Telefonga sms kelganini bildirib chalingan kuy ishimdan bosh ko‘tarishga undadi. Tabassum qiyofasidagi xabarni ochdim: “Notanishni rom qiling! - deyilgandi unda. - Falon-pismadon raqamga sms yuboring. O‘z sevgingizni toping. Uch kun bepul keyin falon sentdan...” Avvaliga istehzo bilan kulib qo‘ydim. So‘ng xabarga yana bir qur ko‘z tashlab mulohazaga botdim.
Bugun globallashuv davrining salbiy ta’sirlari, ommaviy madaniyat kabi unsurlar yoshlarimiz dunyoqarashiga tahdid qilayotgani xususida bong urilayapti. Bu holatdan jiddiy xavotirga tusha boshlaganimizga ancha bo‘lgan va yoshlarni ommaviy madaniyat qutqulari chalg‘itmasligi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ammo daromad va foydadan boshqa narsani o‘ylamaydigan mobil aloqa kompaniyalari o‘z manfaati yo‘lida mentalitetga xos bo‘lmagan holatlardan foydalanayotganini qanday tushunish kerak?
Albatta, bozor iqtisodiyoti ishbilarmonlik, uddaburrolikni taqozo etadi. Biroq bu moddiy boylik ilinjida ma’naviyatga, asrlar davomida o‘z ohorini to‘kmay kelayotgan milliy qadriyatlarimizga putur yetkazishga haqli degani emas. Mobil aloqa vositalari kompaniyalari mijozlarining yoshi va dunyoqarashi turli xil ekani hisobga olinsa, “Notanishni rom qil!”, “Yolg‘izlikdan qutul!”, “Bahorda o‘z sevgingni top!” kabi tiyiqsiz xizmatlar ortidan keladigan ma’naviy ofatlarni gap bilan ado qilib bo‘lmaydi.
Bugungi kunda ma’naviyati hamin qadar, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish o‘rniga bekorchi narsalarga mukkasidan ketadigan va oqibatda har xil guruhlarga aralashib qolayotganlar jamiyatimizning og‘riqli nuqtasiga aylangani sir emas. Qolaversa, oilaviy munosabatlar, ajrimlar, qiz-ayollarning odob-axloqidagi nuqsonlar, nikohga xiyonat qilish kabi kechirilmas illatlarga qo‘l telefonlari va internet tarmog‘i sabab bo‘layotgani ko‘pchilikni tashvishga solayotgani aniq. Butun boshli jamiyat, ommaviy axborot vositalari, hukumat idoralari yuqoridagi illatlarni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qarshi kurashayotgan bir paytda, nahotki, aloqa kompaniyalari o‘zining noma’qul xizmatlari bilan ommaviy madaniyat qutqularini rivojlantirishga xizmat qilayotganiga aqli yetmasa?!..
Tahririyatga juda ko‘p mushtariylardan maktublar keladi. Aksar xatlarda yo‘lini yo‘qotgan, adashgan qiz-ayollarning iztirobi, nadomati bitilgan. “... Telefonda bir erkak bilan tanishib qoldim. Shunchaki, suhbat, uchrashuvlar, gunohga qadam... Endi vijdon azobidan qutulolmayapman. Boshim kasaldan chiqmaydi. Har kunimni qo‘rquv bilan qarshi olib, xavotir bilan kuzataman. Men gunohkor ayolman. Erim bilib qolsa, hayotim barbod bo‘ladi. Bilmagan taqdirida ham gunohimning kasri bolalarimga urishidan qo‘rqaman...” Yana bir maktubda yigirma bir yashar qiz izillaydi: “Telefon orqali bir yigit bilan tanishib qoldik. U boshqa viloyatdan edi. Avvaliga munosabatlarimiz do‘stona tus oldi. U meni izlab viloyatimga keldi. Uchrasha boshladik. Munosabatlarimiz jiddiylasha boshladi. Lekin u hech uylanishdan gap ochmasdi. Keyinchalik surishtirib bilsam u oilali, ikki bolasi bor ekan. Meni aldab, o‘zini uylanmagan yigitday ko‘rsatgan ekan...”
Bu erkakning dardi esa hammasidan oshib tushadi: “... Oilamni ta’minlay, xotinim, farzandlarim yaxshi yashasin, birovdan kam bo‘lmasin, deb uzoqlarda ishlab yurganimda xotinim telefonda begona erkak bilan tanishib qolib, menga xiyonat qilibdi. Bolalarimni o‘zimda olib qolib xiyonatkor xotin bilan ajrashdim. Lekin uning isnodi farzandlarimni ham, meni ham bir umr ta’qib qilishi aniq...”
Xullas, xiyonat va aldovlarning ko‘p qismi “telefonda tanishib qolib” jumlasi bilan bog‘liq. Kim biladi, telefonda oilali erkak bilan tanishib qolib aldangan qiz, nikohiga xiyonat qilgan ayollar mobil aloqa kompaniyalarining “Sevgingni top, do‘st ortir, falon raqamga sms yubor” xizmatining jabrdiydalari bo‘lib chiqar? Aytarsiz: “Tanish desa tanishib ketaveradimi? Aqli, mulohazasi yo‘qmi?” Balki haqdirsiz. Ammo har kimning qarichi har xil. Hammaning o‘lchovi ma’naviyat mezoniga birday mos kelavermaydi. Siz nima desangiz deng, bu borada mening fikrim mobil aloqa kompaniyalarining besharm xizmatlari milliy qadriyatlarimiz, mentalitetimizga xos odob-axloq tamoyillariga mutlaqo mos kelmaydi.
Bu kompaniyalarning “Sevgingni top”, “Notanishni rom qil”, “Do‘st orttir” kabi xizmatlari bilan ma’naviyatimizga putur yetkazayotganini hech qanday sabablar bilan oqlab bo‘lmaydi. Shu birgina “Notanishni rom qil” degan jumlaning o‘zida na hayo, na andisha va na oriyat bor! Dag‘alroq izoh uchun uzr so‘raymizu lekin “Notanishni rom qil” xizmati go‘yoki “Fohishalik qil!” deganday yangrayapti. Baski, mobil aloqa kompaniyalari yurtimizda faoliyat olib borayotgan va foyda ko‘rayotgan ekan, har bir xizmat turida milliy qadriyatlarimiz va mentalitetimiz bilan hisoblashishga majburdirlar! Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza: ma’lumki, yurtimizda har bir sohani nazorat qiladigan mas’ul idoralar bor. Mobil aloqa kompaniyalarini nazorat qiladigan tashkilot yo‘qmi? Bo‘lsa, u idora mazkur kompaniyalarning xizmat turi, maqsadi bilan qiziqmaydimi? Qiziqsa, “Notanishni rom qil”, “Bahorda sevgingni top” kabi o‘zbekona odob-axloq qoidalariga mos kelmaydigan xizmat turlarini tarqatilishiga tomoshabin bo‘lib qarab turaverishadimi?..
Umida ADIZOVA
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi