. Hozir esimga tushib qoldi. Soat avvallari bolalar kutubxonasida edi. Gersen ko‘chasida. Esladingmi?
— Ha, esladim. Kichik zalda osig‘liq turardi. Ammo… Bu yerga qanday kelib qoldi?
— Xotiram olib keldi. Sen endi shu soatga qarab vaqtni aniqlayverasan. Bu soat senga aslida vaqt mavhum ekanini, bolaligimiz yo‘qolib ketmaganini, biz endi o‘tmishimiz ustidan hukm yurita olishimiz mumkinligini eslatib turadi.
— Ha-a, shuning uchun ham uy ichkarisi qadimiy buyumlarga to‘la ekan-da!
— Sen to‘g‘ri topding. Biz o‘tmishdagi buyumlar orasida yashashni istadik. Garchi ularning bizga zarurati bo‘lmasa-da, baribir qalbimizda yoqimli hislar uyg‘otadi.
— Sizlar ularni nimada olib kelasizlar?
— Bir marotaba eslashimiz kifoya. Istasang, sen ham bir urinib ko‘r!
— Buning uchun nima qilishim kerak?
— O‘zingga kerakli biror buyumni esla, uning barcha ko‘rinishlarini ipidan ignasigacha tasavvur qil. Va o‘sha buyumni qarshingda hozir bo‘lishini chin ko‘ngildan ista!..
Men ko‘zlarimni yumib, ukam aytganlarini ado etdim-u, kaftimda nimadir borligini his etdim. Ko‘zimni ochsam, rostdan ham o‘zimning hayotligimdagi sevimli kitoblarimdan birini ushlab turibman. Sevinib ketdim. Alyosha kitobni oldi-da, avaylab javonga qo‘ydi.
— Endi yuz-qo‘llaringni yuvib ol! — dedi u ketishga chog‘lanib.
— To‘xta, yana nimalarnidir ko‘rishni xohlayman!..
Qiziqishim ortganidanmi, muhojirlik paytimdagi eng yoqtirgan buyumlarimni yodga ola boshladim. Ana, Venada ishlab chiqarilgan yumshoq o‘rindig‘im, mana bunisi divan… Iye, mushugim Tarvuz yastanib yotadigan yostiq-ku!.. Qiziq, Tarvuzning o‘zini chaqirish mumkinmikin?..
Alyosha qo‘llarimdan tutib meni bog‘ tomon yetakladi.
Xiyobonda turli jonivorlarning bronzadan yasalgan haykalchalari atrofga ko‘rk bag‘ishlab turardi.
— Men hov anavi bronza sherni olsam maylimi? — so‘radim bolalarcha soddalik bilan.
— Bolaga o‘xshaysan-a, opa! — dedi Alyosha kulib. — Bronza haykalini nima qilasan? Tirigini chaqirib bera qolay!
U bir marta hushtak urgandi, daraxtlar orasidan bahaybat sher yugurib chiqdi va meni chetlab o‘tib Alyoshaning tizzasiga suykalgancha irillay boshladi. Ukam uning boshini silay-silay qaytadan daraxtlar orasiga jo‘natib yubordi. Mana buni jannat desa bo‘ladi!..
Bog‘ orqali baland tog‘lar orasidagi ulkan sharsharaga duch keldik. Sharsharaga marmar zinalardan tushilardi. Men shosha-pisha zinalardan pastga tushib muzdek suv ostiga turib oldim. Ko‘p turishning iloji yo‘q ekan. Bir zumda a’zoyi badanim muzlab yuqoriga chopqilladim… Ha, kiyimlarim shallabo bo‘ldi. Lekin… Qanday qilib boshqa kiyim topaman?.. Ha-ya, belimga oq choyshab o‘ralgan. O‘shandan kiyim o‘rnida foydalanib tursam ham bo‘ladi.
— Alesha, kiyimimni almashtirib olsam bo‘ladimi? — so‘radim ukamdan.
Shunday desam, u tushunib teskari o‘giriladi deb o‘ylagandim.
Xayriyat, aqlligina ukam nari ketdi. Men bo‘lsam, jonholatda egnimdagi ho‘l kiyimlarni yechib choyshabga o‘ralib oldim.
— Endi shoshilmasak bo‘lmaydi. — dedi Alyosha uy tomon bezovta boqib. — Hozir ibodat boshlanib qoladi. Ketdik!..
Shu kuni Alyoshaga qo‘shilib men ham ibodat qildim. Yo‘q, yo‘q… Yaratganga nola qila boshlashim hamono ko‘nglim bo‘shab, ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘ldi. Lekin men ibodat qilishdan to‘xtamadim. Ayni damda tirik bo‘la turib, men kabi o‘limdan keyin o‘zini nimalar kutishini bilmagan, idrok etmaganlar uchun ham ibodat qildim. Xudoyimdan ularga ham insof, diyonat so‘radim. Keyin… Kutilmaganda Alyosha baqira boshladi:
— Telbanamolar ketsin!.. Telbanamolar ketsin!..
Bu hayqiriqni eshitib ichimda nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi. Qandaydir kuch meni bir tarafga itqitib tashladi.
Yo‘q, bu kuchli shamol edi. Bu shamolga umuman qarshi borib bo‘lmasdi. Ko‘z ochib yumguncha zilol suvli ko‘l bo‘yida paydo bo‘ldim.
Sohilda o‘tirib to cherkovdagi ibodat tugamaguncha ukamni kutishga qaror qildim.
* * *
Shu payt osmonu falakda dahshatli shovqin ko‘tarildi.
Shosha-pisha boshimni ko‘tardim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, farishtam uchib kelibdi. U pastga tushiboq meni qanotlari ostiga oldi.
— Yig‘ladingmi? — so‘radi mehribonlik bilan.
— Ha, sizni sog‘inib ketdim… Sizsiz menga juda og‘ir bo‘larkan…
— Istaysanmi, birgalashib parvoz qilamiz? — so‘radi u boshimni silab.
Men shu onda kasalxona shifti uzra qilgan ilk parvozimni esladim… Bilmadim… Hozir ancha semirgandekman. Havoga ko‘tarila olarmikanman?..
— Men ucha olmasam kerak. — dedim bosh egib.
— Unday dema. Harakat qilib ko‘r!
Men yugurib borib yuqoriga sakradim. Qandaydir soniyalar havoda muallaq turdim-u, darhol pastga quladim.
— Seni o‘rgatmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi!..
— Farishtam qo‘limdan mahkam ushlagancha osmonu falakka ko‘tarildi. Bir-ikki chaqirim shu ko‘yi uchib borgach, ikki qo‘limdan mahkam ushlagancha baland ko‘tarib pastga uloqtirdi. Ana endi o‘zim harakat qilishim shart edi. Qo‘llarimni silkita-silkita… Uchib ketdim…
Farishtam jilmayib yonginamda uchib borardi.
Vodiy bo‘ylab sayohatimiz nihoya topgach, farishtamdan iltimos qildim:
— Meni vodiydan olisroq, sirliroq maskanlarga olib boring!
— Agar mening, yoki boshqa yaqinlaringning ruxsatisiz Vodiyni tashlab ketib qolmaslikka so‘z bersang, mayli! — dedi farishtam.
— So‘z beraman.
— Xo‘sh, qayerga borging kelyapti? O‘zing ko‘rsat!
— Hov anavi tog‘ cho‘qqisiga chiqqim kelyapti.
— Qani, uchdik bo‘lmasa!..
* * *
Vodiyda ham kunlar ketidan kunlar o‘tib borardi. Hammasidan ham menga tanamning bu yerga kelib yoshara boshlagani yoqib tushgandi. O‘zim ham tobora kuchga to‘lib borayotgandek edim. Axir, o‘lganimda qirq yoshda edim. Garchi hech qayerim og‘rib bezovta qilmasa-da, yosh o‘z so‘zini ayta boshlagandi. Sezilarli darajada semirgandim, suyaklarim tez-tez qisirlab, meni qo‘rqitardi. Bu yerda esa qarilik dahshatlari haqida umuman o‘ylamasa bo‘larkan. Har bir harakatingizdan tanangiz yayrayveradi. Xuddi bolalikdagi kabi charchash nima ekanini bilmaysiz.
Har kuni sayrdan qaytib bobomning jannatga o‘quvchilarni tayyorlaydigan maktabiga yo‘l olaman. Darslarni bobom asosan bog‘da olib borardi. Bobom va Alyosha o‘rindiqqa o‘tirishsa, o‘quvchilar maysalar ustidan joy olishardi.
Barcha o‘quvchilar yosh, navqiron edi. Badanlaridan nur yog‘ilardi. Biroq farishtam va bobomgacha hali ularga ancha bor.
O‘quvchilar menga katta qiziqish bilan boqishar, lekin ularning nigohlarini achinish deb qabul qilardim. Shunda ham xafa bo‘lmasdim. Nima bo‘lgandayam, ular Jannatga tayyorlov kursini o‘tashyapti. Men-chi? Men bu yerlarda vaqtinchalik mehmon ekanimni yaxshi bilaman…
Darsdan bo‘sh vaqtlarida ular bog‘ni, ko‘lni tozalash, o‘simliklarni parvarishlash, jonivorlarga mehr ko‘rsatish bilan mashg‘ul bo‘lishardi…
Kunlarning birida farishtam meni monax ayollar yashaydigan maskanga olib bordi. Yuqoridan qaraganda, bu joy ko‘plab cherkovlarga ega shaharchaga o‘xshardi.
Biz maskan uzra aylanib uchdik. Shunda ko‘chalarda sayr qilib yurgan go‘zal monax qizlarga ko‘zim tushdi. Ular ham bizni payqashdi shekilli kulimsiragancha qo‘l siltay boshlashdi. Shu yerga juda-juda tushishni istardim. Qizlar bilan yaqindan tanishgim kelardi. Ammo pastlaganimda negadir havo yetishmay, nafasim bo‘g‘ildi va tezda yuqoriga ko‘tarildim.
— Tezroq uyga ketaylik! — dedim farishtamga. — Bu yerning havosi yomon ekan. Mazamni qochiryapti.
— Bu havodan emas. — dedi Farishtam afsus bilan bosh chayqab. — Sen bu yerga tushishga haqli emassan.
— Nega? Xudo gunohkorlarni kechiradi degandingiz-ku! Mening erkinligimni chegaralamaydi demaganmidingiz? Nega bu yerga tushishga haqsizman?
— Ha, Xudoyim rostdan ham erkinligingni chegaralamaydi. Aksincha, bu erkinlikni o‘zing uchun o‘zing chegaralashingni istaydi. U seni ham boshqalar singari sevadi. Sen o‘sha muhabbat tufayli uning xohishini ado etishingni kutyapti.
Men alam aralash farishtamga yer ostidan qarab qo‘ydim.
Ha, shu qadar go‘zal qizlar, ajoyib maskan bilan yaqindan tanishish baxtiga muyasssar bo‘lmaganim juda alam qilgandi.
* * *
Mana, Vodiydagi hayotimning bir kunigina qoldi. Ertalabdanoq shuni o‘ylab yuragim g‘ash tortgandi. Alyosha ham barcha ishlarini tashlab so‘nggi kunni men bilan birgalikda o‘tkazishni lozim topibdi.
— Xo‘sh, nima bilan mashg‘ul bo‘lmoqchisizlar? — so‘radi bobom boshimni silab.
— Shunchaki sayr qilib yuramiz, xolos. — mening o‘rnimga javob berdi Alyosha.
— Yo‘q, Annani Olga ko‘rmoqchi ekanini aytishdi. Bilasanmi, Anna, u ham buvilaringdan biri. Faqat ko‘p ming yillar ilgari yashagan. Shu yaqin atrofda turadi.
— U kishi qarimi? — so‘radim bobomdan.
— Senga aytganman-ku, bu yerda qarilar bo‘lmaydi. U ham hammamiz kabi o‘ttiz uch yoshda.
— Bu yerda qanchadan beri yashaydi?
— Ikki ming yildan oshdi.
— Nega Yaratganning huzuriga ketmagan?
— Bilmadim. Negadir shu yerda yashab qolgan… Xullas, borsang, o‘zi so‘zlab beradi. Qani, parvoz qilinglar, bolalarim!
Biz uchib ketdik. Yo‘l-yo‘lakay Alyosha menga gapirib berdi. Olga buvim yashaydigan joy Olmos Vodiy deya atalarkan. U yerga borish uchun abadiy muzliklar, so‘ngra bir necha vodiylar ustidan uchib o‘tish lozim ekan.
(davomi bor)
Yuliya VOZNESENSKAYa
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi
Yuliya VOZNESENSKAYa
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?